Avtotransport vositalari servisi asoslari
Avtomobil servisi sifati to’g’risida tushuncha
Download 6.78 Mb. Pdf ko'rish
|
avtotransport vositalari servisi asoslari
1. Avtomobil servisi sifati to’g’risida tushuncha.
Avtoservis korxonasining raqobatbardoshligini ta’minlaydigan omillardan asosiysi ko’rsatiladigan xizmat sifatidir. Avtoservis korxonasi raqobatbardoshlik darajasini oshirishning asosiy yo’nalishlari quyidagilar: - xizmat ko’rsatish sifatini oshirish; - buyurtmani bajarish vaqtini kamaytirish; - xizmat ko’rsatishning imtiyozli va siylovli baho siyosatini olib borish; - mijozlar uchun qulayliklar yaratish, ularga hurmat va ehtirom bilan muomala qilish va xizmat ko’rsatish madaniyatini oshirish; - ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi texnika va texnologiyani qo’llash, xizmat ko’rsatishning yangi shakllarini taklif etish. Xizmat ko’rsatish sifati – xizmat turlari, xizmatni bajarishga sarflangan vaqt, ish bajarish sifati, taqdim etilgan qulaylik va madaniyat darajasi bilan xarakterlanadi. Xizmatning yuqori sifatiga zamonaviy jixozlarni qo’llash, mehnatni to’g’ri tashkil qilish va rag’batlantirish, sifatli ehtiyot qismlarni ishlatish, ish sifatini nazorat qilish orqali erishiladi. Xizmat ko’rsatishning yuqori sifati avtoservis firmasining xizmatiga talabni oshiradi va uning iqtisodiy holatini yaxshilaydi. Buyurtmani bajarish vaqtini kamaytirish – aholiga xizmat ko’rsatish darajasiga, korxona faoliyati samaradorligiga, aylanma mablag’lar aylanishni tezlashtirishga va korxonaning foyda bilan ishlashiga olib keladi. V.V. Volginning ma’lumotiga [23] ko’ra xorij tajribasi bo’yicha ta’mirlangan agregatlarni sotishdan tushgan daromad yangi avtomobillarni sotishdan kam emas. Yangi va ta’mirlangan agregatlarni qo’llash orqali buyurtmani bajarish vaqtini kamaytirish imkonini beradi. Avtoservis korxonasining ish tartibi mijozlarga qulay va moslashgan bo’lishi lozim. Zarur bo’lganda ish vaqti cho’ziladi yoki dam olish kuni ham ishni tashkil etiladi. Xizmat ko’rsatishning imtiyozli va siylovli baho siyosatini olib borishda quyidagi shakllar qo’llaniladi: - kafolatli bahoni qo’llash, ya’ni dastlab belgilangan baho qo’shimcha ishlar chiqqanda ham o’zgarmasligini ta’minlash; - kechki, tungi vaqtda va dam olish, bayram kunlarida hamda katta hajmdagi buyurtma bo’lganda imtiyozli bahoni qo’llash; - diagnostikaning ayrim turlarini bepul o’tkazish, mijozlarga sovg’alar topshirish. Xizmat ko’rsatishning imtiyozli va siylovli baho siyosatini olib borish korxona imidjini va ishdagi obro’sini oshiradi. Mijozlar uchun qulayliklar yaratish, ularga hurmat va ehtirom bilan muomala qilish va xizmat ko’rsatish madaniyatini oshirish quydagilarda namoyon bo’ladi: Mijozning ishonchini, xohishini va servis xizmatiga ehtiyojini oshirish uchun xizmat madaniyatini yuqori darajaga ko’tarish lozim. Xizmat madaniyatining asosiy elementi bo’lib, xizmat ko’rsatish xodimlarining malakaviy axloqi hisoblanadi. Malakaviy axloq mijozga xizmat ko’rsatuvchining tashqi qiyofasi, tozalik va shinamlik, hurmat va ehtiromda namoyon bo’ladi. Malakaviy axloqni yaxshilash xodimlarni tanlash, tayyorlash va malakasini oshirish, ular bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish va iqtisodiy rag’batlantirish orqali amalga oshiriladi. Xizmatning estetik madaniyati–xizmat ko’rsatish estetikasi, interer, xodimning estetik qiyofasidan iborat. Xizmat ko’rsatish estetikasi mijozning korxonaga kelishidan yaxshi ta’surot olishi, ko’ngildagidek sharoitning mavjudligi va salonlarning qulayligiga asoslanadi. Xodimning estetik qiyofasi tozalik, orastalik, korxona belgisi tushirilgan firma kiyimida namoyon bo’ladi. Ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi texnika va texnologiyani qo’llash, xizmat ko’rsatishning yangi shakllarini taklif etish. Avtoservis korxonasi o’zining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, mijozlarni jalb qilish, o’zining raqobatbardoshlik afzalliklarini oshirish uchun ishlab chiqarishni rivojlantiradi, ilg’or texnologiyani qo’llaydi, xizmat ko’rsatishning yangi shakllarini taklif etadi. Buning uchun yangi texnika va texnologiyani qo’llash, zamonaviy avtomobillar, sifatli ehtiyot qismlar va avtoekspluatatsion materiallar bilan savdo qilish, yuqori malakali savdo xodimlarini ishga jalb qilish, xizmatning yangi turlarini (avtomobillar prokati, boshqa korxonalar, shu jumladan ATKlar bilan kooperatsiya ishlarini tashkil qilish) rivojlantirish, avtomobillarga tez texnik yordam ko’rsatish, abonentli xizmat ko’rsatishni tashkil etish kabi tadbirlar amalga oshiriladi. Yangi texnika va texnologiyalarni qo’llash avtomobilsozlik firmalarining avtomarkazlaridagi distribyutorlari yoki dilerlari tomonidan amalga oshiriladi. Avtomobillarning eng yangi rusumlarini va ehtiyot qismlarini sotish, ularga kafolatli xizmat ko’rsatish ham firmaning vakolatli dilerlariga topshiriladi. Avtomobili ta’mirda bo’lgan mijozga bir necha soatga yoki kunga avtomobilni prokatga berib turish ham mijozlar sonini ko’paytiradi va korxona raqobatbardoshliligini oshiradi. Avtomobilni prokatga berish amaliyoti 1960 yillarda Toshkentdagi ikkinchi taksomotor parkida tajriba sifatida sinab ko’rilgan, ammo tashkiliy muammolar tufayli davom ettirilmagan edi. Xorijiy mamlakatlarda avtomobillarni prokatga berish, shu jumladan, avtoservisga kelgan mijozlarga ham uni qo’llash keng rivojlangan. Bizda ham bu ilg’or tajribani yo’lga qo’yish maqsadga muvofiq. Aholining o’z avtomobillariga o’zlari xizmat ko’rsatishlari uchun avtoservislarda o’z-o’ziga xizmat ko’rsatish postlari tashkil etiladi. Avtoservis korxonasida mijozning kutish vaqtini kamaytirish maqsadida “Avtomobil kalitini berish” tamoyili bo’yicha xizmat ko’rsatish ham mijozlarni jalb qilishning samarali yo’llaridan biri. Bunda mijoz o’z avtomobil kalitini avtoservis korxonasi xodimiga topshiradi, u esa xizmat bo’yicha buyurtma rasmiylashtirishdan tortib to ta’mirlangan avtomobilni egasiga topshirguncha bo’lgan amallarni bajaradi. Qishloq sharoitida avtoservisni tashkil etishda shaxsiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoki ko’chma avtoservis ustaxonasi xizmatini tashkil qilish keng imkoniyatlar yaratadi. Download 6.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling