Axloq falsafasi (etika)
Download 448.18 Kb. Pdf ko'rish
|
Falsafa 6 mavzu
Axloqiy me’yorlar Inson hayotida axloqiy me’yorlar ham katta ahamiyatga ega. Ular tamoyillarga nisbatan ancha sodda, umumlashmagan, tor qamrovli. Ularni kundalik hayotimizda muayyan axloqiy fazilatlarni aks ettirgan tushunchalar va tamoyillarning amalga oshish murvatlari ham deyish mumkin, ular axloqiy talablarning eng oddiy, lekin keng tarqalgan shakli sifatida ro‘yobga chiqadi. Halollik, rostgo‘ylik, hayolilik, insoflilik, xushmuomalalik, boodoblik, kamtarlik singari me’yorlar ayniqsa diqqatga sazovor. Halollik. Halollik vijdon, adolat va burch kabi axloqshunoslik mezoniy tushunchalari bilan bog‘liq, insoning o‘zgaga munosabati o‘ziga munosabatidek sof, pokiza bo‘lishini talab qilidigan axloqiy me’yordir. Dastavval u diniy tushuncha sifatida vujudga kelib, har bir musulmonning emak–ichmagi, jinsiy va iqtisodiy xatti–harakatlari sifatini belgilab beruvchi shar’iy me’yor bo‘lib amal qilgan, uning ziddi – harom diniy nuqtai nazardan salbiy hisoblangan xatti–harakatlarga nisbatan qo‘llanilgan. M., bismil qilingan hayvon yo parranda go‘shti – halol, o‘laksa go‘shti – harom, nikohdagi jinsiy aloqa – halol, zino – harom, mehnat haqi – halol, o‘g‘rilik bilan topilgan mol – harom v.h. Ko‘rib o‘tganimizdek, har bir diniy e’tiqodning asosida axloqiylik yotadi va u ko‘p hollarda ibodatdan baland qo‘yilgan: solih bandalar, «Qur’on»da aytilganidek, eng avvalo go‘zal axloq egalaridir. Shu boisdan keyinchalik halollik nisbatan tor shar’iy qobiqdan chiqib, asta–sekinlik bilan shaxs hayotidagi eng qamrovli axloqiy me’yorga aylandi, teran ma’naviylik kasb etgani holda, kundalik hayotdagi insoniylikni belgilaydigan umuminsoniy fazilat bo‘lib qoldi. M., hozirgi kunda ixtisoslashgan mehnat taqsimotining takomillashuvi, ilm–fan taraqqiyotining yuksalishi natijasida biz kasbiy halollik, ilmiy halollik, iqtisodiy halollik v.b. haqida gapirishimiz mumkin. Insoniyat jamiyatida haromlik yoxud nopoklikning halollikka nisbatan kam uchramasligi doimo axloqshunoslarni tashvishga solib kelgan. Chunonchi, imom G‘azzoliyning harom eyish haqida to‘xtalib, mana bunday deyishi bejiz emas: «…Xohi zulm bilan olingan bo‘lsin (kuch ishlatib, xoinona undirish va bosqinchilik– o‘g‘rilik yo‘llari bilan olish); xoh zavq va o‘yin yo‘li bilan olinsin (qimor va shunga o‘xshash narsalar bilan bo‘lganiday); xoh hiyla va nayrang yo‘llari bilan olinsin (tovlamachilik va aldamchilik, tarozidan urish kabi); o‘z moli va boyligini harom ishlarga (ichkilikbozlik, qimor, fohishabozlik) xarjlashi – hammasi harom eyishga kiradi» 9 . Afsuski, G‘azzoliy sanab o‘tgan holatlarni atrofimizda ko‘p ko‘ramiz. Chunki nopok yo‘l tutish oson, lekin halollikka erishish qiyin. Buning sababi shundaki. halollikning mavjudligi fidoyilik axloqiy tamoyili va rostgo‘ylik axloqiy me’yori bilan shartlanadi; doimo halollik qilish yoki halol yashashi uchun kishi albatta nimalardandir kechishi, kimlargadir qarshi borishi, faqat rost gapirishi, so‘z bilan ish birligiga erishishi kerak. SHu bois halol inson jamoatchilik o‘rtasida obro‘ga ega, hurmatga sazovor bo‘ladi. Qaysi jamiyatda halol fuqarolar ko‘paysa, o‘sha erda baxt va farovonlik hukm suradi. 9 Ғаззолий Абу Ҳомид. Мукошафат ул-қулуб. Т., «Адолат», 2002, 336-б. Halollika birinchi bo‘lib to‘xtalishimizning sababi shundaki, mustamlakachilik davrida, ayniqsa, sho‘rolar hukmronlik qilgan chorakam bir asr vaqt mobaynida yolg‘on, aldov, nopoklik, haromxo‘rlik, munofiqlik singari illatlar xalqimizga shu qadar ustalik bilan singdirildiki, hozirgi paytda ko‘pchilik odamlar halollik, rostgo‘ylik ustidan hatto kuladigan bo‘lib qolganlar. So‘z bilan ish birligi yo‘qolgan, qog‘ozdagi chiroyli gaplar hayotga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin bularning hammasi, afsuski, odatiy holdek qabul qilinadi. Shu bois mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq bu illatlarga qarshi kurash boshlandi. Hozirgi kunda davlatimiz milliy–ma’naviy qadriyatlarni tiklashni, odamlarni halol, insofli, adolatli bo‘lishga chaqirishni o‘z ichki siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Zero, ko‘z o‘ngimizda nopoklik yolg‘on, aldov, ikkiyuzlamachilik nimaligini deyarli bilmaydigan jamiyatlar, millatlar gullab– yashnamoqda. Yaponiya, Olmoniya, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya singari mamlakatlar shular jumlasidan. SHu o‘rinda quyidagi misolni keltirib o‘tish maqsadga muvofiq. Falsafa jamiyati a’zolari bilan muloqot–uchrashuvga kelgan bir taniqli olim va jamoat arbobi qiziq voqeani so‘zlab bergan edi. Olimning hikoya qilishicha, Finlyandiyada u bilan birga Rossiya Jamoat televideniesi xodimini o‘z mashinasida olib yurgan fin fuqarosi yonilg‘i quyish nuqtalaridan birida to‘xtab, sakson litr benzin oladi va borib egasiga shuncha benzin olganini aytib, haqini to‘laydi. Uning qancha yonilg‘i quyib olganini kuzatishni xayoliga ham keltirmagan yonilg‘i quyish shaxobchasi xo‘jayini pulni olib, ishini davom ettiraveradi. Mashina yo‘lga tushganda, sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidan kelgan mehmonlar hayratlanib so‘rashadi: «Nega xo‘jayin sizni benzin quyayotganingizda kuzatib turmadi?» U esa tushunmay elkasini qisadi: «Nimaga kuzatib turishi kerak?» Mehmonlar tushuntirishmoqchi bo‘lishadi: «Axir, siz sakson litrga haq to‘lab, yuz litr benzin quyib olishingiz mumkin edi–ku!» U yana hayron qoladi: «Nega yuz litr olishim kerak ekan, menga faqat sakson litr zarur!». Mehmonlar yana tushuntirishga harakat qilishadi: «Siz kam pul to‘lab, ko‘p benzin olishingiz mumkin edi, nega unday qilmadingiz?» Mezbon esa yana elka qisadi: «Nega men kam pul to‘lashim kerak – sakson litr zarur edi, sakson litr oldim, tavba, buning nimasi tushunarsiz?!», deydi. Xullas, ikki birday kishi harom yo‘l bilan ortiqcha benzin quyib olish mumkinligini Finlyandiya fuqarosiga tushuntira olmaydilar; harom va yolg‘on nimaligini bilmaydigan mezbon bular meni kalaka qilyapti degan xayolga borib, asabiylasha boshlaganidan keyingina mehmonlar gapni boshqa yoqqa buradilar. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu – bor gap, haqiqat. Zero, birinchi Prezident Islom Karimov nutqlaridan birini «Halollik va fidoyilik faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lsin» deb, boshqa bir suhbatini esa «Adolat har ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin» deb atagani bejiz emas; hozirda halol, rostgo‘y, insofli, fidoyi insonlardan iborat bo‘lgan fuqarolar jamiyatini qurish – faqat axloqiy muammo emas, balki kelajagi buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi ijtimoiy– siyosiy YAngilanishdir. Download 448.18 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling