Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


Download 1.17 Mb.
bet54/70
Sana30.01.2024
Hajmi1.17 Mb.
#1808998
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   70
Bog'liq
Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning -fayllar.org

Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Abdullayev M., Umarov E., Ochildiyev A., Madaniyatshunoslik asoslari. - Toshkent.: Turon-iqbol, 2006 y.
2.Abdurahmonov M., Raxmonov N. Madaniyatshunoslik. Toshkent. 2011.
3.Alimuhamedov A. Antik adabiyot tarixi. Toshkent О‘qituvchi. 1969.
4.Axmedova E, Gubaydullin R.. KulturalogiY. Mirovaya kultura. Tashkent.: “Akademiya” xudojestv Uzbekistana. -2001 g.
5.Aristotel. Poetika. Toshkent. 1980.
6.Gorelov, A.A. Istoriya mirovoy kulturi: uchebnoye posobiye. M.: Flinta, 2016.
7.Istoriya Zarubejnogo teatra. M.Prosvesheniye.1971.
8.Kun N.Qadimgi Yunon afsona va rivoyatlari..Toshkent. “YANGI NASHR” 2014 y.
9.Ergashev SH.Qadimgi sivilizatsiyalar. Toshkent. O”ZBEKISTON/ 2016 yil, 238-bet.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar.
1.Qadimgi Rimliklar madaniyatining shakllanishi va yuksalishida etrusk qabilalari madaniyati muhim ahamiyat kasb etgan.
2.Nima uchun qadimgi Rimliklar grek (yunon)larga nisbatan ehtiyokorona munsbatda bо‘lganlar?
3.Rimliklar yunonlarning madaniyatini qay shaklda qabul qilib olganlar?
4.Qadimgi Rimliklarning dastlabki diniy qarashlari qay shaklda mavjud bо‘lgan?
5.Nima sababdan xristianlik dini aynan qadimgi Rim hududida vujudga kelgan?
6.Xristianlikning asosini qanday ta’limot tashkil etadi?
7.Qadimgi Rim faylasuflarining falsafiy qarashlari nimasi bilan farqlanib turali?
8.Nima sababdan Oktavian Avgust hukmronligi davri (mil.avv. 27 yildan milodiy 14-yillar oralig‘i) Rim davlatining ,,oltin davri”hisoblanadi?
9.Qadimgi Rimliklarning san’atining asosiy xususiyatlari nimasi bilan ajralib turadi?


22-mavzu.О‘rta asrlar Yevropa madaniyati.va san’ati. (2-soat)
Reja:
1.О‘rta asrlar Yevropa madaniyatiga ta’sir kо‘rsatgan omillar.
2.Xristianlik va uning о‘rta asr Yevropa madaniy hayotidagi hukmronlik mavqei.
3.О‘rta asr Yevropasida ta’lim tizimi.
4.О‘rta asr Yevropa arxitekturasi va san’ati.
Insoniyat madaniy hayotining tub о‘zgarish jarayonlariga nazar tashlansa, uning bir shakldan ikkinchi shaklga о‘tishida nafaqat kishilarning kundan kunga о‘zgarib boradigan moddiy ehtiyojlarini qondirishga bо‘lgan say-harakatlari, shuningdek, mazkur jarayonning kishilar ong tafakkuri, ma’naviy-ruhiy olamida sodir bо‘ladigan о‘zgarishlarga ham ta’sir kо‘rsatishini kо‘rish mumkin. Bir tomondan, Rim quldorlik davlatining yemirilishi, ikkinchi tomondan, butun Yevropaning kо‘p xudolik, majusiylik va mushriklikdan voz kechib, yakka xudolik, ya’ni xristianlikni qabul qilishi mazkur qit’a xalqlari madaniy hayotida tub о‘zgarishlarning yuz berishiga sabab bо‘lgan. Uchinchi tomondan esa, Ispaniyada salkam sakkiz asr davom etgan arab xalifaligining tashkil etilishi, va bu orqali Sharq madaniyati, ayniqsa, Movarounnahr, Eron madaniyatining arablar tomonidan о‘zlashtirilib, Ispaniyada yanada takomillashtirilishi Yevropa xalqlari, ayniqsa, Ispaniya bilan chegaradosh mamlakatlar uchun izsiz kechmadi. Bu davr keyinchalik jahon xalqlari siyosiy, iqtisodiy va milliy madaniyatlarining rivojlanishiga ham kuchli ta’sir kо‘rsatdi. Xuddi shuningdek, о‘rta asr Yevropa madaniyatida sodir bо‘lgan о‘zgarishlarga e’tibor bilan qaralsa, quyidagi uch omil – yevropa xalqlarining azaliy xalq og‘zaki ijodi, antik davr san’ati va xristianlik e’tiqodini mustahkamlashga bо‘lgan say-harakatlar ham kuchli ta’sir kо‘rsatganligini kо‘rish mumkin.
Rim imperiyasi о‘rnida vujduga kelgan mustaqil davlatlarida lotin tilining ta’siri kuchaya boradi. Lotin tili va mahalliy shevalarning birga qо‘shiluvi natijasida о‘ziga xos roman tillari paydo bо‘ladi. Buning ustiga kо‘pgina qadimgi Kelt qabilalari romanlashtiriladi. Ular о‘rtasida Xristian dini va Rim madaniyati keng tarqala boradi.
Bu davr Yevropa mamlakatlarida ikki yо‘nalishdagi: Rim katolik dini va markazi Vizantiya bо‘lgan provaslav dinlari hamda madaniyatlari ta’sirida rivojlangan G‘arbiy va Sharqiy Yevropa madaniyati shakllanadi.
Xalq og‘zaki ijodi Yevropa hayotida qahramonlik mavzusidagi eposlarning vujudga kelishida muhim rol о‘ynagan bо‘lsa, antik davr san’ati о‘rta asr arxitekturasi, tasviriy san’ati, haykaltaroshligi va musiqa madaniyati taraqqiyotiga, xristian dini esa о‘rta asr diniy-falsafiy tafakkuri rivojiga hamda san’atning diniy mavzu bilan qamrab olinishiga olib keladi. Agar dastlabki ikkala omillar Yevropa madaniy taraqqiyotida ijobiy xarakter kasb etgan bо‘lsa, Xristian cherkovi (ayniqsa, katolik dini) о‘rta asrlar madaniy hayotiga salbiy ta’sir kо‘rsata boshlaydi.
Yevropa mamlakatlari ma’naviy hayoti din ta’siriga tushib qoladi. Din xalqni bо‘ysundirishning qudratli quroliga aylanadi. Cherkov xalqni uzoq vaqtlargacha jaholatda saqlab qoladi. Chunki о‘rta asr madaniyati cherkov-diniy mafkurasi bilan chambarchas bog‘langan edi. Cherkov ta’siri о‘rta asr madaniyatining turli-tuman sohalarida: ta’lim tizimlari, fan, adabiyot va san’atda aks etdi. Cherkov Yevropa mamlakatlarining har bittasida eng yirik yer egasi va katta siyosiy kuch edi. Qirol amaldorlari, kanslerlar, davlat sekretarlari, markaziy muassasalarning amaldorlari va boshqalar ruhoniylar orasidan yetishib chiqqan edi. Ayniqsa, mafkura masalasida cherkov katta rol о‘ynaydi. Cherkov о‘z obrо‘-e’tibori bilan о‘rta asr feodal tuzumini muqaddaslashtirgan bо‘lib, jamiyatning diniy rahbari hisoblanardi.
Xalqning ruhiyati va ma’naviyatiga kuchli ta’sir kо‘rsatgan omillardan yana biri diniy asketizm(zohidlik, tarki dunyochilik) edi. Asketizm ta’limotiga kо‘ra, yer yuzidagi hayot hamda insonning о‘zi va gavdasi gunoh va yovuzlikning mujassamidir. Dinga ishonuvchi insonning burchi- narigi dunyodagi, ya’ni oxiratdagi eng a’lo hayotga о‘tish tayyorgarligini kо‘rish uchun yerdagi azob-uqubatlardan о‘z jonini asta-sekin xalos etishdan, insoniy „havaslar” bilan tо‘xtovsiz kurashishdan iborat. Buning uchun cherkov odamlarga rо‘za tutish, ibodat qilish, chilla о‘tirish va boshqalarni tavsiya etadi. Tarkidunyo qilib ibodatxona (monastir)ga ketish eng oliy darajadagi jasurlik deb hisoblangan.
Asketizm (zohidlik)rasmiy ta’limot sifatida cherkov kafedrasidan turib, targ‘ibot qilinadi, maktabda yoshlarga о‘rta asr adabiyotining kо‘pgina turlariga zaruriy element bо‘lib kirgan asketizm ta’limoti о‘qitiladi. Turli tabaqaga mansub bо‘lgan kishilarning anchaginasi ozmi-kо‘pmi asketizmni yoqlab, uning qoidalarini ba’zan jiddiy ravishda bajaradi.
О‘rta asr Yevropasida aniq fanlar endigina kurtak otib kelayotgan edi. Insonning tabiat kuchlari ustidan hukmronlik qila olishi mumkinligi tо‘g‘risidagi tasavvurlari unchalik takomillashmagan edi. Shuningdek, hali о‘rta asr kishilarining dunyoqarashiga cherkovning ta’siri ham birdek kuchli emas edi. XII-XIII asrlarda cherkov mafkuraviy rahbarlikni rasman о‘z qо‘lida tutib turgan bо‘lsa-da, (universitetlarning ravnaq topishi, falsafiy-diniy tizim - sxolostikaning vujudga kelishi va boshqalar) ayni zamonda cherkovdan tashqari, cherkov ta’siriga tushib qolmagan xalq madaniyati ham mavjud edi.
О‘rta asr madaniyatining asosiy xususiyati – diniy madaniyatning ustuvor ahamiyatga egaligidir. Ma’naviy madaniyatning barcha kо‘rinishlari diniy madaniyatga – xudoni mutlaqlashtirishga xizmat qilgan.
Xristian dini о‘rta asr madaniyatining va umuman о‘rta asr ma’naviy hayotining mafkuraviy asosini tashkil etardi. Teologiya, о‘rta asrning oliy darajadagi mafkurasi vazifasini bajarib о‘rta asr dunyoqarashining asl mohiyatini tashkil etardi. О‘sha davr falsafasining asosiy yо‘nalishi hisoblangan sxolastika hukmron falsafiy qarashga aylanadi.
Sxolostika – diniy falsafaning asosiy yо‘nalishlaridan biri bо‘lib, ilohiyot, ya’nia diniy aqidalarni falsafiy nuqtai nazardan talqin qilishga asoslanadi. Sxolastika о‘rta asrlarda xristianlik ta’limotini nazariy jihatdan isbotlash bо‘lgan harakat natijasida yanada rivojlanadi.
Plotin va neoplatonizm vakillari borliqning materialistik asosini mutloq tan olmaganlar. Plotinning fikricha, materiya, tana ruh uchun yovuzlik, fikrlar, g‘oyalar materiyaga qarama-qarshi о‘laroq ezgulikdir, materiya g‘oyaga bо‘ysunadi.
Bu ta’limotning xristian diniga ta’siri kuchli bо‘lgan. Bu dinda odamlar va moddiy dunyo, moddiy hayotga e’tiborsizlik, unga nisbatan nafrat uyg‘otishga urinish Plotindan olingan. Plotinchilar g‘oyani birlamchi hisoblaydilar. Plotin Aristotel dunyoqarashiga xos bо‘lgan elektizm, ya’ni materializm bilan idealizm elementlari mavjudligini anglagan holda uni qayta ishlab, materialistik xususiyatlarini kamaytirib, idealizmni kuchaytirgan edi.
Demak, sxolostika antik falsafadan, shuningdek V asrda yashagan yunon faylasufi Proklning yagona xudoga qaytish tushunchasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Natijada, XIII-XIV asrlarga kelib, ikki yoqlama haqiqat nazariyasi - falsafiy va diniy haqiqatlar, ya’ni aql va iymon uyg‘unligining mavjud bо‘lishini isbotlashga qaratilgan ta’limot vujudga keladi.
О‘rta asr Yevropa falsafiy tafakkurida dastlab kо‘p xudolik dini negizida shakllangan falsafiy oqimlar о‘rtasida kurash ketgan bо‘lsa, V asrdan boshlab yakka xudo g‘oyasi - xristian dini asosida shakllangan falsafiy qarashlar rivojlana boradi. Yakka xudolik diniy-falsafiy qarashlarida voqelik xudo tomonidan belgilanadi. Xudo tabiat ustidan hukmronlik qiladigan asosiy kuchga aylanadi.
Xristian diniy falsafiy ta’limotida XIII asrgacha Avgustin Blajenniy (354-430)ning falsafiy qarashlari yetakchi diniy-falsafiy oqim bо‘lib qolgan. Uning fikriga kо‘ra oliy borliq oliy substansiya, shakl va farovonlikdir. Shu boisdan xudo yaratgan barcha narsalar yaxshilik va mukammallikdan iborat.
Xristianlarning imperator Konstantin davri Rimda rasmiy din sifatida tan olinishi, unda zoxidlar (monaxlar) oqimini yuzaga keltirdi. Monaxlar xristianlikni davlat, jamiyat ishlari bilan qо‘shilishiga qarshi oqim edi. Xristianlikni davlat, jamiyat ishlariga aralashishni Avgust Blajenniy qо‘llab chiqdi. U о‘zining diniy-falsafiy asarlarida ilohiy hokimiyat azaliy, odamlar intiladigan dunyoviy hokimiyat о‘tkinchi degan fikrlarni ilgari surdi. Bu fikrlar rasmiy cherkov uchun ayni muddo edi. Shu tariqa davlatni dinga, cherkovga itoat ettirish boshlandi.
О‘rta asr falsafiy qarashlarida F.Akvinskiy(1225-1274)ning falsafiy ta’limoti muhim rol о‘ynaydi. F. Akvinskiyning falsafiy tafakkurida islom olamining kо‘zga kо‘ringan faylasuflari - ibn Rushd (1126-1198) va Abu Hamid al-G‘azzoliyning (1058-1111) falsafiy qarashlari muhim о‘rin egallaydi. F. Akvinskiyning fikricha mohiyat yoki substansiya (mohiyat, barcha narsalarning asosini ifodalovchi tushuncha) borliqdan mustaqil ravishda joy olishga qodir.
Foma Akvinskiy Xudoning borligi tо‘g‘risida quyidagi dalillarni keltiradi: birinchidan - tabiatda harakat mavjud. Birinchi harakatga soluvchi kuch bu –Xudodir; ikkinchidan -о‘zaro ta’sir qiluvchi sabablar mavjudligi, ya’ni biron narsa ta’sir qiluvchi sababsiz yuz bermaydi. Bosh sababchi –Xudodir; uchinchidan -tasodif va zaruriyatning о‘zaro munosabati.
Tasodifiy narsa zaruriy narsaga bog‘liq. Bosh zarurat-Xudoning irodasidir; tо‘rtinchidan -inson hayoti davomida kamolotga intiladi. Eng
oliy kamolot egasi –Xudodir; beshinchidan –olamni va hamma narsalarning maqsadga muvofiq yaratilganligidir. Shunday bir oliy kuch borki,barcha narsalarni maqsadga yо‘naltiradi -bu Xudodir.
Xullas, faylasuf о‘zining qarashlarida diniy e’tiqod va aqlni uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor beradi.
О‘rta asr madaniy hayotining rivojida kо‘pgina Yevropa mamlakatlarida vujudga kelgan ta’lim tizimi, ayniqsa, oliy о‘quv yurtlari hisoblangan universitetlar muhim rol о‘ynagan.
Umuman, О‘rta asrlar Yevropasida uch kо‘rinishdagi maktablar mavjud bо‘lib, ular: a)cherkov va monastirlar qoshida tashkil etilgan quyi maktablar; b)yepiskoplik kafedralari huzurida vujudga kelgan о‘rta maktablar; s)oliy maktab hisoblangan universitetlardan iborat bо‘lgan.
Quyi maktablar oddiy savodli dindorlarni tayyorlab bergan. Katolik dinida xudoga topinish lotin tilida olib borilganligi sababli bu maktablarda lotin tili о‘rgatilgan. О‘rta maktablarda grammatika, mantiq, falsafa, arifmetika, musiqa, geometriya va astronomiya kabi yettita „erkin” san’at о‘rgatilgan. Grammatika „barcha fanlarning onasi” deb hisoblangan. Mantiq va notiqlik asoslari tо‘g‘ri va ta’sirchan sо‘zlashni о‘rgatgan. Falsafa esa tafakkur taraqqiyotiga yordam bergan. Arifmetika, musiqa, geometriya va astronomiya matematik fanlar hisoblanib, dunyoning asosini tashkil etuvchi sonlarning о‘zaro munosabati masalasini о‘rgatgan.
Oliy maktab hisoblangan universitetlar XII asrlarga kelib bir qismi teologiya va falsafa sohasida eng yirik professorlari bо‘lgan yepiskop maktablaridan, bir qismi xususiy muallimlarning - falsafa, huquq, meditsina mutaxassislarining birlashmalaridan kelib chiqqan.
Universitetlar davlat boshlig‘i yoki papa tomonidan in’om qilinadigan maxsus huquqiy - ma’muriy va moliyaviy hujjatlarga asoslangan holda faoliyat kо‘rsatgan. Universitetlar fakultetlarga bо‘lingan. Barcha studentlar yettita san’atni о‘zida birlashtirgan artist (lotincha- “artis”, fransuzcha - “artiste” – hunar, san’at, mahorat)lik fakultetida ta’lim olishi shart bо‘lgan. Sо‘ngra huquqshunoslik, meditsina va teologiya(dinshunoslik) fakultetlarida о‘qitish mumkin bо‘lgan.
Yevropadagi eng qadimiy universitet Parij universiteti bо‘lib, u XII asrning ikkinchi yarmidayoq „erkin maktab” sifatida faoliyat kо‘rsatgan. XIII asr boshiga kelib qirol Filipp-II Avgustning Sorbonna huquqlari tо‘g‘risidagi yorlig‘i bilan ta’sis etilgandan sо‘ng rasmiy о‘quv yurtiga aylanadi. Universitet ustaviga kо‘ra tо‘rtta fakultet: artistlik, meditsina, huquqshunoslik, teologiya fakultetlari faoliyat kо‘rsatgan. Keyinchalik parij universiteti ustavi Yevropaningboshqa universitetlar uchun asos qilib olinadi.
XIII asrga kelib Angliyada Oksford va Kembrij universitetlari, Ispaniyada Salamank, Italiyada Neapol universitetlari faoliyat kо‘rsata boshlaydi. XIV asrda Markaziy Yevropada - Praga, Krakov, Geydelburg, Erfrut va Kyoln shaharlaridagi universitetlar barpo etiladi. XV asrda universitetlar soni tez kо‘payadi. 1500 yilga kelib butun Yevropada 65 universitet mavjud bо‘lgan.
Universitetlar Yevropa xalqlari madaniy hayotining yuksalishiga katta ta’sir kо‘rsatadi. Universitet bitiruvchilarining kо‘pchiligi Yevropa fani va texnikasining rivojlanishida, ishlab chiqarish jarayonining yuksa-
lishida muhim rol о‘ynaydi.
Yevropa ta’lim tizimining kengayib borishi kitoblarga bо‘lgan ehtiyojlarning oshishiga olib keladi. XV asr boshlarigacha, Yevropada diniy-ommaviy adabiyotlar alohida ksilograf (yog‘ochga о‘yilgan harf yoki naqsh) usulda tarqatilgan. Bu usul yaxshi natija bermas edi. Nemis mexanigi Iogann Gutenberg (1400-1468) harakatlanadigan harflarni ixtiro qiladi. Ular dastlab yog‘ochdan yasaladi. Keyinchalik esa bu harflar metall harflar bilan almashtiriladi. Shuningdek, Iogann Gutenberg qog‘ozning ikkala tomoniga matn yozish imkoniyatini beradigan alohida bosma dastgoh ixtiro etadi. Bu ixtiro tahminan 1445 yilda qilingan bо‘lib, dastlab qattiq sir tutiladi.
О‘rta asrlar Yevropa xalqiga ajoyib adabiy meros qoldiradi. Bu davr ma’naviy hayotda tushkunlikka uchragan, buyuk siymolarga, qaxramonlarga muhtoj bо‘lgan davr bо‘lishi bilan birga о‘zlarining о‘lmas asarlari bilan umuminsoniyat madaniyati rivojida ulkan hissa qо‘shgan Bokachcho, Rable, Shekspir, Servantes kabi yozuvchilarni yetishtirib bergan davr hamdir.
О‘rta asrning dastlabki yillarida yaratilgan adabiy asarlar kо‘proq avliyolar hayotini, xristian dinining muqaddas kitobida berilgan rivoyatlarni tasvirlab berar edi. Avliyolar turmushini aks ettirgan afsonalarda tarki dunyochilik, jonni qiynash va shu yо‘l bilan ruhni “soflash” zarurligi targ‘ib qilinar edi. Axloqiy-didaktik asarlarda esa kо‘proq boqiy dunyo lazzatlari, foniy dunyo azob-uqubatlari kuylanardi. Shuningdek, ayrim asarlarda inson haqida qayg‘urish, himoyasizlarni himoya qilish dunyovii xarakterdagi syujetlar berilardi. Lekin asosiy mavzu diniy mavzu bо‘lib qolgan. Bundan tashqari diniy tendetsiyalar dunyoviy xarakterdagi qahramonlik eposlari va ritsar lirikasidagi sevgi mavzularida ham о‘z ifodasini topgan. Bir muncha vaqt о‘tgach, ritsarlik rasm-rusmlarida о‘zgarishlar rо‘y bera boshlaydi. Ritsarlar oldiga endi dinni himoya qilish, zaiflarga yordam berish vazifalari ham qо‘yila boshlandi. Dabdabali ritsarlik qoidalarining yaratilishida XII-XIII asrlarda paydo bо‘lgan ritsarlik adabiyoti muhim rol о‘ynagan. Ritsarlik adabiyoti oldiga nafaqat ritsarning mard bо‘lishini tasvirlash vazifasi qо‘yiladi, balki uning kuzatuvchanligi, nozik didi, kо‘rkamligi, sezgirligi, xushmuomalaligi, insoniy tuygularni qadrlashi, ayollarga nisbatan nozik iltifoti, romantik sevgi kechinmalarini boshdan kechirishi kabilar ham talab qilinardi.
X asrga kelib Yevropa adabiyotida dunyoviy ruhdagi vagantlar poeziyasi rivojlanadi. Vagantlar poeziyasi asosan darbadar xayot kechiruvchi, lotincha qо‘shiqlar tо‘qib kun kechiruvchi yoshlar ayniksa studentlar tomonidan yaratilgan asarlardir Ular yaratgan qushiqlarda antik davr poeziyasi ( Ovidiy, Goratsiy, Vergiliy asarlariga о‘xshatma) ruhi sezilib turgan Shuningdek bu asarlarda xalq poeziyasi ruhi - hayot quvonchi, sevgi-muhabbat, tabiat hodisalari ruhi aniq kо‘zga tashlanib turgan, tarkidunyo-chilik qoralanib, muhabbat va maydan sarxush bо‘lish masalalari ham ilgari surilgan.
О‘rta asr adabiyotida epik dostonlar muhim rol о‘yngan. Xalq tomonidan yaratilgan bunday asarlarda sevgi muhabbat sarguzashtlari, qahramonlarning jasoratlari, xalq hayoti va orzu-umidlari о‘z ifodasini topgan.
Epik asarlar markazida turgan qahramonlar mard, jasur, saxiy, kuchsizlarga yordam beruvchi va о‘z Vatani uchun jonini xam ayamaydigan ideal kishilar sifatida kо‘rsatilgan
Og‘zaki adabiyot an’analarini rivojlantirib, ularni avloddan avlodga yetkazish yо‘lida ulkan xizmat qilgan xalq ijodkorlari qiziqchilar va qо‘shiq kuylovchilarga bо‘lina borgan. Ularning asarlari satirik va realistik ruhda bо‘lganligi sababli diniy krilikal adabiyotga zid kelib qoladi. Shu boisdan cherkov epik poeziyaga dushmanlik nazari bilan qaray boshlaydi. Cherkovning ta’siri natijasida epik janrlarda ayrim о‘zgarishlar sezila boshlanadi. Xristian dini ruhi singa boradi.
Diniy drama ilk о‘rta asrning klerikal adabiyotidagi asosiy janr edi. Diniy dramalarda cherkov marosimlari toat-ibodat qо‘shiqlari, hukmron tabaqa vakillari manfaatlarini himoya qiluvchi voqealarni aks ettirgan. Bu davr adabiyotining asosiy qismini drama janri tashkil etardi.
Diniy dramaning yaratilishida katolik cherkovi toat-ibodati, hamda rasm-rusmlarida mavjud bо‘lgan teatr о‘yinlari, musiqa, dialog, kiyim va bezatish elementlaridan foydalanilgan.
Diniy dramaning dastlabki kurtaklari cherkovda ibodat rasm- rusmlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan. Bu narsa xor bilan pop о‘rtasidagi savol-javob shaklida tasvirlangan. Sо‘ngra unga injil matnlari ma’nosini ifodalaydigan, ya’ni dialoglashtirilgan iboralar qо‘shilgan. Bunday holat diniy urf-odatlarning ta’sirini yanada kuchaytirgan. Diniy marosimlar aks ettirilgan bunday sahna asarlari liturgik drama deb atalgan.
Bu dramalarning matnlari lotincha bо‘lib, u musiqa jо‘rligida ijro etilgan. О‘yin din ahli tomonidan mehrob yonida kо‘rsatilgan. Sahna oddiygina qilib bezatilgan.
XII asrga kelib liturgik dramada toat-ibodat о‘rnini dunyoviy-maishiy xarakterdagi teatr elementlari egallay boshlagan. Endi о‘yin lotin tilida emas, balki mahalliy xalqning jonli tilida kо‘rsatilgan. Tavrot matnlaridan ham foydalanilgan. Uning ta’sir doirasi ancha kengaygan. Bunday dramani cherkov ichida, mehrob oldida kо‘rsatish noqulay bо‘lib qolgach, uni ibodat rasmlaridan ajratib cherkov ayvoniga, sо‘ngra kо‘chaga olib chiqilgan. Keyinchalik esa drama shahar maydonida kо‘rsatiladigan bо‘lgan. Tomosha ancha katta tayyorgarlik bilan taxta supada kо‘p sonli tomoshabinga namoyish etilgan. Bunday tomoshalar „liturgik drama” deb emas, balki misteriya (lotincha, diniy udum, ya’ni diniy drama) deb nomlangan. Bunday dramaga ingliz-normandlarining ,,Adam haqida о‘yin" misteriyasini misol tarzida keltirish mumkin. Mazkur misteriyada Adam va Yevaning shaytonning sо‘ziga kirib ,,gunoh qilishlari”, Kain tomonidan Avelning о‘ldirilishi hamda Iso payg‘ambarning kelishi haqidagi payg‘ambarlarning xabarlari bayon qilinadi.
О‘rta asr diniy dramasi janrlaridan yana biri mirakl (fransuzcha-,,mо‘jiza”) bо‘lib, unda Iusis Xristosning onasi va avliyolar haqidagi afsonalar aks ettiriladi. Budramalar asosan, kо‘chalarda namoyish qilingan. (Qarang: Istoriya zarubejnogo teatra. M. 1971. str..87)
О‘rta asr Yeropa san’ati о‘z xarakteriga kо‘ra ommaviy san’at hisoblanadi. Chunki uning yaratuvchisi asosan oddiy xalq vakillari hisoblanadi. Feodalizm tuzumining paydo bо‘lishi va mahalliy ishlab chiqarish kuchlari, ya’ni feodal ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi yirik shaharlardan uzoqdagi chekka joylarga ham madaniyatning kirib kelishiga olib keldi. Madaniyat keng xalq ommasi orasida keng tarqala boshlaydi. Shu boisdan xalq Yevropa madaniyatining haqiqiy yaratuvchisiga aylandi. San’at asarlarida xalqning ruhiyati kо‘proq sezila boshlagan. Shu davrdan boshlab kо‘plab milliy madaniyatlar vujudga kela borgan va hozirgacha san’at olamida keng qо‘llanilib kelinayotgan ijodiy uslublar paydo bо‘lgan. Xalq amaliy va dekorativ san’ati rivojlangan.
Ikkinchi tomondan esa, о‘rta asrlarda din mulk egalari ustidan hukmronlik qilish bilan birga, ularni himoya qiluvchi qurolga ham aylangan. Shu boisdan, ham din targ‘ibotchilari san’atning mavjud imkoniyatlaridan о‘z faoliyatilarida foydalana boshlaganlar. Shuningdek, diniy e’tiqod markazlarida san’atning tasviriy, haykaltaroshlik, arxitektura, qо‘shiq, musiqa kabi turlaridan keng kо‘lamda foydalanilgan. Buni xristian dini e’tiqod markazlari hisoblangan cherkovlarningtashqi tuzilishi va ichki bezatilishida kо‘rish mumkin.
Uchinchi tomondan esa, о‘rta asrlar Yevropa san’ati faqatgina diniy xarakterda bо‘lib qolmagan, balki hayot gо‘zalligini tarannum etuvchi, tabiat latofatini aks ettiruvchi asarlar ham vujudga kelgan. Xalq fantaziyasi bilan yaratilgan ertak va dostonlarda, tasviriy san’at asarlari va haykallarda ularning oliyjanoblik, insoniylik, ma’naviy poklik tо‘g‘risidagi tushunchalari, о‘y-fikrlari va orzu-umidlari о‘z ifodasini topgan.
О‘rta asrlarda diniy falsafiy tafakkur bilan birga ilmiy- falsafiy dunyoqarash ham rivojlana borgan. О‘rta asr falsafasi san’at asarlariga kо‘cha boshlagan. Tasviriy san’at va haykaltaroshlikda inson, uning xarakteri, his-tuyg‘ulari va intilishlari falsafiy ruhda tasvirlana borgan. Natijada inson va tabiat, jamiyat va inson о‘rtasidagi munosabat-lar о‘sha davr adabiyot va san’at asarlarida talqin qilina boshlanadi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, о‘rta asr kishilarining dunyoqarashi diniy xarakterda bо‘lgan. Shu boisdan, ham о‘sha davr dunyoqarashi jamiyat hayotining barcha tomonlariga, shu jumladan san’at asarlari (badiiy ijod)ga ham о‘z ta’sirini kо‘rsata olgan. Lekin xalq hayoti, intilishlari, axloqiy tasavvurlari, hamda ideallari bilan bog‘liq bо‘lgan g‘oyalar va hissiyotlar yanada chuqurroq talqin qilingan. Xalq orasida keng yoyilgan afsonalar, fantastik obrazlar, dunyo voqealari va hodisalariga poyetik munosabatlar о‘rta asr san’atiga kuch bag‘ishlagan, ilhom bergan va uning badiiy qiymatini yanada oshirgan. Shuningdek, bu davr san’atida onalik-ning buyuk axloqiy qudrati, azob-uqubat mavzusi, insonning bitmas- tuganmas jasorati va uning mukamallikka intilishi, tabiatning gо‘zalligi mavzulari yanada rivojlantirilgan.
О‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa san’atida tasviriy san’atning manzara, natyurmort, maishiy va portret kabi janrlari rivojlangan bо‘lsa, Vizantiyada asketizm, ya’ni tarki dunyochilikni targ‘ib qiluvchi san’at asarlari rivojlangan.
О‘rta asrlar madaniy hayoti yutuqlari monumental arxitekturada ham о‘z ifodasini topgan. Arxitektura yodgorliklarida badiiy ongning nafaqat diniy-fantastik tomonlari namoyon bо‘lgan, balki ularda insonning ijodiy qudrati, umuminsoniy mehnat natijalari ham о‘z mujassamini topgan. Vizantiya ibodatxonalari, G‘arbiy Yevropaning Roman va Gogika uslubida qurilgan arxitektura yodgorliklari umuminsoniyat klassik san’atining eng noyob yodgorliklari hisoblanadi.
О‘rta asrlarga kelib, antik davr san’atining asosiy mavzulari hisoblangan jismoniy gо‘zal, ma’naviy barkamol inson obrazi iztirob chekayotgan, jismonan zaif, tabiat oldida ojiz bо‘lgan inson qiyofasini aks ettiruvchi mavzular bilan almashinadi. Antik davr san’atidagi shakl realizmi о‘rnini, mazmun realizmi, ya’ni inson his tuyg‘ularini ifodalab berish realizmi egallaydi.
О‘rta asr san’atining eng muhim markazlaridan biri 395 yilda Sharqiy Rim imperiyasi hududida tashkil topgan va 1453 yilgacha mavjud bо‘lib turgan poytaxti Konstantinopol bо‘lgan Vizantiyadir. Agar Vizantiya san’atiga e’tibor bilan qaralsa, unda ruhiy kо‘tarinki, axloqiy barkamolikka intilish kо‘zga tashlanadi. Shuningdek Vizantiya san’ati Sharqiy Rim imperiyasida feodal davlatining rivojlanish xususiyatlarini о‘zida aks ettiradi. Vizantiya madaniyati yovvoyilar hujumiga uchrab turgan G‘arbiy Yevropa madaniyatiga nisbatan о‘z an’analarini saqlab qolgandi. Vizantiyada antik davrga xos turmush va xо‘jalik hayoti saqlanib qolingan, о‘ziga xos hunarmandchilik va savdo-sotiqqa asoslangan shaharlar vujudga kelgan. Xalqning eng qadimgi asori-atiqalari, an’anaviy urf-odatlari, rasm-rusmlarining saqlanishiga alohida e’tibor berilgan. О‘rta asr madaniyati, shu jumladan, san’atiga о‘tish antik davrdan qolgan madaniy merosdan foydalanish natijasida rо‘y bergan. Vizantiya hududidagi Konstantinopol, Aleksandriya, Antioxiya, Efes kabi shaharlar Ellinistik shaharlar tarzida saqlanib qolingan. Masalan, Konstantinopolga antik davrga oid kо‘plab haykallar, shu jumladan, yetti iqlimning yetti mо‘jizalaridan biri bо‘lgan Zevs haykali keltirilgan.
425 yilda bu shaharda universitet vazifasini о‘tagan о‘quv yurti tashkil etilgan va bu о‘quv yurtida mamlakatning barcha hududlaridan kо‘zga kо‘ringan olimlar yig‘ilgan. Ular eng qadimgi qо‘lyozmalarni yig‘ishga va klassiklarning asarlarini о‘rganishga alohida e’tibor berishgan. Vizantiyalik hattotlar Gomer, Esxil va Sofokl kabi buyuk ijodkorlarning asarlarini butun dunyoga yetkazib berganlar. Bu yerda VII asrgacha hatto antik teatr faoliyat kо‘rsatgan. Yunon tili muomala tili sifatida saqlanib qolingan.
Antik san’at an’analari Vizantiya tasviriy san’atida ham saqlanib qolingan. Vizantiya rassomining diqqat markazida antik davr rassomi e’tibor bergan inson obrazi masalasi turgan. Lekin Vizantiya rassomi о‘zi yaratayotgan inson obrazini xristianlar xudosi va ruhoniy ( apostal)lari obraziga singdirgan holda talqin qilganlar. Bu asarlar о‘zining aniqligi, mutanosibligi bilan ajralib turgan. Shuningdek, Vizantiyalik . san’atkor-lar о‘z asarlarida tabiat va inson obraziga yangicha tushuncha va tasavvurlar bilan yondashganlar.
Vizantiya san’atining shakllanishida о‘sha davrda xalq hayoti va ideal-
lari bilan bog‘liq bо‘lgan xristian mifologiyasiga asoslangan va Sharqning ellinlashgan badiiy an’analari hamda Mesopatamiya, Suriya, Falastin, Misr va Antioxiyaning ornament-dekorativ xalq san’ati muhim rol о‘ynagan.
Vizantiya san’ati о‘rta asrga xos bо‘lgan diniy-falsafiy qarashlarni aks ettirgan. Bir ishlab chiqarish munosabatlaridan ikkinchisiga о‘tishda kо‘plab о‘ziga xos murakkab va ziddiyatli hodisalar, qiyinchliklar sodir bо‘ladi. Bu hodisalar о‘rta asr kishilari tasavvurida jamiyat hodisalarini boshqarib turuvchi, inson irodasidan tashqarida kо‘plab mо‘jizaviy va ilohiy kuchlarning mavjudligi tо‘g‘risidagi tushunchalarni vujudga keltir-gan. Natijada dunyoning murakkab hodisalari va jamiyatning ziddiyatli
qonuniyatlari badiiy asarlarda о‘z aksini topa borgan.
Xuddi mana shu jihatlar Vizantiya san’atini antik davr san’atidan ajratib turgan. San’atdagi ruhsiz va passiv inson obrazi о‘rnini ruhiy kо‘tarinki, axloqiy va estetik kuch-qudratga ega bо‘lgan insonlar obrazi egallay boshlaydi.
Vizantiya san’tining eng mashhur namunalari Konstantinopol maktabi tomonidan yaratilgan. Bu asarlarga asosan о‘rta asr san’atiga xos bо‘lgan diniy-falsafiy qarashlar va g‘oyalar singdirilgan.
IV asr Vizantiya san’tining eng yuqori darajaga kо‘tarilgan davri hisoblanadi. Ayniqsa, imperator Yustian davri (527-565 yillar) da Vizantiya san’ati gullab yashnaydi. Grek, Sharq va ,,varvarlar”dan iborat aholisi va boyligi hamda qashshoqligi bilan mashhur bо‘lgan Konstanti-
nopol Vizantiya madaniyatining eng rivojlangan markaziga aylanadi.
Imperator Yustian davrida mamlakatni varvarlar hujumidan saqlash maqsadida butun imperiya bо‘ylab kо‘plab mudofaa inshootlari qurilgan. О‘z davrida ikkinchi imperiya degan nomga ega bо‘lgan Konstantinopolda kо‘plab qurilish ishlari olib boriladi. V asrdayoq shaharda Triumfal ark (tantanavor kо‘rinishga ega bо‘lan arklar), termlar, ippadromlar, gumbazli saroylar, keng maydonlar qurilgan. Shahar, baland devorlar, minoralar bilan о‘ralgan va ulkan oltin darvozalar bilan mustahkamlangan.
Vizantiya arxitekturasida turlicha uslubda qurilgan monastirlar va ibodatxonalar ansambllari muhim rol о‘ynagan. Vizantiya uchun antik davr ijtimoiy-ma’muriy binolarini qurish san’ati an’analari asosida qurilgan markazi gumbazli va bazilikali (qadimgi va о‘rta asrlar arxitek-turasida ichki qismi qator ustunlar bilan bir nechta qismga bо‘lingan bino) uslubida e’tiqod markazlari - ibodatxonalar qurilishi harakterlidir. Bu me’moriy yodgorliklarda ichki intermer (ichki kо‘rinish) ning fazoviy kengligi xristian ibodati talabi asosida yechilganligidir. Bu binolar tashqi kо‘rinishidan sodda va vazmin, lekin ichki kengligi jihatdan nihoyatda nafis va serhasham bо‘lgan. Shu boisdan ham me’morlar interer uchun yorqin, serjilo, oltin va boshqa qimmatbaho materiallardan keng foydalanishgan. Nur va soyaning xona ichidagi mosligi unga alohida sirli va sehrli kuch va tarovat baxsh etib turgan.
Vizantiya me’morchiligi uslubi grek va rim me’morchiligi an’ana-larining mahalliy an’analar bilan uyg‘unlashuvidan vujudga kelgan. Masalan, Konstantinopoldagi (hozirgi Istambul) Sofiya ibodanxonasi о‘z tuzilishi jihatidan Rimdagi Panteon ibodatxonasiga о‘xshab ketadi, lekin bu о‘xshashlik bir muncha yashiringan holda talqin etiladi.
Vizantiya san’atida rangtasvir yetakchi о‘rinni egallaydi. Ayni payta Vizantiyada birinchi bor haykaltaroshlik о‘zining yetakchiligini yо‘qotadi. Antik davrga xos mavzudan yangi mavzu - xristian mavzusiga о‘tish amalga oshiriladi. Iso obrazining ikonografik tasviri, apostollar, Bibi Maryam va avliyolar tasviri ikonografiyasi yaratilib, boshqa hududlarga tarqatiladi.
IX-XIII asrlarda G‘arbiy Yevropada ikkita asosiy arxitektura uslubi-roman va gotika uslublari mavjud bо‘lgan. Yeropaning turli mamlakatlari+ dagi soborlar, cherkovlar va boshqa tipdagi ibodatxonalar ana shu ikkala uslub asosida barpo etilgan. Karolinglar zamonida rivojlana boshlagan birinchi uslubning nomi qadimgi Rimdagi binolarga taqlid qilishdan kelib chiqqan.
Roman arxitektura uslubi aniq, ya’ni rim uslubiga qaraganda hiyla dag‘alroq takomillashgan va g‘alatiroq kо‘rinishda bо‘lgan. Roman uslubidagi soborlarning devorlari qalin, gumbazlari nisbatan past ustunlari yо‘g‘on va pakana, romlari kichik bо‘lib, ular о‘sha davr ya’ni IX-XII asrlardagi binokorlik texnikasining ancha zaif bо‘lganligini kо‘rsatadi.
XII-XIII asrlarda rivojlangan va keyingi asrlarda dastlab Fransiyada keyinroq Yevropaning boshqa mamlakatlarida ravnaq topgan gotik arxitekturasi texnika jihatidan g‘oyat mukammal edi. Bu arxitektura uslubining vatani Shimoliy Fransiyadir. ,,Gotik” nomi gumanistlar ta’siri ostida keyinroq paydo bо‘lgan. Chunki ular о‘rta asr davridagi barcha narsalar ,,gotlar”niki deb hisoblaganlar.
Gotika arxitekturasining asosiy xususiyati, shundaki, arxitektor binoni mumkin qadar balandroq qilib qurishga intilgan. Yarim doirali qubba peshtoq о‘rnini nayzasimon kо‘rinishdagi peshtoq egallagan. Gotik uslubidagi soborlarning ichki qismi baland va kо‘rkam qilib ishlangan, ustunlarga nihoyatda boy bо‘lgan. Soborlarning derazalari katta-katta bо‘lib, ularning oynalariga rang-barang bо‘yoqlar berilgan. Bо‘rttirib ishlangan ziynatlarining mо‘lligi, ya’ni baryelflar osma peshtoqlar, ajoyib qilib ishlangan toshlar binoning ham tashqi, ham ichki tomonini bezatib turgan. Bitta yoki bir necha baland minoralar va ulug‘vor eshiklar gotik uslubda qurilgan binoni shohona qilib kо‘rsatib turgan. Gotika uslubida qurilgan soborlar о‘rta asr Yevropa shaharlarining о‘ziga xos arxitektura markazi hisoblangan.
Roman arxitekturasi yodgorliklaridan eng mashhurlari Fransiyadagi Puate va Arl soborlari, Germaniyadagi Shpeyer, Vormas, Mayins, Aaxen soborlaridir. Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi, Fransiyadagi Ruan, Reyms va Shartr soborlari, Angliyadagi London Vestministrlik abbatligi, Italiyadagi Milan sobori, Chexiyadagi Praga sobori, Polshadagi Krakov soborlari Gotik san’atining eng noyob yodgorliklari hisoblanadi.
Shuningdek, О‘rta asr Yevropa mamlakatlarida Roman va Gotika uslublaridan tashqari yana ikkita uslubdan: Vizantiya uslubi va Ispaniya-dagi mavr (arab) uslublaridan (Granadadagi Algambra nomli saroy-masjid, Sevilyadagi Alkasar qasri kabilar) keng foydalanilgan.
О‘rta asrlargacha ham Yevropa о‘zining gо‘zal shag‘arlari bilan mashhur edi. Lekin о‘rta asrlarga kelib, yangidan yangi shaharlar bunyod etila boshlangan. Ularning tashkil etilishiga quyidagilar о‘z ta’sirini kо‘rsatgan. Birinchidan aholining kо‘payishi, ikkinchidan, feodalarning katta boylik ortirishi, о‘zlarini himoya qilish maqsadida nihoyatda mustahkam qal’alarni qurishlari (feodallarning katta mulklarini iste’foda etishi, dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun uning qasrlari atrofiga kо‘plab tura joy binolari qurila boshlangan. Natijada, “burg” qо‘shimchasi bilan taladaigan shaharlar – Strasburg, Ausburg, Freyburg, Brandenburg va h.k), uchinchidan, savdo-sotiqning keng rivojlana borishi (daryolarning kechuv joylari va daryo bо‘ylarida vujudga kelgan Angliyadagi Oksford va Kembrij, Germanipyadagi Mayn daryosi bо‘yidagi “Frankfurt na Mayne” (Mayn darayosi bо‘yidagi Frankfurt shahri) , tо‘rtinchidan esa, xristian ta’limotini mustahkamlashga bо‘lgan harakatlar (aholini xristianlikka jalb qilish va xristian aqidalarini mustahkamlash maqsadida aholi yashaydigan hududlarga yaqin joylarda kо‘plab diniy markazlar – monastirlar, soborlar, cherkvolar qurila boshlangan. Keyinchalik esa ana shu markazlar atrofiga aholining kо‘chib kelishi “muqaddas” tushunchasini ifodalovchi “sent”,”sen”, “sankt” kabi qо‘shimchalar bilan ataluvchi shaharlar: Sen-Jermen, Sent-Albans, Sankt Gallen, Sant-Yago kabi mashhur shaharlar vujud kelishiga sabab bо‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, о‘rta asr Yevropa mamlakatlari madaniyati dastlab xristian dini ta’siri ostida qolgan bо‘lsa, XII asrlarga kelib, ayniqsa, salb yurishlari natijasida Sharq madaniyati bilan tanishgandan sо‘ng bir qadar demokratiyalasha bordi. Ilg‘or tendensiyalar bilan boyib borib, yuksak darajada rivojlangan Yevropa Uyg‘onish davri madaniyatiga zamin hozirladi.

Download 1.17 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   70




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling