BOGʻLOVCHILI BOGʻLANISH Uyushiq boʻlaklar, qoʻshma gap tarkibiy qismlarining bogʻlovchilar yordamida bogʻlanishi: Daftar va qalam oldi. Tong yorishdi va qushlar sayray boshladi.
BOGʻLOVCHISIZ BOGʻLANISH Uyushiq boʻlaklar, qoʻshma gap qismlarining bogʻlovchisiz, faqat ohang yordamida bogʻlanishi: Narigi qirg‘oqdagi mevazorlarda o‘rik, olcha, olma, shaftolilar qiyg‘os gullab yotibdi. (H. G‘ulom) Bora-bora cho‘l sahroga aylandi, odamlar va otlarning suvga ehtiyoji osha bordi. (M. Osim)
BOGʻLOVCHISIZ QO‘SHMA GAP Tarkibidagi sodda gaplar oʻzaro bogʻlovchi yoki bogʻlovchi vazifasidagi soʻz yordamida emas, balki boshqa vositalar yordamida birikkan qoʻshma gap. Bunday qoʻshma gaplarda ohang muhim rol oʻynaydi. Bogʻlovchisiz qoʻshma gaplar bogʻlangan va ergashgan qoʻshma gaplarning bogʻlovchisiz qoʻllangan varianti emas, balki qoʻshma gapning alohida turi: Kun botgan, butun atrof qorong‘ilashgan edi. (S. Ayniy) Qo‘shning tinch – sen tinch. (Maqol)
BOʻLISHLI SHAKL Tasdiq bildiruvchi shakl. Zid. Boʻlishsiz shakl: koʻrdi (boʻlishli shakl) – ko‘rmadi (boʻlishsiz shakl).
BOʻLISHLI-BOʻLISHSIZLIK KATEGORIYASI Harakatning tasdiq yoki inkori ma’nosini ifodalovchi shakllar tizimi. Bu kategoriyaning oʻzaro zidlanish hosil qiluvchi ikki aspekti bor: boʻlishlilik va boʻlishsizlik. Boʻlishsizlik shakli -ma qo‘shimchasi yordamida yasaladi. Boʻlishlilikning esa maxsus koʻrsatkichi yoʻq: oʻrgandi (boʻlishli shakl) – oʻrganmadi (boʻlishsiz shakl).
BOʻLISHSIZ FE’L – q. Boʻlishsiz shakl.
BOʻLISHSIZ SHAKL Inkor ifodalovchi shakl. Zid. Boʻlishli shakl: kelmadi (boʻlishsiz shakl) – keldi (boʻlishli shakl).
Do'stlaringiz bilan baham: |