Badiiy matnni tilning lug‘aviy birliklari asosida tahlil qilish
Reja:
Badiiy matnda so’z.
Matnda so’zning ma’nosi.
Badiiy matnni lug’aviy birliklar asosida tahlil qilish.
Tayanch tushunchalar: Omonim (omofon, omoforma, omograf)lar, paronimlar, sinonimlar, uslubiy sinonimlar, antonimlar, intellektual so‘zlar, emotsionalekspressiv so‘zlarning turlari, evfemizmlar va ularning uslubiy qimmati.
So‘z eng muhim til birliklaridan biridir, chunki kishilar so‘z vositasida o‘zaro birbirlari bilan fikrlashadilar va birbirlarini anglaydilar. Tilning umumiy lug‘at tarkibini tilda mavjud bo‘lgan barcha faol va nofaol so‘zlar tashkil qilib, ular kishilarning kundalik turmush sharoitida, ijtimoiy ishlab chiqarishda va boshqa munosabatlarida shu tilda so‘zlashuvchi shaxslarning barchasi uchun xizmat qiladi.
Ayrim olingan har bir so‘zning ham tovush, ham ma’no tomoni mavjud bo‘lib, uning ma’no tomoni bilan leksikologiyaning maxsus sohasi semasiologiya shug‘ullanadi. Semasiologiya so‘zi sema - ma’no, logos - ta’limot so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, so‘zning ma’no xususiyatlari bilan shug‘ullanadi. Ko‘rinadiki, so‘zning ma’no tarkibi va u bilan bog‘liq hodisalarni o‘rganuvchi sohaga semasiologiya deyiladi.
Nutqning aniq va ravonligi, avvalo, so‘zdan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq. Buning uchun esa so‘zning leksik ma’nosini anglash zarur. Aks holda mantiqiy fikr ifodalab bo‘lmaydi. Masalan, Endi dilrabo kuy va qo‘shiq tinglab tomosha qiling gapidagi tomosha qilmoq iborasi xato qo‘llanilgan.
Sababi kuy va qushiq tomosha qilinmaydi (raqs tomosha qilinadi), aksincha, tinglanadi, xolos. Shu o‘rinda M. V. Lomonosovning «Agarda biror narsani aniq ifodalay olmas ekanmiz, bunda tilimizdan emas, balki uquvsiz mahoratimizdan gina qilishimiz kerak», degan fikrini keltirish mumkin.
Zero, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘g‘li Xumoyunga yozgan maktublaridan birida uning fikr ravonligi va aniqligiga rioya qilmaganligidan tashvishlanib «Xatingni xud tashvish bilan o‘qisa bo‘ladi. . . Mundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila but, ham senga tashvish ozroq bo‘lur, ham o‘qig‘uvchiga», - deydi.
Tilning nazariy va amaliy asoslaridan xabardor bo‘lish - ona tilini mukammal va puxta egallashning muhim omilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |