Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so’ng juda ham salmoqli ishlarni amalga oshirdi, o’z fuqarolari turmush sharoitini yaxshilash uchun ko’pdan ko’p islohotlar o’tkazdi


Pandemiya sharoitida iqtisodiyotga davlat aralashuvining zarurligi


Download 196.33 Kb.
bet6/7
Sana22.01.2023
Hajmi196.33 Kb.
#1108520
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Abdugaforov A.

Pandemiya sharoitida iqtisodiyotga davlat aralashuvining zarurligi
Koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi jahon iqtisodiyotini og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda. O‘zbekiston ham bu sinovdan chetda qolgani yo‘q. Shubhasiz, pandemiya keltiradigan yo‘qotishlarning oldini olish, uning oqibatlarini imkon qadar yumshatish, turli menejment faoliyatini ilm-fan bilan uyg‘unlikda amalga oshirishga bog‘liq.
Pandemiya oqibatlarini yumshatish, aholi turmush darajasi keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish va mo‘’tadil darajada saqlab qolish uchun keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining narxi keskin oshib ketmasligi uchun narx-navo davlat organlari tomonidan nazoratga olingan. Ularning an’anaviy tarzda import qilinadigan ommabop turlari bo‘yicha uzilish sezilmayapti.
Respublika komissiyasi tomonidan ishlab chiqarish quvvatlaridan imkon qadar samarali foydalanish, mavjud ishchi o‘rinlarini qisqarishiga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlar maoshlarining o‘z vaqtida to‘lanishi va boshqa muhim iqtisodiy-ijtimoiy chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Prezidentimiz bu borada o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishlarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy faoliyatni ichki bozor ehtiyojlariga moslashtirish, aholini ijtimoiy himoyalash buyicha tijorat banklari, respublika va mahalliy boshqaruv organlari zimmasiga aniq vazifalar yukladi.
Menimcha, bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri - bu eng past pog‘onadagi boshqaruv faoliyatini yangicha usullar bilan amalga oshirishdir. Misol uchun, oxirgi yillarda chakana savdo faoliyatida shakllangan tizim bugungi sharoitga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, jamoat transporti o‘z faoliyatini umuman to‘xtatgan sharoitda arzonlashtirilgan go‘sht, kartoshka va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar savdosini dehqon bozorlarida tashkil etish g‘oyasi mantiqqa zid narsa emasmi? Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yuk avtomobillariga joylashtirib, fuqarolar uchun qulay joylarda savdoni tashkil etishga nima to‘sqinlik qiladi? Yoki sut mahsulotlarini olaylik. Shu paytgacha shahar aholisini asosan norasmiy faoliyat ko‘rsatadigan "Damas"chilar yoki oddiygina qishloq ayollari ta’minlab kelgan. Hozirda buning iloji yo‘q. Chunki jamoat transporti faoliyati to‘xtatilgan. Unda shaharlik aholi, jumladan, yosh bolalar ushbu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojdan butunlay voz kechishi va immunitetini pasaytirishi kerakmi?
Qolaversa, qishloq aholisining katta qismi uchun aynan sutni shaharga keltirib sotish yaxshi daromad keltiradi. Karantin vaqtida ko‘chalarda non tashuvchi mashinalarni deyarli uchratmaysiz. Vaholanki, sanoat yo‘li bilan ishlab chiqarilgan qolipli non har bir mahalladagi oziq-ovqat do‘konida bo‘lishi shart. Hamma oilalarning ham restoranda tayyorlangan va taksichilar yordamida yetkazib beriladigan issiq ovqat iste’mol qilishga qurbi yetmaydi. Shuni inobatga olib, aholi zich joylashgan hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan oshxonalar tanlab olinib, nisbatan arzon issiq ovqatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa bo‘lmasmikin?
Yana bir taklif. Tumanlardagi aholi tomorqasidan foydalanish ishlarini shaharlarda ham joriy etish lozim. Shaharda hovlilarda yashaydiganlarni mevali daraxt ko‘chatlari va urug‘lar bilan ta’minlash lozim. Chunki hozir har bir kun ham, har bir qarich yer ham g‘animat. Viloyatimizning har bir hududi o‘ziga xos xususiyatga ega va karantin paytidagi tashkiliy chora-tadbirlar yagona tizim asosida emas, balki hudud xususiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi zarur.
Keling, pandemiya tug‘dirayotgan qiyinchiliklarning davomiyligiga makroiktisodiy mavqeidan turib nazar tashlaylik.
Xitoyda boshlangan Koronavirus pandemiyasining asoratlari butun dunyo mamlakatlarining iqtisodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, strategik hamkor davlatlarimiz bo‘lgan Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar iqtisodiyoti ham bu virusdan ancha katta zarar ko‘radi.
O‘zbekistonning 2019 yildagi tashqi savdo aylanmasi 42 milliard dollardan oshgan va unda Xitoyning ulushi 15 foizdan ko‘proq ekanligini inobatga olsak, ushbu faoliyatdan kutiladigan yo‘kotishlar ko‘lami ancha katta bo‘ladi. Buning uchun 2-3 milliard dollarlik asbob-uskunalar o‘z vaqtida yetib kelmasligi yoki tabiiy gaz va rangli metallar eksporti kamayishining o‘zi iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir qiladi.
Mamlakatimizning yana bir muhim strategik hamkori bo‘lgan Rossiya biz uchun nafaqat tashqi savdo faoliyati, balki mehnat muhojirlarini qabul qilish va ularni ish bilan ta’minlash borasida ham muhim ahamiyatga ega. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, oxirgi yillarda Rossiyada qariyb 2,5 million vatandoshimiz vaqtinchalik ishlab, oilalariga yiliga 4 milliard dollarga yaqin mablag‘ yuborishgan.
Xo‘sh, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida yetakchi mamlakatdagi hozirgi iqtisodiy holatni qanday baholash mumkin? Rossiyaning iqtisodiy ahvoli birinchi navbatda, neft va tabiiy gazning jahon bozoridagi kon’yunkturasiga bog‘liq. Oxirgi bir oy davomida neftning narxi ikki baravarga pasaydi va faqat shuning hisobidan Rossiya yillik hisobda 70-75 milliard dollarlik daromaddan mahrum bo‘lmoqda. Natijada, allaqachon, rubl dollarga nisbatan 12-15 foizga arzonladi. Bu esa muhojirlikdagi vatandoshlarimizning daromadlari shunga mos tarzda kamayganini anglatadi. Energiya resurslari savdosidan kelib tushadigan daromadlarning kamayishi Rossiya mehnat bozoridagi muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Biz buning natijasida vujudga keladigan muammolarga tayyor bo‘lishimizni anglatadi.
Qo‘shnimiz bo‘lgan Qozog‘istondagi iqtisodiy holat ham kundan kunga murakkablashib bormoqda. Shuni inobatga olib, mamlakat hukumati inqirozga qarshi fondga 13 milliard dollar ajratishni rejalashtirmoqda.
Bunday vaziyatlarda ularga yaqin mamlakatlar ham aziyat chekadi. Lekin dunyoning yetakchi iqtisodchi olimlari anchadan buyon jahon iqtisodiyoti navbatdagi global inqiroz arafasida ekanligi to‘g‘risida ogohlantirib, har qanday mamlakat uning oqibatlarini bartaraf etishga tayyor bo‘lishiga chaqirayotgan edi. Jahon iqtisodiyotining kelajagi ushbu signallarning inobatga olinganligi, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning samaradorligiga bog‘liq. Umid qilamizki, O‘zbekistonda oxirgi uch yarim yil davomida amalga oshirilgan islohotlar xalqimiz boshiga tushgan bu sinovni katta talafotlarsiz yengishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy faoliyat hamisha iqtisodiy resurslar tanqisligi sharoitida amalga oshiriladi va uning samaradorligi turli xil variantlardan eng maqbullarini tanlab olishga bog‘liq. Shu o‘rinda bir g‘oyani keltirmoqchiman. Karantin paytida kam ta’minlangan fuqarolarga kuniga 10 ming so‘mdan yordam puli berilganda ham bir oyda bu 1 trillion so‘mdan oshadi. Ammo bu tariqa amalga oshiriladigan moliyaviy yordamni inflyasiya puchga chiqarishi hech gap emas. Buning o‘rniga sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga qulay foizlarda kreditlar ajratilsa, qo‘shimcha yetishtirilgan mahsulot bozor narxining pasayishiga olib keladi va aholimiz turmush farovonligini ta’minlaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 milliard so‘mlik bank foizi preferensiyalari qo‘shimcha tarzda 1,5 million tonna sabzavot va 800 ming tonna kartoshka yetishtirish uchun imkoniyat yaratadi. Shu vaqtgacha shunga o‘xshash ilmiy yondashuvlarga yetarli e’tibor berilmadi. Natijada keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishiga qaramasdan, O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi nomutanosiblikni hozirgacha bartaraf eta olmayapmiz. Buning asosiy sababi iqtisodiy faoliyat va ichki ilmiy salohiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratilmaganida.
Ilmiylikdan uzoqlashganimizni isbotlaydigan eng oddiy misol - bu misli ko‘rilmagan darajadagi xufiyona iqtisodiyot. Shu bilan bir qatorda, real sektor tarmoqlari samaradorligi mavjud imkoniyatlarga nisbatan juda past ekanligini ham inkor etib bo‘lmaydi va agrar soha bundan mustasno emas. 400 ming gektardan ortiq maydonni egallagan tomorqachilarning yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotidagi ulushi respublika ekin maydonlarining uchdan ikki qismini egallab turgan fermer xo‘jaliklarinikidan ko‘ra salmoqliroq. Sabab nimada?
Mana oddiy misol. G‘alla-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi 20 gektarlik xo‘jalikning 15 gektarida g‘alla yetishtiradi. Endi tasavvur qiling, amaldagi xarid narxlar doirasida har gektarga ekilgan g‘alladan olinadigan foyda 1 million so‘mdan oshmasa-yu, yangi traktorning narxi 300 million so‘m bo‘lsa, samaradorlik bo‘ladimi? Qolgan 5 gektarda sabzavot ekiladi, deb faraz qilaylik. Xo‘jalik mexanizmining sayozligi tufayli mahsulot erkin savdo uchun emas, balki qayta ishlash korxonalari buyurtmasi asosida yetishtiriladi. Natijada aholining sabzavotga bo‘lgan talabini qondirish darajasi pasayadi, bu esa dehqon bozorlaridagi narxning o‘sishiga olib keladi. Sanoat korxonalari xomashyoni bozordagidan ancha past narxga sotib olishga majbur, shunday qilinmasa, tayyor mahsulot soliqlar, bank foizlari va boshqa qayta ishlash hamda transport xarajatlari hisobidan eksportga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Demak, fermer xo‘jaligi qolgan ekin maydonlaridan ham yuqori daromad olish imkoniyatiga ega emas. Nega deganda mehnat unumdorligi past, mahsulot tannarxi esa buning aksi. Respublikada bunday tumanlar 38 ta, xo‘jaliklarning umumiy soni esa 20 mingdan kam emas.
Ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar fermerdan yerni ijaraga olib pomidor ekadi va bir mavsumning o‘zida zamonaviy uy yoki yengil mashina sotib oladi. Fermer esa qarzga botmaganiga shukur kiladi. Ana sizga manfaatlar to‘qnashuvi va bu mikroiktisodiyot darajasidagi kichkina paradokslardan biri. Bundan jumboqliroq narsa shuki, O‘zbekiston 4 million gektar sug‘oriladigan yerga ega mamlakat bo‘la turib, shu paytgacha aholi o‘z daromadlarining 70 foizini, kam ta’minlangan oilalar esa bundan ham ko‘proq qismini ovqatlanishga sarflaydi. Vaholanki, iqtisodiy faoliyati ilm-fanga tayanadigan mamlakatlarda bu ko‘rsatgich 25-30 foizdan oshmaydi.
Bu holatni qisqa fursatda o‘zgartirish uchun nima qilish kerak?
Birinchidan, mamlakatimizda agroklasterlar faoliyat boshlaganidan beri uch yil o‘tdi. Ammo sohani boshqarish, ayniqsa, moliyalashtirish tizimini risoladagidek, deb bo‘lmaydi. Bitta xo‘jalik 4-5 klaster tarkibiga kiradi. Bunday holatni boshqa davlatlarda uchratmaysiz. Qizig‘i shundaki, bunday eksperiment iqtisodchi-agronom, hisobchi va muhandislar ishtirokisiz amalga oshiriladi. Karantin sharoitida aholi daromadlari kamayishi ehtimoli ta’sirida kartoshka va sabzavotlarga talab ortmoqda.
Lekin dehqonlarga ajratiladigan bank kreditlari stavkalari qay tarzda yangilanishi borasida haligacha aniqlik kiritilmagan. Agar ular 22-25 foiz darajasida saqlab qolinsa, kartoshkaning yalpi hosili bashorat qilinayotgan 2,8 million tonna emas, balki rasional me’yorlar (2 million tonna)dan ham kam bo‘lishi mumkin. Cheklangan kredit resurslari "Har bir singlimga bir juft sirg‘adan" degan tamoyil asosida emas, balki aniq va samarali loyihalarga asoslanib, birinchi galda, agrosanoat kompleksi va uning rivojlanishiga xizmat qiladigan sohalar o‘rtasida taqsimlansa, oziq-ovqat xavfsizligi tubdan mustahkamlanadi.
Ikkinchidan, chorvaning 90 foizi aholi xonadonlarida boqiladi. Bu esa go‘sht va sut yetishtirish sohasini ilm-fanga tayanib ixtisoslashtirish va konsentrasiyalash yo‘li bilan rivojlantirishga, pirovardida narxlarni pasaytirishga imkoniyat bermaydi. Pandemiya tufayli chorvachilik sohasida qo‘shimcha qiyinchiliklar vujudga kelish ehtimoli katta. Shuning uchun moliyalashtirish tizimi o‘ziga xos tomonlarni inobatga olgan holda takomillashtirilishi lozim. Parallel tarzda hal etilishi zarur bo‘lgan dolzarb masala - bu vaqtni boy bermasdan mustahkam ozuqa bazasini yaratishga kirishishdir.
Uchinchidan, agrosanoat sohasining xo‘jalik mexanizmi ichki bozor talablarini qondirish tomon qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Chunki yuqorida qayd etilgan nuqsonlar ta’sirida oddiygina 1 litrlik idishga qadoqlangan pomidor-bodring konservasi yangi yilga yetmasdan 10 ming so‘mga chiqadi.
To‘rtinchidan, statistik faoliyatni zamon talabi darajasiga keltirish lozim. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019 yilda 11 million tonnaga yaqin sabzavot yetishtirilgan. Rasional me’yorlarga ko‘ra, mamlakat aholisining sabzavotga bo‘lgan yillik ehtiyoji 3,5 million tonnani tashkil etadi. 1 million tonnaga yakin mahsulot eksport qilingan. Agroklasterlarning yillik qayta ishlash quvvati 500 ming tonna atrofida. Ko‘rinib turibdiki, raqamlar bir-biriga qovushmaydi. Sabab shundaki, na tomorqalarda, na fermer xo‘jaliklarida hisobot to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Joylarda esa ushbu muammoni raqamli iqtisodiyotga tayanib bartaraf etishga qaratilgan hech qanday intilish ko‘zga tashlanmaydi.
Ko‘rinib turibdiki, ichki bozorni dehqonchilik mahsulotlari bilan to‘yintirish, ularni aholimizning to‘lovchanlik qobiliyatiga mos keladigan narxlarda ishlab chiqarish, pandemiya sharoitida ijtimoiy himoyaning eng qulay va samarali vositasi. Ushbu maqsadga erishishning asosiy yo‘li - bu shubhasiz, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishdir. Buning uchun ixtisoslashtirilgan, innovasion texnologiyalarga asoslangan yirik davlat agrosanoat birlashmalarini tashkil etish kerak va ularni pandemiya tugagach, hech qanday qiyinchiliklarsiz xususiylashtirish mumkin.
Shunday yo‘l tutsak, agrar sohaga zamonaviy ilm-fan yutuqlarini tezroq joriy etib, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatidan to‘laqonli foydalanish, pirovard natijada uning raqobatbardoshligini ta’minlash istiqbollari kengayadi. Mehnat sig‘imi yuqori bo‘lgan sanoat tarmoqlarini rivojlantirib, ham aholi turmush darajasini tubdan yaxshilashga, ham mehnat migrasiyasi torayishidan kelib chiqadigan muammolarning oldini olishga erishamiz. Raqamli iqtisodiyot va marketing tadqiqotlariga tayanib davlat va oilalar byudjetini maqbullashtirisha olsak, inflyasiya sur’atlari va bank foizlari keskin pasayadi. Natijada investision faoliyatning samaradorligi oshadi. Bu esa iqtisodiy o‘sishga asosan ichki potensial hisobidan erishishga imkoniyat yaratadi. Bizda boshka yo‘l tutishning iloji ham qolmayapti. Nega deganda bundan keyin xorijiy investorlar o‘z imkoniyatlarini koronavirus keltirib chiqargan muammolar yechimiga qaratishga majbur bo‘lishadi.
Tan olish kerakki, pandemiya uzoq yillar davomida mamlakatimiz iqtisodiyotida vujudga kelgan nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratmoqda. Mavjud muammolar va ularning yechimiga xizmat qiladigan takliflarni biz faqat agrar soha misolida ko‘rib chiqdik. Ammo Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hozirgi sharoitda iqtisodiyotimizning barcha sohalari takomillashtirishga muhtoj.
Bunday holat respublika va mahalliy boshqaruv organlaridan ilmiy salohiyatga tayanish va jadallik bilan noan’anaviy usullarni qo‘llash yo‘liga o‘tishni taqozo etadi.
Xulosa
Soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyotida davlatning roli va ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini boshqarishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini keng joriy qilish, shuningdek, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, iqtisodiyot organlarining amaldagi tuzilmasi, ularning ishini tashkil qilish prinsip va usullari iqtisodiyotni boshqarishning zamonaviy talablariga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlaridagi tuzilmaviy oʻzgartirishlarga javob bermaydi.
Xususan, iqtisodiyotning oʻzgarishi sharoitida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asoslangan maqsadli yoʻnalishlarini (indikatorlarini) shakllantirish, shuningdek, mavjud ichki va tashqi omillarni hamda islohotlarning strategik ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda iqtisodiy oʻsishning yangi manbalarini aniqlash tizimi mavjud emas.
Iqtisodiyotning hududiy va tarmoq taraqqiyoti, shu jumladan, urbanizatsiya salohiyatini amalga oshirish orqali mutanosiblikni taʼminlash uchun ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish tizimi kerakli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.
Bozor tamoyillarini keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, bozorni raqobatbardosh tovarlar bilan toʻldirish va ularni tashqi bozorlarga yoʻnaltirish hajmlarini oshirish boʻyicha zarur tadbirlar ishlab chiqilmayapti.
Natijada, barqaror ishchi oʻrinlari yaratish darajasi pastligicha saqlanib qolayotganligi aholini, ayniqsa, qishloq aholisini barqaror daromad manbai bilan taʼminlash imkonini bermaydi va sifatli inson kapitalini rivojlantirishga toʻsqinlik qiladi.


Download 196.33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling