ERIX RASRE
BARON MYUNXAUZEN SARGUZASHTLARI.
www.kitob.uz saytida elektron kitoblar, audio ertaklar, darsliklar mavjud
DUNYODAGI ENG ROSTGO’Y ODAM.
Chuvakkina, qushburun, keksa bir kishi kamin yonida yonboshlab o'tirib, o'z
boshidan kechirganlarini hikoya qilar edi. Gapini eshitib o'tirganlar unga qarab
kulishib:
— Voy Myunxauzen-e! Voy baroni tushmagur-e, — deyishardi.
U qanday qilib oyga uchganini, uch oyoqli odamlar orasida qanday
yashaganini, qanday qilib uni nahang baliq yutib yuborganini, kallasi tanasidan
qanday qilib judo bo’lib qolganini bamaylixotir hikoya qilar edi. Bir kuni bir
yo'lovchi uning gaplariga quloq solib, turdi-turdi-da, birdan:
— Hamrna gaplaring lof! Sen gapirayotgan voqealar hech vaqt bo'lgan emas,
— deb qichqirdi.
Myunxauzen qovog'ini soldi-da, gerdayib javob qildi:
— Men o'zimning eng yaxshi do'stlarim deb atagan graflar, baronlar, knyazlar
va sultonlar meni doim dunyoda eng rostgo'y odam der edilar. Hikoyani eshitib
turganlar yana qattiqroq xaxolab yubordilar.
— Myunxauzen rostgo'y odam emish! Xa-xa-xa!
Myunxauzen esa, pinagini ham buzmay, qanday qilib kiyikning boshidan
ajoyib daraxt o'sib chiqqanini hikoya qilaverdi.
— Daraxt?.. Kiyikning boshida-ya?
— Ha. Olcha daraxti. Daraxtda esa olchalar. Shunday mazali, shirinki... Bu
hikoyalarning hammasi shu kitobda bosilgan. Shularni o'qib, dunyoda baron
Myunxauzendan ham rostgo'y odam bo'lgan-bo'lmaganligini o'zlaringiz ayting.