Begali Qosimo ismoilbek gasprinskiy


Download 109.86 Kb.
bet1/2
Sana07.11.2020
Hajmi109.86 Kb.
#142374
  1   2
Bog'liq
Ismoilbek Gaspirinskiy haqida B.Qosimov. 1b6688e2




Begali Qosimo
ISMOILBEK GASPRINSKIY


Ismoilbek Gasprinskiy (1851-1914) Rusiya jadidchilik harakatining rahnamosi edi. Turkistonda XIX asrning oxirlaridan ko’zga tashlangan yangilanish harakatlari ko’p jihatlari bilan shu nomga, uning «Tarjimon» gazetasiga kelib bog’lanadi. Va ushbu davrdan e’tiboran XX asrning 20- yillariga qadar faoliyat ko’rsatgan biror turkistonli ziyoli yo’qki, bu nomni chetlab o’ggan bo’lsin. Shu sababli, uning ijodiy faoliyati va ayniqsa, maslak-intilishlari bilan tanishish Turkiston jadidchiligi va jadid adabiyotining shakllanish hamda rivojlanish bosqichlarinigina emas, umuman mazmun-mohiyatini anglashda, yo’nalishlarini belgilashda ham benihoya muhim ahamiyatga ega.

Bu nom yuz yil muqaddam turkiy dunyodagi eng mashhur nom edi. Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar. U chiqargan «Tarjimon» gazetasining 1908 yildaga 25 yillik to’yida Xitoyning «Tarancha»sidan tabrik telegrammasi kelgan. 1910 yilda esa Frantsiyaning eng e’tiborli jurnallaridan «Revyu dyu monde musulman» uning millat oldidagi buyuk xizmatlari uchun nomzodini «Tinchlik borasidagi Xalqaro Nobel` Mukofoti»ga tavsiya qilgan va buni xorijiy mamlakatlardagi juda ko’p matbuot organlari qo’llab- quvvatlab chiqqan edi.

U vafot etgan 1914 yilning 11 sentyabrida mashhur Narimon Narimonov yozadi: «Millat Ismoilbek kabi qahramonlarini unutsa, o’z hayotini barbod etajaqdir». Bu balandparvoz gap emas. Dalil — tarix. U tirikligidayoq millatning otasi, rahnamosi degan nom oldi. Uning eng katta xizmati Rusiya sarhadida yashab turgan, lekin zamonning zayli bilan bir-biridan uzoq tushgan (to’g’ri-rog’i, uzoqlashtirilgan) va begonalashish darajasiga yetgan turkiy xalqlarni bir-biriga tanitdi. Behbudiy so’zlari bilan aytganda, «Rusiyadagi butun turk-tatar xalqlarini juda oz tarixiy muddatda xayr-xo’shlik yo’li bilan yaxlit bir milliy oilaga birlashtirmoqqa noil bo’ldi». Bu dard o’sha davr chor Rusiyasi asoratida o’z erku huquqigina emas, asriy urf-udum, ma’naviy qadriyatlaridan tortib, til va din-e’tiqodigacha unutishga mahkum qilingan turkiy xalqlarning eng katta dardi, so’ngsiz armoni edi.

Ismoilbek Sharq xalqlari ma’naviy hayotida, xususan, maktab-maorifida chinakam inqilob yasagan, «usuli jadid» nomi bilan tarixga kirgan «usuli savtiya»ni boshlab berdi. XX asr Sharqining eng mashhur, eng taraqqiyparvar harakatchiligiga — jadidchilikka asos soldi.

U barcha turkiy xalqlarni yaxlit, yagona millat deb bildi. Ularni ham ilm-ma’rifatda,haq-huquqda dunyoning taraqqiy qilgan millatlari bilan teng, baqamti ko’rmoqni orzu qildi.

Butun aqli-vujudini mana shu muqaddas ishga — millatning ravnaqi va muhofazasi yo’liga sarf etdi. Bu shunchaki mutaassibona bir orzu emas, zamonasining baland-pastidan xabardor,


tarix va taqdirini teran anglagan, Sharqni ham, G’arbni ham bab-baravar bilgan va bab- baravar ko’rgan bir kishining aniq va rejali xatti-harakati edi. Afsuski, uning bu ishlarida ayrim «do’stlar»i shakkoklik, kofirparastlik ko’rdilar. Dushmanlari esa unga siyosiy ayb qo’ydilar. Turkiy qavmlarni Rusiya davlatiga qarshi birlashtirishda, yagona turk-tatar mamlakati tuzishga urinishda aybladilar. Va bu da’volar mash’um 30-yillarda juda «ish» berdi. Uning nomi, uning xotirasi avlodlar qalbidan yulib olindi. Nasllarga o’z xalqining qattol dushmani qilib ko’rsatildi…

Gasprinskiy 80-yillarning oxiridan avlodlarga qayta boshladi… 1991 yilda Simferopolda tavalludining 140 yilligiga bag’ishlangan xalqaro anjuman bo’lib o’tdi. 2001 yilda 150 yilligi nishonlandi. O’zbekistonda ham u haqda risolalar paydo bo’ldi.

Chetda 1950 yilda u haqda Burbil degan kishi doktorlik dis-sertatsiyasi yozgan va Gamburgda kitob bosdirgan. Amerikalik Edvard Jeyms Lazzerini dissertatsiyasi 1973 yilda «I.Gasprinskiy va Rusiyada musulmon modernizmi» nomi bilan Vashingtonda bosilib chiqqan. 80-yillarda esa Turkiyada Nodir Davlat va Mehmet Saroyning u haqdagi monografiyalari dunyo ko’rdi. 1991 yilda Toshkentda E. Ablaevning «Ismoil Gasprinskiy — gumanist, prosvetitel`, pedagog» risolasi bosildi. Keyingi tadqiqotlardan biri Hoqon Qrimlining «Qrim tatarlarida milliy kimlik va milliy harakatlar (1905-1916)» (Anqara, 1996) kitobidir. Nihoyat, 2003-2004 yilda Turkiyada Gasprali «Tanlangan asarlari» uch jildligining 2 jildi bosmadan chiqdi.

Ismoilbekning ota-bobolari Yalta-Alupka yo’lida joylashgan Gaspra qishlog’idan.

Ismoilbek taxallus-nisbani shundan oldi. Biroqu ko’proq «Gasprinskiy» nomi bilan shuhrat qozondi. Ilk o’zbek matbuotida u «Gasprinskiy» deb beriladi. Ismoilbek Gaspradan uncha uzoq bo’lmagan, to’rt tomoni tog’lar bilan o’ralgan Ajiko’y (ovchi ko’y — ovchilar qishlog’i)da 1851 yilning 21 martida — qutlug’ navro’z kunida tavallud topdi.

Hayot yo’li

Otasi Mustafobey Kavkaz va Qrimning general gubernatori knyaz` Vorondovga tarjimon bo’lib ishlagan, sadoqatli xizmati uchun 1853 yilda poruchik unyuniga musharraf bo’lgan, dvoryan martabasiga ko’tarilgan. Lekin ko’p o’tmay, Krim urushi boshlanadi. Oila Bokchasaroyga ko’chib keladi. Ismoilni 8 yoshida boqchasaroylik Hoji Ismoilning eski makgabiga beradilar.

10 ga kirganda esa otasi Mustafobek onasi Fotimaning e’tirozlariga karamasdan, Oqmachit — Simferopoldagi guberniya gimnaziyasiga olib boradi. Unda ikki yil o’qigach, Voronej (Yol Kermon)dagi ofiderlar harbiy o’quv yurtiga o’tadi. O’n uch yoshida Moskvadagi Milyutin gimnaziyasiga o’qishini ko’chiradi. Shu yillari ayrim rus ziyolilarida avj olgan buyuk rus millatchiligi Milyutin gimnaziyasiga ham kirib kelgan edi. Xususan, gimnaziya murabbiylaridan yozuvchi M. Katkovning panslavistik qarashlari yosh Ismoilbekda o’zlikni anglash hissini uygotdi. Uning hatto Kritda yunonlar bilan urush olib borayotgan turk qo’shiniga ko’ngilli bo’lib qo’shilish uchun sinfdosh do’sti litvalik Mustafo Davidovich bilan Istanbulga otlangani, Odessa bandargohida qo’lga olinib, orqasiga qaytarilgani ma’lum. Xullas, 1868 yilda Ismoilbek Gasprali Moskvadagi o’qishini bitirib, Boqchasaroyga qaytadi.

«Zanjirli» madrasasida rus tilidan dars bera boshlaydi. D. I. Pisarev, N. G. Chernishevskiy asarlari bilan yaqindan tanishadi. O’qish-o’rganish ishtiyoqi uni 1872 yilda Frantsiyaga boshlab keladi. Vena, Myunxen, Shtutgardtda bo’ladi. Parijda I. S.Turgenev bilan uchrashadi. Unga assistent-kotib bo’lib ishga kiradi. Frantsuzchani mukammal egallaydi. «E’lonlar» idorasida tarjimonlik qiladi. Mashhur Sorbonna universitetiga o’qishga qatnaydi. Nihoyat, 1876 yilda Boqchasaroyga qaytib keladi va «Zanjirli»da rus tili muallimi sifatida ishni davom ettiradi. Shu yili uylanadi. Biroq ular uzoq yashay olmaydilar, ajrab ketadilar. Ismoilbek mutolaaga beriladi. Qunt va sabot bilan turkiy tilni, tarix va adabiyotni o’rganadi. Ayni paytda, u sharqona an’anaviy tahsilning zamondan orqada qolganini, shu tufayli musulmonlarimiz jahon taraqqiyotidan chetga surilib chiqayotganligini qo’radi.

Nima qilmoq kerak? Milyutin gimnaziyasidaga o’qitish usulini, Sorbonnadagi ko’rganlarini musulmon maktablariga ko’chirsa bo’lmasmikin? Har bir maktab, madrasa o’z nizom-dasturiga ega bo’lmog’i lozim. Diniy bilimlar qatorida dunyoviy fanlar ham keng o’qitilishi kerak. Bu, masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundaki, o’qishni nazorat qilish shakllari, bilimni baholash mezonlari bo’lishi lozim. Umr degani, axir, hisobli-ku. Biroq bu gaplar o’rtaga tushar-tushmas, Gasprinskiyga tosh otish boshlanadi. Uni kofirdan olib, kofirga soladilar.

Tahdid, do’q-po’pisa kuchayib boradi. Ismoilbek yon berishga majbur bo’ladi. Ishni o’zgartiradi. Shahar boshlig’i vazifasiga (1878-1884) saylanib, Boqchasaroyni obod qilishga kirishadi. 1882 yilda mashhur Qozon tatarlaridan millioner Akchurinning qizi Zuhraxonimga uylanadi.

Ular yigirma yil baxtli turmush qildilar. Olti farzand tarbiya etdilar. «Ulardan Diloraxonim va Ismoil sog’-salomatlar. Toshkentda yashaydilar», deb xabar bergan edi «Yildiz» jurnali, 1990 yilda.

I.Gasprinskiy shahar boshlig’i (gorodskoy golova) bo’lib uzoq qololmadi. Shahar Dumasi a’zolari Ismoilbekni shahar pulini «ko’chalarni yoritish, aholiga tibbiy yordamni kuchaytirish» kabi allakanday «foydasiz» ishlarga sarf etayotganini kechira olmadilar. Iste’foga chiqishga majbur etdilar.

U esa, o’z ishida davom etdi. 1881 yilda «Rusiya musulmonligi» kitobini e’lon kildi. Unda ko’tarilgan eng muhim masalalardan biri Rusiyaning o’z musulmon fuqarolariga munosabati masalasi edi.

«Rusiya musulmonligi»

«So’nggi yillarda Rusiyaning Sharqdagi buyuk madaniylashtiruvchilik xizmati haqida tez- tez o’qishga va eshitishga to’g’ri kelmoqda, — deb yozadi Gasprinskiy ushbu asarida. — Xo’sh, bu xizmat nimada namoyon bo’lishi kerak? Nahotki, uning ma’nosi qozini uezd boshlig’iga, noibni pristavga, beklikni oblastu guberniyaga, ushrni tan solig’i-yu yana boshqa «ber-ber»larga, ipak to’nu beshmetni dvoryanlik yoqasiga almashtirib qo’yishdan iborat bo’lib, boshqa qilinadigan ish qolmagan bo’lsa?»

Gasprinskiy «Rusiyaning Sharqdagi madaniylashtiruvchilik roli»ga mana shunday tanqidiy qaraydi va u savolga salbiy javob beradi. Uni aksincha, atayin ilm-ma’rifatdan uzoqda saqlab kelayotganlikda, musulmonlarning tilini, dinini, turmush tarzini buzishda ayblaydi.

Bir tomondan, millatni mahv etib kelayotgan jaholat, ikkinchi yoqdan chor hukumatining izchil, rejali ruslashtirish siyo-sati. Rusiyadagi musulmonlarning taqdiri qanday bo’larkin?

Ismoilbek mana shu savolga javob izlaydi. Uningcha, Rusiyaning tobe millatlarga munosabatida 2 yo’l turibdi: 1. Assimilyadiya (ruslashtirish). 2. Hamkorlik. Birinchi holda mustamlakaga, milliy taraqqiyotga hech qanday yo’l berilmaydi, u to’la ruslashtirib bo’lingach, vakillari mamlakat idora ishlariga jalb qilinadilar. Ikkinchi hodda, uning milliy taraqqiyotiga imkon yaratiladi, tegishli darajaga ko’tarilgach, hukumat ishlariga tortiladi.

Rusiya o’z mustamlakalariga nisbatan har ikki yo’ldan foydalanmoqda. Pol`shada — birinchi yo’ddan. Finlyandiyada — ikkinchi yo’ldan. U turkiy xalklarga nisbatan qaysi yo’lni tutarkin?

Rusiya birinchi yo’lni istaydi. Lekin bu qiyin va samarasiz. Negaki, turkiy xalqlarning juda katta tarixi, qadim madaniyati bor. Uni qalblardan siqib chiqarish g’oyat mushkul. Ma’quli — ikkinchi yo’l.

Buning u qadar qiyinchiligi ham yo’q. Musulmonlar (muallif turkiy xalqlar o’rniga «musulmonlar» atamasini qo’llaydi) ozgina turtki bilan o’tgan muddatda yo’qotgan zehniyatlarini tiklab ola oladilar. Hatto turtki — yordamga ham ehtiyoj bo’lmas. Ozgana xayrixohligu ruxsat berishning o’zi kifoya. Masalan, xalq an’anaviy xayriya yo’li bilan ham maktab-madrasalarini tiklay oladi. Faqat uni zamonaviy talablarga javob beradigan darajaga ko’tarish lozim. Birinchi navbatda, dunyoviy fanlarga zo’r berish kerak. X-XV asr Turkistonining qomusiy olimlarini mana shu madrasalar yetkazib bermadimi?! Ko’hna Sharqning universitetlari madrasalar emasmi?! Yevropa universitetlari ispan Andaluziyasidagi madrasalardan andoza olib qurilmadimi?! Bu masalada yolg’iz birgina shart bor. U shundan iboratki, Rusiya musulmonlari milliy maoriflarini o’z milliy vositalari asosida qurmoqlari kerak. Ayniqsa, boshlang’ich ta’lim va tarbiya mutlaqo o’z ona tilida bo’lmog’i lozim.

«Rusiya musulmonligi» risolasi shular haqida edi.

U Rusiyada yashovchi musulmonlarni shu mamlakatning teng huquqli fuqarolariga aylantirish va ayni paytda ularning o’z milliy, diniy jihatlarini saqlab qolishga qaratilgan o’ziga xos dastur edi. Kitob bosilib chiqishi bilan velikorus shovinistlarining qattiq qarshiligiga duch keldi. Ayniqsa, musulmonlarning maktab-maorifini milliy asoslarda qurishlari lozimligi —milliy maktab haqidagi fikrlar yoqmadi.

Buni u bilardi. Moskvada Milyutin gimnaziyasida o’qib yurgan paytlari o’risparastligi bilan dong qozongan M.N.Katkov bilan bu masalada ko’p to’qnashgan edi. Uning muharrirligida chiqqan «Moskovskie vedomosti» gazetasi bilan «Russkiy vestnik» jurnalini muntazam o’qib borar edi. Uning nuqtai nazari Toshkentda N.Ostroumov va M.Muropiev, Qozonda N.Il`mins- kiy bilan ayni bir xilda ekanligini yaxshi bilardi.

N. Il`minskiy turk-tatar xalqining maktab-maorifiga daxldor har bir ilgari siljishni rus xalqiga qarshi harakat deb biladi. Sinodning ober-prokurori K.P.Pobedonosdevga yozgan bir xatida ochiqdan-ochiq «Rusiyadagi musulmon xalklariga bironta ham ijtimoiy-siyosiy huquq bermaslik kerak», deydi.


Ismoilbek Rusiya qoidalarini sinchiklab o’rgandi. 1882 yilda «Solnomai turkiy», «Mir’oti jadid» nomlarida 2 risola e’lon qildi. «Rusiya musulmonligi» asarida ko’tarib chiqqan masalalarni amalga oshirishni matbuotdan boshladi.

Download 109.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling