Qadimgi Rimda psixologik g‘oyalar
Qadimgi Rimda inson psixikasi haqidagi bilimlar taraqqiyoti davom etdi. Qadimgi Rim mutafakkirlari uchun eng muhim muammo ruh muammosi bo‘lib, bu muammo ko‘plab mutaffakkirlar tomonidan faol tadqiq qilingan. Psixologik bilimlar taraqqiyotiga eng ko‘p hissa qo‘shgan mutafakkirlar bu davrda Tsitseron, L. Kar va K. Galenlar bo‘lishdi.
Tsitseron (eramizgacha 106 – 43 yillar), qadimgi Rim faylasufi, siyosatchisi, notig‘i, «Respublika», «Qonun», «Notiq», «Xudolar tabiati haqida» asarlarining muallifi. Tsitseronning ruh mohiyati haqidagi qarashlari aqlli ruh o‘z makoni bo‘lgan vujudga jon ato qiladi, degan g‘oya hisoblanadi. Tsitseron odam hayvondan aqlli ruhi bilan farq qiladi, inson uchun ruhi va vujudini takomillashtirishga yo‘naltirilgan faoliyat buyuk ne’matdir, deb hisoblagan. Tsitseron bo‘yicha ideal odamning sifatlari: bilim, donishmandlik, jasurlik va adolatlilikdir. Tsitseron ruhni davolash va yupatish uchun har doim imkoniyat bor, deb hisoblagan.
Lukretsiy Kar (eramizgacha 99–55 yillar.), qadimgi Rim faylasufi va shoiri, antik davrning buyuk ma’rifatparvari. Lukretsiy Kar haqidagi biografik ma’lumotlar ko‘p emas. Uning asosiy “Narsalar tabiati haqida” nomli falsafiy asari saqlanib qolgan, unga ko‘ra Lukretsiy Kar Demokrit qarashlarini yoqlagan va atomistik printsip yordamida atrof olamdagi barcha hodisalarni tushuntirishga harakat qilgan. Lukretsiy Kar ruh moddiy va u insonning hayot yo‘ldoshi, ruhning narigi dunyodagi hayoti haqida gapirish bema’nilik, deb hisoblagan. Ruh havo va olovdan tashkil topgan harakatchan substantsiya. Ruh bir xil tarkibli emas va uning ikkita tomoni bor: «anima» va «animus». Anima butun vujud bo‘ylab tarqalgan va organizmning o‘sish funktsiyasi uchun javob beradi. Animus (Ruh), ko‘krakda joylashib, ruhning mukammalroq ismi hisoblanadi va insonga hissiyot hamda aql beradi.
Lukretsiy Kar tabiatda hamma buyumlar paydo bo‘lishining sababi birlamchi jismchalar bo‘lib, ular o‘z xalokatidan so‘ng parchalanib ketadi, deydi. Birlamchi jismchalar bo‘linmas, mustahkam va bir-biridan shakli va vazni bilan farq qiladi. Erdagi hayot birlamchi jismchalarning tasodifiy birikishi natijasida paydo bo‘lgan.
Lukretsiy Kar, hayot paydo bo‘lishining diniy (mifologik) izohlashga qarshi bo‘lib, dinning manbai qo‘rquvda, insoniyat taraqqiyotining asosida esa ehtiyojlar, tajriba va aql yotadi, deb hisoblagan. Lukretsiy Kar tomonidan atrof olamdagi predmetlarni predmetdan taralib ko‘rish organiga tushadigan mikroskopik obrazlar yordamida idrok qiladi, degan fikr o‘rtaga tashlangan. Lukretsiy Karning fikricha, inson adashishlarining manbai uning mulohazalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |