Биринчи боб


Adabiyot — millat ruhining poydevoridir


Download 63.34 Kb.
bet5/15
Sana01.04.2023
Hajmi63.34 Kb.
#1315934
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
Usmon Azim she’rlarida inson ruhiyatining aks ettirilishi

Adabiyot — millat ruhining poydevoridir
«Adabiyot yashasa — millat yashar», degan Cho’lpon. Shu ma’noda bugun nechog’li yashayapmiz? Bugungi o’zbek adabiyotining ahvoli haqida…
— Cho’lponning gapi ayni haqiqat. Shuning uchun men ham «Kunduzsiz kechalar» dramasida bu gapni yana bir bor Cho’lpon tilidan takrorlaganman. Bugun ma’naviyat va ma’rifat, milliy g’oya haqida gap ketganda esa buyuk shoirimiz aytgan bu haqiqat haqida qayta-qayta o’ylab ko’rmog’imiz zarur. Bugungi biz qurayotgan jamiyatda Adabiyotning o’rnini to’g’ri belgilamog’imiz, uning ma’rifatli jamiyatda tutishi kerak bo’lgan mavqeini joyiga qo’ymog’imiz lozim. Xalqning ruhi adabiyotda va faqat adabiyotda aks etishini, bu ruh adabiyotda o’ssagina hayotning ruhi ham o’sishini tushunib yetmoq payti yetdi. Adabiyotsiz ma’rifat va ma’naviyat juda g’arib va nochordir.
San’atning poydevorini Adabiyot tashkil qiladi. Teatr, kino, musiqa… adabiyot bilan tirik. Adabiyot xalq ruhining barhayotligi. Adabiyot yo’g’rilgan milliy g’oyagina yuraklardan tabiiyligi bilan joy oladi, fikrlarni mavjlantiradi, ilhomlantiradi. Bugun butun dunyo anglab turgan bir narsani biz ham tushunib yetmog’imiz shart. Men «oynai jahon» haqida gapirmoqchiman. Bu qudratli targ’ibot va axborot vositasi yuraklarni sayozlashtirish bilan «jiddiy» shug’ullanayapti. Yo’q, ataylab emas – unga xudo bergani shu! Biz bu xatarni to’g’ri anglamog’imiz — o’zbekni faqat teletomoshabin millat emas, balki kitobxon millat qilib ham tarbiyalamog’imiz kerak. Chunki o’zbekning milliy o’sishi, eslab ko’rsangiz, hamisha Adabiyot bilan bog’liq bo’lgan. Vatanparvarlik, mardlik, halollik, xalqiga mehru oqibat kabi xislatlarning yuraklarda barq urishini faqatgina jiddiy Adabiyot udda qiladi. Bir misol: «O’tkan kunlar»ni o’qib, qancha o’zbek yaraldi ekan? O’z qadri haqida o’yga toldi ekan?..
Bugunning yana bir jiddiy – tezlik bilan hal qilinishi lozim bo’lgan muammosi — lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga o’tishimiz bilan bog’liq. Bu faqat Adabiyotning emas, balki umummilliy yo’sinda yechimini topishi shart bo’lgan va astoydil g’ayrat-shijoatni talab etadigan ish. Ma’lumki, deyarli hamma kitoblarimiz kirill yozuvida. Hozirgi yosh avlod ulardan bahramand bo’lolmaydi. Bu kitoblarni tezlik bilan yangi alifbomizga ko’chirmoq kerak. Buning uchun keng qamrovli, jiddiy mutaxassislardan iborat komissiya tuzmoq lozim. Ular Navoiy kutubxonasiga borib, o’zbekchada nashr etilgan kitoblarni bir-bir ko’zdan kechirmog’i va lozim topilganini zudlik bilan nashrga tavsiya etmog’i shart. Biz endi yiliga ming-minglab yangi yozuvdagi kitoblarni chop etishimizga to’g’ri keladi. Bu kitoblar har bir kutubxonaga yetib borishi haqida alohida g’amxo’rlik ham bu katta va ulug’ ishning ajralmas qismi bo’lmog’i lozim. Shundagina biz nafaqat iqtisodiy rivojlangan, balki madaniyatimiz ham yanada rivojlanishiga omil yaratilgan mamlakatga aylanamiz.
Yana qaytarib aytaman — Adabiyot millat ruhining poydevoridir. Biz Navoiy, Bobur, Qodiriylar millati ekanligimizni bir zum ham unutmaylik. Bugun, ma’lum sabablarga ko’ra, nochor qolgan Adabiyotga ko’mak berish — aslida millatimiz ildizini mustahkamlash ekanligini esdan chiqarmaylik.
— Ko’pchilik shoirlar aksar nasriy asarlarni o’qishlarini, yozuvchilar esa, she’r o’qishini aytishadi. Sizda bu qanday? Eng oxirgi o’qigan kitobingiz?
— Bu savolga ilgari qaerdadir javob berganman. Ha, men nasriy asarlarni ko’p o’qiyman. Umuman, san’atning, hayotning ko’p jabhalariga ishqibozman. Xayolparastman, desammikan-ey… Bir narsa yozadigan odam shunday bo’lsa kerak-da… Eng so’nggi o’qigan kitobim: Tomas Vulf, «Ijod chanqoqligi». Bu kitobda muallifning «Vaqt va daryo haqida» deb atalgan qiziq bir nasriy tajribasidan parchalar bosilgan.
— O’zaro suhbatlarda professionallik haqida ko’p gapirasiz…
— Bu haqda ham ko’p yozganman. Hozir bir misol bilan cheklanaman, xolos. Siz kasbini to’liq o’zlashtirmagan haydovchi boshqarayotgan mashinada safarga chiqasizmi? Chiqmaysiz, barakalla! Endi kasbini chala o’zlashtirgan adibni tasavvur qiling. Men, ko’pincha, kitoblarni bir-ikki jumlasini boshlab o’qiganimdan so’ng hafsalam pir bo’ladi. «O’zuvchiman» deb da’vo qilayotgan akamning yozishini ko’rsangiz… Eng muhimi, yozuvchilik mahoratini to’liq o’zlashtirmaslik iste’dodning chala ochilishiga,
«sahna»dan erta tushib ketishiga sabab bo’ladi…
— Ko’p ijodkorlar ijodkor bo’lib shakllanishlarida bolaliklari katta rol o’ynaganini aytishadi…
— Iste’dod osmondan tushmaydi. Uni xudo bergan yoki bermagan bo’ladi. Xudo berganni ham yo’qotib qo’yish hech gap emas. Iste’dod o’zbekcha sharoitda, ko’pincha bolalikda yo’qotiladi. Bunga sabab ko’p va bu alohida suhbat mavzusi…
Men kitobni qadrlaydigan oilada o’sganman. Bobom usta Xoliyor ulug’ odam edi. U kishining tarbiyasi, endi bilsam, menga bir jahon bilim bergan ekan. Negadir, bolaligimdan uyda menga shoir bo’ladi, deb qarashgan… Yo’q, menga alohida bir sharoit yaratib berishgani yo’q. O’sha davr bolalari tortgan hamma azoblarni men ham tortganman. Ayniqsa, otasizligim… Ammo uyimizda halol va harom, mardlik va xiyonat, qadr va o’zini yerga urish kabi qarama-qarshiliklar o’rtasida qo’yilgan devor aniq edi. Men vujudimu ruhimga singib yetgan shu o’zbekona qarashlar hamrohligida hali-hanuz yashayman va buning uchun xudoga shukronalar aytaman. Bolaligim kitob ichida o’tgani, yengil-yelpi emas, maqomlarni eshitib o’sganim, «Alpomish»ni o’qib ulg’ayganim uchun… Barchasi uchun shukrona aytaman.
— Birinchi o’qituvchingizni qanday eslaysiz? Maktabda ijodiy muhit qanday bo’lgan?
— Birinchi o’qituvchim Arslonov degan odam. Ismlarini bilmayman. Hamma faqat familiyasini aytar edi. O’zlari ham bizga ismlarini aytmaganlar, shekilli… U kishi, endi bilsam, haqiqiy Muallim ekanlar. Biror bolaga ovozini balandlatib gapirganini eslay olmayman. Hammaga bir xil qaraganlar. Savodimizni tez chiqarganlar. Ikkinchi sinfni bitirganimizdan keyin u kishi boshqa tumanga ko’chib ketganlar. Bizga boshqa kishi dars bera boshlagan. Shunda muallimlar ham har xil bo’lishini ilk bor his qilganman.
— She’rlaringizda ko’tarinkilik ohang darajasiga chiqqan. Hayotda qanday insonsiz?
— She’rlarim haqida o’zim gapirmay… Qanday odamligimga kelsak… (Usmon aka kuladi — H.K.) O’zlaring aytinglar, qanday odamman? Yaxshi odamman-da! Mayli, qanday odamligimni qog’ozga yozinglar-da, gazetalaringga bosib yuboraveringlar. Nima deb yozsalaring ham chidayman…
— Umuman, ijodkorning shaxsi va ijodi o’rtasidagi bog’lanish va farqlarga munosabatingiz?..
— Ijod va yozuvchi shaxsi bir-birini to’ldiradi. Ba’zan ulug’ shaxslarning ijodi haminqadar bo’ladi. Ijodi o’zidan katta adiblar ham bor. Bilasiz, hozir ham bor.
— Hozir aruzda kam yozilayotganligi bu vaznning eskirganligidanmi yo unda har kim ham yoza olmasligidanmi?
— Vazn, hamma o’ylagandek, biror-bir shoirning injiqligi emas. Har bir zamonning o’z ritmi bo’ladi. Zamon ritmini anglagan ijodkor baxtli ijodkordir. Umuman, iste’dodli odamlar san’atda buni tez anglashadi. Ammo shoir hamma vaznda ham ozmi-ko’pmi qalam tebratishni bilsa, yaxshi. Imkoniyatlari kengayadi. Endi aruz haqida. Men ham ba’zan bu vaznga murojaat qilaman. Lekin bir narsani unutmasligimiz lozim. Aruzda qanchalar o’zbekona yozmaylik, baribir, forsiy va arabiy tillarning nuqsi urib turadi. Ammo, bu deganim aruzga tushishi lozim bo’lgan she’rdan voz kechish kerak, deganim emas. Zamon ritm tanlagandek, shoirning fe’li ham, ma’lum bir paytdagi
kayfiyati ham, har bir she’rning o’zi ham ritm tanlaydi. Aruzda paydo bo’lishi lozim bo’lgan she’rni mahorat yo’qligidan udda qilolmaslik esa, har holda, shoir uchun maqtovli ish emas…
— She’rlaringizni qo’shiq qilishgan: Mahmud Namozov, Kumush Razzoqova… Siz uchun qo’shiq nima?
— Qo’shiq — yaxshi she’r, yaxshi musiqa, yaxshi ijro. Shulardan birortasi oqsasa, qo’shiq ko’ngilga yetmaydi.
— Kino-videolar o’z yo’liga, teatr — o’lmas san’at. Bugungi shoirlarimizning teatrga munosabatlaridan qoniqasizmi? Sahnamizda yaxshi speaktakllar kamligini nima bilan izohlaysiz?
— Umuman, saviyasi past asarlarning paydo bo’lishida san’atning biror turining aybi yo’q. Hamma narsani iste’dodlar va qo’yilgan maqsad hal qiladi. Men yaxshi ko’radigan, qayta-qayta ko’rgim keladigan kinolar juda ko’p. Teatr haqida baland baholaringizdan esa, xursandman. Shoirlarning teatrga munosabatidan esa qoniqmayman.
Ha, mayli… Endi shoirlar va teatr haqida. Haqiqiy shoirni she’r baribir — bir kunmas bir kun dramaturgiyaga, demak, teatrga olib keladi. Cho’lponni, Fitratni, Usmon Nosirni, Oybekni… Lorkani, Pushkinni, Lermontovni… Oripovni, Vohidovni eslang. Teatr san’ati bilan shoirning qiziqmasligi bu — juda kechirib bo’lmas hol. Har holda, yilida paydo bo’lib qoladigan bir-ikki spektaklni, albatta, ko’rishlari lozim. Faqat she’r bilan o’ralashib qolish — iste’dodning rivojiga, yangilanishiga, ko’lamiga xalal beradi.
Yaxshi spektakllar kamligiga kelsak, bu holni birinchi galda dramaturgiyada iste’dodlarning tanqisligi bilan izohlardim. Teatr va kino uchun Adabiyot yuksak sarchashmadir. Demak, dramaturgiya va kinodramaturgiya bir oyoqda oqsasa, ular ikki oyoqda oqsaydi. Ikkinchidan, teatrda adabiy didi bor, yaxshi asar bilan bo’sh asarni farqlay oladigan rahbarlar, har doimgidek kam. Uchinchidan, san’atning qaysidir ma’noda kommertsiyalashuvi umumsaviyasini pasaytirishga olib kelayapti. To’rtinchi muammo — iste’dodli rejissyorlar barmoq bilan sanarli…
— Yana qanday aytar so’zingiz bor?
— Aytadigan gapim ko’p. Ammo so’raganda javob berishni besh-o’n yildan buyon o’zimga rasm qilganman…

Download 63.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling