Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
144 Ot-ulovlarga barg ham topilmay qolgandan keyin daraxtlarning qurigan yog‘ochlarini randalab beradigan bo‘lishgan. Bobur otxona hovlisida yog‘och randalayotgan Tohirni ko‘rdi. Saripulda bu yigit Boburning xos navkarlari orasida edi, daryodan o‘tishda ham, keyin ham jonbozlik ko‘rsatgan edi. Bobur yaqinda uning uylanish tarixini eshitdi. Shuncha azoblar bilan qayta topib olgan xotini ocharchilikda nobud bo‘lib ketmasin deb, Robiyani onasi Qutlug‘ Nigor xonimga kaniz qilib qo‘ydi. Tohir mayda qilib randalagan yog‘ochni sarg‘ish mo‘ylovli Mamat suvga ivitib yumshatmoqda edi. Shunday qilinmasa uni ot yeyolmas edi. Saripul jangiga Mamat ham navkar bo‘lib qatnashgan edi. O‘sha qirg‘indan eson-omon qaytgan bu yigit o‘tgan hafta qo‘rg‘on tashqarisiga meva o‘g‘irlashga chiqib, bir qulog‘idan ajralib qaytdi. Qo‘rg‘on devoridan bo‘y cho‘zib, tashqariga qaragan ochlar tashqi bog‘larda pishib, shoxlarda tiralib turgan, yerlarga to‘kilib yotgan olmalar, noklar, shaftolilarni ko‘rib chidab turolmas edi. Kechasi el uxlaganda Mamat uch-to‘rtta eski kosib oshnalari bilan qal’a devori tagidagi obmo‘ridan tashqariga chiqadi. Chohdan ham bir amallab o‘tib pishgan mevalardan to‘yganicha yeyishadi. Keyin qo‘llaridagi xalta va xurjunlarni ham mevaga to‘ldirishadi, ammo qo‘rg‘onga tomon qaytayotganlarida shafqatsiz Ko‘pakbiyning yigitlari ularni tutib olishadi. Mamat ham o‘zini kosib deb tanitdi. Agar «Boburning navkariman» desa tirik qolmas edi. Ko‘pakbiy «meva o‘g‘irlagisi kelganlarga ibrat bo‘lsin», deb tutilganlardan uchtasining burnini, ikkitasini qulog‘ini kestiradi-yu, qo‘yib yuboradi. Bir siqim meva uchun qilingan bu vahshiylik tufayli Mamat endi yozda ham telpagini kesik qulog‘idan pastgacha bostirib kiyadigan bo‘lgan. Ba’zida u o‘ziga-o‘zi tasalli beradi: — Qo‘loqni-ku, jashirsa bo‘ladi, burnim kesilsa nima qilar edim? Bobur ko‘chadan o‘tayotib goho burni kesilgan bechoralarni ham ko‘rib qoladi. U bir vaqtlar o‘zi Samarqandni yetti oy qamal qilib yotganda odamlarning boshiga qanchalik og‘ir kulfatlar tushganini mana endi chinakam bilyapti. O‘sha ocharchilikda sahhoflik rastasiga borganlarida o‘g‘li kunjara yeb shishib o‘lgan, o‘zi jinni bo‘lib qolgan bir kampir xudoni qarg‘ab, «Ilohim o‘zi ham shu ko‘yga tushsin!» — deganini Bobur endi qasoskor taqdirning hukmidek eslaydi... Kambag‘allar kulbasidan boshlangan ochlik asta-sekin navkarlar, beklar qarorgohiga ham, podshoh saroyiga ham o‘rmalab keldi. Mana, o‘n kundirki, Bobur non yuzini ko‘rmaydi. Un allaqachon tugagan, unga oltin-kumush idishlarda ertalab bir siqim mayiz bilan choy, kechqurun tuya go‘shtidan pishirilgan bir kosa sho‘rva yoki uch-to‘rt tuyur kabob beradilar. Bobur oltinlari yaltiragan shohona idish-tovoqlarga termilib qaraydi-yu, hozir shularning hammasidan bir parcha nonni afzal ko‘radi. Lekin non oltinga ham topilmaydi. Oyisha begimning olti oylik emizikli qizchasi big‘illab yig‘laydi. Chunki ozib, madordan ketib qolgan Oyisha begimning siynasidan sut kelmaydi. Yaqinda bola ko‘rgan boshqa bir onani topib, Faxrinisoni besh-o‘n kun emizdirgan edilar, falokat yuz berdi, u ona vaboga uchragan xonadondan ekan. Dahshatli kasallik Faxrinisoga yuqdi-yu, ikki kun ichida bola mumday erib jon berdi. Bobur kafanga o‘ralgan go‘dakni yangi qazilgan qabr oldigacha ko‘tarib borar ekan, uning burishgan yuzchasiga yuzini bosib yig‘lab yubordi: «Mayli, shu vabo menga ham yuqsinu bu azoblardan birato‘la xalos bo‘lay!» — degan alamli o‘y bilan go‘dakning sovuq lablaridan o‘pdi. G‘alaba kunlari dunyoga kelib Faxriniso nomini olgan qizchani qabrga qo‘yib, ustiga tuproq tortganlarida Bobur bir lahza o‘zini uning o‘rnida ko‘rdi, hali tirik bo‘lsa ham |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling