Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
176 Bobur kutubxonadan chiqar ekan, ustma-ust zang chalayotgan soatga qarab turib, o‘zicha o‘ylandi: «Ajab! Alisherbekning o‘zlari vafot etgan bo‘lsalar ham ixtirolari tirik. Umri soniy shulmikin? Bu soat o‘z egasining ikkinchi umrini o‘lchab zang chalmoqdamikin?» Unsiyaning ich-tashida bu binoni qurgan va unda hayotining oxirgi kunigacha yashagan noyob insonning ruhi kezib yurganga o‘xshardi. Bobur Navoiyning qo‘li tekkan eshiklarni ehtiyot bilan ochar, marmar zinalarda uning ko‘zga ko‘rinmas izlarini bosib o‘tayotganini his qilib, mumkin qadar sekin qadam tashlar edi. Hovlida toshhovuz bo‘yidagi chinorlar tagida farrosh yigit xazon supurmoqda edi. Bobur ikki tomonida to‘q yashil shamshod daraxtlari qator turgan chiroyli yo‘lkaga burildi. Bu yerda uni Navoiyning shogirdi Xondamir va uning eng yaqin nadim*laridan Sohib Doro kutib turar edilar. Hassa tayangan keksa Sohib Doro Bobur bilan ko‘rishayotib: — Amirzodam, — dedi. — Hazrat Mirning vafotlaridan beri Unsiya ruhsiz tanadek edi. Siz kelganingizdan so‘ng bu tanada yangi jon, yangi ruh paydo bo‘ldi! Yoshi o‘ttizlarga borgan tiyrak ko‘zli Xondamir Boburga sinovchan nazar bilan kulimsirab tikildi: «Andijondan kelgan yigirma to‘rt yoshlik shahzoda bu mubolag‘ali gapga yarasha kamtarona javob toparmikin?» Qalbi ezgu va ma’yus tuyg‘ularga to‘lib turgan Bobur shoirona o‘xshatishlar qilib o‘tirgisi kelmay jo‘n javob berdi: — Mavlono, hazrat Alisherning makonlari mening o‘zimda yangi bir ruh paydo qildi. Bu yerda men san’atu ma’rifatning hali umrimda ko‘rmagan kamolotini ko‘rmoqdamen. Xondamir Boburning javobidan qanoatlangandek mamnun bosh irg‘adi. Sohib Doro ham: — Siz haqsiz, amirzodam, — dedi. — Hazrati Mir neki yaratgan bo‘lsalar, hammasida o‘zlarining oliy ruhlaridan bir nishona qoldirmishlar. Mana bu minoralarga bir nazar tashlang! Bobur uchi osmondagi oq bulutlarga tegay deb turgan baland koshinkor minoralarga tikildi. Odatda, yuksak minoralarning odam chiqib atrofga qaraydigan usti yopiq halqasi, ya’ni shiyponchasi eng tepasida bo‘ladi. Unsiya minoralarida esa tepadagi halqadan tashqari o‘rta belida ham maxsus halqalar bor edi. Sohib Doro buning sababini aytdi: — Hazrati Mir Hirot manzaralariga baland bir joydan qarab o‘ltirib hordiq chiqarar edilar. Keksaygan paytlarida minora tepasidagi halqaga chiqishlari mumkin bo‘lmay qoldi. Shundan so‘ng me’morga o‘zlari aytib, pastroqqa ham halqa qurdirdilar. — Iloj bo‘lsa, shu halqalardan biriga biz ham chiqsak, — dedi Bobur. — Bajonidil! Sohib Doro Boburni Xondamir bilan birga g‘arbiy minoraga tomon boshladi. Ammo minora ichidagi tik, aylanma zinalardan chiqolmasligini aytib, o‘zi pastda qoldi. Minoraning o‘rta halqasiga Boburni Xondamir boshlab chiqdi. Ular atrofga ko‘z yugurtirishdi. Uzoqda qorli Muxtor va Iskalja tog‘lari. Pastda kuz kirib, suvi jildirab qolgan Injil anhori. Uning chap sohilida mashhur Gavharshodbegim madrasasi savlat to‘kib turibdi. Navoiy qurdirgan Ixlosiya madrasasi Injilning o‘ng qirg‘og‘ida — Gavharshodbegim madrasasiga yuzma-yuz tushgan edi. Ixlosiyadan narida bemorlar davolanadigan, ayni vaqtda, mudarrislar yoshlarga tibbiyot ilmini o‘rgatadigan Shifoiya nomli shifoxona— madrasa. Undan narida ulkan gumbazli Xalosiya xonaqohi. Katta bir mahallaning o‘rnini oladigan joy Alisher Navoiy qurdirgan nodir obidalarga to‘lib, Hirotning salobatiga salobat qo‘shgan edi. Shaharning narigi yoqlarida ham moviy tog‘larga o‘xshab yuksalib turgan minora va gumbazlarning ko‘pligi Boburga birdan Samarqandni eslatdi-yu, yuragini dard aralash sog‘inch tuyg‘usi chulg‘adi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling