Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
181 ________________ * G‘ i z o l — kiyikning Xurosonda ko‘p uchraydigan bir turi. * O ch a r — zira va sirka qo‘shib tayyorlangan go‘shtli taom. * * * Oq marmardan qurilgan uch qavatli ulkan qasrda o‘nlab oltin qandillar yonmoqda edi. Bobur, Qosimbek, Zunnunbek va ularni boshlab borayotgan Burunduqbek zinalarga to‘shalgan mayin guldor poyandozlardan tovushsiz qadam tashlab, uchinchi qavatga ko‘tarildilar. Qasrning devorlariga Shohruh mirzo o‘zining san’atkor o‘g‘li Boysunqur mirzo uchun ishlatgan go‘zal rasmlar hali ohori to‘kilmay yap-yangi turar edi. Xadicha begim Boburni qasrning muhtasham qabulxonasida kutib oldi va olti oyog‘i ham quyma oltindan ishlangan, ustiga yaxlit sadaf qoplangan miz yoniga o‘tqazdi. Salobatli, xushqomat begimning orqarog‘ida — qabulxonaning eng ko‘zga ko‘rinarli joyida bir tup atirgul yarqirab turibdi: poyalari oltindan, barglari zumraddan, to‘q qizil gullari yoqutdan. Gul shoxiga qo‘nib turgan kichkina oltin bulbulning tumshuqchasida — don o‘rnida sof gavhar jilolanib turibdi. Qabulxonaning eshik va derazalariga osilgan shohi darpardalarga ham durlar, la’llar va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan edi. Faqat Xadicha begimning o‘zi qoramtir kumushrang parchadan bezaksiz kabo kiygan, uning boshidagi ko‘kish toqida ko‘zga uncha tashlanmaydigan siyrak marvarid donalari ko‘rinar edi. Aqlni shoshiradigan bunday javohirot orasida go‘zal qiz-juvonlar qurshovida o‘tirgan ellik yoshli ulug‘sifat malika Boburni ham, Qosimbekni ham ancha dovdiratib qo‘ydi. Bobur ko‘ngliga tugib kelgan murakkab gaplarini begimning musohabalari va kelinlari oldida qanday aytishni bilmay bezovtalandi. Xadicha begim buni sezib osoyishta kulimsiradi: — Amirzodam, siz bizga qarindoshsiz. Shuning uchun mening kelinlarim, musohabalarim sizni ham o‘z mirzolaridek e’zozlab suhbatingizga ishtirok etmoqchilar. Tortinmay erkin o‘ltiring. — Mutashakkirmen! Yuzlarida yupqa oq pardalari bor qiz-juvonlarning yuz-ko‘zlari sham yorug‘ida uncha aniq ko‘rinmas edi. Ammo xina qo‘yilgan nafis qo‘llar, ipak kiyimlar og‘ushidagi ingichka bellar va baland ko‘kraklar ko‘pchilik ayollarning yosh juvonlar ekanidan dalolat berardi. Muzaffar mirzoning eng ko‘hlik xotinlaridan Qorako‘zbegim degani qaynonasining qulog‘iga labini yaqinlashtirib, yengil bir kulgi bilan allanarsa dedi. Xadicha begim ham sho‘x kulib bosh irg‘adi-yu, Boburga yuzlandi: — Amirzodam, Hirotning asilzoda qizlari sizga maroq bilan ko‘z tikar emishlar. Shunday bahodir shoh, shunday ko‘hlik yigit, shunday iste’dodli shoir haramsiz bo‘ydoq yashar emishsiz. Rostmi? Bobur qip-qizarib yerga qaradi-yu, bu to‘g‘rida gap ochilganidan ozorlanib: — Hazrat begim, rost, — dedi. — Taqdiru nasibim shundoq bo‘ldi. — Taqdiringiz endi tag‘ayyur topsin, amirzodam. Hirotda qolib, Muzaffar mirzoga ini bo‘ling. Siz ham temuriyzodalardansiz. Hirotdan sizga munosib go‘zalu oqila qizlar topaylik, to‘y-tomosha bilan uylaning. Muzaffar mirzoga ini bo‘lish — uning tarafdoriga aylanish degan so‘z edi. Bir vaqtlar nevarasi Mo‘min mirzoning o‘ldirilishiga sabab bo‘lgan Xadicha begim, ehtimol, kelajakda Badiuzzamon mirzoni ham yo‘q qilish va o‘g‘lini yakka podshohga aylantirish maqsadidadir. Bobur uning o‘g‘liga ini bo‘lsa, albatta, begimning bu maqsadini amalga oshirishga ishtirok etishi kerak. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling