Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
23 o‘xshardi. U yozuvga berilib ketib, ko‘shk oldigacha chopib kelgan otning dupurini eshitmadi. Birdan jimjit ko‘shkning allaqaysi xonasida ayol kishining o‘rtanib yig‘lagani eshitildi. Bobur cho‘chib boshini ko‘tardi. Yig‘i tovushi Eson Davlat begimning xonalari tomondan kelmoqda edi. Bobur o‘rnidan sakrab turdi, takror eshitilgan alamli yig‘idan eti junjikib, buvisining xonasiga qarab yugurdi. Eshik lang ochiq. Eson Davlat begimning ro‘moli boshidan tushib ketgan. U qizi Qutlug‘ Nigor xonim yuborgan xatni ochib o‘qimoqchi bo‘ladi, ammo yoshli ko‘zlari hech narsani ko‘rmaydi. Axsidan o‘lim xabarini olib kelgan Qosimbek devorga yelkasi bilan majolsiz suyanib, oyoqlarida zo‘rg‘a turibdi. U sakson chaqirimlik yo‘lni otda dam olmay bosib o‘tgan va kipriklarigacha changga botgan edi. Hozirgina gulday nafis tuyg‘ular ichida yurgan Boburga o‘lim xabari shu gul orasidan chiqqan ilon bo‘lib tuyuldi. U Qosimbekdan seskanganday rangi o‘chib, birdan orqaga tisarildi. Qosimbek esa unga intildi. Bobur qarshisida tiz cho‘kib, bo‘g‘iq va iltimoskorona ovoz bilan gapira boshladi: — Mirzom!.. Tangri sizga quvvat bersin! Endi bizning pushti-panohimiz o‘zingizsiz! Ikki tarafimizni yog‘iy bosgan. Volidangiz tayinlab yubordilar. Darhol Andijon qo‘rg‘oniga borib, beklarni to‘plamoq kerak! Eson Davlat begim qayg‘uga berilib, yig‘lab o‘tiradigan payt emasligini endi sezdi. Qosimbekni oyoqqa turg‘izdi-da: — Sadoqatingizdan minnatdormiz, — dedi. — Siz Bobur mirzo bilan birga otlaning! Biz ham endi chorbog‘dan qo‘rg‘onga ko‘chamiz. Mudhish xabar Boburni jimjit qilib qo‘ydi. U karaxt bir ahvolda kiyindi, otiga mindi. Shu payt uning ko‘ziga yashnab turgan daraxtlar, suvi to‘la marmar hovuz allanechuk mung‘ayib turganday ko‘rindi. Bularning hammasini otasi bino qilgan edi. Endi u odam bu joylarga hech qachon kelmaydi. Ana u nashvatilarning ko‘chatini Umarshayx mirzoning o‘zi o‘tqazdirgan edi. Hozir shular meva solgan, hademay pishadi. Ammo ularni ektirgan odam endi hech vaqt bu mevalardan tatib ko‘rolmaydi. Chorbog‘dan chiqib, tosh yo‘ldan borayotganlarida Bobur yana otasini esladi. Bu yo‘lga otasi to‘shatgan toshlar ham turibdi. Uzoqda ko‘ringan baland qo‘rg‘onni ham otasi qurdirgan edi. Hammasi butun, hammasi bor. Faqat uning o‘zi yo‘q. Bobur endi otasini umrbod ko‘rolmasligini butun vujudi bilan his qildi-yu, achchiq judolik tuyg‘usi birdan uning borlig‘ini to‘ldirib, ko‘zlaridan yoqasiga yosh bo‘lib tomdi. Oldinda suv to‘ldirilgan choh va o‘n bir paxsalik baland devor bilan o‘ralgan Andijon qo‘rg‘oni ko‘rindi. Ular Mirzo darvozasiga yaqinlashganlarida ichkaridan besh-olti kishi ot choptirib chiqdi. Oldinda saman ot minib kelayotgan qisiq ko‘zli mo‘g‘ultaxlit bek — Bo- burning onasiga qarindoshchiligi bo‘lgan Sherim tog‘oyi edi. U Boburning yuzida og‘ir musibat alomatini ko‘rdi-yu, otdan sakrab tushdi, ko‘ziga yosh kelmasa ham ho‘ngrab: — Men ishonmagan edim, amirzodam! — dedi. — Pushti-panohimizdan ayrilganimiz rostmi? Oh, bevafo dunyo! — Kimdan eshitdingiz? — so‘radi Qosimbek. — Bu xabar hozircha sir tutilmog‘i kerak edi! Sherimbek yoqasini ushlab: — Tangrining qudratini qarangki, — dedi, — bir aloqachi kabutarim osmonda uchib yurib birdan yo‘q bo‘lib qoldi. «Kim uni tushirib oldi?» — deb tom ustiga chiqdim. Anchadan keyin kabutar oldimga kelib qo‘ndi. Qanotining tagida bir qog‘oz ko‘rindi. Olib qarasam — mana shu qayg‘uli xabar! Kim yozgan? Osmonda farishtalar yozib yubordimi, bilmadim! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling