Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
289 qurilishiga ishga olgan edi. Mavlono buni tabibga forscha aralash urducha tilida hikoya qilib berdi-da: — Jiyanim ham endi bekligu navkarlikni tashlamoqchi, — dedi. — Sizu bizdek tinch mehnat bilan kun ko‘rmoqchi. Bunga yordam beraylik! — Bilaman, siz bizning yurtimizga obodonchilik qilish uchun kelgansiz, sohib, — dedi Bayju, — Siz iltimos qilganingiz uchun jiyaningizga qo‘limdan kelganicha yordam beraman! Tabib aytganini qilib Tohirni bir oy astoydil davoladi. Bayjuning sezgir qo‘llari qaysi suyak qayeridan qanday singanini bexato aniqlab, hammasini mohirlik bilan joy-joyiga qo‘yib chiqdi. Bir oy davomida Tohir uning kafti oqish-ko‘kimtir, usti qora mayin panjalariga xuddi o‘z qo‘llariga o‘rganganday o‘rganib ketdi. Keyin tuzalib o‘rnidan turgan kuni Bayjuning shu panjalarini qo‘llariga olib, ko‘ziga surdi: — Ayting, sohib, men bu yaxshiligingizni qanday qaytaray? — Jarrohning qo‘lini shunchalik e’zozlab ko‘zga surganingiz — yaxshiligimning qaytgani emasmi? — Yo‘q, men sizdan umrbod qarzdormen! — Kim bilsin, balki men o‘zim hozir bir qarzimni uzgandirman? Mavlono Fazliddin ham shu yerda turgan edi. U tabibning allanimani «Aytaymi, aytmaymi?» — deb ikkilanayotganini ko‘rdi-yu: — Sohib Bayju, siz nechun o‘zingizni qarzdor sezdingiz? — dedi. — Buning tarixi uzoq... Faqat iltimos qilaman, boshqa hech kimga aytmangizlar. — Iltimosingizni bajonidil qabul qildik! — Mening bir filbon akam bor. Ibrohim Lodi zamonida akam Agradan ish topolmay Panjobga ketgan edi. O‘sha yerda qo‘shinlaringiz qancha odamlarimizni qirganini eshitipti. «Bularni vatanimga kirgizmayman», debdi-yu, qo‘shinlaringizni adashtirib, changalzor botqoqlikka boshlabdi. — E, bo‘ldi, bo‘ldi! — dedi Tohir filbon rahnamo La’l Chandni eslab. — Bizning ikkita navkarimizni filiga urdirib, mayib qilib ketgan edi... Ammo men o‘shanda uning dovyurakligiga qoyil bo‘lgan edim. Bir o‘zi bir qo‘shindan qo‘rqmay olishgan edi-ya!.. Biz uni changalzor botqoqlikdan chiqolmaydi, deb o‘ylagan edik. Chiqibdimi-a? Hozir tirikmi? — Tirik, lekin endi Agraga kelishdan qo‘rqadi... Akam o‘sha navkarlaringni mayib qilgani... yaxshi bo‘lmagan... Ehtimol, men sohib Tohirni davolaganim— o‘sha gunohimizni yuvib ketgandir? — Siz akangiz qilgan ishni gunoh deb atamang, sohib Bayju! — e’tiroz qildi mavlono Fazliddin.— Vatanni bunday bahodirona himoya qilish gunoh emas, balki sharafdir! — Yaxshi so‘zlaringiz uchun rahmat, sohib! Ammo o‘sha ishi tufayli akam hamon ishsiz. O‘z vatanida bekinib qochib yuribdi. Bola-chaqasi och-yalang‘och. — Akangiz qurilishda ishlaganmi? — Ha, fil bilan doim qurilishda ishlar edi. — Bo‘lmasa menga uchrasin, ish topib beray. Biz hatto harbiy fillarni mehnatga o‘rgatmoqdamiz-ku! — Akam buning hammasini eshitgan. Ibrohim Lodi bekitib yotgan oltinlarni sizlar endi qurilishga sarflayotganlaringizdan mamnun. Ammo qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqadi. — Balki akangizning Agraga kelmagani to‘g‘ridir. Bu yerda beku mulozimlar ko‘p, tanib qolib, bir balo qilishlari mumkin. Akangiz a’yonlar kam boradigan chet joydagi qurilishga kelsin. Men juma kuni Dehalpurga boraman. Istasa, o‘sha joyga borsin. — Sohib, sizni podsholaringiz hurmat qilar emishlar, eng katta qurilishlarning sarkori ekansiz. Podshohdan akamning gunohini so‘rab, shafoat olib berolmaysizmi?— O‘shanda biz bexavotir yurar edik. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling