Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
286 ko‘rgan edingiz. O‘lmasak, ushbu yerda Samarqandu Hirotning eng mashhur bog‘u chorbog‘laridan ham go‘zalroq bog‘lar, ko‘shklar barpo etilganini ko‘rurmiz. Samarqandu Hirotda inqirozga yuz tutgan madaniyatni biz endi hind madaniyatiga qo‘shib yuksaltira olsak... Shuning hammasi bizdan nomu nishon bo‘lib, avlodlar xotirasida qolmasmi, bek? — Hazratim, niyatlaringizning ulug‘ligiga tasanno ayturmen. Lekin vatanimizda qilmagan nek ishlarni begona yurtda qilsak, kim buning qadriga yetur? Ne qilsangiz ham biz kelgindi fotihlarmiz. «Bular yigitlarimizni jangda o‘ldirib, kishvarimizni zo‘rlik bilan olgan», deb ta’na qilmaslarmi? Paytini topganda qasos olmaslarmi? Bobur og‘ir «uf» tortdi-yu: — Ne qilay? — dedi. — Men shu orzularni vatanimda ro‘yobga chiqaray deb ozmuncha olishdimmi? — Sizdan oldin Hindistonni fath etgan Mahmud G‘aznaviy katta o‘ljalar olib, kerakli hunarpeshalarni G‘azniga olib ketib ishlatgan. Ana!... — Nahotki siz mening Mahmud G‘aznaviyga o‘xshashimni istarsiz? — Gustohligim uchun ma’zur tuting! — Axir biz mamlakatni talab, boyliklariniyu hunarpeshalarini olib chiqib ketadigan qaroqchilar emasmiz-ku! — Bir she’ringizda o‘z yerimizni qo‘yib Hind sari yuzlanganimizni yuzi qarolik deb atagan emasmidingiz, hazratim? — Atagan bo‘lsam, endi yuzimizga tekkan qaroni yuvib tashlash harakatidamen! Agar biz ham Xisrav Dehlaviydek shu mamlakatga farzand bo‘lsak, butun aqlu zakovatimizni unga baxsh etsak, aminmenki, kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lg‘usidir! Xo‘ja Kalonbek munozara yo‘li bilan Boburga so‘zini o‘tkazolmasligini endi aniq sezdi. — Hazratim, sizning metin irodangiz bor, — deb endi Boburni maqtab yumshatishga tirisha boshladi. — Sizning boshingizga tushgan kulfatlar boshqa odamning boshiga tushsa, bardosh berolmas edi. Lekin siz hammasiga bardosh beribgina qolmay, yana shunday ulkan ishlar qilmoqchisizki, bunga jahon tahsin o‘qig‘usidir. Yillar o‘tgan sari men sizning ulug‘ bir siymo ekanligingizni tobora aniq sezmoqdamen. Mana hozir ham sizning yoningizda xuddi ulkan tog‘ cho‘qqisining domonasidagi kichik bir tepachadek, o‘zimga-o‘zim ojiz ko‘rinib ketdim. Xo‘ja Kalonbek ovozi hayajondan titrab, ko‘zi alamdanmi, o‘ksinishdanmi chaqnab gapirmoqda edi. Buni ko‘rgan Bobur uning ko‘nglini ko‘targisi kelib, Dehlaviyning bir satrini eslatdi: — «Asli kas az kas naboshad kam chu jumla az odamand»*. — Lekin besh qo‘l barobar emas, hazratim... Mening ahvolim o‘zimga ma’lum. Siz ko‘targan ulug‘ yukka yelkamni tutsam, mayib bo‘lurmen. Meni besh-olti yil tirik yursin desangiz, ruxsat bering G‘azniga boray. Mahmud G‘aznaviydan qolgan o‘sha eski bandni tikla-tib, cho‘lni obod qilay. Bu ishning butun savobini sizga bag‘ishlay. Bobur bu so‘zlarga e’tiroz qilmay, o‘ylanib qoldi. Xo‘ja Kalonbek ko‘zlagan maqsadiga yetkazadigan yo‘lni endi topganini sezdi-yu, shosha-pisha so‘zida davom etdi: — Hazratim, iltimosimni qabul eting! Umrimning oxirida duoi joningizni qilib orom olay. O‘lsam, jasadimni G‘azniga qo‘ysinlar. Harna vatanimizga yaqinroq bo‘lg‘aymen. Bobur Xo‘ja Kalonbekning ko‘zi namlanganini ko‘rdi-yu, o‘zining Humoyunga tayinlagan bir gapi esiga tushdi: «Urushda qon kechib yuribmiz, mabodo vafot etsam, meni Kobulga eltib ko‘mgin» degan edi Bobur. Xo‘ja Kalonbek ketsa, ular yana diydor ko‘risha olarmi-kinlar? Shu o‘y ta’sirida Boburning ham ko‘ngli buzilib, ovozi tovlanib eshitildi: — Ketingizdan boshqa bek-navkarlar ergashsa... men kim bilan qolg‘aymen? — Hamma beklar bilan o‘zim gaplashurmen, «podshoh G‘aznidagi bandni tiklash uchungina ruxsat berdilar», dermen. Hech kim menga ergashmaydigan qilib |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling