Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
300 — Niyatni butun qilmoq kerak, hazratim. Siz hali yigit yoshidasiz, alhol qirq olti yoshdasiz. — Ammo Hindga kelganimdan beri har yili besh-o‘n yillik umrim sarf bo‘lgandek tuyulur. Isitma, uyqusizlik... Xondamir Boburning Hindistonga kelib tuzgan yangi devonini bugun ertalab o‘qigan edi. Shu devondagi bir ruboiy hozir uning esiga tushdi: Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur, Ko‘zdin uchadur uyqu chu oqshom bo‘ladur. Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek, Borg‘on sari bu ortadur, ul kam bo‘ladur. Boburning uyqusiz tunlardan kirtaygan ko‘zlari sal shamol tegsa yoshlanadigan bo‘lib qolgan edi. — Tabiblar uyqusizlikning davosini bilar edilar-ku? — Hirotlik xos tabibimiz Yusufiy muolaja qilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. «Sizga orom kerak» deydir. «Davlat tashvishlarini unuting», deydir. «Kechalari she’r yozmang», deydir. Ammo... davlat tepasida o‘ltirib, uning tashvishini qanday unutish mumkin? Faqat she’r yozganda, ijod qilganda bu tashvish xayolimdan ko‘tariladir. Lekin Agrada bo‘lsam ijodga ham fursat topolmasmen. Kechasi ham, kunduzi ham davlat tashvishi... Bezor bo‘lib, mana shu Sekriga chiqib keldim. Ijod uchun bu yer tinchroq... Anchadan beri masnaviy yozmoqdamen. Sanasam, bir kecha-kunduzda ellik bayt masnaviy bitibmen. Bobur xastaligi ustiga ko‘p ishlab o‘zini juda toliqtirib qo‘yganini, uyqusizlikning bir sababi shu ekanini, tabib kechalari she’r yozishni man qilishi to‘g‘riligini Xondamir sezib borardi-yu, lekin buni aytishga andisha qilardi. Tabiatan orom nimaligini bilmaydigan Bobur o‘zini ayamay ishlab o‘rganib qolgan edi, u bir kunda shuncha she’r yozganidan mamnun bo‘lib yurganda uni bu mamnuniyatdan ham mahrum qiladigan nasihat gap aytish mavlonoga o‘rinsiz tuyuldi. — Ishqilib, xudo sizga quvvat bersin, — deb qo‘ya qoldi. Bobur mavzuni yangilagisi kelib: — Mavlono, «Habib us-siyar*»ni necha yil yozgansiz?— dedi. — O‘n bir yil. Lekin hali xatm qilgan emasmen. Xotirjamlik bo‘lganda Hirotda xatm qilmoqchi edim. Lekin yigirma yildan beri sunniyparastlar bilan shiaparastlar Hirotni bir- birlaridan tortib olib, goh o‘tga urdilar, goh suvga... — Ho‘ o‘shanda... Unsiyaning minorasida turib so‘zlashganimizda «Hirotning tole quyoshi botib ketmasmikin? — deb iztirob chekkan edingiz. Shu iztiroblar bari o‘rinli ekan-da. — Hirotda tole ketganda Samarqand bizga quchoq ochib tursa ekan! Shia-sunniy adovati Movarounnahr bilan Xurosonu Eronning madaniy aloqalarini uzib tashladi. Bu aloqalardan qancha avlodlar bahra olgan edi, qancha iste’dodlar kamol topgan edi. Johil sultonlar Movarounnahrni biqiq muhitga solib qo‘yib, xurofot bilan bid’atga yem qilmoqdalar. Samarqanddan kelgan bir olim yig‘laguday bo‘lib aytib berdi. Obirahmat bo‘yidagi uch oshiyonlik Ulug‘bek rasadxonasi vayron bo‘lmishdir. Shahar hokimining parvoyiga kelmas emish. Johillar nurab yotgan rasadxonaning g‘ishtlarini olib ketib, o‘z hovlilariga ishlatmoqda emishlar. — Biz o‘zga yurtga kelib imoratlar qurganda ular o‘z yurtimizdagi obidalarni buzmoqdalar! Charxning bundan achchiq kinoyasi bo‘lurmi, mavlono? Shuni o‘ylasam, o‘z yerimizni qo‘yib, Hindga ko‘ngil berganim menga xuddi oqibatsizlikdek ko‘rinadir! — Biroq falakning gardishi shuni taqozo qilsa, odam iloj topolmas ekan-da. Mana, men ham sizdan ibrat olib, Hindga keldim-ku! Muarrix bo‘lganligim uchun tarixiy zarurat bizdan zo‘r bo‘lishini ko‘p sezmishmen. Bobur Xondamirning so‘nggi gapiga qiziqib, otini uning otiga yaqin yurgiza boshladi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling