Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
54 — Amirzodam, bugun otliq sayrga chiqmoqchi edingiz, xonim hazratlarining takliflarini barcha beklar bilan kengashib ko‘rurmiz. Oqshom xirgohda mashvarat o‘tkazaylik. Xonzoda begim onasiga «yalt» etib qaradi-yu: «Hozir birgina Qosimbekka o‘tkaza olmagan takliflarimizni keyin barcha beklarga qandoq o‘tkazurmiz?» demoqchi bo‘ldi. Qutlug‘ Nigor xonim Boburga yana nimalarnidir aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi. Ammo Bobur Qosimbekka qarab: — Mashvarat ertaga chaqirilsin, yaxshiroq o‘ylab ko‘raylik, — dedi-da, o‘rnidan turdi. So‘ng Qosimbek boshliq mulozimlari bilan otliq sayrga chiqib ketdi. _______________ * O‘ r ch i n — hozirgi tuman tushunchasiga to‘g‘ri keladi. * M i z — olti oyoqlik stolcha. * Milodiy 1497-yil. * S a k a r l o t ch a k m a n — tuya junidan qilingan yengil, qimmatbaho chakmon. * M u s o h i b i — yaqin suhbatdoshi, do‘sti. 5 O‘shning janubidagi keng tekisliklar, to‘lqinsimon qir va adirlar turli-tuman dala gullari bilan bezangan. Sap-sariq qoqilar, ko‘k-qizg‘ish naxo‘taklar, nopormon er-baholar orasida uzoqdan qip-qizil gilamga o‘xshab ko‘zga tashlanadigan — qiyg‘os ochilgan lolaqizg‘aldoqlar edi. Bobur olisdagi qorli tog‘larga qarab borar ekan, tizzaga chiqadigan yumshoq ko‘kat ustida otlar ham ma-yin qadam tashlab borayotganini sezardi. Bahor nafosati hozir uning ko‘zini erkalayotgan bo‘lsa ham, ammo diliga ta’sir qilolmas edi. Boyagi mushkul ziddiyatlar hali ham xayolini band qilib, ko‘nglida tugun bo‘lib turibdi. Bobur bu chigal tugunlarni o‘zi yecholmasligini sezadi. Bu tugunlarni u istaganday yechib bera oladigan dono odam bormikin? Uning esiga ustozi Xo‘ja Abdulla tushdi. Betob bo‘lib O‘shga birga kelolmagan Xo‘ja Abdulla ham Boburning Samarqandga qo‘shin tortib borishiga tarafdor edi. «Movarounnahrdagi parokandalikni tugatib, qudratli davlat tuzmaguncha katta orzularimiz ro‘yobga chiqmagay!» — degan so‘zlarni Bobur ustozidan ham ko‘p eshitgan. Ammo buning uchun yana urushish kerak. Urushga esa onasi qarshi. Kim haq? Bobur bu savolga javob topolmaydi. Otliqlar uzun bir tepalikka ko‘tarilganlarida Qosimbek tog‘ tomonni ko‘rsatib: — Suruvlar bu qadar ko‘p? — deb taajjub bildirdi. Bobur u ko‘rsatgan tomonga ko‘z yugurtirdi. Qir va adirlarning har biridan bir nechtadan suruvlar yopirilib tushib kelmoqda edi. Xo‘ja Kalon degan yigirma besh yoshli qop-qora bek qo‘lini peshonasiga soyabon qilib kunbotish tomonga qaradi-yu: — O‘-ho‘-o‘! — dedi. — Bu tomonda undan ham ko‘p! — Kunchiqish tomonda ham bor! Suruvlar g‘uj-g‘uj kelayotganiga qaraganda, yoyilib yurgan qo‘ylar emas. Ana, to‘g‘ridagi qirlar ortidan yana ikki suruv chiqib keldi. So‘ng uzoqdagi adirlar orasidan birin-ketin uch tavila yilqi otilib chiqdi-yu, berigi tomonga qarab selday bostirib kela boshladi. Chap tomonda yana uch-to‘rt tavila yilqi ko‘rindi. Yilqilar ham, qo‘y suruvlari ham uzoqdagi qorli tog‘lardan O‘shga qarab kelmoqda edilar. Nihoyat, tog‘ tomondan tizilib tushib kelayotgan otliq askarlar ko‘rindi. Shunda Bobur tog‘larga qo‘y va yilqi undirish uchun uch yuz askar bilan chopqinga ketgan Ahmad Tanbalni esladi. Qosimbek quvonib: — Azamatlarning o‘ljasi juda ulug‘-ku! — dedi. Xo‘ja Kalon ham hayajonlanib: — Beadad! — deb xitob qildi. — Bahodirona o‘lja! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling