Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
56 to‘xtaganini ko‘rgan Qosimbek, «tushundim», degandek bosh irg‘adi. — Sulton Ahmad janoblari, —deb ovozini ko‘tarib gapirdi Qosimbek. — Siz bahodirona zafar bilan qaytganingiz Mirzo hazratlarini behad shod qildi. Siz Bobur mirzoga nechog‘lik sodiq ekanligingizni yana bir bor isbot etdingiz. Butun mavkab* bugun sizlarni olqishlag‘ay! O‘shdagi qarorgohda bu oqshom sizlarning sharafing‘izga tantanali ziyofat berilur, hamma yigitlaringiz shohona in’omlar olurlar. Hozir Mirzo hazratlari Sulton Ahmad janoblariga shamshiri xos in’om etdilar! Qosimbek bag‘dodiy qilichni yarog‘bardordan ol-di-yu, yerga ta’zim qilib turgan Sulton Ahmadga uzatdi. Sulton Ahmad tiz cho‘kib qilichni qinidan to‘rt enlikcha chiqardi-da, po‘latidan o‘pdi, so‘ng ovozi hayajondan titrab dedi: — Mirzo hazratlari, o‘lgunimcha bu marhamatingizni unutmasmen! To umrim oxiricha sizga sodiq xizmatda bo‘lg‘aymen! Shu kuni oqshom O‘sh qal’asining minoralari ustida, shahar atrofiga tikilgan yuzlab chodir va o‘tovlar oldida karnaylar, naqoralar chalindi, mash’allar yoqilib, katta tantanalar boshlandi. Ming-ming qo‘y va yilqilarni in’om tariqasida tekinga oladigan barcha beklar, navkarlar va mulozimlar bugun astoydil shodlanmoqda edilar. Podshohning hashamatli xirgohida oqshom qabul marosimi va bazm bo‘ldi. Sozandalar eng quvnoq kuy-larini chalishdi, hofizlar eng yaxshi ashulalarini aytishdi. Bobur xirgoh to‘rida to‘rtta oltin zina bilan chiqiladigan baland shohsupa ustida yolg‘iz o‘ltiribdi. Bugun uning o‘ng tomonidan o‘rin olgan eng nufuzli beklari orasida Ahmad Tanbal ham paydo bo‘lgan. U kunduzgi zirhli kiyimlar o‘rniga zarbof to‘n va simobi salla kiygan, podshoh in’om qilgan oltin sopli qilichni kumush kamarga taqib olgan. Hamma uni mukofot bilan muborakbod qiladi. Tabriklarning barchasidan yoqimlisi — boya xirgohga kirganda uni Qutlug‘ Nigor xonim muborakbod qilgani bo‘ldi. Podshohning onasi bilan egachisi hozir katta dasturxonning narigi tomonida Ahmad Tanbalga yarim o‘girilgan holda o‘tirib, sozandalarning kuyiga quloq solishyapti. Ahmad Tanbal har zamonda ularga ko‘z qirini tashlab qo‘yadi. Xonzoda begimning nafis qaddi-qomati, haftkor* ipak matodan kiygan kamalakday tovlanuvchi kabosi Ahmad Tanbalga bugun har qachongidan ham jozibali ko‘rinadi. Yosh podshohning bazmlarida ichkilik ichilmas, Bobur hali mayni og‘ziga ham olgan emas edi. Qosimbek ham ichkilikni yomon ko‘rar va uni bazmlarga yo‘latmas edi. Lekin Umarshayx mirzo davrida may ichib o‘rgangan boshqa beklar mana shunday bazmlarda Boburdan yashirib chet-chetda ichib olishar edi. Ali Do‘stbek degan qotma, ko‘sanamo bir bek orqada sharbat ko‘tarib turgan sharbatchiga sirli ko‘z qisdi-yu, Ahmad Tanbalni ko‘rsatdi. Sharbatchi ma’noli kulimsirab Ahmad Tanbalga yaqinlashdi va kumush ko‘zachadan chinni piyolaga to‘ldirib ko‘kimtir sharbat quyib berdi. Ahmad Tanbal piyolani qo‘liga olar ekan, dimog‘iga o‘tkir may hidi urildi. — Oling, bek, ilohim Samarqandda bundan ham ulug‘ zafarlarga muyassar bo‘ling! — dedi Ali Do‘stbek. Ahmad Tanbal minnatdorona bosh irg‘ab, mayni sip-qardi-yu, keyin dasturxondagi tandirkabobga qo‘l cho‘zdi. — Mana endi Samarqandu Buxoroni olguncha yetadigan zaxiramiz bor! — dedi shirakayf Do‘stbek. — Muhoribani tezlatmoq kerak. Ahmad Tanbalning o‘ng tomonida Uzun Hasan o‘tirgan edi. Turib yurganda juda novcha ko‘rinadigan bu ozg‘in odam o‘tirganda go‘yo qatlanib, kichkina bo‘lib qolar edi. — Shayboniyxon Dashti Qipchoqdan Samarqandga bo‘yin cho‘zarmish, — dedi Uzun Hasan. — Tushini suvga aytsin! Samarqand bizniki bo‘lur!— dedi maydan badani qiziy |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling