Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
64 — Qaysi gap? — Ahmad Tanbal tog‘dan bir xurjun odam kallasini olib tushganmish... Bobur o‘tgan kuni ko‘rgan kesik kallalarni, xususan, hali soqoli o‘sib ulgurmagan yosh yigitning go‘shti chiqib yotgan qonli bo‘ynini esladi-yu, birdan seskanib tushdi. — Jang o‘limsiz bo‘lmas, — deb Bobur go‘yo o‘zini-o‘zi bosmoqchi bo‘ldi. — Yog‘iy ham biznikilarni o‘ldirmishdir. Bu — eski odat. Siz buni unuting, begim. — Bunisini unutsam, omiligi, johilligi bor. Men umrimni fozil kishi bilan o‘tkazish orzusida edim. Ahmad Tanbal qo‘li qon, berahm odam. Amirzodam, nahotki siz meni unga munosib ko‘rursiz? — Sizga munosib yigit, balki yetti iqlimda ham yo‘qdir. Ammo... sabablarini onam aytgandirlar... Men ham... majburmen! Xonzoda begim qandilda lipillab yonayotgan shamlarga qarab turib, Ahmad Tanbalni ko‘z oldiga keltirdi-yu, o‘sha badqovoq yigit bilan bir yostiqqa bosh qo‘yishini o‘ylab, eti junjikib ketdi: — Men bu bekdan qo‘rqamen! — Biz bor ekanmiz, siz hech kimdan qo‘rqmang, begim. Men sizga zarracha zulm o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymasmen. — Meni ma’zur tuting, amirzodam. Ammo egachingizni xohlamagan odamiga zo‘rlab uzatsalar, shuning o‘zi katta bir zolimlik bo‘lmagaymi? Bu mantiqli so‘zlar Boburni dovdiratib qo‘ydi: — Zolimlik... Ha, falakning o‘zi zolim! Men ham har kuni suymagan odamlarim bilan muomala qilurmen. Xohlamagan ishlarimga meni aralashtirurlar. Davlat manfaatlarini o‘ylab o‘zimni-o‘zim majbur qilurmen. Boshqa ilojim yo‘q! Bobur o‘z yoshiga yarashmaydigan bu so‘zlarni qanchalik qiynalib aytayotgan bo‘lsa, ko‘ngliga yoqmaydigan, ammo muhit, vaziyat talabi bilan majburan ado etadigan ishlarni undan ham ortiq azoblar bilan qilishi sezilib turardi. Bobur bu mushkul ahvoldan chiqishning yo‘lini topolmay ich-ichidan ezilib yurganini Xonzoda begim endi payqadi-yu, ukasiga rahmi keldi. Boburning podshohligini unutib, uni kichikligida erkalatib suygan paytlarini esladi. — Boburjon, — dedi, — siz yolg‘iz inim, pushti-panohimsiz, men siz uchun jonimni ham ayamaymen! Agar sizga chindan ham shu zarur deb ishonsam, hozirgi gapingizga ham rizo bo‘lur edim. Lekin men sizning kuyrak ko‘nglingizni bilurmen. Agar men umrbod bebaxt bo‘lib qolsam, keyin siz hozirgidan ortiqroq iztirob chekursiz! — Xudo xohlasa, bebaxt bo‘lmassiz. — Ko‘nglim sezib turibdir, agar shu odamga tushsam, bebaxt o‘turmen. Boburjon, egachingizning so‘ziga ham ishoning. «Davlat manfaatlari» deb o‘zingizni ko‘p ezmang. Siz bilan biz uchun ham bu umr g‘animat. O‘z ko‘nglimizga ham ishonishimiz kerak! Ko‘ngil toza bo‘lsa, kishini aldamaydir! Xonzoda begim shunday bir samimiyat bilan yonib gapirmoqda ediki, uning qalbidagi olov go‘yo Boburning qalbiga ham o‘tdi. Shafqatsiz beklar muhiti va podshohlik majburiyatlari yosh Boburning qalbini qahraton qishning muzlariday siqib yotar edi. Xonzoda begim esa o‘zining olovli nafasi bilan go‘yo shu muzlarni eritar, Boburning qalbiga bahor mayinligi, yoshlik erkinligi yana qaytib kelayotganday, eti jimir-jimir qilardi. Xonzoda begim yana ko‘zlariga yosh oldi: — Boburjon, sizning dilingiz beg‘ubor, siz nodir iste’dodli fidokor yigitsiz! Bu beklar o‘z manfaatlarini ham «davlat manfaatlari» deb ko‘rsatishga o‘rganib qolganlar. Bular sizning yoshligingizdan foydalanurlar. Ammo siz suymagan ishni «davlat manfaatlari uchun» deb qildirmoqchi bo‘lganlarida, ko‘nglingizga ham bir quloq soling. Eng mahram do‘stingiz — sizning musaffo qalbingizdir. Siz bu do‘stingizga ishoning, jonim! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling