Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
63 — Nahot? — dedi Bobur ham birdan xavotirga tushib. — Egachingiz sizni jondan aziz ko‘rurlar, Mirzo hazratlari, so‘zingizni ikki qilmaslar, — dedi Do‘st-bek.— Volidai muhtaramangiz bilan ikkalamiz sizdan iltimos qilgani keldik. Xonzoda begimni huzuringizga chorlab, nasihat qiling. Davlatingizning manfaatlari uchun egachingiz rizolik bermoqlari kerak. Sulton Ahmadbek oraga odam qo‘ygan. Butun urug‘lari bilan sizning marhamatingizga muntazir. Rad javobi ularni sizdan... sovitib qo‘yishi mumkin. So‘ngra, agar Xonzoda begim rizo bo‘lmay, yana uch-to‘rt yil uyda o‘ltirib qolsalar, «kuyov topilmabdir, qari qiz bo‘libdir», deb yog‘iylaringiz malomat qilurlar. Bunday gaplar podshoh oilasining sha’niga mutlaqo to‘g‘ri kelmas. Agar Xonzoda begim sizga yaxshilik istasalar, rizo bo‘lmoqlari kerak. Buni endi begimga faqat siz tushuntirursiz, Mirzo hazratlari! Bobur boshini changallab bir lahza jim qoldi. Bunday nozik, bunday chigal ishga umrida birinchi duch kelishi. Begona bo‘lsa ham bir sari edi, gaplashishi osonroq bo‘lardi. O‘zining jonajon opasi. Bobur Xonzoda begim bilan bu to‘g‘rilarda gapirishishdan ham iymanadi. Lekin bu yoqda onasi mushkul ahvolga tushib, yordam kutib o‘tiribdi. Bu yoqda opasi joniga qasd qilmoqchi emish. — Mayli, — dedi Bobur onasiga ma’yus ko‘z tashlarkan, — begim kelsinlar, o‘zim bir so‘zlashay. Qutlug‘ Nigor xonim tez o‘rnidan qo‘zg‘alib: — Hozir... hozir borib ayttirib yuborurmen, — dedi va chodir eshigiga yo‘naldi. Do‘stbek yirik tishlarini ochib mamnun kulimsiradi-yu, chodirdan orqasi bilan yurib chiqa boshladi. Eshik oldida ta’zim qildi-da: — Amirzodam, siz shohsiz, sizning hukmingiz vojib,— deb Boburni dadilroq bo‘lishga undab ketdi. _______________ * «V a q o i ’» — «Chindan yuz bergan voqealar», demakdir. «Boburnoma» eng avval shunday deb atalgan. * * * Bobur qator shamlari lipillab yonayotgan ikkita oltin qandil oralig‘ida sadaf bilan bezatilgan bejirim mizga ko‘kragini tirab kitob varaqlab o‘ltirganda Xonzoda begim chodir eshigidan sekin kirib keldi. Egnida sidirg‘a sariq atlas ko‘ylak. Hazin tovush bilan salomlashib, Bobur taklif qilgan zarbof ko‘rpacha ustiga xastalardek bo‘shashib o‘ltirdi. Uning qovoqlari shishinqiraganini ko‘rgan Bobur: — Muncha g‘amginsiz, begim? — dedi. — Amirzodam, men huzuringizga najot izlab keldim! Xonzoda begimning so‘lg‘in yuziga ko‘zlaridan yosh sirg‘alib tushdi. Bobur yaqindagina yayrab-yashnab yurgan opasini hozir bu ahvolda ko‘rib, yuragini bir narsa timdalab o‘tdi. Onasi uning zimmasiga yuklab ketgan vazifa qanchalik mushkul ekanini u endi astoydil his qildi. Taqdir uning boshiga solayotgan mushkulotlar ozmidi, ustiga bu ham qo‘shildi? Bobur kuyunib gapira boshladi: — Men o‘zim bu falakning dastidan najot izlaymen, begim. Yechilmas muammolar biri ustiga biri qo‘shilur. Shu asnoda nahotki siz ham mening mushkullarimni ko‘paytirmoqchi bo‘lursiz? Xonzoda begim ukasining o‘zi chindan ham yordamga muhtojligini, yoshiga nomunosib ishlar uni juda qiynab yuborganini sezdi-yu, ko‘zini tez artdi. Boyagidan tetikroq ohang bilan gapira boshladi: —Amirzodam, men bir gap eshitdim. Rostmikin? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling