Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
55 Odatga binoan, bu behisob qo‘y va yilqilarning beshdan biri podshoh ixtiyoriga o‘tar, qolgan to‘rt qismi hamma bek va mulozimlarga taqsimlanar edi. Shuni bilgan beklar go‘yo osmondan tushayotgan bu katta boylikka qarab sevinchlarini yashirolmas edilar. Bobur otini tog‘dan kelayotgan askarlar tomonga burib, jilovini bo‘shatdi. Bedov ot qushday uchib bora boshladi. Boshqalar ham Boburning ketidan ot choptirib ketdilar. Bir qir o‘tib, ikkinchisiga ko‘tarilganlarida, narigilar ham bularni ko‘rib, burilib kela boshladilar. Bobur baland bir joyda otini to‘xtatdi. Askarlarning oldida kelayotgan Ahmad Tanbal zirhli kiyimda edi. Yelkasi va ko‘kragini yopib turgan jibaning temiri oftobda yiltirardi. Uning bo‘yniga yoy o‘qi tek-kan, yarador joyini yashil mato bilan bog‘lab olgan edi. O‘zi ozib, mo‘g‘ulcha yonoqlarining suyaklari yana ham bo‘rtib chiqqan. U Boburdan ellik qadamcha narida otdan tushib, qo‘l qovushtirib keldi-da, yer o‘pib yukundi: — Mirzo hazratlariga yog‘iylik maqomida bo‘lgan chagraklar o‘lpon to‘lashdan bosh tortganlari uchun o‘n olti ming qo‘ylari, ikki yarim ming yilqilari jarima tarzida tortib olib kelindi! — Chopqin talafotsiz bo‘ldimi? — Mirzo hazratlari, bizning uch yigitimiz halok bo‘ldi, o‘n kishi yaralandi. Ammo biz yog‘iylardan buning qasdini oldik! Ahmad Tanbal oldingi safda turgan yigitlaridan biriga ishora qildi. Ayiqtaxlit, qo‘pol bir yigit egarining ustida do‘mpayib turgan xurjunni oldi-da, podshohga yaqinlashdi. Olachadan tikilgan xurjunning hammayog‘i qon edi. Ayiqtaxlit yigit Ahmad Tanbalning ishorasi bilan xurjunning har ikki ko‘zini to‘ldirgan narsani yerga ag‘dardi. O‘n-o‘n beshta odam kallasi ko‘katlar va lolaqizg‘aldoqlar ustiga yumalab tushdi. Bobur kallalarni ko‘rgan zahoti: «Chagraklar ham bizning odamlarga o‘xshar ekan-ku!» degan o‘ydan eti junjikib ketdi. Chorvador turkiy qabila bo‘lgan chagraklar ham Boburning vatandoshlari ekanligiga, hammalari bir el, bir ulusdanligiga uning ishongisi kelmas edi. Chunki chagraklar uning hukmiga bo‘ysunmas, yuborgan kishilarini qo‘lda qilich bilan qarshi olishardi. Mana endi o‘zlari qilichning tig‘idan o‘tib, boshlari oyoq ostida ag‘anab yotibdi. Bu jonsiz boshlardan birining soqoli yo‘q, ko‘k-sarg‘ish yuzi silliqqina, mo‘ylovi endi chiqa boshlagan. Bobur uning o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli yigit bo‘lganini payqadi-yu, engagi tagidan kesilgan go‘sht aralash qonli bo‘yniga qarab, ko‘ngli birdan behuzur bo‘ldi. Yordam so‘raganday, o‘ng tomonidan turgan Qosimbekka qaradi. Sulton Ahmad Tanbal ham, uning otliq askarlari ham Boburdan maqtov va mukofot kutmoqda edilar. O‘n olti ming qo‘y, ikki yarim ming yilqi hazilakam boylik emas edi. Uch yigit o‘lgan bo‘lsa, ularning qasdiga o‘n besh-yigirmata yog‘iyning boshini kesib kelish ham shu turganlarning odatiga binoan mardona ish hisoblanar, buni taqdirlamaslik esa adolatsizlik sanalar edi. Qosimbek Boburning yuzi oqarib ketganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Uning fikricha, kesik kallalar Boburga bunchalik ta’sir qilmasligi kerak edi. Bultur Samarqand urushida yosh podshoh bunday boshlarni ko‘p ko‘rgan edi. Odatda: «Falonchi yuzta yog‘iyni o‘ldiribdi», deb quruq maqtasalar uncha ishonarli bo‘lmaydi, chunki ozgina ishni ko‘p qilib ko‘rsatib, lof uradigan bek va navkarlar ham bor. Jangchining xizmati ishonarli bo‘lishi uchun o‘ldirilgan dushmanlarining boshini kesib kelib hisob berish eskidan odat tusiga kirgan. — Amirzodam, — deb shivirladi Qosimbek. — Qulingiz so‘zlayinmi? Bobur tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Qosimbek yuzini Boburga yaqinroq keltirib, yana eshitilar-eshitilmas qilib so‘radi: — Mukofotiga qilich bersak... Rozimisiz? Boburning yarog‘bardori olib yurgan tig‘lar orasida yoyday egik katta bag‘dodiy qilich bor edi, Bobur bir-ikki marta taqqanda juda og‘ir tuyulgan edi. Boburning nigohi shu qilichda |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling