Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
58 kavush kiyib, yarim ochiq darvozaning oldiga bordi. Olacha to‘ni ham, oyog‘idagi chang bosgan chorig‘i ham yirtilib ketgan novcha bir yigit ko‘zlari yaltirab, kulimsirab unga qarab yurdi. Qadam olishi, qarashi juda tanish. Yigit: — Mulla tog‘a! — deb quchoq ochganda mavlono uning ovozini tanidi-yu: — Tohir! Tohirjon! — deb u bilan quchoqlashib ketdi. — Shuncha o‘limlardan omon qolgan jiyanim, seni zo‘rg‘a tanibmen. Bu qadar o‘zgarib ketibsen! Yuzingga ne bo‘ldi? — E, so‘ramang, mulla tog‘a... — Mayli, yur, avval damingni ol. Keyin aytib berursen... Ular ayvonga chiqar ekanlar, mavlono Fazliddin bundan salkam uch yil oldin Quvasoy bo‘yida bo‘lib o‘tgan qonli voqealarni yana bir esladi. O‘shanda Tohirga nayza sanchgan samarqandlik bosqinchi uni o‘ldirganiga shubha qilmay ketgan edi. Onasi yolg‘iz o‘g‘lining qoniga belanib, jonsizlanib yotganini ko‘rib, uni «o‘ldi» deb o‘ylagan va shaytonlab yiqilgan edi, bechora ona shu yotganicha qaytib turolmay, ertasi kuni vafot etdi. Tohir esa otasi topib kelgan tabiblar va doru darmonlar ta’sirida uch kundan keyin hushiga keldi. Nayza o‘pkaning bir chetini kesib o‘tgan bo‘lsa ham yurak va jigar kabi nozik a’zolarga tegmagan. Tohirning yoshligi va baquvvatligi ustun kelib, asta-sekin tuzalib ketgan edi. Qo‘ni-qo‘shnilar: «Tohirga kelgan o‘limni onasi o‘ziga oldi-yu, bu tirik qoldi», deyishardi. Mavlono Fazliddin o‘shanda opasining qirqini o‘tkazib kelganicha, qaytib Quvaga bormagan edi. — Otang qalay, bardammi? — so‘radi mulla Fazliddin Tohirni yuqoriga taklif qilib. Tohir chang bosgan chorig‘i bilan ko‘rpachaga chiqishdan ibo qildi-yu, poygahdagi sholcha ustiga o‘ltirdi: — Otam sizga salom aytib yubordilar. Men bir yilcha qishloqda bo‘lmadim... Qarindoshlar «cholning issiq-sovug‘idan xabar olib tursin», deb bir beva kampirni olib beribdilar... Onam rahmatli esimga tushdi-yu, uyda turgim kelmadi. Faqat onasining musibati emas, bosqinchilar bog‘lab olib ketayotganlarida Tohirdan najot kutib qichqirgan Robiya ham uning xayolidan nari ketmaydi. Qizning o‘shandagi nidosi hali ham Tohirning qulog‘iga eshitilib turganday bo‘ladi. U burnog‘i yili Samarqandgacha piyoda borib keldi, yo‘llarda o‘roqchilik qilib, karvonlarga qo‘shilib yurib, iloji bo‘lgan joydan Robiyani qidirdi, «singlim edi, Sulton Ahmad mirzoning navkarlari olib qochib ketgan edi», deb so‘roqladi. Ammo hech qayerdan daragini topolmadi. Sulton Ahmad mirzo o‘sha yiliyoq o‘lib, qo‘shini tarqab ketgan, bir yil davomida Samarqand taxtida ikki marta podshoh almashingan, ko‘p to‘polonlar bo‘lib, it egasini tanimaydigan ahvolga kelgan edi. Jizzaxlik bir kishi Toshkent tomonlarga cho‘rilar ko‘p sotilganini aytib qoldi. Bultur kuzda Tohir piyoda Toshkentgacha bordi, yana har joylarda mardikorlik bilan kun o‘tkazib Robiyani so‘roqladi, ammo hech natija chiqmadi. Zamona notinch, yurt alg‘ov-dalg‘ov, hayot hamma joyda xuddi loyqalatilgan daryoga o‘xshab oqadi. Robiyani topish — loyqa daryoga tushib ketgan gavharni topishdek qiyin ekanini Tohir ich-ichidan sezar edi-yu, baribir umidini uzolmas edi. Mavlono Fazliddin Tohirning gaplaridan shuni payqab: — Jiyanim, sen o‘sha bechora qizni hali ham unutolmay ikki yil izlaganing —juda ajoyib bir diling borligidan dalolat berur. Men sening sadoqatingga tan berdim! Ammo sen endi o‘zingga ham jabr qilmasliging kerak. U qiz taqdirida borini ko‘rgay. Agar tirik bo‘lsa, balki... birov unga uylangandir. Balki farzandlik ham bo‘lganlar. Axir uch yil uni tek qo‘yishlari mumkinmi? Sen o‘zing bir o‘ylab ko‘rgin... — Men buning hammasini allaqachon ko‘nglimdan o‘tkazganmen, mulla tog‘a... Faqat men u qizning oldida o‘z gunohimni yuvmoqchimen, xolos. — Qaysi gunohingni? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling