Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
83 — Bas! —deb shivirladi Xo‘ja Abdulla Tohirga.— Oyoq-qo‘llarini bog‘lasalaring bo‘ldi! Mavlono Fazliddin Tohir bilan Xo‘ja Abdullaga tomon otildi: — Ustod!... Jiyanim!.. Najotkorlarim!.. Tohir narigilarning qo‘l-oyog‘ini bog‘lash bilan ovora edi. — Mavlono Fazliddin, qanisiz? — dedi Xo‘ja Abdulla. Xo‘ja Abdulla mavlononi bag‘riga bosar ekan, uning qo‘li bog‘liq ekanini sezdi-yu, quchog‘idan qo‘ymay eshikdan tashqariga olib chiqdi. Fonus yorug‘ida belidan xanjarini olib, mavlononing qo‘li bog‘langan ola chilvirni kesib tashladi. Tohir sherigi bilan narigi ikki soqchini ichkariga qamab, eshikni qulfladi-da, tog‘asining quchog‘iga otildi. — Jiyanim, xudo seni qaydan yetkazdi? — Boya Samarqanddan chopar bo‘lib keldim! — Bobur mirzo sog‘milar? — Ha, tuzalib qoldilar. Yordamga yetib kelmoqchilar! — Andijon qo‘ldan ketganini bilurlarmi? — Hali bilmaydilar-da!.. Xo‘ja Abdulla ularga shipshidi: — Endi jim! Tohir tog‘asini otiga mingashtirib oldi. Chaqardan sekin chiqib, qal’aning ovloq bir chetiga qarab ketdilar. G‘oliblar hovlilarda hamon talon-toroj bilan band edilar. To‘rtovlon uch otda qal’a devorining tagiga keldilar. Endi hamma himoyachilar tarqab ketib, devor atrofi huvillab qolgan edi. — Mana shu yerda oshib o‘tishga qulay joy bor, — dedi Xo‘ja Abdulla. Hammalari otdan tushdilar. Tohirning sherigi hurjunidan o‘ram qilingan arqon oldi. To‘rtovlon maxsus zinapoyadan devor tepasiga chiqqanlarida Xo‘ja Abdulla mavlono Fazliddinga yondashdi: — Mavlono sizni darvozadan otliq chiqarish xatarli. Tanib qolurlar. — Minnatdormen, ustod! Xo‘ja Abdulla qo‘ynidan bir narsa olib, mavlononing qo‘liga tutqazdi. Bu — ichi oltinga to‘la og‘irgina charm hamyon edi. — Buni sizga xonim hazratlari berib yubordilar,— dedi Xo‘ja Abdulla. — Voqeadan xonim hazratlari ham xabar topdilarmi? — Hazrat xonim yig‘lab mendan iltimos qildilar. Ahmad Tanbal siz orqali begimu xonimlarni sharmisor qilmoqchi ekan. Ammo biz tirik bo‘lsak, Bobur mirzoning oilasiga ham, muborak nomiga ham dog‘ tushurmagaymiz! Mavlono hamyonni olib qo‘yin cho‘ntagiga solar ekan: — Men to‘g‘ri Bobur mirzoning huzurlariga yo‘l olurmen! — dedi. — Mavlono, — dedi Xo‘ja Abdulla ma’yus tovush bilan. — Biz xonim hazratlari bilan sizga boshqa bir maslahat bermoqchi edik. Andijonda arab tilini Xo‘ja Abdullachilik yaxshi biladigan odam yo‘q edi. Bir vaqtlar mavlono Fazliddin ham shu odamdan arab tilidan saboq olgan edi va shundan beri uni ustod deb atar edi: — Qanday maslahat bo‘lsa bosh ustiga, ustod! — Samarqandga Tohirbek borurlar. — Men tog‘amni birga olib ketsam-chi? — dedi Tohir. — Yo‘q, Tohirbek, siz choparsiz. Balki Bobur mirzo Samarqandni tashlab chiqqandirlar... Mavlono, sizning noyob iste’dodingiz bor. Siz o‘zingizni ehtiyot qilmog‘ingiz kerak. Movarounnahrdagi bu fatoratlar* hali-beri bosilmasa kerak. Mavlono, siz bir vaqtlar Hirotga ketish fikringiz borligini aytgan edingiz. Endi shu fikrni amalga oshiradigan payt |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling