Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
91 Qayroqqumdan berida tuya va xachirlarga ko‘ch ortgan karvon ko‘rindi. Karvon ortida sandiqlar yuklangan katta g‘ildiraklik qo‘qon aravalar ham kelmoqda. Ularning hammasini to‘rt-besh yuz kishilik otliq navkarlar uch tomondan qo‘riqlab yo‘l yurmoqda. Xon qizi bo‘lgan Qutlug‘ Nigor xonimning besh yuzdan ortiq xos navkari borligi Boburning yodiga tushdi. Oldingi qatordagi qo‘riqchilar orasida bo‘z ot minib kelayotgan Qutlug‘ Nigor xonim Boburni sallasiga qadalgan tojdorlik belgisidan tanib otini o‘g‘li tomon yeldirdi. Ona-bola va egachi-ini otlaridan tushib, quchoqlashib ko‘rishar ekanlar, goh xonumondan ayrilish alamlarini, goh diydor ko‘rishish quvonchlarini ichlariga sig‘dirolmay, ko‘zlariga dam-badam yosh olishar edi. Yana otlanib Xo‘jandga yetgunlaricha ko‘rgan-kechirganlarini bir-birlariga so‘zlab berishdi. — Tanbal asoratidan qanday qutuldilaringiz? — so‘radi Bobur onasidan. — Mana shu qo‘riqchi navkarlarim Tanbalni biz turgan joyga yaqin keltirmadi. «Men Yunusxonning qizimen, inim Mahmudxon Toshkent tojdoridir, agar Ahmadbek bizga ziyon yetkizsa, xonlar oldida javob berur!» deb, orada turgan odamlariga aytdim. Har qalay, gapim ta’sir qilibdi, beshikast chiqib keldik. — Afsus, men bundan bexabar qoldim! Chopar kechikdi! — Biz ham shunisiga kuyinurmiz, Boburjon! Siz bizni deb Samarqandni jangsiz topshiribsiz! Shu tarzda dardlashib, Xo‘jandga yetib keldilar. Shahar dorug‘asi nufuzli a’yonlari bilan qo‘rg‘on darvozasidan chiqib, Bobur va uning onasini ehtirom bilan kutib oldilar. Bu qadimiy shahar xalqi Chingizxon bilan mardona olishgan Temur Malik davridan beri mo‘ng‘ul bosqinchilaridan ko‘p jabr ko‘rgan. Hozir ham Toshkentda hukmron bo‘lib olgan chingiziylar Xo‘jandga xavf solib turardi. Buning ustiga Andijon ham Ahmad Tanbalday zolimlarning qo‘liga o‘tgan paytda xo‘jandliklar Bobur kabi temuriy shahzodalar himoyasiga ehtiyoj sezardi. Shuning uchun shahar dorug‘asi Boburni oliy darajada e’zozlab, Sirdaryo sohilidagi ulkan bog‘ini ikki oshiyonlik qasri bilan uning ixtiyoriga berdi. Qosimbek Boburga, uning onasi va egachisiga ikkinchi oshiyondagi eng yaxshi xonalarni tayyorlatib qo‘ydi. O‘zi beku mulozimlar va qo‘riqchi yigitlar bilan birinchi qavatni egalladi. Hammalari narsalarini joylashtirib tinchiganlaridan so‘ng, ikkinchi oshiyondagi katta tanobiy uyda Bobur onasi va egachisi bilan yakkama-yakka qolib, boshqalar oldida aytilmaydigan dardu alamlarini to‘kib soldilar. — Tole’ bizdan yuz o‘girdi! — dedi Bobur «uh» tortib, — Tanbalning o‘n ming qo‘shini bor emish, rostmi? — Rost! Nobakorlar sizni «Samarqandda vafot etdi», deb ovoza tarqatdilar, — dedi Qutlug‘ Nigor xonim. — Behush yotganingizni ko‘rib kelgan choparni guvoh qilib ko‘rsatib, ko‘p odamni bunga ishontirdilar. Shundan so‘ng tarafdorlaringiz ma’yus bo‘lib, Tanbal bilan Jahongirga bo‘yin egdilar. — Qosimbek ham xato qilganki, meni behush ahvolda ko‘rgan navkarni Samarqandda to‘xtatib turmagan. Buni sir tutmoq kerak edi! Hozir bizning bir yarim mingga yetar- etmas navkarimiz qoldi. Ularning ham ko‘pi vodiydagi uylariga, ahli oilasiga talpinur, Xo‘jandda ko‘p turolmay tarqab ketgay. Men endi qaysi kuch bilan Tanbalga qarshi boray? Bu ne ko‘rgulikki, birvarakay ham Samarqanddan, ham Andijondan mahrum bo‘ldik! Ikki mulk orasida muallaq qoldik! Najot yo‘q! Atrofimiz zimziyo qorong‘ilik! Boshi berk ko‘cha!! Bobur jigarbandlariga dil yorib so‘zlar ekan, ilojsizlikdan ko‘ngli ezilib, ruhi qiynalar, |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling