Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
9 — Boshqa ilojim yo‘q. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas! — E, men buzdillardan* emasmen! — deb Ahmad Tanbal qahr bilan o‘rnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qo‘shib qo‘ydi: — Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon bo‘lursiz! Bu tahdid mana endi to‘rtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorong‘ida uning uyiga bostirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «bo‘lari bo‘ldi», deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin emasmi? Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan to‘bichoq otni mindi-da, shahar dorug‘asi* qabul qiladigan mahkamaga yo‘l oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorug‘a askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi bo‘lib shoshilib turgan paytda tingladi-da: — Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan bo‘lsa, bu — to‘qaydan chiqqan o‘g‘rilarning ishi, — dedi. — Yog‘iy tashvishidan qutulsak, to‘qaylarni o‘g‘rilardan tozalagaymiz... Hozir ahvolni ko‘rib turibsiz!.. Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq keldi: — Mening boshqa gumonim bor, janob dorug‘a, — dedi. So‘ng Ahmad Tanbalning surat chizdirmoqchi bo‘lganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi. — Kimning surati? — deb dorug‘a qiziqib qoldi. Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qo‘rqdi. — Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim. — Sandig‘ingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi? — Surat o‘zi bo‘lmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yo‘q. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos. — Ular joyida qolganmi, axir? Undoq bo‘lsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz? — Sababini aytdim, janob dorug‘a! Taftish o‘tkazishingizni so‘raymen! — Ahmadbek — sultonlar avlodidan ekanini unutgan bo‘lsangiz, men eslatib qo‘yay. Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh bo‘lurlar. Fotima begimning chaqirig‘i bilan Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar. «Agar o‘sha bek sandiqdagi suratlarni qo‘lga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi?— degan o‘y mulla Fazliddinning ichini muzlatib o‘tdi. — Bular mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qo‘lga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyov va Xonzoda begimdek go‘zal qizga er bo‘lishni jon-dili bilan istasa kerak!» O‘rgimchak to‘riga o‘xshash yopishqoq bir balo atrofini o‘rab kelayotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu to‘rni yirtib chiqib ketishga urindi: — Janob dorug‘a, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur bo‘lurmen! — Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin! — Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorug‘a? — Ba’zi me’morlar o‘zlarini podshohlardan ham baland qo‘yarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yo‘qolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zo‘r san’at asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling