Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
141 yov maydonga chiqqan zahoti darhol qulay tomonni egallashning rejasini tuzib qo‘ydi. Ikki kecha deyarli uxlamadi. Yarim tunda ham, sahar pallada ham uning oq o‘tovidan kuchli ovoz va katta ixlos bilan yodaki qiroat qilinayotgan qur’on tovushi eshitilib turdi. Shayboniyxon joynamoz ustida sajdaga bosh qo‘yib, xudoga munojot qilar, ko‘zlariga yosh olib «Sharmanda qilma parvardigor!» deb pichirlardi. Jangdovullar azon palla Bobur qo‘shinining shoshilinch saflanayotganini va tug‘ tikayotganini aytib kelgan zahoti Shayboniyxon ham bor askarlarini oyoqqa turg‘izdi. Chavkar otda saflarni aylanib chiqdi. — Shunqorlarim! — deb jarangli ovoz bilan qo‘shinga murojaat qildi. — Bu atrofda bizning xudodan bo‘lak suyanchig‘imiz yo‘q. Ota yurtimiz uzoq, yengilsak yetolmaymiz. Birdan-bir najot — yengish! Mening parvardigordan umidim katta. Tushimda ayon bo‘ldi— nasib qilsa, g‘alaba bizniki! — Inshoollo! — dedi o‘nlab ovoz birdan. Shayboniyxon qur’ondan qisqa bir surani ohangdor tovush bilan ta’sirli qilib o‘qidi-yu, diniy rahbarlarga xos sirli va salobatli tarzda fatvo berdi: — Omin, ollohu akbar! Minglab odam birdan: — Ollohu akbar! — deb takbir tushirganda osmon titrab ketganday bo‘ldi. Shayboniyxonning valiyligiga ishonadigan, uning fatvosidan ruhlangan qo‘shin avvaldan o‘ylangan aniq reja bilan yov tomonga yo‘naldi. Uzoq mashqlar bekor ketmagan edi. Xonning qo‘shini go‘yo bir tan-bir jon bo‘lib harakat qilar, xuddi tarang tortilgan yoyday o‘rtasi xiyol oldinga chiqib borar edi. Chap tomon daryo. Shayboniyxon qo‘shinini o‘ng tomondagi kengliklardan daryo tomonga qiyalatib yo‘naltirdi. Chunki daryo tomon nishabroq edi, bugun shamol ham janubdan esmoqda edi. Yo‘l nishab bo‘lsa-yu, shamol orqadan essa, chopqir otlar yanada tezroq uchishi mumkin. Shayboniyxon bugun qo‘llamoqchi bo‘lgan to‘lg‘ama usuli — yashin tezligida harakatlanishni talab qiladi. Shuning uchun u otlarning chopqirini avvaldan tanlab qo‘ygan, bugun esa shamolning yo‘nalishiyu yerning nishabligini ham hisobga olgan edi. Shayboniyxon qo‘shinining janubdan qiyalab yaqinlashayotganini ko‘rgan Bobur qo‘shini yov bilan yuzma-yuz to‘qnashish uchun o‘ng qanotini oldinroq chiqarib, daryoga orqa o‘girdiyu, janubga tomon burila boshladi. Orada ikki-uch chaqirimcha masofa qolganda Shayboniyxon xos navkalari, ichkilari va tug‘bardori bilan birga baland bir tepalikda to‘xtadi. Bobur ham shunaqa bir tepalikda otliq turar, uning orqasidagi daryoning suvi ertalabki quyosh nuridan tovlanib ko‘rinardi. Boburning qo‘shinlari orasida to‘ra* ko‘targan, das-tasi uzun nayzalar va oyboltalar bilan qurollangan piyodalar ham ko‘p edi. Agar otliqlar ularga to‘g‘ridan ro‘para bo‘lsa uzun nayzalar otga yoki otliqqa sanchiladi. Shayboniyxon piyodalarning markazda kelayotganini ko‘rib, o‘zining qo‘shiniga yov markazini ochiq qoldirishni, yovning ikki qanotini aylanib o‘tib, ikki biqinidan va orqadan zarba berishni buyurgan edi. O‘ng qanotdagi Mahmud Sulton, Jonibek Sulton va Temur Sulton xonning buyrug‘iga amal qilishib, yovga bir chaqirim qolganda otlarini to‘satdan o‘ng tomonga burishdi va Bobur qo‘shinining chap qanotini aylanib o‘ta boshlashdi. Shayboniyxon qo‘shinining chap qanotidagi mashhur lashkarboshilar Hamza Sulton va Madhi Sulton ham markazga tegmay, Boburning o‘ng qanotini aylanib o‘tmoqda edilar. Eng zo‘r kuchlarini markazga qo‘ygan Bobur avval tuzgan rejasini shoshilinch ravishda o‘zgartira boshladi. Bobur markazga qo‘ygan qo‘shinning bir qismi o‘ng qanotga qo‘shilib, Shayboniyxonning chap qanotiga tashlandi. To‘lg‘amaning bir qaltis joyi shunda ediki, markazga tegmay o‘tgan ikki qanot bir-biridan |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling