Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
197 — Meni aldadilar! «Temuriylardan Kobulda faqat Siz qolgansiz, — dedilar. — Bobur mirzo qaytib kelguncha elga bosh bo‘lib turing» deb ko‘ndirdilar! Mana, xudoga shukr, eson-omon qaytib kelibsiz! — Bizga peshvoz chiqib kutib olish o‘rniga, nechun toqqa qarab qochdingiz? — Xom sut emgan banda, vahimaga berilibmen! Ammo men mo‘g‘ul beku navkarlaridan himoya istab qochganim yo‘q. Sizning huzuringizga jang tugagandan so‘ng qaytmoqchi edim. Bobur uchun ham Mirzoxonning mo‘g‘ul beklari tomonga qochib ketmagani yaxshilik alomati edi. Agar Mirzoxon ular tomonga o‘tib ketganda, ikki oradagi urush uzoq davom etishi, yana ko‘p behuda qonlar to‘kilishi mumkin edi. — Men sizning qahramonligingizga tan berib tiz cho‘kurmen, hazratim! — deb Mirzoxon yana yukundi.— Sizda Sohibqiron bobokalonimizning qilichi borligini bilurmen! Bu qilichga «Kuch—adolatdadir» degan muqaddas yozuv bitilganini o‘zingiz menga aytgan edingiz. Bugun siz ana shu qilich bilan bahodirona jang qilib g‘alabaga erishdingiz. Chindan ham, kuch—adolatda ekaniga men endi astoydil imon keltirdim! Buyuring, toki umrim boricha sizga xizmat qilay! Bobur Mirzoxonga o‘ng tomonidan joy ko‘rsatdi. — Sharbat keltirilsin! — deb buyurdi. Savdarboshi oltin kosada keltirgan sharbatdan Bobur avval o‘zi ichdi-yu, keyin Mirzoxonga berdi. — Hozir Kobulda temuriylardan faqat ikkimiz qoldik, — dedi Bobur. — Bu mo‘g‘ullar azaldan temuriylar bilan olishib kelurlar. Qunduzda Shayboniyxonning qo‘shini turibdir. Ora yaqin. Kobulda xonning josuslari yolg‘on ovozalar tarqatib, meni ataylab «o‘ldiga» chiqargan bo‘lsalar kerak. — Bu rost! Qunduz hokimi Qambarbiy Kobuldagi mo‘g‘ul beklari bilan til biriktirganini men ham sezdim. — Kimlar o‘sha til biriktirgan beklar? Mirzoxon bir necha mo‘g‘ul beklarining nomlarini aytdi. — Ana shularni siz bizga tutib berishingiz kerak! — dedi Bobur. — Bo‘lmasa bular yana paytini topib, siz bilan meni Shayboniyxonga sotgaylar! — Kemaga tushganning joni bir, hazratim! Men to o‘lgunimcha temuriylar kemasida sobit turgaymen! Agar o‘limga buyursangiz ham so‘z qaytarmay borurmen! Mirzoxon devqomat yovqur yigit edi, uning tomirida ona tomondan bobokaloni Iskandar Zulqarnayn qoni ham borligiga Boburning ishongisi kelardi. — Sizni o‘limga buyurmoqchi emasmen. Mirzoxon, balki hamkorlikka chorlamoqchimen!.. — Jonu tanim, butun borlig‘im bilan hamkoringiz bo‘lurmen, hazratim! Mirzoxon shu so‘zining ustidan chiqib, Bobur buyurgan barcha ishlarni sidqidil bilan ado etadigan bo‘ldi. Muhammad Husayn dug‘lat esa ko‘ch-ko‘ronini tuya va otlarga ortib jo‘nab ketdi va Murg‘ob bo‘ylarida Shayboniyxonga borib qo‘shildi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, o‘sha yerda ham fisqu fasod ishlarga bosh qo‘shgani uchun Shayboniyxon tomonidan o‘ldirildi. O‘sha qish Bobur ko‘rsatgan mardlik va dovyuraklikning mukofoti shu bo‘ldiki, Qosimbek Hirot chorbog‘ida uchragan go‘zal qizni izlab topdi. Bobur Kobulda katta to‘y qilib, Mohim bonu ismli bu olov qizga uylandi va oradan bir yil o‘tar-o‘tmas undan ajoyib o‘g‘il ko‘rdi. Baxtli istiqbol orzusi bilan bu to‘ng‘ich o‘g‘ilni Humoyun deb atadilar. ______________ Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 198 * Kelajakda Muhammad Haydar Mirzo Bobur tarbiyasini olib ulkan adib bo‘lib yetishadi va mashhur «Tarixi rashidi» kitobini yaratadi. Download 1.14 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling