Bu davrda Italiyada Florensiya alohida o’rin tutadi. Savdodan kelgan daromad uni Yevropaning eng boy shaharlaridan biriga aylantiradi.
Shahar hokimlari to’plangan boyliklar hisobidan me’morchilik obidalarini bunyod ettirib, haykaltaroshlik va rassomchilikni yuksaltirganlar. Shu tariqa Florensiya XV asrda Italiyaning yirik madaniyat markaziga aylanadi. Eng mashhur rassomlar, haykal-taroshlar, me’morlar Florensiyadan bo’lib, shahar-respublika hokimlari ularning barakali ijodi uchun sharoit yaratib berganlar.
Madaniyat markazlaridan yana biri Venetsiya edi. Shaharda kitob chop etish yuksaladi. Venetsiyada nashr qilingan antik davr mualliflari va gumanistlar asarlari butun Yevropada keng tarqalgan.
Ilk gumanizm. Ilk uyg’onish va gumanizmning Yevropadagi dastlabki vakili shoir Franchesko Petrarka (1304 - 1374) bo’lgan. O’zining lirik she’riy to’plamlari: “Qo’shiqlar kitobi” va “She’riy maktublari” bilan shoir yangi Yevropa madaniyati yaratilishi asoschilaridan biriga aylangan.
Uning do’stlari va davomchilari Bokachcho va Salyutatilar ijodi XV asr boshlarida Italiyada ilk gumanizm davrini yakunladi.
Jovanni Bokachcho (1313-1375)ning butun umri Florensiya va Neapol shaharlari bilan bog’liq kechadi. “Dekameron” asari muallifi sifatida Bokachcho yangi uslub novellalarni yozishni boshlab beradi. Uning kitobi katta muvaffaqiyat qozonib, ko’plab tillarga tarjima qilinadi. Gumanistik g’oyalarni umumlashtirgan “Dekameron” asarida insonning yuksak fazilatlari o’z ifodasini topgan.
Kolyuchcho Salyutati (1331 - 1406) Florensiyada yashab yuqori davlat lavozimida ishlagan. O’zining ko’p sonli xatlari va nutqlarida Petrarka va Bokachchoning gumanistik g’oyalarini yanada rivojlantiradi. Salyutati yuksak g’oyali, o’qimishli kishini tarbiyalashda ijtimoiy fanlar: filologiya, ritorika, tarix, pedagogika, etikaning о'ta muhim ekanligini ta’kidlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |