Borliq – falsafaning fundamental kategoriyasi reja: Ontologiya borliq falsafasi. Falsafada substansiya va materiya muammosi


Download 29.97 Kb.
bet6/7
Sana05.05.2023
Hajmi29.97 Kb.
#1429277
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
4. Borliq -falsafaning fundamental kategoriyasi

Insonning kelib chiqishi haqidagi birinchi yondashuv insonning paydo bo‘lishiga olib kelgan tabiatning qonuniy rivojlanishi g‘oyasidan kelib chiqadi. Bunda inson jonsiz, keyinchalik esa – jonli moddaning tabiiy evolyusiyasi mahsuli sifatida qaraladi. Mazkur konsepsiya 1859 yilda inson kelib chiqishining tabiiy-ilmiy talqiniga asos bo‘lgan Ch.Darvinning «Hayvon va o‘simlik turlarining kelib chiqishi haqida» deb nomlangan mashhur asarini e’lon qilgan evolyusion nazariyasiga tayanadi va hozirgi vaqtda molekulyar biologiya va gen injeneriyasi sohasida erishilgan eng so‘nggi yutuqlar ta’sirida o‘z shakl-shamoyilini sezilarli darajada o‘zgartirib, aksariyat olimlar uchun ularning ilmiy faoliyatida o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, insonda nafaqat o‘ta rivojlangan tirik jonzotlar, balki o‘ta sodda mavjudotlar bilan ham kuchli genetik o‘xshashlik mavjud. Xususan, shimpanze bilan bunday o‘xshashlik 98% ni, kalamush bilan – 80% ni va hatto banan bilan – 50% ni tashkil etadi.
Biroq, shuni ta’kidlash lozimki, «tabiiy» yondashuv tarafdorlari inson kelib chiqishining dunyoviy konsepsiyasiga ham (masalan, darvinchilar bilan bog‘liq holda bo‘lganidek), kosmik konsepsiyasiga ham tayanishlari mumkin.
Ikkinchi yondashuv insonga, Xudo yoki kosmik Aql mehnatining mahsuli sifatida qarab, uni g‘ayritabiiy asosdan keltirib chiqaradi. Garchi bu konsepsiya isbotlanganlik jihatidan birinchi ta’limotga hozirgi zamon tabiatshunosligi nuqtai nazaridan yon bersa-da, lekin falsafiy nuqtai nazardan u insonning tabiiy-ilmiy kelib chiqishi konsepsiyasi kabi mavjudlik huquqiga egadir, zero birinchi yondashuv ham, ikkinchi yondashuv ham oqilona asoslangan va uzil-kesil dalil-isbotlar keltirmaydi.
Tabiat haqida bilimlar to‘planishi va ularning rivojlanishiga qarab, odamzotning o‘z-o‘ziga bo‘lgan qiziqishi ham kuchayib bordi, inson borlig‘ining bu sohadagi tadqiqotlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratuvchi yangi va yangi o‘ziga xos xususiyatlari aniqlandi. Odatda, jamiyat hayotida tarixan qisqa vaqt ichida jiddiy va teran o‘zgarishlar yuz bergan, insoniy munosabatlar negizini tashkil etuvchi eskicha tasavvurlar va qarashlar ta’sirida butunlay o‘zgargan davrlarda insonga bo‘lgan falsafiy qiziqish ayniqsa kuchaygan. Bunday davrlarda falsafada insonning mohiyati, uning burchi, vazifasi va yuz berayotgan voqealar uchun javobgarligi haqidagi azaliy masalalarga bo‘lgan qiziqish yana kuchaygan. Shunday qilib, falsafaning ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika kabi bo‘limlari bilan bir qatorda, inson haqidagi bilimlar sohasi asta-sekin shakllanib bordi. Bu yerda inson nafaqat turli tomonlardan tahlil qilindi, balki uning ijtimoiy, tabiiy va kosmik jarayonlar bilan o‘zaro aloqalari ham o‘rganildi.
Xo‘sh, bilimning bu sohasida asrlar mobaynida qanday ijobiy bilimlar to‘plangan? Insonni tushunish borasida taraqqiyotga erishildimi? Falsafa va fan sohasida erishilgan insonning mohiyatini tavsiflovchi, uning muhim xususiyatlarini yoritib beruvchi qanday shak-shubhasiz yutuqlarni qayd etish mumkin?
Insonni bilish borasidagi ko‘p asrlik sa’y-harakatlarni bir yerga jamlab, ularning orasidan uzil-kesil yechilgan deb hisoblash mumkin bo‘lganlarini ajratib olsak, shak-shubhasiz yutuqlar soni uncha ko‘p bo‘lmaydi. Ular orasida avvalo shu dalilni qayd etish lozimki, insonning paydo bo‘lishi Yerda hayotning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u o‘z ibtidosi va muayyan tarixiga egadir. Xususan, 1982 yil Vatikandagi Rim Papasi fanlar akademiyasi tashkil etgan kongress ishtirokchilari – dunyoga mashhur antropologlar, bioximiklar va genetiklar hozirgi zamon tabiatshunosligiga tayanib, inson va hayvonot dunyosi o‘rtasida yaqin aloqa mavjud, degan umumiy xulosaga keldilar.
Qadimgi Sharq, xususan Xitoy falsafiy tizimlari asosan sotsiotsentrik konsepsiyalardan iborat bo‘lib, ularda inson, odatda, jamiyat, sotsium bilan uzviy bog‘liq deb qaraladi. «Ideal munosabatlar qonuni»ga odamlar o‘rtasida, oila, jamiyat, davlatda rioya qilish inson hayotining muhim ma’nosi hisoblanadi; bunga jamiyatda qabul qilingan me’yorlar, qoidalar, rasm-rusumlar va shu kabilarga izzat-ikrom bilan yondashish imkoniyat yaratadi. Boshqacha aytganda, inson o‘z shaxsiy hayotini doim jamiyat ravnaqi, kamoloti bilan o‘lchashi lozim, xususan, u keyinchalik oila va davlatni takomillashtirishga harakat qilish uchun o‘zini kamol toptirishi lozim. Shu ma’noda mashhur qadimgi xitoy faylasufi Konfutsiy (mil. av. 551-479 yillar)ning fikrlari diqqatga sazovor bo‘lib, u shunday deb saboq beradi: «qilmishlarning asoslari va tamoyillarini o‘rgansang, yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlaring (axloqiy bilimlar) barkamollikning eng so‘nggi darajasiga yetadi. Niyatlar sof va xolis bo‘lsa, qalb rostgo‘y va samimiy bo‘ladi. qalb rostgo‘y va samimiy bo‘lsa, inson to‘g‘ri yo‘lga kiradi, kamol topadi. Inson to‘g‘ri yo‘lga kirsa va kamol topsa, oilada tartib o‘rnatiladi. Oilada tartib hukm sursa, xalqlarni boshqarish osonlashadi. Xalqlarni boshqarish osonlashsa, butun dunyo tinch-totuv yashaydi»1.

Download 29.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling