Yevropa ittifoqi
Yevropa ittifoqi (YI) — oʻzida xalqaro tashkilot va federativ davlat xususiyatlarini mujassamlashtirgan davlatlararo uyushma. Dastlab Yevropa hamjamiyati ("Umumiy bozor") nomi bilan atalgan. YEI toʻgʻrisidagi shartnoma 1992 yil Maastrixt sh.da (Niderlandiya) Yevropa hamjamiyatiga aʼzo boʻlgan 12 davlat va hukumat boshliklari imzo chekkan Yevropa mamlakatlarining siyosiy va valyuta-iqtisodiy ittifoqini vujudga keltirish toʻgʻrisidagi bu shartnoma 1993 yil 1 noyabrdan kuchga kirgan. YEIning maqsadlari: Yevropa xalqlarining mustahkam ittifoqini vujudga keltirish, ichki chegaralari boʻlmagan makon yaratish, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzaro taʼsirni kuchaytirish yoʻli bilan muvofiqlashtirilgan uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish; iqtisodiy va valyuta ittifoqini tashkil qilish va yagona valyuta yaratish (bu maqsadga 2002 yil yanvarda asosan erishildi); birgalikda tashqi siyosat olib borish va xavfsizlik borasida siyosat yuritish, kelgusida esa birgalikda mudofaa siyosatini ham olib borish yoʻli bilan xalqaro sohada oʻziga xos bir xillikni qaror toptirish; adliya va ichki ishlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish; umumiy boylikni saqlab qolish va koʻpaytirish. YEI organlari: Yevropa mashvarati, Yevropa parlamenti, Yevropa Ittifoqi Kengashi, Yevropa komissiyasi, Yevropa sudi. Tashkilotga 15 mamlakat (Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Olmoniya, Yunoniston, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Finlyandiya, Fransiya, Shvetsiya) aʼzo (2002 yil yanvar). Qarorgohi Strasbur sh.da (Fransiya). Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida YEI bilan hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Tashkilot TASIS dasturi doirasida Oʻzbekistonga texnikaviy yordam koʻrsatadi. 1999 yil 1 iyulda Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim ratifikatsiya qilindi. Bu bitim siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy aloqalar rivoji uchun imkoniyat tugʻdirdi. Jumladan, tomonlar oʻzaro savdoda bir-birlariga eng qulay sharoit yaratadilar, bir-birlariga tegishli tovarlarni oʻz hududlari orqali erkin tranzit qilishni taʼminlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |