Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq ularning barchasida men uchun eng aziz odam onam siymosi bor


Download 5.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet16/16
Sana04.12.2017
Hajmi5.05 Kb.
#21526
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16

www.ziyouz.com kutubxonasi 
106
baravariga uning kaftiga egilishdi: 
— Vuu-uy! Manovi zirakni! 
— Tillami? 
— Qancha turadi? 
— Tilladan ham zo‘r! Platina deb qo‘yibdi buni! — Huri satang boshini mag‘rur ko‘tardi. 
— O‘n uchta. 
Oyim ham xira tortgan ko‘zlarini uning kaftiga tikdi. 
— Qani? O‘n uch so‘m bo‘lsa arzon ekan-ku! 
Huri satang ovozini baralla qo‘yib kuldi. Uning kulishi g‘alati. Odatda odam kulganida 
ko‘zidan nur porlab ketadi. Biroq Huri satangning kulishi boshqacha. O‘zi emas, tomog‘i 
kuladi... «Ha... ha... ha...» deydi bo‘lib-bo‘lib. Faqat tilla tishlari yaltiraydi. Semiz, bo‘liq 
ko‘kraklari silkinib ketadi. 
— Bir ming uch yuz so‘m, poshsha oyi! Ko‘zini ko‘rdiyizmi, brillant-ku. 
U, «bo‘ldi, tomosha tamom», degandek brilliant zirakni ham yashirdi. Keyin tag‘in 
sumkasiga qo‘l suqdi. Bu safar allaqanday yaltiroq mato chiqdi. Oy-kuni yaqinlashib 
qolgan qo‘shni kelinchak Guli matoning bir chetini jur’atsizlik bilan ushlab ko‘rdi. 
— Bemalol, — dedi Huri satang. — Bemalol, kelin poshsha, g‘ijim bo‘ladigan narsamas 
bu. «Mokriy trikotin» deb qo‘yibdi otini. 
Oyim ham matoning bir chetidan tutib ko‘rdi. 
— O‘zimizning misqoli dokaga o‘xsharkan, — dedi sekin. 
— Voy-voy-voy! Dokayiz hammomda bo‘ladi! — Huri satang qoshini chimirdi. — «Mokriy 
trikotin», disam doka diydi. 
— O‘zi qancha? — dedi Guli Huri satangning ko‘ziga termilib. 
— E, ot minan tuya bo‘larmidi, opovsi! Bir joydagi odammiz. Yigirma so‘m-de! Puliyiz 
yonizda qoladi. 
Guli tushunmadi. 
— Metri yigirma so‘mmi? 
— Metri nima qiladi? Men metrlab sotmiyman. Bir kiyimligi bir yuz yigirma so‘m, 
tushundizmi? 
Guli sekingina qo‘lini tortib oldi. Uning eri shofyor. Bahorda allaqaysi sovxozga tut bargi 
olib ketayotganda avariya bo‘lib uch oy gipsda yotdi. Haliyam ishga chiqib ketgani yo‘q. 
— Menga to‘g‘ri kelmas ekan, — dedi Guli sekingina. 
— Ha-ha-ha! — Huri satang og‘zidan olov purkab tomog‘i bilan kuldi. — Erta-indin 
qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib beradigan xotiniga bitta ko‘ylak oberolmiydigan er qanaqa o‘zi! 
Belida belbog‘i bormi? 
Gulining dog‘ bosgan yuzi qizardi. 
— Mayli, — dedi sekingina. — Qo‘ya qoling. — U «mokriy trikotin»ga judayam havasi 
kelayotgan bo‘lsa kerak, yana ushlab ko‘rdi. 
— Etvotman-ku, puliyiz yonizda ketadi. Asl mol bu!— Huri satang oltin uzukli barmoqlari 
bilan matoni g‘ijimlab-g‘ijimlab qo‘yib yuborgan edi, yana tep-tekis bo‘lib qoldi. — Bola 
yasashni bilgan odam guldek xotinini yasatib qo‘yishniyam eplasin-de! 
Boyadan beri indamay o‘tirgan oyim gapga aralashdi. 
— Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, bolam, — dedi sovuq ohangda. — Nima qilasiz 
bechorani uyaltirib. 
— Voy-voy-voy! Manov odamni qarayla! — Huri satang birdan jiddiy tortdi. — Man osin 
deb etagiga osilvotmanmi?! Manam o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Biramas, ikkita 
tirik yetimni boqib o‘tiribman. 
— Nima qipti sizga? — dedi oyim qovog‘ini solib.— Binoyidek yuribsiz. 
Guli, har qalay, shu matodan ko‘ylak kiyishni judayam xohlayotgani ko‘rinib turardi. 

Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
107
— Sakson so‘mga bo‘ladimi? — dedi sekin. 
— Sakson so‘mga marojniy ob yeng. Marojniy osayiz, eriyiz bilan maza qilib yeysiz. 
— Judayam unaqa noinsoflik qilmang. — Oyim yana gapga aralashdi. — Bir joydagi 
odamlarmiz, tobutkashmiz. 
— O‘lsam, tobutim ko‘chada qolmas. Kim o‘ladi, kim qoladi, xudo biladi! — Huri satang 
matoni Gulining qo‘lidan yulqib oldi. — Avval buyog‘ini bir yoqlik qiling. Tug‘ib 
olguningizcha hali nima gapu nima so‘z. 
Guli esankirab qoldi. Oyimning rangi o‘chdi. 
— Nimaga unaqa deysiz? — dedi tahdid bilan. — Manga qarang, qo‘ying, ikkinchi mening 
eshigimga bunaqa narsalarni ko‘tarib kelmang. — U pashsha qo‘rigandek qo‘lini siltadi. 
— Boring! Bunaqa harom-harish narsalardan hazar qilaman. 
— Ho, bo‘yiz yetmagandan keyin puf sassiq bo‘ldimi! — Huri satang sumkasini ko‘tarib 
shaxdam odimlar bilan jo‘nab ketdi. Zum o‘tmay xotinlar tarqalishdi. Oyim ham o‘rnidan 
turdi. Bir ozdan keyin xonasidan uning ovozi eshitila boshladi: 
— Niyating o‘zingga yo‘ldosh bo‘lgur, diyonatsiz! O‘zi-ku, ikki yo‘lning o‘rtasida o‘tiribdi. 
Nima qilasan bechoraga bunaqa deb. — Oyimning qiziq odati bor. Jahli chiqsa, o‘zi bilan 
o‘zi gaplashadi. Hozir ham eshikdan sekin mo‘ralasam, deraza yorug‘ida tugma qadab 
o‘tirgancha o‘ziga gapiryapti:— Undan ko‘ra eson-omon qutulib olgin, degin, yoshsan, 
hali bundan yaxshilarini kiyasan, degin... Pul joningni olgur, ochofat, o‘lsang puldan 
kafan qilmaydi-ku, imonsiz! 
Hammasini bilib tursam ham eshikni ochib, sekin so‘radim: 
— Ha, oyi, kimni urishyapsiz? 
U sekin burildi. 
— E, — dedi qo‘l siltab. — Har xil odam bor ekan-da, bu dunyoda... 
...O‘shandan keyin ham darvoza oldi odatdagidek gavjum bo‘laverdi. Bolalar 
chug‘urlashadi, «shara-bara» keladi, xotinlar to‘planadi, faqat Huri satang boshqa 
ko‘rinmadi. Biroq, ikki oycha o‘tgandan keyin qiziq voqea bo‘ldi. Ishdan kelib oyimning 
xonasiga kirsam, Huri satang o‘tiribdi. Ko‘ziga surma tortmagani uchunmi, yig‘lagani 
uchunmi, qizarib, xunuklashib ketibdi. Lo‘ppi yuzi yanayam shishib, barkashdek bo‘lib 
ketgan. Sinchiklab qarasam, brilliant taqinchoqlari  ham,  tilla  uzuklariyam  yo‘q.  U 
meni ko‘r-di-yu, bir nimadan cho‘chigandek, shosha-pisha hovliga otildi. 
— Nimaga kepti? — dedim ensam qotib. 
Oyim surilib yonidan joy ko‘rsatdi. Tushundim, zarur gapi bor. Ikkilanibroq ko‘rpachaga 
o‘tirdim. 
— Tinchlikmi? 
Oyim darrov javob bermadi. Choynak ustidagi latta qalpoqchani olib choy quydi. 
— Ochilip deganni taniysanmi? — dedi anchadan keyin. 
— Nima edi? — dedim sergaklanib. 
— Hurini gazetaga urib chiqmoqchi emish. Qo‘y, bolam, shuni yozmay qo‘ya qolsin. 
— Tanimayman, — dedim yolg‘on gapirib. 
— Sen uni tanimasang ham, u seni taniydi-ku, — dedi onam osoyishtalik bilan. 
— Tanisa nima qipti! — dedim zarda bilan. — Bilasiz, men bunaqa ishlarga 
aralashmayman! 
— Bilaman, bolam, bilaman. — Oyim o‘ylanib qoldi. Keyin yana o‘sha gapni qaytardi. — 
Qo‘y, shuni yozmay qo‘ya qolsin. 
Endi rosmana jahlim chiqa boshladi. 
— Qiziqsiz! — dedim g‘ashim kelib. — Qaysi kuni Hurini o‘zingiz haydab yuborgandingiz. 
Endi yonini olyapsiz. Kim o‘zi u! Bitta haromxo‘r chayqovchi-da. 
Oyim yana o‘ylanib qoldi. 

Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
108
— To‘g‘ri, — dedi anchadan keyin. — Huri yomon, haromxo‘r. Lekin bu bechora 
kaltakesakning dumidek gap, bolam. Bunga oshiradiganlar boshqa. Kaltakesakning 
dumini uzganing bilan boshqasi o‘sib chiqaveradi... — U yana jimib qoldi. — Choyingni 
ich,— dedi yupatuvchi ohangda. — Bolasi bor-a, bir emas, ikkita norasidasi bor-a, 
o‘g‘lim. 
Indamadim. To‘g‘risi, nima deyishni o‘zim ham bilmasdim. Bu — onamning oxirgi iltimosi 
ekanini o‘shanda bilmagan edim... 
... Mana, hozir har kuni ishdan qaytishda darvoza oldidagi skameykaga qarayman. 
Skameyka bo‘m-bo‘sh. Na bolalar bor, na xotinlar... Hatto «shara-bara» ham 
ko‘chamizdan o‘tmaydigan bo‘lib qoldi. 
ALLA 
Qabriston g‘ishtin devor bilan o‘ralgan. Darvozaning narigi tomonida — go‘rkovning 
hujrasi. Berigi tomonida — tashqarida, uning hovlisi. 
Darvozaga yaqin kelishim bilan ichkaridan — hujra tomondan tilovat sadosi eshitildi. 
Xuddi shu payt hovli tomondan alla ovozi yangrab ketdi: 
 
Allayo, alla, jonim bolam-a, alla... 
 
Kim bo‘ldi bu? Go‘rkovning kelinimi? Qizimi?.. 
U hamon sokin tovushda davom etardi: 
 
Uxla, qo‘zim, allayo, shirin qizim, alla... 
 
Ertalab yomg‘ir yoqqan edi. Darvozaning temir panjaralarida suv tomchilari yaltiraydi. 
Ko‘lmakda quyosh jilolanadi. Muzdek tutqichdan ushlagancha turib qoldim. Bir tomonda 
tilovat sadosi, bir tomonda alla... Ajab, ular bir-biriga xalaqit bermas, bir-birini rad 
etmas, ikkalasi qo‘shilib bahor nafasiga to‘lgan osmonda, qabriston yo‘lkasidagi kuchala 
chiqargan teraklar ustida parvoz qilar edi: 
 
«Rabbano-o-o, rabbno-o-o...» «Allayo, alla»... 
 
Bir xil bo‘lib ketdim. Panjarador darvozaga suyanib uzoq turib qoldim. 
Onam beshigim ustida alla aytganini eslay olmayman. Esimni taniganimda beshikda 
yotmaydigan bo‘lgan edim. Biroq oyim ukamga alla aytganini eshitganman. Ko‘p 
eshitganman. 
Qish kechalari sandalga suqilib tiqilishib yotardik. Uy nimqorong‘i. Piligi pastlatib 
qo‘yilgan chiroq xira nur sochadi. Shiftda lampa shisha uchidan chiqqan nur doirasi 
ko‘rinadi. Chiroq doim bir joyda turgani uchun shiftning o‘sha yeri sarg‘ayib qolgan. 
Hammayoq jimjit. Shu qadar jimki, dadamning hujrasidagi soatning chiqillayotgani ham 
eshitiladi. Tashqarida bo‘ron guvillaydi. Quruq qorning derazaga chirsillab urilishi 
eshitilib turadi. Ukamning beshigi g‘irchillaydi. Onam alla aytadi. 
 
Alla, bolam uxlay qol-a, alla, 
Quchog‘imda orom ol, alla... 
 
Yo‘q, bu qo‘shiq emas. Oyimning ovozida qandaydir boshqa narsa bor. Mungmi, 
iltijomi... 

Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
109
 
Tog‘lardagi shunqorim-ey, alla, 
Beshikdagi qo‘chqorim-ey, alla. 
 
Ukam ovunib qoladi. Oyimning o‘zi ham beshikni quchoqlagancha mudrab ketadi. Bir 
mahal beshik ustidagi qo‘li shilq etib yoniga tushadi. Ukam uyg‘onadi, beshik yana 
g‘ijirlaydi. Oyim ham cho‘chib ko‘zini ochadi. Beshikni ohista tebratadi: 
 
Yigitlarni sardori bo‘l, jonim-a, 
Yuragimni madori bo‘l, alla... 
 
Yana jimlik cho‘kadi. Soat chiqillaydi, qor derazaga chirsillab uriladi. Sekin-sekin ko‘zim 
uyquga ketarkan, qulog‘im ostida yana o‘sha ma’yus sado eshitiladi. 
 
Oq uy-ola bargaklarda jonim-a, 
Yonib turgan chirog‘imsan, alla... 
 
Keyin... katta bo‘lganimda ham qayerda alla eshitsam, negadir yuragim shirin orziqish 
bilan talpinib ketar, nega bunaqa bo‘layotganini o‘zim bilmas edim. Bir yili uch-to‘rt 
qalamkashlar olis tog‘ qishlog‘iga bordik. Mashina yurmas edi. Ot minib o‘rganmaganim 
uchun charchab qoldim. Manzilga yetmasimizdan qorong‘i tushdi. Yaylovdagi qirg‘iz 
o‘tovida tunab qolishga to‘g‘ri keldi. Qimiz ichdik, suzma yedik. Keyin birimiz namatga, 
birimiz po‘stakka yonboshlagancha uxlab qolibmiz. Bir mahal sovuq qotib, uyg‘onib 
ketdim. Atrof jimjit. Faqat olisda it akillaydi. O‘tov keragisidan shom yegan oy 
mo‘ralaydi. Shu payt qo‘shni o‘tovda chaqaloq yig‘isi, ketidan ayol kishining alla 
aytayotgani eshitildi. Men uning so‘zlarini aniq bilmasam ham alla aytayotganini his qilib 
turardim. Negadir yuragim shirin orziqib ketdi. Ayolning ovozimi, alla ohangimi, xuddi 
onamga o‘xshab ketardi. Negadir shu ohang bilan qalbimga orom kirganday bo‘ldiyu o‘z-
o‘zidan ko‘zlarim yumilib keta boshladi. Go‘yo qirg‘iz ayol bolasiga emas, menga alla 
aytayotganday... Yaqin orada bunaqa shirin uxlamagan edim. 
Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, shunaqa holatni yana bir marta boshimdan kechirdim. 
Kislovodskka dam olishga borgan edik. To‘rtta o‘zbek yig‘ilsa osh qilish harakatiga tushib 
qoladi. Sanatoriy yaqinidagi xonadondan qozon topdik. Bu yerning aholisi yoz paytida 
uyiga dam oluvchilarni ijaraga qo‘yadi. Bu xonadonda ham sibirlik juvon ijara o‘tirarkan. 
Sap-sariq sochli, barvasta gavdali, yuzini sepkil bosgan juvon qishloq ayollariga xos 
soddadillik bilan bizga darhol elakishib ketdi. Kichkintoy o‘g‘ilchasini ko‘tarib goh sabzi 
artishadi, goh idishlarni yuvadi. O‘zbek palovining ta’rifini ko‘p eshitsa ham hech 
yemaganini dilkashlik bilan aytib kuladi. 
Birgalashib osh yedik, ko‘k choy ichdik. Keyin sibirlik juvon kichkintoyini ko‘tarib uyga 
kirib ketdi. Oradan chorak soatcha o‘tgach, ichkaridan uning ovozi keldi: 
Bayu ba-ayushki, bayu, bayu-bay... 
Qiziq, yuragimda yana o‘sha shirin orziqish uyg‘ondi. Uning ovozi ham onamnikiga 
o‘xshab ketardi. Do‘stlarim gangur-gungur suhbatlashib o‘tirishibdi. Men bo‘lsam 
ichkaridan chiqayotgan alla sadosiga quloq solaman. «Ba-yu, bay...» 
Bu qanday holat?! Bu qanday sehr? Nima o‘zi bu? 
Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam o‘z seviklisiga aytgan dil rozini dunyoning 
narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir 
odam aytgan qo‘shiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. 
Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam  aytgan eng oqilona fikrni dunyoning 

Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
110
narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq dunyoning bu chekkasida turib 
ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi go‘dak bemalol orom oladi. Nega 
shunaqa? Nahotki, go‘dak tushungan narsaga biz tushunmasak? Ehtimol, buning boisi 
boshqa joydadir. Ehtimol, ona tushungan narsani bizlar tushunmasmiz. Balki shuning 
uchun ham ona — tabiatning eng buyuk ixtirosidir. 
Bilmadim... Qabriston darvozasi oldida, bir tomonda tilovat, bir tomonda alla 
yangrayotgan darvoza oldida turib shularni o‘yladimu g‘alati bo‘lib ketdim. 
OQ MARMAR, QORA MARMAR... 
Bahor devorlarning oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay 
sohillaridan boshlanmaydi. Bahor go‘ristondan boshlanadi. Ilk maysalar mungli 
do‘ppaygan qabrlar yonboshidan unib chiqadi. To‘ng‘ich chuchmomalar eng avval 
sukutga cho‘mgan qabriston ustida mayus qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlar 
birinchi bo‘lib mana shu yerda ochiladi. 
Kim bilsin, tabiatning marhumlar ruhiga yilda bir marta ko‘rsatadigan marhamati ehtimol 
shudir... Cho‘g‘dek lovullagan qizg‘aldoqlar, saf tortgan gulsafsarlar orasida marmar 
toshlar ko‘rinadi. Oq marmar, qora marmar, ko‘k marmar... «Onajon, sizni to abad 
unutmaymiz», «Onajon, qildingiz bizga jon fido, e voh, taqdir sizdan ayladi judo», 
«Onajon, xotirangiz qalbimizda mangu yashaydi...» 
Oq marmar, qora marmar... Bu so‘zlarning har bitta harfiga qanchadan-qancha ko‘z 
yoshi tomganini bilaman. Ehtimol bular inson bolasining hayotda aytgan eng rost 
so‘zlaridir. Faqat... har gal ularni o‘qiganda bir narsani o‘ylayman: mana shu so‘zlarni 
yurak-yurakdan, iztirob bilan aytgan farzand onasi hayot ekanligida qanchalik ko‘nglini 
ololdi ekan? Xotiniga qimmatbaho po‘stin olib berayotganida, onasiga bir kiyimlik ko‘ylak 
qo‘shib olish yodidan chiqmadimikan? O‘z uyini chet el mebeli bilan to‘ldirib qo‘yganida 
onasiga aqalli bo‘yradekkina gilamcha sovg‘a qilishni unutmadimikan? Qizini tug‘ilgan 
kunida atlas ko‘ylak, o‘g‘lini velosiped bilan qutlaganida onasiga oddiy bir paypoq olib 
berishni esidan chiqarmadimikan? 
Bilmadim... Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta 
jon ato qilsayu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi — baribir 
farzandlarini maqtab gapirgan bo‘lardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha 
qoladi. 
...Bahor devorining oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay 
sohillaridan boshlanmaydi. Bahor mana shu yerdan boshlanadi. Qabrlar ustida qo‘ng‘iroq 
chalgan chuchmomalar, lovillab yongan qizg‘aldoqlar onalarning farzandini yupatish 
uchun taqdim etgan chechaklari bo‘lsa ajab emas... 
ILTIJO 
Oyi, men keldim... Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim... 
Qarang, oyi tag‘in ko‘klam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan sizni dalaga olib 
chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, ko‘m-ko‘k maysalarni ko‘rib 
quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni ko‘zingizga 
surtib, «omonliq-somonliq» qilardingiz... 
Bugun... o‘zingizning ustingizdan boychechak o‘sib chiqibdi... Yo‘q, yo‘q, oyijon... 
Yig‘layotganim yo‘q. Bilaman, men yig‘lasam, siz bezovta bo‘lasiz. Hozir... hozir o‘tib 
ketadi. Mana, bo‘ldi... 
Ertalab-chi, oyi, yomg‘ir yog‘di. Qattiq yomg‘ir yog‘di. Siz bahor yomg‘irini yaxshi 

Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
111
ko‘rardingiz... Keyin oftob chiqib ketdi. Qarang, oftob charaqlab yotibdi... Esingizdami, 
siz menga oftob to‘g‘risida cho‘pchak aytib bergan edingiz. O‘sha oftob charaqlab 
yotibdi... Ko‘ryapsizmi... 
Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast bo‘lib uxlab 
qolardim. O‘sha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman. 
Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. Qabringizni silab qo‘ysam orom olasizmi... 
Mana, oyijon, mana... Yo‘q, yo‘q, yig‘layotganim yo‘q. Hozir, hozir o‘tib ketadi. 
Esingizdami, oyi, siz bir marta, atigi bir marta, o‘shandayam hazillashib: «Meniyam kitob 
qilib yozsang-chi, o‘g‘lim», degandingiz. Men: «Sizning nimangizni kitob qilaman, oyi?» 
degan edim. Xafa bo‘lmang, men hazillashgan edim. Mana, o‘sha kitob. Yo‘q, uni men 
yozganim yo‘q. Uni siz yozgansiz. Men uni qog‘ozga tushirib, odamlarga tarqatdim, 
xolos. Men uni dunyodagi hamma onalar o‘qishini xohlayman. Bilaman, dunyodagi 
hamma onalar yaxshi. Shundoq bo‘lsayam, ularning hammasi Sizga o‘xshashini 
xohlayman... 
1980—1981 
_____________ 
1 J a n a z — ziqna, qurumsoq 
Islom.uz 
ma'rifat markazidan olindi.
 
 

Download 5.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling