Urchuq qo’shiqlari. Urchuq jundan ip yigirish asbobi bo’lib, o’tmishda gilam, shol va boshqa jun matohlarni tayyorlashda o’sha jun ipdan foydalanilgan. Urchuqda ip yigirish, asosan, xotin-qizlar mashg’uloti sanalgan. Xotin-qizlar urchuqda yigirishday og’ir va mashaqqatli mehnatni bajara turib, o’zlarining ayanchli turmushlaridan, erksiz hayotlaridan qalblarida tug’ilgan iztirobu alamlarni urchuq yigira turib qo’shiqqa solganlar va shu qo’shiqlarni kuylash asnosida bir lahza bo’lsa-da, turmush mashaqkatlarini unutganlar. Bunday qo’shiqlarda urchuqda ip yigirish mehnatining badiiy tavsifi berilgan. Urchuq yigiruvchi qizning ip yigirishdagi mahoratini ko’rsatish uchun nozik muqoyasalar qilinadi. Chunonchi, urchuq yigirayotgan qiz to’qigan ip ham nozik va pishiqligi jihatidan o’rgimchak to’qigan ipdan qolishmaydi. U urchuqda ipni sira uzmay, bir tekisda to’qishni san’at darajasiga ko’targan. Shu sababli u urchuqqa shunday murojaat qiladi:
Burayin qo’lim bilan,
Gurillab aylan, urchug’im.
Ipginam cho’zilmasin,
Ko’ngillar buzilmasin,
Ertasiga o’rmakda
Ipginam uzilmasin.
Urchuqda yigiruvchi qiz o’zi yigirgan ipidan «ertasiga o’rmakda» nima tayyorlanishini sira unutmay ter to’kadi, zero, u shu ipdan puxta va pishiq qilib tayyorlanadigan matoh sifatiga nisbatan o’zining mas’ulligini sira unutmagan. Shu sababli «ipginam uzilmasin» deya shijoat bilan ip yigiradi. Lirik qahramon ana shunday kechinmalar bilan yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |