To’quvchilik qo’shiqlari
To’quvchilik qo’shiqlarida, asosan, xomashyoni tayyorlash va shu jarayonni amalga oshiruvchi mehnat qurollari ta’rifi etakchi motivga aylangan. Ip yigirish va bunda charxning, jundan ip tayyorlash va bunda urchuqning vazifasi, shuningdek, bevosita bo’z, to’r, gilam va sholcha singarilarni to’qish jarayonlariga aloqador mehnat mashaqqatlari ifodalangan.
Charx qo’shiqlari to’quvchilik qo’shiqlari silsilasida keng tarqalgan bo’lib, ularda ip yigirish quroli bo’lgan charxning tavsifi, charx yigirishning mashaqqati, charx yigirmasa, tirikchilikning o’tmay qolishi, charx yigiruvchi ayolning o’z mehnati samarasidan bahramand bo’lish orzusi, zolim er va qaynonadan, ko’pincha kundoshlikdan nolish motivlari kuylanadi:
Bir charxim bor shaqqildoq,
Qaynonam o’lsin-qaqqildoq.
Oftob chiqsa-bit qoqar,
O’g’li kelsa- gap chaqar.
Qo’shiqda charxning bir xildagi yoqimsiz, zeriktiruvchi boshni og’ritadigan ovozi zolim qaynonaning ta’na-dashnomlari bilan bejiz tenglashtirilmagan. Chunki ularning har ikkalasi ham kelinchakni juda toliqtiradi. Qaynonaning g’iybatdan iborat mayda gaplari bitga o’xshatilmoqda. Chunki u ham bit kabi kishi badanida dard uyg’otadi.
Xullas, charx qo’shiqlarida ko’pincha o’tmish ayollarining turmush tarzi, dard-alamlari ifoda etiladi. Ular mehnat ritmiga mos cho’ziq va mungli shaklda ijro qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |