Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni


Download 1.52 Mb.
bet12/22
Sana16.06.2020
Hajmi1.52 Mb.
#119409
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   22
Bog'liq
O`zbekiston tabiiy geografiyasi


Intrazonal o’simliklar zonallik va mintaqalanish qonuniyatlariga qat’iy bo’ysinmaydigan, bir necha zonada,turli balandlik mintaqalarida ham uchraydigan o’simliklardir. O’tloqlar, botqoqlik, voha va to’qaylarning ayrim o’simliklari ana shunday intrazonal o’simliklardir.

O’tloq o’simliklari - o’tlarning muayyan guruhidan tashkil topgan. O’zbekistonda o’tloqlar daryo bo’yi o’tloqlari, to’qay o’tloqlari, tog` o’tlari, subalp va alp o’tloqlariga bo’linadi.

To’qay o’tloqlarida bug`doyiq, soxta qamish, sho’ra, ajriq o’sadi, ular daryolarning asosan quyi oqimidagi to’qaylarda uchraydi.

Tog` o’tloqlari tog`larning siyrak o’rmonli Quyoshga teskari yonbag`irlarida uchraydi va u yerlarda shambala, o’tloq qo’ng`irboshi, yaltirbosh, choyo’tga o’xshash o’tlar o’sadi.

Botqoqlik o’simliklari O’zbekistonda daryolarning qayirlarida, qisman yaylov mintaqasida uchraydi. O’zbekistonda asosan qamishli botqoqliklar mavjud bo’lib, ular tekislik daryolarining qayirlarida tarqalgan.

Vohalar kishilarning ko’p yillik mexnati bilan o’zlashtirilgan, madaniylashtirilgan landshaftlardir. Vohalarda madaniy o’simliklar bilan birga «begona» tabiiy o’tlar ham o’sadi. Ular madaniy ekinlar bilan birga o’sib, ular hosilining kamayishiga sabab bo’ladi. O’zbekistonning o’zida 500 turdan ortiq «begona» o’tlar mavjud. Eng ko’p uchraydiganlari g`umay, ajriq, kakra, sachratqi, qo’ypechak, oqbosh, qamish kabi ko’p yilliklar va ituzum, sho’ra, semizo’t, kurmak, bo’z tikan, chatir, sutlama singari bir yillik o’tlardir. Shu bilan birga vohalarda parazit o’simliklar-zarpechak, devpechaklar ham o’sadi.

O’zbekiston florasida dorivor o’simliklarning 577 turi borligi aniqlangan. Respublika hududidagi o’simliklarning 90 % i ozuqabop o’simliklardir. O’rtacha yillik o’simlik oziqasining zahirasi qumli yaylovlarda 3-5 s/ga, Ustyurtning gipsli yaylovlarida 2-4 s/ga, qishki va kuzgi yaylov sifatida foydalaniladigan sho’rxoklarda 2-4 s/ga, adirlarda 8-10 s/ga, tog`larda 10-15 s/ga, yaylov mintaqasida 10-12 s/ga, to’qaylarda 12-16 s/ga, qamishzorlarda 115 s/ga ga boradi. Sertalab ozuqabop o’simliklarga solodka, yantoqning bir qancha turi, qiyoq o’t va boshqalar kiradi.

O’zbekistonning o’rmon fondi 1995 yil 1 yanvar ma’lumotlariga ko’ra 9211,5 ming ga bo’lib (shu jumladan o’rmonlar 2776 ming ga), uning 85,4 % cho’l zonasida, 13 % tog`larda, 0,8 % vodiylarda, 0,8 % to’qaylarda joylashgan. O’zbekistondagi ekilgan o’rmonlarning umumiy maydoni 514,8 ming ga bo’lib, bular yong`oq, pista, bodom kabi 40 dan ortiq turdagi buta va daraxtlardan iborat. Respublikada o’rmonlardan oqilona foydalanish, ularni qo’riqlash va qayta tiklash, ihota daraxtzorlari barpo etish bilan o’rmon xo’jaliklari shug`ullanadi. O’zbekistonda dastlabki o’rmon xo’jaligi 1873 yilda hozirgi Chirchiq o’rmon xo’jaligi o’rnida tashkil etilgan. O’zbekistonda 1996 yili 91 ta o’rmon xo’jaligi korxonalari, qo’riqxonalari va milliy bog`lar bo’lgan.

Respublikaning o’rmon xo’jaligi korxonalarida yiliga 50-60 ming m3 yog`och, shu jumladan 2 ming m3 dan ziyoda binokorlikka yaroqli yog`och, 300 tonnadan ko’proq turli o’simlik, buta, daraxt urug`lari tayyorlanadi. O’rmon xo’jaliklarida 36 tadan ziyod yovvoyi dorivor va oziq-ovqat o’simliklari tayyorlanadi va 700 tonnadan ziyod xomashyo etkazib beriladi.

O’simlik O’zbekiston hududida nam tutuvchi, daryo suvini bir me’yorda saqlab turuvchi, tuproq, grunt yuvilishining oldini oluvchi, qumlarni mustahkamlovchi hamda havoni toza saqlab turuvchi muhim omil bo’lish bilan birga nafosat ahamiyatiga ham ega.

Inson mehnat faoliyati bilan biogeostenozlarga salbiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda, ekologik muvozanatda o’zgarish yuz berib, ba’zi o’simliklar turi kamayib bormoqda. Natijada hozir O’zbekistonda o’sadigan o’simliklarning 10-12 % i yoki 400 turi muhofazaga muhtoj bo’lgan noyob turga aylanib qoldi. Ba’zi o’simliklar keskin kamayib ketib, ularning yo’qolib ketishi xavfi tug`ilgan (lola, yetmak, anzur piyoz, zira, sumbul).
O’ZBEKISTON HAYVONOT DUNYoSI
Yer yuzining zoogeografik rayonlashtirilishi tizimida O’zbekiston hududi Palearktika o’lkasining Markaziy Osiyo kichik o’lkasi tarkibiga kiradi. Respublika hayvonot dunyosi juda boy va xilma-xil. Uning daryolarida, ko’llarida, suv omborlarida baliqlarning 60 dan ortiq turi yashaydi. Cho’llarida, daryo qayirlarida, vohalarida va tog`larida sudralib yuruvchilarning 57 turi, sut emizuvchilarning 91 turi va qushlarning 410 dan ortiq turi tarqalgan. O’zbekiston hayvonot dunyosi juda boyligi va tarkibining turli-tumanligi, endemiklarning ko’pligi, cho’l hayvonlarining xilma-xilligi, har-xil landshaftlar hayvonlarining keskin farqlanishi, hayvonot dunyosining juda qadimiyligi bilan ajralib turadi.

O’zbekistonda o’ziga xos endemik hayvon turlari bilan birga O’rta dengiz, Evropa, Sibir, Mo’g`iliston, Hindiston, Tibet, Qozog`iston, Shimoliy Afrika faunasinig vakillarini ko’plab uchratamiz.

O’rta Osiyoda paydo bo’lgan hayvon turlariga orol shipi va katta kurakburun baliqlar, turkiston agamasi (kaltakesagi), turkiston gekkoni, qum bug`ma iloni, xo’jasavdogar, Babrinskiy qo’shoyog`i, ingichka barmoqli qo’shoyoq, ko’k sug`ur va boshqa ko’pgina turlar kiradi. Ular boshqa joylarda deyarli uchramaydi.

O’rta Osiyoga shimoldan va shimoli-sharqdan o’tgan hayvonlarning katta guruhi Qozog`iston tekisliklari hayvonot dunyosiga o’xshash. Bular orasida katta qum sichqoni, kichik qo’shoyoq, qo’ng`ir yumronqoziq, antilopa sayg`oq, kichik tulki qorsoq, qora sassiqquzan, yovvoyi mushuk va boshqalar bor.

Cho’llarda yashaydigan jayron, barxan mushugi va qorakal Old Osiyo va Shimoliy Afrika cho’llari hayvonlaridan qadimda kirib kelgan turlardir. O’zbekistonning janubida uchraydigan burama shoxli echki, afg`on dala sichqoni, mayna, qunduz va boshqalar Afg`oniston faunasiga xosdir.

Tog`li hududlarning hayvonot dunyosiga Markaziy Osiyoning tog`li hududlaridan ko’p turlar o’tgan. Bular himolay ulari, tibet quzg`uni, sibir echkisi, ilvirs. O’zbekistonning tekislik qismida Hindistondan kelgan turlar-yo’lbars, sirtlon chiyabo’ri, asalxo’r va boshqalar tarqalgan.

O’zbekiston tabiati xilma-xil bo’lganligi uchun uning hududida har bir joyning o’ziga xos turli-tuman hayvonlarni uchratish mumkin. Ular respublikamiz tabiatining zonal va regional xususiyatlariga mos tarqalgan.

O’zbekiston hayvonlari cho’llarda, tog` oldi va tog`lar oralig`idagi tekisliklarda, tog`larda, suv havzalarida yashaydi. Ular suvsizlikka, issiqqa, sovuqqa, noqulay tuproq-relef sharoitlariga, baland tog` tabiatiga moslashgan.



Cho’l hayvonlari. Ular xilma-xil bo’lib, qurg`oqchilikka va jazirama issiqqa, qumli, gilli, toshli va sho’rhok erlarda yashashga moslashgan. Ba’zilari suvni nihoyatda oz talab etsa, ba’zilari butunlay suv ichmay, avji yoz issig`idan qochib uyquga kiradi. Ayrim hayvonlar esa kunduzgi issiqdan qochib, inlaridan chiqmaydilar va faqat kechasi faol hayot kechiradilar. Qumda yashaydigan hayvonlar tez yugiradigan, ko’zlari o’tkir, ranglari ham qumnikiga o’xshash bo’ladi. Cho’lda yumronqoziqlar, qum sichqonlari, qo’shoyoqlar, yirtqichlardan tulki, chiyabo’ri, yovvoyi mushuk va boshqalar yashaydi. Ustyurtda qadimda qulon, oqquray va jayron nihoyatda ko’p bo’lgan, endi esa ularni ahyon-ahyonda uchratish mumkin. Ustyurtning chinklari atrofida yovvoyi qo’y yashaydi. Qumli cho’llarda jayron, xongul, saksavul to’rg`ayi, xo’jasavdogar, saksovul chumchug`i yashaydi. Qumli cho’llar-sudralib yuruvchilar makoni: toshbaqa, kaltakesaklar juda ko’p. Ko’pchilik kaltakesaklarning gavdasi cho’ziq va ingichka, qo’l-oyoqlari uzun, panjalari keng bo’lib qumda tez yugurishga, uni kavlab kirishga moslashgan. Rangining qum tusida bo’lishi ularni dushmandan saqlaydi. Kalta quloqli dumaloq kaltakesaklar, qum kaltakesagi, O’rta Osiyo agamasi, kurak barmoqli gekkon, chopqir chipor kaltakesaklar cho’lda keng tarqalgan. Kaltakesaklarning eng kattasi bo’z echkiemardir, uning uzunligi 1,5 metrgacha boradi, faqat kunduzi issiqda juda harakatchan bo’ladi. Harorat 150 ga tushganda uning badani uvishadi, 100 da esa sovib qotib qoladi. Qumli cho’llardagi 22 xil kaltakesaklarning 13 xili endemikdir.

Ilonlar qumli cho’llarda yashovchi tipik hayvon hisoblanadi. Ular qumga birdan kirib keta oladi va qumda tez yuguradi. Qumli cho’lda qum bo’g`ma iloni ko’p, u endemik, zaharsiz, Qizilqumda keng tarqalgan, uzunligi 80-90 sm ga etadi. Uzunligi 1 metrga boradigan, ixcham va tez harakatlanadigan o’qilon cho’llarda, tog`larning o’t bosgan yonbag`irlarida yashaydi. O’zbekistonda qum charxiloni, ko’lvor ilon, ko’zoynakli ilon, dasht qora iloni, qalqonbosh kabi zaharli ilonlar ham yashaydi. Qumli cho’llarda o’rgimchaksimonlardan juda zaharli qoraqurt, falanga, chayon kabi hashoratlar ko’p.

Cho’lda qushlar nisbatan kam: asosan xo’jasavdogar, boyqush, chumchuq, to’rg`ay yashaydi.

Cho’ldagi to’qaylar ko’pchilik hayvonlarning yashashi uchun qulaydir. To’qaylarimizda to’ng`iz, bug`u, to’qay mushugi, xongul, quyon, suv kalamushi, sichqon, chiyabo’ri, qirg`ovul, qarqunoq, chumchuq, tulki va bo’ri yashaydi. Suvli erlarda o’rdak, g`oz, loryxo’rak, baliqchi qush-baklan, saqoqush, qizil g`oz ko’p uchraydi. Bir vaqtlar to’qayning tipik hayvoni bo’lgan turon yo’lbarsi yo’q bo’lib ketgan. Uni oxirgi marta Amudaryoning yuqori qismida 1953 yilda ko’rishgan.

O’zbekistonda vohalar alohida ko’zga tashlanib turadi. Bu erlarda hayvon va qushlarning odamga yaqin, uning himoyasida yashashga moslashgan turlarigina yashaydi. Bular orasida ko’k baqa, har xil rangli kaltakesak, turkiston yaydoq barmoqli gekkoni va boshqalar bor. Vohalarda uy va dala chumchuqlari, tuya qaldirg`och va dala qaldirg`ochlari, musicha, mayna, qorashaqshaq, qarqunoqlarning bir necha turi va boshqa ko’pgina qushlar bor. Ko’rshapalak, kulrang kalamush va turkiston kalamushi, uy sichqoni, ko’rsichqon, sariq ilon, qorachipor ilon, har xil hashoratlar va boshqalar vohada yashashga moslashgan.

Adir hayvonot dunyosi cho’l hayvonlaridan kam farq qiladi, lekin cho’ldagiga nisbatan turlari kambag`alroq. Adir mintaqasida qo’shoyoq, yumronqoziqlar, sug`ur, dala sichqonlari, yirtqichlardan tulki, bo’ri, bo’rsiq ko’p uchraydi. Kaltakesaklarning xilma-xil turlari, ilonlar, xatto falanga, qoraqurt, chayon kabi hashoratlar ham yashaydi. Bahorda toshbaqa va yumronqoziqlar faol hayot kechiradi. Dehqonchilik qilinadigan joylar atrofida jayra, bo’rsiq, tipratikonlar uchraydi. Parrandalar adirda cho’lga nisbatan ko’proq, so’fito’rg`ay, bo’zdak, ko’k qarg`a, kaklik kabi qushlar ko’p.

Tog` mintaqasi hayvonot dunyosi boy va juda xilma-xil. Bu erda qoyalarda yashaydigan tipik hayvonlarni-turkiston agamasi, tog` fotmachumchug`i, kaklik, tog` suvsari, sibir echkisi, burma shoxli echki va boshqalarni ko’rish mumkin. Qoyalarda ko’pgina yirtqich qushlar-burgut, jo’rchi uya quradi. Archazor o’rmonlarda archa boltatumshug`i, sariq tirnoq chittak, qizilbosh chumchuq, kosulya yashaydi. Tog` o’rmonlarida jayra, bo’rsiq, olmaxon, kalamush, o’rmon sichqonlari, ilonlar bor, qushlar juda ko’p, yirtqich hayvonlardan qo’ng`ir ayiq, bo’ri, oq suvsar, ba’zan silovsin ham uchraydi. Kemiruvchilardan Piskom, Ugam Ohangaron daryolarining yuqori qismida ko’k sug`ur, Chotqol Piskom va Hisor tog`larida qizil sug`ur yashaydi.

Subalp va alp (yaylov) mintaqasi iqlimi sovuq, relefi murakkab bo’lganidan hayvonlar ko’p emas. Bu erlarda yirik hayvonlardan arxar, bug`u (elik) va kiyiklar, kemiruvchilardan sug`ur qor qoploni, oq tirnoqli ayiq yashaydi. Bu mintaqaning o’ziga hos kemiruvchisi qizil sug`urdir. 2000-4500 m balandlikda to’da-to’da bo’lib yashaydi va o’z hayotining ko’p qismini uyquda o’tkazadi. Alp mintaqasidagi doimiy qorlar va muzliklar chegarasida himolay ularni, alp zag`chasini, ilvirs va boshqalarni uchratish mumkin.

Doimiy qorlar va muzliklar mintaqasida hayvonlar juda kam, asosan qor qoploni, tog` echkisi yashaydi.

O’zbekistondagi suv havzalarida, ko’llarda, daryolarda ko’plab baliq turlarini uchratish mumkin. Bular katta kurakburun, amudaryo foreli, oddiy cho’rtan baliq, oddiy oqqayroq, marinka, kumush rang tovonbaliq, zog`ora baliq, sudak, laqqa, ilonbaliqlardir.

Hayvonot dunyosi har xil xomashyo, go’sht, teri manbai hisoblanadi. Har yili respublikamizda suv havzalarida ko’plab baliq ovlanadi, mo’ynali hayvonlar terisi tayyorlanadi, o’rtacha 200 000 ta atrofida suv parrandalari ovlanadi. O’zbekistonda ovlanadigan eng qimmatli mo’ynali hayvonlarga tog` tulkisi, keyin chiyabo’ri, bo’ri, bo’rsiq, silovsin, cho’l va qamishzor mushugi, ondatra va kalamushlar kiradi. Go’sht uchun respublikamizda tuyoqli hayvonlardan sayg`oq, yovvoyi cho’chqa va tog` echkisini maxsus ruxsatnoma bo’lgandagina ovlash mumkin.

O’zbekistonda zaharli ilonlarning beshta turi yashaydi. Bular ko’zoynakli ilon (kobra), dasht qora iloni, (gadyuka) ko’lvor (gyurza) ilon, qum charhiloni (efa), qalqonbosh (shitomordnik). Ularning zaharidan qimmatli dori preparatlari (vibrotoks, vipraksin va boshqalar) tayyorlanadi va oqsilning tarkibini o’rganishda ishlatiladi. Zahar olish uchun ilon tutiladi va maxsus pitomniklarda saqlanadi. Keyingi yillarda zaharli ilonlarning juda ko’plab ovlanishi ular sonining keskin kamayib ketishiga olib keladi. Ilonlarni saqlab qolish, ulardan zahar olish, pitomniklarda ko’paytirishni ilmiy asosga qo’yish maqsadida O’R FA ning Zoologiya va parazitologiya institutida 1960 yilda zaharli ilonlar ekologiyasi laboratoriyasi tashkil etilgan.

Har yili respublikamizda eksport uchun bir necha o’n minglab dasht toshbaqalari, medistinada ishlatish uchun 100 000 dan ortiq ko’l baqalari tutiladi.

Umutrqali hayvonlar tabiatda va qishloq xo’jaligida juda katta ahamiyatga ega. Hashoratxo’r turlar zararkunanda hashoratlarning haddan tashqari ko’payib ketishining oldini olsa, boshqalari esa o’tloqlarga yoki don o’simliklari hosiliga, uzumzor va bog`larga zarar etkazadi. O’zbekistonda kasal tarqatuvchi hayvonlar ham yetarli. Ular kemiruvchilar, chivin, kana va boshqalar. Uy va yovvoyi hayvonlar respublikamizda 30 dan ortiq yuqumli kasalliklarning (kuydirgi, o’lat, leyshmaniyoz, paratif va boshqalar) tarqalishiga sabab bo’ladi.

O’zbekistonda cho’llarning o’zlashtirilishi, tog` va tog` oldi mintaqalarida tog`-kon sanoatining rivojlanishi, buning oqibatida ekologik sharoitning o’zgarishi hamda ovchilik xo’jaligi ishlarida qat’iy tartibning bo’lmaganligi natijasida hayvonot olamiga zarar etdi. Ko’p hayvon turlari soni keskin kamayib (jayron, tog` va sibir echkisi, arxar, qum quyoni, sug`ur), ayrimlari esa yo’qolib ketmoqda. Masalan, turon yo’lbarsi, sirtlon yo’qolib ketdi. Yo’qolib ketish arafasida turgan qush va hayvonlardan O’rta Osiyo qoploni, targ`il sirtlon, ustyurt qo’yi, qora laylak, qum charxiloni, O’rta Osiyo ko’zoynakli iloni, uzun dumli burgutni ko’rsatish mumkin. Bu ahvol tabiatni, shu jumladan hayvonot olamini muhofaza qilishni talab qiladi. Bu ishni amalga oshirish uchun respublikamizda «Qizil kitob» tayyorlanib nashr etilgan (I jildi 1983 y., II jildi 1984 y.), 9 ta qo’riqxona, bir qancha buyutmalar, milliy bog`lar tashkil etilgan.

O’zbekistonning «Qizil kitob»iga respublikamizda yashaydigan sut emizuvchilarning 22 turi, qushlarning 31 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi va baliqlarning 5 turi kiritilgan. Qizil kitobga kiritilgan bu hayvonlar to’liq muhofaza qilinishi lozim. Ayniqsa ayiq, qoplon, silovsin, qor qoploni, gepard, jayron, buxoro kiyigi, tyanshan qo’yini ovlash butunlay taqiqlanadi.

O’zbekistonda hayvonot dunyosini muhofaza qilishda qo’riqxonalar muhim o’rin tutadi. Qo’riqxona-tabiat kompleksining bir qismi-hayvonlar, o’simliklar, foydali qazilma, noyob relef shakllari qonun asosida muhofaza qilinadigan joy. Ularda soni kamayib borayotgan hayvonlar va o’simliklar muhofaza qilinadi va ko’paytiriladi, u yerdagi hayvonlar soni boshqarib turiladi. Qo’riqxonalardan tashqari kamayib ketayotgan hayvon turlarini saqlab qolish va tiklash maqsadida 10 ga yaqin buyurtmalar faoliyat ko’rsatmoqda. Buyurtma joy-hudud yoki akvatoriyaning bir qismi bo’lib, unda barcha tabiiy kompleks emas, balki uning alohida elementlari: o’simliklar, hayvonlar yoki ba’zi bir hayvon turlarigina turli maqsadlarda ko’paytiriladi. Bu joylarda bioekologik tadqiqotlar ham olib boriladi. Biroq davlatimiz tomonidan ko’rilayotgan chora-tadbirlarning o’zi jonli tabiatning barcha boyliklarini etarli darajada saqlashga qodir emas. Bu bizdan hayvonlarni ehtiyot qilishni, ularga e’tibor berib, umumxalq himoyasiga olishni talab qiladi.
Qo’shimcha: Barotov P.
O`zbekiston o`simlik dunyosi juda xilma-xil va boydir. Respublikamiz hududida 146 oilaga mansub 4500 ta o`simlik turi mavjud bo`lib, shundan 3000 tasi yovvoyi holda o`sadi, faqat O`zbekistonda uchraydigan o`simliklar jami o`simliklarning 9% ni tashkil etadi. O`zbekiston florasida Eron, Afgoniston va O`rta dengiz mamlakatlari florasining vakillari ko`p uchraydi. O`zbekistonning asosiy qismi quruq subtropik mintaqada joylashgan, lekin uning florasida subtropik alomatlari sezilmaydi. O`zbekistonda doimiy yashil subtropik o`simliklar yo`q, o`simliklar balandlik mintaqasi va kenglik tashkil qilib joylashadi.

O`zbekistonda o`simliklarning balandlik mintaqalarining vujudga kelishi va uning sabablari, u bilan bog`liq bo`lgan qonuniyatlar akademik K. Z. Zokirov tomonidan 1955 yilda ishlab chiqilgan. Olim cho`l, adir, tog` va yaylov kabi balandlik mintaqalarini ajratadi. Bu mintaqalarning har biri o`ziga xos iqlim, tuproq qoplami, o`simlik va hayvonot dunyosiga ega. Ularning har birida ro`y beradigan tabiiy-geografik jarayonlar ham bir-biridan farq qiladi.

O`zbekiston florasi 4000 ga yaqin turdan iborat. Bu o'simliklarning 50%ini mahalliy (turon) turlari tashkil etadi.

O`rta Osiyo shu jumladan O`zbekiston o`simliklarini yirik tadqiqotchisi YE. P. Korovin 4 gruppa bo`yicha 17 tipga bo`ladi.

O`rta Osiyo o`simliklar mintaqasini oddiy va qulay sxemasini prof. K. Zokirov yaratdi. (Cho`l, adir, tog`, yaylov. )
Efemer va efemeroidlar cho`l sharoitiga moslashgan o`simliklardir. Efemerlar gidromorfik sharoiti qulay bo`lgan, joylarda uchrab, bahorda hayotini tugatadi. Bunday o`simliklarga arpag’on, tariqbosh, lolaqizg’aldoq, chatir, isfaroq kabilar misol bo`ladi. Efemeroidlar ko`p yillik o`tlardan iborat bo`lib, quruq yoz boshlanishi bilan o`simlikning tuproq ustki qismi qurib qoladi, tuproq osti qismi halok bo`lmaydi, kelgusi bahorda yana ko`karib chiqadi. Masalan kovrak, iloq va boshqa cho`l o`simliklari-kserofitlar (shuvoq, burgan, saksavul) ayrim o`simliklar, masalan, yantoq tomirini yer osti suvigacha kirib boradi.

Sho`rxok tuproqqa moslashgan-Galofit o`simliklar bunga sho`raguldoshlar oilasini misol qilish mumkin.

Ko`chma qum ustiga moslashgan o`simliklar psammofitlar deyiladi. Misol: quyonsuyak, Qorasaksovul. Quyonsuyak O`rta Osiyo uchun endemik o`simlik. Qandim yoki juzg`un, ko`chma-qumni ko`p yillik o`tlarida selin ham uchraydi. Bu g`allasimon o`tni bo`yi 1 m. gacha yetadi. Cherqaz dorivor o`simliklar bo`lib qon bosimini pasaytirishda foydalaniladi. Isiriq ko`p yillik o`simlik.

Galofitlardan-boyalich, teresken, burgan, go`shtdor sho`ralar, sarsazan, Qorasho`ra, yulg`un yoki jing`il, sho`r ajriq ko`p uchraydi.



Cho`l mintaqasi. Unda asosan kserofit, ya'ni quruq va issiq sharoitga moslashgan o`simliklar o`sadi. Mintaqadagi tuproqlarning xilma-xilligi undagi o`simliklarni ham turli-tuman bo`lishiga sabab bo`lgan. Ichki tuproq, iqlimiy sharoit, absalyut balandlikdagi farq cho`l mintaqasida past cho`l va yuqori cho`llarni ajratishga asos bo`lgan.

Pastki cho`l 250 m. absalyut balandlikkacha bo`lgan hududlarni egallab u yerlarda asosan barg va poyalari semiz o`simliklar o`sadi. Ularning barg va poyalarida tuz ko`p bo`ladi. Pastki cho`lda keng tarqalgan o`simliklarga Qorasaksavul, cherkez, Qorabaroq, sarsazan, Qorasho`ra, baliqko`zlar kiradi.

Yuqori cho`lning o`simliklar qoplamining asosini shuvoq tashkil etadi, eng ko`p tarqalganlarga yovshon, quyonsuyak, Qizilqandim, singren, iloq, yantoq kavrak, isiriq, achchiqmiya, boychechak, chuchmoma, partek, yaltirboshlarni qiritish mumkin.

Umuman olganda cho`l mintaqasining o`simlik qoplami siyrak, lekin nam yetarli bo`lgan bahorda efemer va efemeroidlar yer betini qoplaydi. Jazirama issiq va quruq kunlar boshlanishi bilan efemerlar qurib qoladi, efemeroidlarning esa tuproq ustki qismi qurib, tuproq osti qismi halok bo`lmaydi, kelgusi bahorda yana ko`karib chiqadi. O`z vegetatsiyasini davom ettirayotgan kserofit o`simliklar jazirama issiq va qurg`oqchiliqka moslashgan bo`lib, ularni ildizlari uzun, barglari mayda yoki butunlay bo`lmaydi.

Shuning uchun tanasidan nam kam bug`lanadi.

O`zbekistonning tekislik qismidagi tuproq – grunt sharoitlariga bog`liq holda turli o`simlik formatsiyalari uchraydi. Qumli, gilli, toshloq, sho`rxok yerlar o`simlik formatsiyalari bir-biridan farq qiladi. Cho`l mintaqasidagi daryo qayirlarida sho`rxok turong`il, tol, liana, lomonos, bakaterak, jiyda, namatak, yulg`un, chingil, qamish kabilar o`sib to`qaylar hosil qiladi. Cho`l zonasidagi vohalar o`ziga xos o`simlik dunyosiga ega bo`lib, ular asosan madaniy, manzarali, tolali, oziq-ovqat, sabzavot-poliz, ziravor va boshqa o`simliklardir. Eng ko`p maydonini paxta egallaydi.

Adir mintaqasi absalyut balandligi 600-1200-1500 m., yog`in birmuncha ko`p. Bu mintaqa o`simliklarini Ye. P. Korovin ikki tipga bo`ladi. Efemerlar tipi va tog` dashtlari – savanalar tipi, efemerlar adirni pastki qismida bo`lib, chala cho`l xarakteridagi o`simliklar tarqalgan, bu yerda efemerlar iyulgacha vegetatsiyani davom ettiradi. Bularga misol qo`ng`irbosh, rang, no`xatak yoki astragal, sariq yo`ngichka yaltiroqbosh, oqquray, gulxayri, qo`ziquloq va boshqalar. Adirlarda kiyik o`t, tog` rayxoni, shirach, marmarak o`sadi

Adirlarni yuqori qismini-tog` dashtlari – savanna tipi o`simlik tipi deyishadi, bu yerlarda bug`doyiq keng tarqalgan, uni orasida tog` yalpizi, chuchmoma, lola, sariq ang’iz, butalardan qo`shyaproq, zirk, namatak, daraxtlardan pista va do`lona uchraydi.

Tog` mintaqasi – 1200-1300-2700-2800 m. gacha. Bu mintaqada iqlim sharoiti daraxt va butalarni o`sishi uchun qulaydir. Bu yerdagi o`simliklar kseromezofit va mezofit xususiyatiga ega.

Bu mintaqadagi o`simliklarni YE. P. Korovin uch tipga bo`ladi. Archazorlar, bargini to`kadigan tog` o`rmonlari va butazorlar.

Archazorlar asosan 1400-2500 m. balandliklarda, qo`ng`ir toshloq tuproqli joylarda uchraydi.

Archa o`rmonlari orasida uchqat, zirk, na'matak o`sadi. Ohangaron tog`larida, Turkiston tizmasi, Qashqadaryo va Surxondaryo havzalarining yuqori qismida mavjud archazorlar maydoni 500 ming ga.

Bargini to`kadigan tog` o`rmonlari va butazorlar tog`larni janubiy yonbag`rida ko`proq o`sadi. Misol: yong’oq, olma, zarang, tog`olicha, bodom , pista. Bodomni o`ndan ortiq turi uchraydi, u 800- 1600 m. gacha bo`lgan balandliklarda yaxshi o`sadi.

Pistazorlar, ayniqsa Bobotog` va Boysun tog`larida keng tarqalgan. Tabiiy pistazorlar maydoni 700 ming gektar.



Yaylov mintaqasi. - 2700-2800-m. dan yuqorini egallaydi. Subalp mintaqasi archazorlar va butazorlarning yuqori chegarasidan boshlanadi. G’allasimonlardan – mushukquyruq, betaga, yovvoyi suli, chalov, yovvoyi arpa, oq momiq, qo`ziquloq va boshqa o`tlar o`sadi.

O`zbekiston territoriyasiga uchraydigan intrazonal o`simliklar tipiga to`qay va voha o`simliklari kiradi.



To`qay: Uch xil to`qay bo`ladi, o`tchil, butachil va daraxtchil. O`tlardan lux yoki ko`ga, qiyoq, ajriq, bug`doy, buyan yoki chuchukmiya. To’qaylar 12-16 s. xashak beradi, qamish esa 115 s. (har gektaridan)

Vohalar Dendraflorasi yoki manzarali daraxtlardan sada qayrag’och, majn untol, shotut yoki Qoratut, terak, akatsiya, ayland, tuya, Qoraqarag`ay, archadan iborat.

O`zbekistonning hayvonot dunyosi juda boyligi, turli tumanligi, endemiklarining anchaligi, cho`l hayvonlarining xilma xilligi, har xil landshaftlar hayvonotining keskin farqlanishi, hayvonot dunyosining juda qadimiyligi bilan ajralib turadi.

O`zbekiston tabiatining xilma-xilligi, Kishilarning xo`jalik faoliyati, hayvonlarning tarkibi va geografik taqsimlani shiga ta'sir etgan. O`zbekistonning suvlarida baliqlarning 60 dan ortiq turi yashaydi, cho`llarimizda, daryo qayirlarida, tog` tizmalari va vohalarda sudralib yuruvchilarning 57 turi, sut emizuvchilarning 91 turi va qushlarning 410 dan ortiq turi tarqalgan. Bu hayvonlarning ba'zi turlari shu yerning o`zida paydo bo`lgan bo`lsa, boshqalari Turkistondan, shu jumladan O`zbekistonga boshqa qo`shni hududlardan o`tgan. Turkistonda paydo bo`lgan hayvon turlariga orol shipi va katta kurakburun baliq, Turkiston agamasi, Turkiston gekkoni, qum bo’g`ma iloni, xo`jasavdogar, Bobrinskiy qo`shoyog`i, ingichka barmoqli qo`shoyoq, ko`ksug`ur va boshqa ko`pgina turlar kiradi. Ular boshqa joylarda deyarli uchramaydi.

Hayvonot dunyosi – Respublikamizda Yevropa, Markaziy Osiyo, Hindiston va Afrika uchun xarakterli bo`lgan turlar uchraydi.

Masalan jayron – Markaziy Osiyoda ham bor. Baland tog`larda uchraydigan oqsichqon va qo`ng`ir ayiq Yevrosiyoning shimoliy rayonlari uchun xarakterlidir. O`zbekiston janubida uchraydigan kobra Hindiston uchun, cho`ldagi echkiemar, qum Efa iloni, to`qayda ko`p uchraydigan chiyabo`ri - Afrika uchun xarakterli.

Amudaryo uchun endemik hisoblangan qilquyruq yoki tosh baliqning Missisipi daryosida ikki turi uchraydi.

Cho`llarda yashaydigan hayvonlar shu sharoitga moslashgan va turlari ham shunga o`xshash.

Qumli, gilli, gipsli, toshloq, sho`rxok cho`llardagi hayvonlar bir-birovidan farq qiladi.

Qumli cho`lni xarakterli vakili gekkon kaltakesagidir.

Ularni barmoqlari taroqsimon tuzilishga ega, uni bir turi Sink gekkonidir. Barxanga ba'zan taqir va gilli cho`lga moslashgan, bo`yi 10 sm, sariq ranglidir, ustida och – yashil – Qoramtir dog`lari bo`ladi. Yana bir turi dumaloq bosh, kaltakesak tanasi 6 sm dan oshmaydi.

Agama kaltakesagi uzunligi 29 sm. gacha, tanasining ustida qator to`q sariq dog`lar bo`ladi, barcha cho`llarda uchraydi. Tog`li rayonlarda Turkiston agamasi uchraydi, bu cho`ldagi avlodidan yirik va uzun bo`ladi. Eng katta kaltakesak echkiemar, uni cho`l timsohi ham deb yuritiladi, uzunligi dumi bilan 1,5 m. gacha boradi

Mustahkamlangan qumlar orasida cho`l toshbaqasi uchraydi. Qumli cho`lda qum bo’g`ma iloni, o`q ilon, Efa iloni uchraydi.

Qum bug`ma ilonini bo`yi 70- 75 sm Qoramtirdan qum ranggacha bo`lib jigarrang dog`lari bor. Bu ilonni boshi tanasidan keskin ajralib turmaydi. U zaharsiz bo`lib qush, kaltakesak, yirik bo’g`ma hasharotlar bilan ovqatlanadi.

U o`z o`ljasini tropikdagi ilonlarga o`xshab bug`ib o`ldiradi va so`ngra yutadi. Bu ilonni Kishilar ko`lvor ilon deb yuritadilar.

O`q ilon u zaharsiz, uzunligi 1 m. gacha. Qum Efasi yoki charx ilon uzunligi 1 m. gacha bo`lib, qo`ng`ir sariq yoki qum rangida bo`ladi. Bosh qismida belgisi bo`lib yurganida o`zidan ovoz chiqaradi, tanasida tangachalar ishqalanib tovush chiqaradi. Bu ovoz charx tovushiga o`xshagani uchun charx ilon deb nom qo`yilgan. Bahorda va kuzda kunduzi, yozda esa kechqurun yuradi. U juda chaqqon bo`lib har qanday holatda ham chaqadi va qattiq og`riq beradi, burun yoki quloqdan qon kelish hollari bo`ladi. Ba'zan chaqqanda 3 kunda halok bo`lish mumkin. Boshqa hollarda Qishi oylab azob chekadi. Bu ilon Qizilqumni g`arbida va Surxondaryoda tez-tez uchrab turadi.

Qumli cho`lda kemiruvchilar ham ko`p uchraydi, bulardan ingichka oyoqli yurmonqoziq, qum sichqon, tipratikan, qo’shoyoq va boshqalar.

Qumli cho`llar uchun xarakterli bo`lgan sutemizuvchi cho`l mushugi, jayron, sayg`oq yoki oq quyruq uchraydi.

Qushlardan xo`jasavdogar, yilqichi, turg`ay, tentak qush va boshqalar uchraydi.

Jazirama yozda malla yurmonqoziq, toshbaqa yozgi uyquga ketadilar.

Gilli cho`llarda qalqon tumshuq ilon, chinqiroq (zaharli ilonlar oilasiga kiradi) mavjud. Bo`yi 70-80 sm. kallasi yassi, teppasida ko`ndalang Qora yo`llari bo`ladi. Odamni chaqsa qattiq og`riydi, shishadi va issiq chiqaradi. Ilon chaqqan kishi 10-15 kunda keyin tuzaladi. Gilli cho`llarda to`rg`ay, yo`rg`a tuvaloq, boy o`gli kabilar uchraydi.

Sho`rxok va toshloq cho`llarda hamma turlar uchrasa ham miqdori kam, cho`llardagi endemiklardan cho`l toshbaqasi, qumefasi, so’fito’rg’oy va boshqalar xos.



Download 1.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling