Yutuqlarga yo‘nalganlik. Bu yo‘nalish bo‘yicha yuqori balga ega bo‘lgan kishilar o‘zlarining turli hayotiy davrlarida aniq va sezilarli natijalarga, muayyan yutuqlarga erishishdan manfaatdor bo‘ladilar. Bunday kishilar odatda o‘z hayot yo‘nalishlarini obdon rejalashtirib, uning har bir bosqichida o‘z oldilariga muayyan maqsadlarni qo‘yadilar va bu maqsadlarga erishish yo‘lida qat’iy harakat qiladilar. Bundan tashqari, bunday kishilar ko‘plab hayotiy yutuqlari tufayli, ko‘pincha, mag‘rur bo‘lib o‘zlariga keragidan yuqori baho berishga moyil bo‘ladilar.
Ma’naviy qoniqish. Bunday kishilar, odatda, o‘zlarini ruhiy-ma’naviy jihatdan qoniqtiradigan hayotiy sohalarni tanlashga intiladilar. Ular ko‘pincha, o‘zlariga qiziq bo‘lgan, ma’naviy ozuqa, ichki qoniqish baxsh etadigan faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishini juda zarur deb biladilar.
O‘zlikni saqlash. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha yuqori bal odamning boshqalardan mustaqil bo‘lishga doir intilishlarini ifoda etadi. Bunday kishilar odatda hayotda eng muhim narsa deb, o‘z shaxsining betakrorligini va o‘ziga xosligini, o‘ziga xos hayot tarziga, dunyoqarashga ega bo‘lishni tushunadilar. Atrofdagilarning ta’siriga kamroq berilib, mustaqil fikrlariga binoan ish yuritishga moyil bo‘ladilar, o‘ziga xos hayot tarziga ega bo‘ladilar.
II. HAYOTIY SOHALAR BO‘YICHA
Kasbiy faoliyat. Bu ko‘rsatgichdan yuqori balga ega bo‘lgan kishi o‘z kasbiy faoliyat sohasiga katta ahamiyat beradi. Bunday kishilar ko‘p vaqtini o‘z ishlariga sarflaydilar, ishlab chiqarishdagi barcha muammolarni hal etishga tezda kirishib ketadilar. Ular kasbiy faoliyatni hayotning asosiy mazmuni deb biladilar.
O‘quv ta’lim sohasi. Bu ko‘rsatgichdan yuqori balga ega bo‘lgan kishi o‘qimishli bo‘lishga, o‘z dunyoqarashini kengaytirishga intiluvchan bo‘ladi. Bunday kishilar o‘qishni, yangi-yangi bilimlarni egallashni, hayotdan orqada qolmaslikni eng muhim narsa deb hisoblaydilar.
Oilaviy hayot. Bu ko‘rsatgichdan yuqori balga ega bo‘lgan kishi o‘z oilasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha voqeliklarga katta ahamiyat berishi bilan ajralib turadi. Bunday kishilar oilaviy muammolarni hal etish yo‘lida ko‘p kuch va vaqt sarflashga moyil bo‘ladilar, baxtli oila qurishni eng muhim narsa deb biladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |