1.2. O’zbekiston Respublikasining Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlari va vazifalari
Hammamizga ma’lumki, 2015 yil sentyabrda dunyoning boshqa mamlakatlari singari O’zbekiston ham 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) dasturiga a’zo bo’ladi. O’zbekiston barqaror, keng qamrovli, izchil iqtisodiy o’sish, ijtimoiy integratsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo’shish kabi maqsadlarning milliy darajada bajarilishi bo’yicha shartlarini qabul qildi. Shunga ko’ra Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi qarori bilan 2030 yilgacha davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar hamda ularga erishishga qaratilgan “Yo’l xaritasi” tasdiqlanadi21. Aytish kerakki, Barqaror rivojlanish maqsadlari 2017-2021 yillarga mo’ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasidagi keng ko’lamli islohotlarga to’liq hamohang bo’lgan. Uning 5 ta ustuvor yo’nalishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo’li sifatida tasdiqlangan edi. 2022 yilga qadar 190 dan ortiq strategik hujjatlar, tarmoq va hududiy dasturlarga Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda indikatorlari kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasi Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlari va vazifalari quyidagilardan iborat22.
Kam ta’minlanganlik darajasini qisqartirish
Birinchi maqsad asosida 2030 yilgacha O’zbekistonda fuqarolarning o‘ta qashshoqlik shaklini bartaraf etib, kam ta’minlangan erkaklar, xotin-qizlar va barcha yoshdagi bolalarning ulushini kam ta’minlanishning barcha ko‘rinishlarida ikki barobariga qisqartirish rejasi belgilangan. Shu qatori aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish xizmatlari sifatini oshirish, ijtimoiy himoya qilish choralari doirasiga muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish, butun aholining, jumladan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning bazaviy zaxiralar (yer uchastkalari, yangi texnologiyalar, bank kreditlari va boshqalar)dan foydalanishlari uchun qulay iqtisodiy va moliyaviy shart-sharoitlarni ta’minlash, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning iqlim o‘zgarishi yuzaga keltirgan kutilmagan holatlar va boshqa iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik larzalar va musibatlar oldidagi himoyalanmaganligi va zaifligini kamaytirish, aholining kam ta’minlanganligini uning barcha shakllarida tugatish bo‘yicha dasturlar va strategiyalarni amalga oshirishga qaratilgan. Shu qatori yetarli va bashorat qilinadigan mablag‘ni ta’minlash uchun turli manbalardagi, jumladan, rivojlanish maqsadida hamkorlikni jonlantirish asosidagi salmoqli zaxiralarning safarbar etilishiga erishish, aholining kam ta’minlanganligini tugatish bo‘yicha tadbirlarga tezkor sarmoya kiritilishiga ko‘maklashish uchun kam ta’minlangan fuqarolarning manfaatlarini hamda gender jihatlarni inobatga oladigan rivojlanish, monitoring va baholashni strategik prognozlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish ko’zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |