Da quruQlikda yashovchilar (Amphibia) sinfining umumiy tavsifi va tasnifi, ekologiyasi


Download 26.39 Kb.
bet2/5
Sana09.01.2022
Hajmi26.39 Kb.
#258961
1   2   3   4   5
Bog'liq
1,8

To’rt oyoqlilar katta sinfi suvda ham quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar sinflariga bo’linadi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar yoki amfibiyalar hali suv muhiti bilan anchagina aloqasini saqlab qolgan birinchi quruqlikka chiqqan umurtqali hayvonlardir.

Suvda ham quruqlikda yashovchilarning tuzilishi baqa misolida ko’riladi. Baqaning terisi yalang’och bo’lib, unda shox suyak tangachalari bo’lmaydi. Epidermisida ko’p hujayrali shilimshiq modda ishlab chiqaruvchi bezlar ko’p bo’ladi. Shilimshiq modda terini qurib qolishidan saqlaydi. Terisi muhim nafas olish organi hamdir. Baqaning terisi boshidan oyog’igacha gavdaga yopishmagan bo’ladi, shu joylarda limfa bilan to’ldiril-gan bo’shliqlar bo’ladi.

Skeleti umurtqa pog’onasidan, bosh skeletidan, erkin oyoqlar skeleti va ularning kamar skeletidan tashkil topgan.

Umurtqa pog’onasi bo’yin, tana, dumg’aza va dum umurtqalariga bo’lina-di. Bo’yin bo’limi faqat 1 ta umurtqadan iborat bo’lib, unda ko’ndalang va qo’shiluv o’simtalari bo’lmaydi, oldingi tomonda 2 ta qo’shiluv chuqurchasi bo’ladi va shu chuqurchalar yordamida bosh skeletiga birikadi. Tana umurtqalari 7 ta bo’ladi. Ularning har biridan bir juftdan ustki


yoylar, ko’ndalang va qo’shiluv o’simtalari chiqadi. Tana umurtqalarining oldingi tomoni ichiga botib kirgan, orqa tomoni esa bo’rtib chiqqan, ya’ni protsel tipda bo’ladi. Qovurg’alari yo’q. Dumg’aza bo’limida faqat 1 ta umurtqa bor. Uning ko’ndalang o’simtasiga chanoq suyagi birikadi. Dum umurtqalari bir-biriga qo’shilib, dum suyakchasi – urostilni hosil qiladi.

Miya qutisining ko’p qismi tog’ay holicha qolib ketadi, ensa qismida faqat 2 ta yon ensa suyaklari bo’ladi. Eshitish bo’limida bir juft quloq suyaklari taraqqiy etadi. Ko’z kosasining oldingi qismida toq ponasimon hidlov suyagi bo’ladi. Miya qutisining qoplovchi suyaklariga bir-biriga qo’shilib ketgan tepa-peshona suyagi, burun suyagi, bosh skeletining keyingi tomonidan o’rab turuvchi tangacha suyaklari va miya qutisining tagini hosil qilgan parasfenoid va juft dimog’ suyaklari kiradi. Vistseral skeletining tanglay va qanotsimon suyaklari ham bosh skeleti tagini hosil qilishda ishtirok etadi.

Ustki jag’ funksiyasini suyakli baliqlardagidek jag’ oraliq va ustki jag’ suyaklari bajaradi. Pastki jag’ mekkel tog’aydan iborat bo’lib, uni ustidan tish va burchak suyaklari yopib turadi. Til osti yoyning ustki elementi hisoblangan giomandibulyar uzangi suyakchasiga aylanadi va o’rta quloq bo’shlig’ida joylashadi. Jag’ yoyining pastki elementi- gioid jabra yoylari bilan birga qo’shilib, til osti plastinkasi va uning shoxlarini hosil qiladi.

Erkin oyoqlar skeleti quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlarning oyoq skeletiga o’xshash tuzilgan. Baqalarda tirsak-bilak va katta, kichik boldir suyaklari bir-biridan ajralmagan.

Yelka kamari yoy shaklida, uchi qorin tomonga qaratilgan. Yoyning har qaysi tomoni kurak usti tog’ayi, kurak suyagi korakoid va uning oldida joylashgan prokarakoid suyaklaridan tashkil topgan. Yoyning o’rtasida to’sh suyagi, to’sh oldi suyagi bo’lib, bularning uchlari tog’ay holicha qoladi. To’sh oldi va kurak o’rtasida ingichka o’mrov suyagi bor.

Chanoq kamari juft yonbosh, quymich suyaklaridan va tog’ay holicha qolgan qov tog’aydan iborat.

Muskul sistemasi quruqlikka chiqishi munosabati bilan baliqlarning muskul sistemasidan kuchli farq qiladi. Oyoqlarni harakatga keltiruvchi kuchli muskullar hosil bo’ladi. Gavdani harakatga keltiruvchi muskullarni segmentatsiyasi yo’qoladi. Tilni harakatga keltiruvchi muskullar yaxshi rivojlangan.

Bosh miyasi ancha progressiv belgilari bilan xarakterlanadi. Oldingi miya yarim sharlari ancha katta va bir-biridan to’liq ajralgan. Miya yarim sharlarining tagi, yon tomonlari va qopqog’i miya moddasidan tuzilgan. O’rta miya nisbatan kichik, miyacha juda mayda. Bosh miyadan 10 juft bosh nervlar chiqadi. Orqa miya yaxshi rivojlangan yelka va chanoq chigallarini hosil qiladi. bular oyoqlarini idora qilib turadi.

Sezuvchi organlar progressiv taraqqiy etgan. Amfibiyalarda ichki quloq murakkablashadi va o’rta quloq bo’shlig’i hosil bo’ladi. o’rta quloq tashqi tomondan nog’ora parda bilan o’ralgan. Ko’zning shox pardasi bo’rtib chiqqan, ko’z gavhari linzasimon shaklga ega. Qovoqlar ko’zni himoya qiladi. Hid bilish organi tashqi va ichki burun teshiklaridan iborat. Suvda yashovchi itbaliqlarda yon chizig’i organi bo’ladi.

Og’iz teshigi serbar og’iz-halqum bo’shlig’iga ochiladi. Og’iz-halqum bo’shlig’iga xoanalar, hiqildoq yorig’i, evstaxiev nayining bir uchi va so’lak bezlarining chiqarish yo’llari ochiladi. Og’iz-halqum bo’shlig’ining tagida til joylashadi. Tilning uchi og’iz to’riga qarab qayrilgan. Til shilimshiq modda ajratadi, u hasharotlarni ushlash uchun xizmat qiladi.

Jag’ oraliq, ustki jag’ va dimog’ suyaklarida uchi bir oz orqa tomonga qaratilgan tish joylashadi. Og’iz-halqum bo’shlig’i torayib qizilo’ngachga ochiladi, u oshqozonga o’tadi. Ichak baliqlarning ichagiga nisbatan ancha uzun. Katta jigarining o’t pufagi va oshqozon osti bezining chiqarish yo’llari ichakning oldingi qismiga ochiladi. Ichakning keyingi qismi to’g’ri ichak kloakaga ochiladi. Voyaga yetgan baqa o’pka va teri orqali nafas oladi. o’pkalarning bir juft ingichka devori chuqurchali xaltachadan iborat. Teri orqali nafas olish juda kuchli. Baqalarning terisi orqali 51% kislorod olinadi va 86% karbonat angidrid gazi chiqariladi. Nafas yo’llari tashqi burun teshiklari (xoanalari), hiqildoq-traxeya
kamerasi va o’pkadir.

Baqalarning ko’krak qafasi yo’g’ligi sababli nafas olish akti o’ziga xos yo’l bilan o’tadi. Baqa avvalo og’iz bo’shlig’iga havo oladi. Buning uchun og’iz tubini pastga tushirib, burun teshiklarini ochadi. Keyin u burun teshiklarini klapanlar bilan yopadi va og’iz tubini yuqoriga ko’taradi. Keyin havo hiqildoq teshigidan o’pkaga o’tadi.

Baqaning yuragi hamma amfibiyalardagi singari 3 kamerali bo’ladi, 2 ta yurak bo’lmasi va 1 ta yurak qorinchasidan tashkil topgan. Ikkala yurak bo’lmasi qorinchasi bilan 1 ta umumiy teshik orqali tutashadi. O’ng yurak bo’lmasi bilan venoz sinusi tutashadi, yurak qorinchasidan keyin arterial konus joylashadi.

Baqalarning arterial konusidan 3 juft arteriya yoylari chiqadi. Birinchi jufti uyqu arteriyasi deyiladi va arterial qonni bosh qismiga olib boradi. Uyqu arteriyasi arterial konusining qorin tomonidan chiqadi. Ikkinchi jufti chap va o’ng aorta yoylari deyiladi. Bular ham arterial konusning qorin tomonidan chiqadi.

Aorta yoylaridan oldingi oyoqlarga arterial qon olib boruvchi o’mrov osti arteriyalari chiqadi. Chap va o’ng aorta yoylari yurakdan pastroqda o’zaro qo’shilib, toq orqa aortasini hosil qiladi. Orqa aorta hamma ichki organlarni va keyingi oyoqlarini arterial qon bilan ta’minlaydi. Arterial konusning orqa tomonidan o’pka teri arteriyasi chiqadi. Bu o’pka va teri arteriyalariga ajralib shu organlarga tozalash uchun venoz qon olib boradi.

Venoz qon gavdaning keyingi qismidan va orqa oyoqlaridan buyrakning bir juft qopqa venasi bilan bitta qorin venasiga yig’iladi. Buyrakdan chiqqan qon toq keyingi kovak venani hosil qiladi. Keyingi kovak vena, qorin venasi va 1 juft jigar venasi bilan birlashib, vena sinusiga ochiladi. Boshdan venoz qon juft bo’yinturuq venaga, oldingi oyoqlardan juft o’mrov osti venalariga yig’iladi. Bular qo’shilib, juft oldingi kovak venani hosil qiladi va vena sinusiga qo’yiladi. Oldingi kovak venalarga teridan kelgan arterial qon teri venasi bilan qo’shiladi. Shunday qilib, vena sinusiga aralash qon quyiladi. Vena sinusi o’ng yurak bo’lmasiga ochiladi. O’pkalardan toza arterial qon o’pka venasi bilan chap yurak bo’lmasiga quyiladi. Yurak bo’lmalarining qisqarishidan qon umumiy teshik orqali yurak qorinchasiga o’tadi.

Ayirish organlari voyaga yetgan baqalarda tana buyrak – mezonefrosdan iborat. Buyraklardan 1 juft siydik yo’li chiqadi. Siydik pufagi qisqarganda siydik kloakaga chiqariladi. Erkaklarida juft urug’don bo’lsa-da, urug’ chiqarish yo’llari yo’q. Urug’ kanali buyrakning oldingi qismi orqali o’tib, Volf kanaliga quyiladi. Shunday qilib, Volf kanali ham siydik yo’li, ham urug’ yo’li vazifasini bajaradi. Volf kanali kloakaga ochilishdan oldin kengayib, urug’ pufagini hosil qiladi.

Tuxumdonlari ham juft bo’lib, tana bo’shlig’ida joylashadi. Yetilgan tuxum hujayralari tuxum yo’lining og’ziga tushadi. Tuxum yo’llari kloakaga ochiladi.

Baqalarning urug’lanishi tashqi bo’lib, ikralaridan lichinka-itbaliq chiqadi. Lichinkalari faqat suvda yashaydi, jabra bilan nafas oladi. Qon aylanish sistemasi baliqlarni qon aylanish sistemasiga o’xshash. Yon chiziq organi bor, dum suzgich qanoti yordamida suzadi. Keyin lichinka metamorfozga uchrab, uning organlari keskin o’zgaradi. 5 barmoqli oyoqlar hosil bo’ladi, dumlari, yon chiziq organlari yo’qolib ketadi. Jabralari yo’qolib, o’pka rivojlanadi va hokazo.


Download 26.39 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling