13.4. Eksport va import
Jahon bozoridagi tovar ayirboshlash ikkiyoqlama bo‘ladi, bir tovar
sotilsa, boshqasi sotib olinadi. Shu bois jahon bozorida ishtirok etish
eksport-import tusini oladi.
Тovarlar eksporti ularni ishlab chiqarishga nisbatan, tovarlar
importi esa ularni iste’mol etishga nisbatan tezroq o‘sib boradi.
Eksport tovarlarni chet elga chiqarish bo‘lsa, import ularni chet
eldan kiritishdir.
Har bir mamlakatning eksporti va importi uning iqtisodiy
quvvatiga va ixtisoslashuviga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Gollandiya
mahsulotining hajmi AQSHnikidan 22,5 marta kam, lekin uning ishlab
chiqarishi chuqur ixtisoslashgan va eksportga yo‘naltirilgan. Shu bois
Gollandiya mahsulotining 2/3 qismi eksport qilinadi. Bu dunyodagi
yuqori ko‘rsatkichdir. Vaholanki, Gollandiya jon boshiga mahsulot
ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 12-o‘rinda turadi.
Iqtisodi rivojlangan mamlakatlarning eksporti ko‘p va u asosan
tayyor sanoat mahsulotlaridan iborat. Kam rivojlangan mamlakatlarda
eksportning o‘zi oz, agar katta bo‘lsa ham baribir xomashyo va
butlovchi qismlardan iborat bo‘ladi. Ular importida tayyor mahsulot,
hatto oziq-ovqatning hissasi katta bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |