Dasturning mazmuni


Mol-mulkni davlat daromadiga o’tkazish to’g’risidagi qarorlarni bajarish va ularni hisobga olish tartibi


Download 1.98 Mb.
bet100/250
Sana05.01.2022
Hajmi1.98 Mb.
#211622
1   ...   96   97   98   99   100   101   102   103   ...   250
Bog'liq
06 Маъруза матни 50та мавзу тулик

2. Mol-mulkni davlat daromadiga o’tkazish to’g’risidagi qarorlarni bajarish va ularni hisobga olish tartibi.

Sud ijrochisi sudning yoki uni bergan boshqa vakolatli organning ijro hujjatini bajarish uchun qabul qilib olishi va qonun hujjatlariga muvofiq unga ijro hujjati kelib tushgan kundan boshlab uch kundan kechikmay ijro ishi qo’zg’ash to’g’risidagi masalani hal etishi kerak.

Ijro hujjati qabul qilingandan keyin sud ijrochisi ijro hujjatining "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi, shu jumladan, “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda nazarda tutilgan ilova qilinadigan materiallar mavjudligini tekshiradi.

Ijro hujjati qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo’lmagan taqdirda, shu jumladan, ijro hujjatiga ilova qilinadigan materiallar mavjud bo’lmaganda yoki ular belgilangan talablarga muvofiq bo’lmaganda, sud ijrochisi o’z qarori bilan ijro hujjatini qo’yilgan talablarni bartaraf etish uchun qaytaradi.

Ijro ishi qo’zg’atilgandan keyin sud ijrochisi o’zida saqlanayotgan mol-mulk ro’yxatini tuzadi, ushbu mol-mulk shu paytdan boshlab uning ixtiyoriga o’tadi.

Mol-mulk ro’yxati tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma sud ijrochisi, mol-mulkni olib qo’ygan organning mansabdor shaxsi, shuningdek mol-mulkning saqlanishi uchun javobgar bo’lgan shaxs tomonidan imzolanadi.

Ro’yxatga olish davomida mol-mulkni o’zlashtirish, uning kamomadi, uni yashirish, yo’q qilish, unga shikast yetkazish holatlari, mol-mulk nomi, miqdori, sifati, qiymat ko’rsatkichlarida, shuningdek olib qo’yish to’g’risidagi dalolatnomada, ekspertning xulosasida, baholash to’g’risidagi xulosasida, mol-mulkni baholash to’g’risidagi dalolatnomada va saqlash uchun qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko’rsatilgandan farqlar aniqlangan taqdirda sud ijrochisi bu haqda guvohlar ishtirokida uch nusxada dalolatnoma tuzadi va keyingi kundan kechikmay ijro hujjati nusxasini dalolatnomaning bir nusxasini ilova qilgan holda aniqlangan kamchiliklarni ko’rsatgan holda sudga yoki uni bergan vakolatli organga yuboradi. Bir vaqtning o’zida sud ijrochisi sud ijrochisi joylashgan joy bo’yicha tegishli tuman (shahar)ning prokuroriga aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora-tadbirlar ko’rish uchun dalolatnomaning ikkinchi nusxasini ilova qilgan holda maxsus bildirishnomani yuboradi.

Sud ijrochisi tasarrufiga o’tadigan qimmatbaho metallar va toshlarning ro’yxatini tuzishda, qimmatbaho metallar va toshlarni sud ijrochisiga berish sanasida ularning qiymatini qayta baholash amalga oshiriladi. Qayta baholash O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan shkala bo’yicha ichki bozorda olib qo’yilgan va davlat daromadiga o’tkazilgan qimmatbaho metallar va toshlar qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Qayta baholash sud ijrochilari, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi, soliq va moliya organlari vakillarining majburiy ishtirokida qimmatbaho buyumlar qiymatini qayta baholash dalolatnomasini tuzgan holda o’n kun muddatda amalga oshiriladi. Qayta baholangan qiymatdan sud ijrochisi qimmatbaho metallar va toshlarni sotish yuzasidan shartnomalar tuzish uchun foydalanadi.

Sud ijrochisi ijro hujjati bajarilgunga qadar mol-mulk (qimmatbaho metallar va toshlardan tashqari) saqlanadigan joyni o’zgartirishga haqlidir. Bunda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnoma sud ijrochisi, mol-mulkni olib qo’ygan organning mansabdor shaxsi, mol-mulk saqlanishi uchun javobgar bo’lgan shaxs, mol-mulk saqlanishi uchun javobgar etib yangidan tayinlangan shaxs tomonidan imzolanadi.

Mol-mulkni saqlash joyi ro’yxat tuzish bilan bir vaqtda o’zgargan taqdirda faqat qabul qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi, unda mol-mulkning ro’yxati aks ettiriladi.

Davlat daromadiga o’tkazilgan mol-mulkni sotish, avtomototransport vositalari va ko’chmas mulkdan tashqari, shartnoma-vositachilik asosida yoxud kimoshdi savdosi shartlarida amalga oshiriladi.

Avtomototransport vositalari va ko’chmas mulk qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ixtisoslashtirilgan ochiq kimoshdi savdolarida sotiladi.

Mol-mulkni sotish O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda o’tkaziladigan tanlov asosida savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Zaxiralarni shakllantirish uchun beriladigan oziq-ovqat tovarlarini saqlash Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli qarorlari asosida tanlov asosida belgilanadigan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Savdo tashkilotlarini aniqlashda ularning ixtisoslashuvi, joylashgan joyi va iste’molchi uchun borish oson bo’lishi (viloyat va tuman (shahar) markazlari, bozorlar va boshqalar), tegishli omborxona binolari va uskunalarning mavjudligi, avvalgi faoliyatida belgilangan savdo faoliyati qoidalarini buzish holatlariga yo’l qo’yilmaganligi va boshqalar hisobga olinadi.

Mol-mulkni sotish bo’yicha xizmatlar ko’rsatish yuzasidan shartnomalar ushbu savdo tashkilotlari bilan Sud departamentining hududiy boshqarmalari tomonidan tuziladi.

Mol-mulkni sotish xizmatlari ko’rsatish yuzasidan shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirishda mazkur shartnoma shartlariga rioya etish va mol-mulkni sotish tartibi buzilishiga yo’l qo’yilmaganligi ham hisobga olinadi.

Sotilishi uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) yoxud sotish yoki saqlash uchun maxsus shart-sharoitlar talab qilinadigan mol-mulkning ayrim turlari (qimmatbaho metallar va toshlar, yoqilg’i-moylash materiallari, boshqa neft mahsulotlari va hokazolar) Sud departamentining hududiy boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tanlov o’tkazilmasdan sotish uchun tegishli tashkilotlarga berilishi mumkin.

Istisno hollarda davlat daromadiga o’tkazilgan mol-mulk sotilguniga qadar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bo’yicha davlat organlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish uchun ularga tekin berilishi mumkin.

Sotiladigan mol-mulk ijro ishini yurituvchi sud ijrochilari tomonidan tovarga ilova qilinadigan yukxati bilan birgalikda savdo tashkilotlariga beriladi. Ijro hujjatlarining o’z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun mol-mulk uning miqdoridan, hajmidan va tez sotilishi imkoniyatlaridan kelib chiqib, bir vaqtning o’zida sotish uchun bir nechta savdo tashkilotlariga berilishi mumkin.

Savdo tashkilotlariga mol-mulkni uning butun qiymati to’langunga qadar xaridorlarga berish, shuningdek mol-mulkni to’lovni kechiktirish (bo’lib-bo’lib to’lash) sharti bilan sotish taqiqlanadi.

Shartnoma shartlariga rioya etilishi, shuningdek mol-mulk sotilishi tartibini nazorat qilish tegishli sud ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. SHartnoma shartlari va mol-mulkni sotish tartibi buzilgan taqdirda tegishli sud ijrochisi mol-mulkni uni sotish yuzasidan xizmatlar ko’rsatishga shartnoma tuzilgan boshqa savdo tashkilotiga berishga haqlidir.

Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni sotayotgan savdo tashkiloti tomonidan savdo faoliyatini amalga oshirishning belgilangan qoidalarini buzish hollari aniqlanganda nazorat qiluvchi organlar unga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan choralarni ko’radi, shuningdek ushbu holat to’g’risida sud ijrochisini majburiy tartibda xabardor qiladi.

Savdo tashkilotlari o’zining mol-mulkni qabul qilib olish va sotish bilan bog’liq xarajatlarini qoplash uchun shartnomada belgilangan, biroq sotilgan mol-mulk qiymatining 10 foizidan ortiq bo’lmagan sotilgan mol-mulk savdo chegirmasini o’z foydasiga ushlab qoladilar.

Savdo tashkiloti tomonidan qabul qilingan mol-mulkka (narxi pasaytirilmaydigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan davlat daromadiga o’tkazilgan zargarlik buyumlaridan tashqari) talab bo’lmasa va 30 kun mobaynida belgilangan narxda sotilmasa, savdo tashkiloti bu haqda sud ijrochisini yozma ravishda xabardor qiladi, shuningdek sud ijrochisi, moliya va soliq organlari vakillari ishtirokida uning qiymatini 10 foizdan ortiq bo’lmagan miqdorda arzonlashtiradi. Ayni bir vaqtda mol-mulk sotilganligi uchun savdo tashkilotiga tegishli bo’lgan savdo chegirmasi summasi qayta hisob-kitob qilinadi. Arzonlashtirish to’g’risida maxsus shakl bo’yicha dalolatnoma tuziladi, uning nusxasi moliya, soliq organlariga va ushbu mulkni olib qo’ygan vakolatli organlarga beriladi.

Arzonlashtirilgandan keyin mol-mulk sotilmagan taqdirda mol-mulk yuqorida ko’zda tutilgan tartibda yana arzonlashtirilishi va “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq sotilguniga qadar sotuvga qo’yilishi kerak.

Davlat daromadiga o’tkazilgan sotuvdagi mol-mulkning yaroqlilik muddati tamom bo’lgandan keyin savdo tashkiloti sud ijrochisiga tegishli bildirishnoma yuboradi. Sud ijrochisi yaroqlilik muddati tamom bo’lgan mol-mulkni yo’q qilib tashlash to’g’risida qaror qabul qilish uchun uch kun mobaynida sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organga murojaat qiladi. Sud yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ sud ijrochisining ko’rsatib o’tilgan murojaatini ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o’zgartirish tartibida ko’rib chiqadi.

Sotish uchun savdo tashkilotlariga beriladigan barcha buyumlar muvofiqlik sertifikatlari (sertifikatlanishi shart bo’lgan tovarlar bo’yicha) va ro’yxatga olish dalolatnomasida yoki qabul qilish-topshirish dalolatnomasida nazarda tutilgan tartib raqamlari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’lumotlar ko’rsatilgan holda savdo tashkilotining tovar yorliqlari bilan ta’minlanishi kerak.

Buyumlarni juz’iy ta’mirlash, tozalash, tekislash ularni sotish uchun qabul qilib olgan savdo tashkilotlari hisobiga amalga oshiriladi.

Davlat daromadiga o’tkazilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari ularni sotish huquqiga ega bo’lgan ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari orqali sotiladi.

Davlat daromadiga o’tkazilgan qo’shimcha restavratsiya qilish talab qilinadigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan davlat korxonalari tomonidan sotiladi.

Diniy madaniyatga tegishli buyumlar (tarixiy, badiiy, ilmiy va boshqa madaniy qimmatga ega bo’lgan, shuningdek tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar bo’lgan buyumlardan tashqari) keyinchalik dalolatnoma bo’yicha diniy tashkilotlarga tekin berish uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitaga beriladi.


O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining xazina majburiyatlari va yuridik shaxslar uchun obligatsiyalari O’zbekiston respublika valyuta birjasi depozitariysida Sud departamentining depo hisob raqamida hisobga olinadi. Ushbu qimmatli qog’ozlar belgilangan tartibda O’zbekiston respublika valyuta birjasida sotiladi.

O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining jismoniy shaxslar uchun obligatsiyalari ko’rsatib o’tilgan obligatsiyalar bilan operatsiyalar xizmat ko’rsatish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan shartnoma tuzgan banklarga keyinchalik ular emitent tomonidan qaytarilishi uchun beriladi.

Depozit sertifikatlar va cheklar ular bo’yicha summani Sud departamenti organining depozit hisob raqamiga o’tkazish uchun tegishli bank muassasalariga beriladi.

Aktsiyalar va korporativ obligatsiyalar fond birjasi yoki qimmatli qog’ozlarning tashkil etilgan birjadan tashqari bozorlari orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotiladi.

Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarajat operatsiyalari to’xtatib qo’yilgan bank hisob raqamlaridagi pul mablag’lari sud ijrochilari tegishli bo’limlarining mazkur Nizomning 53-bandiga muvofiq ochiladigan maxsus hisob raqamlariga o’tkaziladi. Bunda bank hisob raqamlaridagi xorijiy valyutadagi pul mablag’lari ko’rsatib o’tilgan bank hisob raqamlariga xizmat ko’rsatuvchi tijorat bankiga sotish kunidagi kurs bo’yicha sotiladi, keyinchalik milliy valyutaga konvertatsiya qilingan pul mablag’lari sud ijrochilari tegishli bo’limlarining maxsus hisob raqamlariga o’tkaziladi.

Surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud davomida olib qo’yilgan va surishtiruv, tergov va sud organlarining depozit hisob raqamlaridagi pul mablag’lari ijro hujjati berilgan kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay ko’rsatib o’tilgan organlar tomonidan sud ijrochilari bo’limlarining “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq ochiladigan maxsus hisob raqamlariga o’tkazilishi kerak.

Pochta markalari, shu jumladan, kollektsiya qilinadigan markalar haqi olinib pochta aloqasi tashkilotlariga beriladi.

Kitoblar, tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga va boshqa madaniy qimmatga ega bo’lgan kitoblardan tashqari, haqi olinib kitob savdosi tashkilotlariga beriladi. Agar kitoblar “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda belgilangan tartibda sotilmagan taqdirda, ular chiqindi qog’ozlarni qabul qilish uchun belgilangan narxlar bo’yicha ikkilamchi xom ashyoni yig’ish va to’plash bilan shug’ullanadigan tashkilotlarga to’lov evaziga o’tkaziladi.

Tarixiy, ilmiy, badiiy va boshqa madaniy qimmatga ega bo’lgan mol-mulk (tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar bo’lganlaridan tashqari) keyinchalik dalolatnoma bo’yicha davlat muzeylari va ilmiy muassasalarga tekin berish uchun O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining hududiy bo’linmalariga tekin beriladi.

Davlat daromadiga o’tkazilgan, tarixiy, ilmiy, badiiy va boshqa madaniy qimmatga ega bo’lgan mol-mulk O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga mas’uliyatli saqlashga tekin beriladi.

Qishloq xo’jaligi mashinalari ixtisoslashtirilgan savdo tashkilotlari tomonidan o’tkaziladigan ochiq kimoshdi savdolarida sotiladi.

Mahsuldor mollar va ish mollari, asalari oilasi, yem-xashak, mineral o’g’itlar va pestitsidlar ixtisoslashtirilgan tashkilotlar orqali sotiladi.

Zaxiralarni shakllantirish uchun zarur bo’lgan oziq-ovqat tovarlari pulli asosda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga beriladi. Ushbu tovarlar faqat Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qaroriga ko’ra tovarlarning saqlanish muddatlaridan va bozordagi ehtiyoj mavjudligidan kelib chiqqan holda sotiladi.

Jun, bo’rdoqi mollar, parrandalar, quyonlar, don, kanop va zig’ir tolasi hamda boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar orqali sotiladi.

Teri, momiq-mo’yna va qorako’l xom ashyosi ularni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga to’lov evaziga beriladi.

Ko’p yillik dov-daraxtlar (bog’, poliz o’simliklari) hokimliklarga tekin beriladi.

Foydalanib bo’lmaydigan qora va rangli metallardan yasalgan buyumlar, shuningdek metall parchalari va ushbu metallarning chiqindilari to’lov evaziga qora va rangli metallar parchalari va chiqindilarini yig’ish bilan shug’ullanuvchi korxonalar va tashkilotlarga beriladi.

Dastgohlar va boshqa ishlab chiqarish asbob-uskunalari, shuningdek tovarlar va mahsulotlar hamda shu kabilarni ishlab chiqaruvchi kichik zavodlar, liniyalarni sotish belgilangan tartibda kimoshdi savdolarida amalga oshiriladi.

Dastlabki qayta ishlanmasdan savdo tarmog’i orqali sotilishi mumkin bo’lmagan buyumlar tegishli korxonalarga keyinchalik qayta ishlash uchun sotiladi, “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda sanab o’tilganlar bundan mustasno.

Foydalanilishi yoki sotilishi mumkin bo’lmagan buyumlar, shuningdek makulatura va ikkilamchi xom ashyoning boshqa turlari ikkilamchi xom ashyoni yig’ish va qayta ishlash bilan shug’ullanuvchi tegishli tashkilotlarga sotiladi, “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda sanab o’tilganlar bundan mustasno.

Yo’q qilib tashlash haqidagi ijro hujjati berilgan mol-mulk sud ijrochisi tomonidan “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda belgilangan tartibda yo’q qilib tashlanadi.

Qurol-yarog’, o’q-dorilar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan yo’q qilinadi.

Mol-mulkning sud ijrochilari, Sud departamenti, soliq, moliya, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya, Milliy xavfsizlik xizmati organlari xodimlari, ekspertizani amalga oshirgan mutaxassislar, baholovchi tashkilot xodimlari, shuningdek ushbu mol-mulkni sotuvchi ixtisoslashtirilgan savdo va rieltorlik tashkilotlari xodimlari tomonidan sotib olinishi taqiqlanadi.

Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni va ularni sotishdan olinadigan pul mablag’larini hisobga olish sud ijrochilari tomonidan “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq shakl bo’yicha (davlat daromadiga o’tkaziladigan qimmatbaho metallar va toshlarni alohida satrda ajratgan holda) yuritiladi.



Download 1.98 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   96   97   98   99   100   101   102   103   ...   250




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling