Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


NAZAR ESHONQUL REALIZMI HAQIDA AYRIM MULOHAZALAR


Download 0.93 Mb.
bet8/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

NAZAR ESHONQUL REALIZMI HAQIDA AYRIM MULOHAZALAR




D.QURONOV,

ADU professori


Nazar Eshonqul haqida gap ketsa, eng avval uni modernist adib sifatida tasavvur qilinadi, “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” singari hikoyalari tilga olinadi. Holbuki, uning an’anaviy realistik yo‘sinda yozilgan asarlari ham talaygina bo‘lib, ularda adibning “dastxati” – o‘ziga xos iste’dod nafasi yaqqol sezilib turadi. Adibning bu nav hikoyalarida aksar favqulodda chigal voqealar asosiga qurilgan syujet vositasida g‘oyat murakkab taqdirlar aks ettiriladiki, kimlargadir biroz orttirib yuborilgan, tabiiyki, realizmdan yiroq ko‘rinsa va “realistik bo‘lmagach, modernistik degani shudir-da” qabilidagi xulosaga olib kelsa ham ehtimol. Yana ularda ko‘pincha hikoya qilinayotgan voqea emas, hikoya qilish jarayonining o‘ziga ustuvorroq ahamiyat berilganki, bu ham ko‘proq syujeti izchil va chiziqli rivojlanuvchi asarlarni o‘qib o‘rgangan o‘quvchilarga “modernistik” bo‘lib ko‘rinsa, ajablanarli emas. Shunga o‘xshash tasavvurlar uyg‘otgani bilan, bizningcha, ularni tom ma’noda realistik, ayrimlarini esa, hatto, biz bilgan realizmning yuqoriroq bosqichidagi hodisa sanalgani to‘g‘riroq bo‘ladi. Darvoqe, ayrimlari deganda men “Qultoy”, “Bepoyon osmon” hikoyalarini nazarda tutyapman, bundan keyingi gaplarim ham bevosita shu hikoyalarga taalluqli bo‘ladi.


Suhbatlaridan birida yozuvchi aytadiki: “Shaxsan men adabiyotni falsafa deb bilaman. Insonlar bilan gaplashish vositasiga aylangan falsafa. Albatta, faylasuflar gaplashadigan falsafa emas, odamlar bilan birgalikda muhokama qilinadigan, ramzlar, badiiy so‘z va vositalar orqali muhokama qilinadigan falsafa deb bilaman”26. Adib “falsafa” deganining ma’nosini sharhlab, uni taqriban “olamu odam haqida o‘ylar” degan umumiy mahrajga keltiradi. Darhaqiqat, N.Eshonqulning hikoyalarida olamu odam mohiyati va taqdiri haqida “gaplashiladi”ki, men buni “tasvirlamoq”, “aks ettirmoq” singari amallardan farqlagan bo‘lar edim. Xuddi shu o‘rinda yuqorida aytganim hikoya qilishning o‘ziga ustuvor ahamiyat berilishining nima ekanini oydinlashtirib o‘tish zarur.
“Qultoy”ning fabula voqealari olinsa, ular g‘oyat qisqa: Arzihol chavandozga aldanib qoldi – ota sirni yashirish uchun bolani opasiga asrandi qilib topshirdi – Arzixol opaning xonadonida hammadan dakki yeb cho‘ri maqomida yashab o‘tdi – Uljoy o‘zi ham hamma qatori xorlab kelgan ayol tuqqan onasi ekanini uning o‘limidan keyingina bildi. Hikoyada qalamga olingan voqea shugina. Avvalo, shu kabi voqeaning hayotda bo‘lishi mumkin ekanligiga zararcha ham shubha tug‘ilmaydi, ya’ni bu yerda realizmning hayotga monandlik prinsipi to‘la amal qilgan. Endi shu voqeaning adabiyot orqali – “insonlar bilan gaplashish vositasiga aylangan falsafa” o‘laroq taqdim etilishiga, ya’ni yuqorida sanalgan voqealarning quruq silsilasi qay tarzda adabiyotga do‘nishiga diqqat qilmoq kerak.
Adib mazkur voqealar haqida hali gap ochmasidanoq o‘zi “gaplashish”ga chog‘langan o‘quvchi xayolini “Nega? Nima uchun?” degan savollar bilan band etadi – Uljonning qaynilari tomonidan kaltaklanishini tasvirlaydi. Albatta, eng avval “nega kaltaklashdi?” savoli qalqib chiqadi, biroq sal xushyorroqki o‘quvchi boshqa narsaga – “mittigina jussasi” bilan Uljonni qamchilardan pana qilmoqqa chog‘langan Arzixolning fidoyiligiga e’tibor qiladi: “Nega?” Shuning ortidanoq o‘sha damda Uljonning “achimsiq ter va o‘ziga juda tanish bo‘lgan ko‘krak hidini” tuygani, uning “dimog‘ida qachon va qanday o‘rnashib qolganini anglolmay”, “beixtiyor xuddi emayotgandek tamshangani” aytiladi – o‘quvchi haqiqatni taxminlaydi. Lekin taxminini Uljonning maymoq ayolga munosabati – undan oshkora jirkanishiyu ayovsiz savalashlari yo‘qqa chiqaradi: “Taxminimcha bo‘lsa, bunchalikka bormas-e?!” – degan ishtiboh tug‘iladi unda...

26 https://kun.uz/news/2019/03/30/camimiyat-va-ozaro-yaxlitlikning-yoqligi-eng-katta-muammomiz
(Qarang, yozuvchining adabiyotni “gaplashish” vositasi deganicha bor ekanmi?! Shunday, yaxshi gurung beradigan odam davrani o‘ziga tamom bog‘lab oladi: davradagilar uni butun vujudi quloq bo‘lib tinglaydilar, gapning shayini qay tomon ketayotganini fahmlab olishga, nimalarnidir kutib, kutganidek bo‘lib chiqsa o‘ziga, chiqmay qolsa “o‘ bachag‘ar-ey” deya gurungchiga qoyil bo‘lib o‘tiradilar. Adabiy, aniqrog‘i, adabiy-rivoyaviy asar ham shuning o‘zi – “odamlar bilan birgalikda muhokama qilinadigan, ramzlar, badiiy so‘z va vositalar orqali muhokama qilinadigan falsafa” degani shu-da!)
... hikoyasining boshlanishidayoq o‘ta shiddatli voqea – Uljonning kaltaklanishidan so‘z ochgan yozuvchi, tinglovchi (o‘quvchi)ni og‘ziga qaratib olgach, – Arzihol mitti jussasi bilan o‘g‘li- jiyanining boshini jon-jahdi bilan pana qilishga urinayotgan kadrni ko‘z oldimizda qotirib qo‘ygancha – tafsilotlarga o‘tib ketadi. Mazkur badiiy effektga Uljonning “beixtiyor xuddi emayotgandek tamshangani” ortidanoq “Tamshandi-yu, keyinchalik shu holatini eslab jahli chiqdi, sal bo‘lmasa, ikkita sigirning oyog‘ini gavroni bilan urib sindirayozdi” deyish bilan erishiladi. Ya’ni jumlalar ketma-ket berilgani bilan, ularda ifodalangan harakatning sodir bo‘lish vaqti ketma-ket emas. Agar buni birinchi tafsilot deb olsak, ikkinchisi uni kuchlab tushadi: “Ikki-uch oydan keyin xotini uyga qaytib, bolasini emizib turganini ko‘rdi-da, yana o‘sha hid esiga tushdi. Bu hid juda tanish, shu bilan birga notanish edi. Qisir sigirdan farqi yo‘q, bir maymoq to‘qolning ko‘krak hidi o‘ziga tanish bo‘lishi g‘azabini keltirdi va otasidan o‘rgangan odatini qildi: podaga qo‘shish uchun sigirni yetaklab chiqqan Arzixolninng yelkasiga alam bilan gavron tushirdi”. Sirtdan qaraganda, bu tafsilotlar o‘quvchini “Arzixol xoynahoy Uljonning onasi chiqar-ov” degan o‘yidan chalg‘itishi kerakdek. Sirasi, Uljon “maymoq to‘qolning ko‘krak hidi” o‘ziga tanish ekanligidan g‘azablanayotgani ham bu o‘yni rad etadigandek. Buning ustiga, yozuvchi Uljonning g‘azabini “otasidan o‘rgangan odat”, otasi Rajab cho‘pon shunaqa “odamovi va qahri qattiq odam edi. Unga mol bilan odamning farqi yo‘q, kim jahlini chiqarsa, uzun gavroni bilan tushirib qolar” edi deb tursa. Otasini tilga olish asnosi “garchi pushti kamaridan tushgan farzandi bo‘lmasa ham” deya yana bir muhim tafsilot – Uljonning asrandi ekani qayd etiladi, haligi taxminga jon kirib, o‘quvchi yana ikkilanganicha qolaveradi...
(Qarang, roviy “gaplashish”ning xo‘b hadisini olgan: o‘quvchining xayol-xotirini parmalab

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling