Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet7/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

JAVOB IZLAYOTGAN ODAMLAR




Yo‘ldosh SOLIJONOV, filologiya fanlari doktori, professor, FarDU

Iste’dodli yozuvchi Nazar Eshonqul hozirgi o‘zbek adabiyotida dunyo adabiyotining eng ilg‘or va zamonaviy fazilatlarini ijodiy o‘zlashtirayotgan va buyuk Sharq adabiyoti an’analari bilan muvaffaqiyatli sintezlashtirayotgan mohir san’atkorlardan biridir. Shu boisdan jahon adabiyotidagi ong oqimi asosida yaratilgan asarlar mutolaasidan keyin o‘zbek adibi Nazar Eshonqulning qissa hamda hikoyalarini o‘qish g‘oyat maroqlidir. Chunki avval tushunmagan, anglab yetmagan narsalarni ular bilan o‘zaro taqqoslab, mag‘zini chaqish oson kechadi. Buning boisi shundaki, N.Eshonqulning o‘zi ko‘proq Gʻarb adabiyoti namunalarini mutolaa qiladi, ularning o‘ziga xos fazilatlarini chuqur o‘zlashtirib, ijodida unumli foydalanishga urinadi.


Nazarimda, Jeyms Joys, Marsel Prust, Samyuel Bekket, Frans Kafka, Jorj Oruell, Alber Kamyu, Jan Pol Sartr kabilar uning eng ko‘p o‘qiydigan va o‘rganadigan suyukli adiblaridir.25 Yozuvchi ulardan yangi ifoda vositalarini, inson ichki olamini tadqiq etishning yangicha usullarini o‘rganadi, voqelik hamda qahramonlar xatti-harakatlarini tabiiy va teran aks ettirishning Gʻarb modern adabiyotiga xos so‘z, ibora, nutq qurilishi va badiiy tasvir imkoniyatlaridan samarali foydalanadi.
Gʻarb adabiyotiga xos “ong oqimi” yo‘nalishida ijod qiluvchi adiblar inson qalbida yuz bergan ziddiyatli holatlarni butun murakkabligi, evrilishlari bilan o‘zini o‘zi tadqiq qilish uchun bayon yo‘nalishini qahramoniga topshiradi. Bunda badiiy nutqning muhim shakllaridan biri ichki monolog asosiy o‘rin tutadi. Nazar Eshonqul ham ijodda asosan shu yo‘ldan bormoqda. Biroq muallif ifodalayotgan voqeasi, qahramonlari o‘zbek ekanligini mutlaqo unutmaydi. Chunki yozuvchi personajlari butunlay o‘zbekcha fikrlaydi, masalani o‘zbekona hal qiladi.
Gʻarb adabiyoti uchun muhim hisoblangan “xaos” – ya’ni hayotdagi tartibsizliklar, chigalliklarni, insonni qurshab olgan zulmatni ko‘proq ifodalash Nazar Eshonqul asarlariga

25 Qarang: Nazar Eshonqul mutolaa qiladi. “Tafakkur” jurnali, № 2, 2009.
xos xususiyatdir. Biroq Gʻarb an’analaridan farqli ravishda, uning qahramonlari ana shu tartibsizliklar qurshovidan eson-omon chiqish, chigalliklarni oqilona yechish yo‘lini izlaydi, zulmat ichra porlab turgan bir qatim nurga intiladi. Ular o‘ziga “Men kimman? Bu dunyoga nega keldim? Qayoqqa ketyapman? Hayot yo‘lim to‘g‘rimi?” degan savollarni beradi va ularga astoydil javob axtaradilar. Shu ma’noda, N.Eshonqul yaratgan qahramonlar galereyasini javob izlayotgan odamlar deb atash o‘rinlidir. Ularning ayrimlari savollariga javob topadi (masalan, Muazzam, Bayda momo), ba’zilari esa hayot chigalliklari girdobida qolib ketadi (Normat, “Tun panjaralari” va “Qora kitob” qissalarining hikoyachilari).
Nazar Eshonqul biron bir qahramonining xatti-harakatiga aralashmaydi, ularning o‘ylashiga xalaqit bermaydi, qarori va qilmishlarini muhokama qilmaydi. Iloji boricha, ularni o‘z holiga qo‘yadi. Qaltis vaziyatda qabul qilingan xulosalari, amalga oshirgan harakatlari bilan ba’zan o‘zlarini noqulay ahvolga solib qo‘yganlarida ham muallif xolis pozisiyada qoladi. Faqat uning qarshisidagi personajni “yordam”ga chaqirib, unga ko‘zgu tutadi. Bu jihatdan, “Urush odamlari” qissasidagi Biydi momo, Sharif chavandoz, “Momoqo‘shiq”dagi Otaqul, Shamsi Solihlarning psixofiziologik qiyofalari esda qolarlidir. Ularning yordami foydali yo zararli ekanligi o‘quvchi hukmiga havola qilinadi.
Yozuvchi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir personajning ko‘ngliga qarab ish tutadi. Ko‘ngil esa podsho, odam uning qulidir. Ko‘ngli buyurganini qilib, or-nomusning yuziga tupurgan Mallaboy o‘z ixtiyori bilan hisobchiga tegib ketgan xotinini uyiga yetaklab keladi. Ko‘ngil istagiga qarshi borolmagan Mirzaqul qaltis vaziyatda Anziratdan uzr so‘ragani boradi va Normatning o‘qidan halok bo‘ladi. Ko‘ngil ko‘chasiga kirgan Muazzam sal bo‘lmasa suyukli eri va o‘g‘lini tashlab Shamsi Solih bilan shaharga ketvoray deydi. Yana o‘sha ko‘ngil uni bu qaltis harakatdan asrab qoladi. Bayda momoning ko‘ngli yigirma uch yil mobaynida eri va o‘g‘li uchun qizil faol Zamon otboqardan qasos olish o‘ti bilan yondi. Oxiri bolalariga xatna to‘yi e’lon qilgan kuni Zamon otboqarni o‘ldirib, ko‘ngli o‘rniga tushadi.
Nazar Eshonqulning har biri asari o‘z ifoda usuliga egaligi, real hayotdan bezgan, kutgan baxtini topolmagan, cheksiz hasrat va qayg‘u botqog‘iga botgan odamning botiniy dunyosini teran ochish imkoniyatlarining kengligi, qahramonlarning o‘y-fikrlari va xatti-harakatlari o‘ta tabiiy va ishonarli chizilganligi bilan e’tiborni tortadi. Ko‘p asarlaridagi voqealar hikoyachi “men tilidan olib boriladi. Ichki monolog asosiga qurilgan bu asarlarda sirtdan qaralsa, shiddatli voqealar ham, keskin to‘qnashuvlar ham, rang-barang syujet liniyalari va ularning assosiativ rivojlanishi ham uchramaydi. Masalan, “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam”, “Xayol tuzog‘i” asarlari o‘quvchida shunday taassurot qoldiradi. Biroq bir tekis davom etuvchi bu ichki monolog mutolaasidan so‘ng kitobxon qalbida ham qandaydir iliqlik, evrilish, xayrixohlik, ham kuchli iztirob paydo bo‘ladi. Avvalo, bu asarlarni bir o‘qishda tushunish va qabul qilish oson emas.
“Qora kitob” qissasida hikoyachi “men” bir paytning o‘zida uch xil qiyofada namoyon bo‘ladi: u – jinoyatchi; u – jabrdiyda; u – hakam. Jinoyatchi sifatida (qizining jismoniy, o‘g‘illarining ma’naviy qotili) iloji boricha qilmishlarini xaspo‘shlashga, tergovchini chalg‘itishga, o‘zini oqlashga urinadi. Jabrdiyda esa jim, uni ko‘proq vijdon azobi qiynaydi. Hakam qiyofasida namoyon bo‘lgan “men” odil, haqiqatgo‘y kimsa sifatida jinoyatchining nayranglarini fosh qiladi, adolatli va shafqatsiz hukm chiqaradi. Ushbu qissa absurd odamning bema’ni hayot, unda yashashning mantiqsizligi to‘g‘risidagi nafas olmay aytilgan uzluksiz monologidan iborat. Shu boisdan matn abzaslar bilan ham ajratilmaydi. Bu monolog baxt va baxtsizlik orasida sarson yashagan, ammo baxtiga erisholmay hayotdan to‘ygan, Iblis bilan oshno tutinib adashgan odamning hayqirig‘i, oh-nolasi, tavba-tazarrusidir.
Xullas, Nazar Eshonqul o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyotining jahon arenasiga ko‘tarilishiga munosib hissa qo‘shayotgan adib sifatida qadrlidir.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling