Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
qaramay, hikoya voqeasining ham, ishtirokchilarining ham chinakam hayotiy ekaniga ishonamiz. Sababi, adib o‘zi hikoya qilib berayotgan voqeani ikir-chikirlarigacha biladi, qahramonlari ongiyu qalbida kechib turgan jarayonlarni chuqur his qiladi, ularning o‘ylarini ongida, hislarini ko‘nglida kechiradi – o‘zi voqea ichida yashaydi, voqeani ichida yashatadi. Ya’ni ijod onlarida uning timsolida shaxs va san’atkor bir butunlikka uyg‘un birlashganki, asl san’atga doxil asar ayni shunday sharoitda yaraladi...)
Yuqorida N.Eshonqul ko‘proq modernchi yozuvchi sifatida tanilganini aytib o‘tdim. Talabalar bilan ishlash davomida kuzatishimcha, “modernchi” sanalgani uchun ko‘pchilik uni ko‘proq Gʻarb adabiyoti yo‘lidan yurayotgan adib sifatida tanirkan. Silliqlab nima qildik, 25- 30 yillar narida yozilgan maqolalardagi ayrim fikrlarni dastak qilib olganlari ochiqchasiga “Gʻarb taqldichisi” deyishlari ham bor gap. Holbuki, bahs qizig‘ida – “adabiyotimiz an’anaviy yo‘ldan borgani ma’qulmi yo moderncha yo‘ldanmi?” degan masala kun tartibida g‘oyat keskin bo‘lib turgan vaqtda o‘rtaga tushgan fikrlar hozir qayta ko‘rib chiqishga muhtoj. Hartugul, kamina shunday deb o‘ylayman. Aslida, N.Eshonqul ijodi milliy adabiy-madaniy an’anaga juda chuqur ildiz otgan. Faqat, bu narsa bir qarashdayoq ko‘zga tashlanadigan, masalan, stilizasiya darajasidagi mushtaraklikdan ancha chuqurroqda yotadi. Deylik, Uljon sizga dostonu ertaklardagi pahlavonlarni eslatmaydimi? Qaysiki, halol kurashda aslo yengib bo‘lmaydigan, lekin bir siri borki, o‘shani bilib olgan odamga muqarrar yengiladigan pahlavonlarni. Shunday, faqat dostonu ertaklardan farqli jihati – Uljonning “nozik joyi” realistik talqin qilingan: “chap oyog‘ini qirning ustida bo‘ri g‘ajib, quvvatsiz bo‘lib qolgan”. O‘sha sirni xotinining “gullab qo‘yishi”ni oling. Bu ham xalq ijodida keng ommalashgan syujet motivi emasmi?! Shunga o‘xshash, xalq og‘zaki ijodida o‘zini tanitmasdan shahzoda o‘g‘liga xizmatkor bo‘lib yurgan ona motivi ham turli variantlarda talqin qilingan. Xullas, adib ijodining bu tomonlari hali maxsus tadqiq etilishi kerak, zero, busiz unga ob’yektiv ilmiy baho berish mushkul. Yana bir muhim jihati, ona bilan o‘g‘ilning topishishiyu murod-maqsadlariga yetishidan so‘zlovchi an’anadan farq qilaroq, “Qultoy”da baxtli yakun yo‘q. Aksincha, Uljon ruhiyatidagi g‘oyat ziddiyatli jarayonlar, garchi ularga ishora qilish bilan kifoyalanilgan bo‘lsa-da, to Arzixolning o‘limiga qadar ham yechimini topmaydi. Ziddiyat shuki, Uljon ich-ichida (ong ostida) “ko‘krak hidi” o‘ziga tanish ekanligini his qiladi, lekin “bir maymoq to‘qolning ko‘krak hidi o‘ziga tanish bo‘lishi g‘azabini keltiradi”. Zero, Uljon esini taniganidan boshlab “tovon-u barmoqlari birlashib ketgan mayib oyoqlar bilan tug‘ilgani va ayni shu nuqsoni” hamda, garchi aytilmasa-da, shu holiga yana o‘zini boshqa qizlardek bo‘lishga yanglish haqli bilib qilgan “gunohi” uchun atrofidagi “sog‘lom va nuqsonsiz”, BEGUNOH odamlardan xorlik ko‘rib yashayotgan ayoldan o‘zini ixotalashga, uni o‘zidan nari qilishga intilib yashagan. Sababi, go‘dak shuuri eng yaqin odami ekanini his qilib turgan ayolning bu qadar xor qilinishiga dosh berishi mumkin emas – ruhiyati o‘zini himoyalash mexanizmini ishga tushirgan: xotiradagini ong ostiga tushirib yuborgan, o‘zi ham sho‘rlik ayolni xorlab, shu yo‘l bilan instinktiv tarzda o‘sha xotira parchalarini tobora chuqurroqqa quvib yashagan. Tabiiyki, ong ostiga tushib ketdi degani butkul yitib ketdi degani emas. Shu bois ham bobosi haqiqatni aytgach, Uljon “avval qaynilari kaltaklashga kelgan kunda tuygan ko‘krak hidini dimog‘i tagida tuydi, keyin bu hid uning allaqachon zulmat qa’riga singib ketgan xotirasini – o‘zining tamshanib emayotganini va o‘ziga ham gunohkorona, ham qo‘rquv bilan boqib turgan yosh va opasining navbatdagi qarg‘ishidan dildirab turgan Arzixolni lip etib yoritib yubordi”. Ko‘rib turganimizdek, Uljonning Arzixolga munosabati – go‘dak ruhiyatiga yetkazilgan og‘ir jarohat (psixik travma) oqibati, qahramon ruhiyati tahlilida psixoanalitik yondashuv kuzatiladi. Ya’ni xuddi shu nuqtada adib o‘zini modernchi sifatida namoyon etadi. Yuqorida “begunoh” so‘zini katta harflar bilan yozdim – bejiz emas. Hikoya matnida bu so‘z ishlatilmagan, lekin Arzixolning imkon qadar kam tilga olingan “gunohi”ga atrofdagilarning munosabatini ko‘rganda xayolda beixtiyor shu so‘z qalqib chiqadi. Zero, shu bechoraga munosabatda hamma o‘zini MA’SUM, gunohdan mutlaqo forig‘ kabi tutadi, uni ham kechirish mumkin ekani hech kimning loaqal xayoliga kelmaydi. Shubhasiz, or degani – milliy qadriyat, Arzixol aybiga yarasha jazolanishi kerak, lekin uning birgina xatosi uchun butun umr zulm va xorlikka mahkum etilishi qaysi darvozaga sig‘adi? Ha, Arzixol – gunohkor, lekin unga hukm chiqarganlarning qay biri gunohsiz?! Nazarimda matn ostidan shu savol kelib chiqayotgandek va u Iso Masihning mashhur qavli – “Sizlardan kim begunoh bo‘lsa, birinchi bo‘lib unga tosh otsin” degani bilan bog‘lanadigandek, satrlar orasiga shu savol bitib qo‘yilgandek tuyuladi. Aniqrog‘i shu nuqtada postmodernizmga xos intertekstuallik hodisasi kuzatilayotgandek, yozuvchi o‘zini postmodernchi o‘laroq namoyon etayotgandek... (Qarang, sarsop solibroq qarang, bu yerda postmodernizmga xos ikkiyoqlama kodlashtirish tamoyiliga amal qilingan emasmikan? Ya’ni postmodernizm asarda bir paytning o‘zida ham ommaviy, ham xos o‘quvchiga mo‘ljallangan mazmun kodlangan bo‘ladi, deydi-ku – N.Eshonqul ham shu yo‘lni tutganmi deyman-da?! Xullas, bilgichlar astoydil bo‘lsalar, hikoyadan adib o‘zi og‘zining bir chetida “izm” deb ataydigan yuqoridagi hodisalarning yana ko‘plab izlarini topsalar, xayron bo‘lmang.) ... daromadida ikkita hikoyadan so‘z ochgandim-u, ochig‘i, buyog‘iga chog‘im kelmayroq qoldi, shu yerda xulosalasam. Har qancha “izm”larni sanamaylik, azaldan ikkita yo‘nalish – hayotni asliga monand tasvirlovchi realistik va asliga monandlikdan istaganicha chekinuvchi norealistik adabiyot mavjud. Hayotga monandlikni “nusxakashlik” sanab, ikkinchi yo‘nalish olamni badiiy idroklashning yangi-yangi yo‘llarini izlaydi va tarixiy taraqqiyotning har bir bosqichida “haqiqiy adabiyot budir!” deya topganini taqdim etaveradi. Ma’lum vaqt o‘tib ortga o‘girilib qaralsa, kechagina yangi deb qaralgan narsani birinchi yo‘nalish o‘ziga singdirib yuborgan va shu hisobga bir bahya yuqorilagan bo‘ladi. Xullas, badiiy tafakkur taraqqiyoti mohiyatan shu singari “yangi”ni taqdim etishu batamom “o‘ziga singdirib yuborish” tarzida amalga oshadi. Aytmoqchi bo‘lganim, N.Eshonqul Gʻarb modern va postmodern adabiyotlariga xos poetik usul va vositalarni milliy adabiy an’analar negizida ijodiy o‘zlashtirgan holda asarlariga dadil tatbiq etib, o‘zbek adabiyotida realizm imkonlarini kengaytirish va yuqoriroq bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shgan ijodkordir. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling