Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


NAZAR ESHONQULNING MUHTASHAM NAZARI


Download 0.93 Mb.
bet11/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

NAZAR ESHONQULNING MUHTASHAM NAZARI




Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor


Nazar Eshonqulning o‘zbek nasrini yangilagan, noan’anaviy uslubda yozilgan asarlari to‘g‘risida hamma o‘rganib qolgan qoliplarga mos ravishda fikr aytish odamga noqulay. Ammo nazariynamo fikrlarni, ilmiynamo talqinlarni adib ijodi tabiatiga moslab, ya’ni yangicha yo‘sinda bayon qilish ham oson emas. Bizdagi adabiyotshunoslik bitta qoziq tegrasida aylanayotgan filning holini esga soladi. Ora-tura arqon bog‘langan qoziq o‘rni o‘zgaradi. Bir joyni toptab charchagandan keyin boshqa joyga o‘tiladi. Ya’ni ko‘p yillar o‘ris adabiyotshunosligidan ko‘chirmalar olingan bo‘lsa, bugun bu hol boshqa hududga ko‘chdi. Endi ingliz, nemis, fransuz gohida amerikalik olimlar asarlaridan iqtibos olish urfga aylandi. Holbuki, har bir o‘zbek olimi o‘z qarashlarini mustaqil aytish va ayta olish hamda tasdiqlatish huquqiga ega. O‘zbek hikoyachiligining asl negizida maydonga kelgan Nazar Eshonqulning bir qator asarlariga “modernizm” istilohi qo‘llandi va qo‘llanmoqda ham. Kattaroq qissa yoki roman yozadigan bo‘lsa, yozuvchining dunyodagi qaysi adibdan ta’sirlanganini izlash boshlanadi. Biror syujet liniyasi- chizig‘i yoki obrazida jinday o‘xshashlik topilsa, olimlar tilla topgan quldek quvonishadi. Holbuki o‘zbek adabiyotidagi yangiliklarga o‘zimiz ham alohida ilmiy atamalar bilan nom qo‘yish davri allaqachon yetildi. Adabiy tanqiddagi shafqatsizliklar bir zamonlar Alloh rahmat qilsin, professor Norboy Xudoyberganov nomi bilan “norboyizm” deb atalgan zamonlar bo‘ldi. Bu bir oz kinoyali, pichingli, istehzoli – ammo zaminida haqiqat va xususiyat ham yo‘q emas.
Nazar Eshonqulning o‘zbek nasriga yangi ob-havo olib kirgan ijod namunalari uchun adabiyotchilar biror atama topishga g‘ayrat qilishlari lozim, deb fikrlab yuraman. Adib tasvir uslubiga ko‘plab hikoyalarida ko‘ra milliy adabiyot, jahon adabiyoti va o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini bitta fokusda jamladi; badiiy tafakkuri elagidan o‘tkazdi. Ijod ali orasida o‘ziga ixlosmand muxlislar orttirdi. Marhamat, kim ayta oladi katta-kichik o‘zbek yozuvchilari Nazar Eshonqulga ergashmadimi? Ergashdi. Zarur bo‘lsa, ism va sanoqlar keltirish ham qiyin emas...
O‘n yillar ilgari TV uchun “Akademik soat”da o‘zbek hikoyalari to‘g‘risida ma’ruza qilishimga to‘g‘ri keldi. Shunda bir asrlik hikoyalarni o‘qib-o‘rganib o‘zim ham kutmagan noan’anaviy bir tasnif yo‘lini tanladim. Bu adabiy klassifikasiya hikoya janrini shakl va mazmuniga ko‘ra
yangilagan har bir adib nomi bilan “Qodiriy va boshqalar”, “Qahhor va boshqalar” shaklini olgan edi. Gap 90-yillar oxiriga yetib kelganida tasnifning bitta bog‘lamiga “Nazar Eshonqul va boshqalar” deb sarlavha qo‘ydim. Va bu asosli edi. Asosi original bir hikoya edi. Darhaqiqat, gap o‘z vaqtida barchaning diqqat-e’tiborini tortgan, adabiy kechimda voqea bo‘lgan va eng muhimi turlicha talqinlar uchun asos beradigan “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi xususida borayotganini anglagan bo‘lsangiz kerak. Xurshid Do‘stmuhammad “Nazarning umidbaxsh kemalari” maqolasida yozadi: “1989 yilning 6 yanvar kuni zamonaviy o‘zbek nasri tarixida favqulodda voqea yuz berdi: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi e’lon qilindi!”27 Darhaqiqat, bitta hikoyaning adabiyot tarixi, an’anaviy o‘zbek hikoyanavisligi tarixida “favqulodda voqea”, boringki, burilish nuqtasi bo‘lgani ayni haqiqatdir. Aytmoqchi, o‘sha pallada biz talaba edik. Gazeta qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgani va hikoyani hayratlanib o‘qiganimiz hamon yodimda. Yashirib nima qildim, keyingi yili “Falsafa” fanidan topshirilgan davlat imtihonida Nazar Eshonqulning aynan shu hikoyasini ekologiyaning falsafiy muammolariga bog‘lab talqin qildim. Favqulodda talabchan, yangi gaplarga o‘ch va fikrchan dosent Shodmon Azizovdan “a’lo” baho olganman va buni domla hali-hanuz ko‘rishganimizda eslaydi. Men ham. Bu hikoyada inson va tabiat munosabatining eng ajoyib badiiy talqini berilgan. Inson tabiatni o‘z izmiga solishga, o‘z yo‘rig‘iga yuritishga intiladi. Deylik, o‘z vaqtida paxta dalalarini kengaytirdi. Daryo quridi. Amudaryoning suvi Orol dengiziga yetib bora olmaydigan holga keldi. Oxir-oqibat tabiat insondan qasd oldi. Tabiat insonni o‘z yo‘rig‘iga yuritdi. Orol bo‘yida istiqomat qilguvchilarni o‘z bag‘ridan badarg‘a qildi. Bu bamisoli rassomning oxirgi rasmi - maymun yetagiga tushib qolgan odamni eslatadi. Imtihonda ham aynan shunga mos tahlillarni so‘zlagan edim. Bu talqin eskirgan emas. “Maymun yetaklagan odam” – metaforik, polifonik hikoya. Ramzlari quyuq va ayni damda turli adabiy- nazariy talqinlar uchun bemalol manba bo‘la oladi. Ba’zan ulkan hajmli epopeyalarda cho‘zib izohlanadigan g‘oyani bitta hikoya misolida ham tasvirlash mumkin ekan, degan fikr xayolga keladi va misoliga “Maymun yetaklagan odam”ni aytish o‘rinli bo‘ladi. Hikoya nazariyasini puxta o‘rgangan olimlar roman yozishdan ko‘ra hikoya, chinakam san’at namunasi bo‘ladigan hikoyani yozish qiyinligini uqtirishadi. Haq gap ham shu...
O‘zi yozgan asarlar talqinida ijodkor hamisha ham haq bo‘lavermaydi. Istaganini yozadi.
Istaganidek chiqqan-chiqmaganini o‘quvchi, adabiyotchilar bahosini beradi. G.G.Markesning “Tanholikning yuz yili” romani haqida olimlar juda ko‘p yozishgan, roman hajmidan bir necha marta katta ko‘lamli tadqiqotlar paydo bo‘lgan, ammo adib ularni o‘qib ko‘rib, men ilgari surgan g‘oya-tushunchalar bu tadqiqotlarda mazmunida mavjud emas, degan ekan. Adib shumlik qilganidir, balki haqiqatdir. Bizning adiblar ham, xususan, Nazar aka o‘z asarlari tahlili- avtointerpretasiyasidan tiyilib, sirli turishi o‘rinli bo‘lar edi, menimcha. Deylik, “Maymun yetaklagan odam” xususida adibning fikrlari bilan tanishdim. Xolli Norboyning “Maymun yetaklagan odam” - ajoyib hikoya. Fikrga chorlaydi. Shu hikoyaning tug‘ilish jarayoni xususida ikki og‘iz gapirib bersangiz” degan savoliga Nazar Eshonqul shunday javob beradi: “Menga: “Odam o‘z umrining rassomi, har kim qanday yashasa, shunday surat chizadi, kunlarni, umrni, umrning fasllarini chizadi”, degan fikr kelib qolgan. Keyin atrofimda qarashlarning duvillab to‘kilishini, tanazzulga yuz tutgan g‘oyalar va tushunchalarni ko‘rdim. Ular birma- bir Qadimgi Bobil qo‘rg‘onlariga o‘xshab ko‘z oldimizda qulay boshladi. Ha, 80-yillarda biz bularning hammasini ko‘rdik. O‘sha qulagan qarashlar, g‘oyalar, intilishlar millionlab umrlarni o‘zi bilan birga olib ketdi. Shunda men o‘z umrini o‘tab bo‘lgan ziyoli odamning obrazi orqali hayotning ana shu silsilasini aks ettirishni istadim. Hikoya o‘sha kayfiyatda yaratilgan. Hikoyada rassom haqida umuman o‘ylamaganman. Men uchun suratlar shunchaki metofora – tashbeh



27 Xurshid Do‘stmuhammad. Ijod – ko‘ngil munavvarligi. -Toshkent. “Mumtoz so‘z”, 2011 yil, 108-bet.
vazifasini o‘tagan. Ziyoli odamning ichki dunyosini ifodalashni istaganman, xalos”28. Adibning hikoyaga turtki bo‘lgan fikr bayoni o‘rinli. Ammo talqinini o‘quvchiga, adabiyotchilarga qo‘yib berilgani ma’quldir. Chunki yozuvchi keyinchalik o‘z asariga ijod jarayonidan tashqariga chiqqan bitta o‘quvchi sifatida baho beradi. Bu oxirgi va haqqoniy baho bo‘la olmaydi. Muallif aytgan, tasavvur qilgan baho va tahlillardan boshqacha qarashlarning ko‘p bo‘lishi - bu chinakam poetik hodisadan darak beradi. Nima bo‘lganda ham o‘zbek hikoyachiligi tarixining bir asrlik uzun yo‘lidan ketayotgan yo‘lovchi Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam”iga duch keladi. Uning qarshisida o‘yga tolishi, hayratlanishi, bosh qotirishi, ehtimol jinday dovdirashi, ammo oxir oqibatda quvonishi tabiiy. Yozuvchining bu toifa hikoyalari o‘zbek noan’anaviy nasrning sara namunalari sanaladi. Adib asarlari serqatlam, bir marta o‘qib, hamma gapini anglab, chetga surib qo‘yiladigan ijod namunalari emas.
Aslida ayrim hikoya, qissa yoki romanlarning ichki strukturasini koordinatalar tekisligiga joylashtirish ham mumkin. Lekin bunday ikki o‘lchamli “kishan” badiiy asarning g‘oyaviy-badiiy mohiyatini toraytirib-jo‘nlashtirib qo‘yish ehtimoli ham yo‘q emas. Chunki adabiy matn to‘qimasidagi poetik unsurlar muallif tasavvurida boshqacha, adabiyotchi shakllantirgan chizma-tarhda boshqacha bo‘lishi ham mumkin. Bu masala, ya’ni badiiy asarni ijodkor mutlaqo o‘ylamagan tomondan talqin etish, tushunish va tushuntirish doirasidan kengayib, san’at durdonalarini o‘zlashtirish va qabul qilish masalasiga borib taqaladi.
Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi serqatlam, turlicha fikrlar uchun adabiy xom-ashyo bo‘la oladi. Kuch qonunlari nuqtai nazaridan hikoyaning fizik talqini Ishoq Nyutonning F = - F formulasiga mos keladi. Tabiat va insonlararo munosabatlar e’tiboridan esa, odam tabiatga talofat yetkazsa, tabiat odamdan o‘ch oladi, degan tezis maydonga chiqadi. Shu zaylda ayni hikoya bahonasida adabiy, san’atshunoslik, sosialogik, falsafiy, psixologik, hatto biologik talqinlarni ham ilgari surish mumkin.
Hikoyaning chorak asr muqaddam xayolga muhrlangan kompozision qurilishi quyidagichadir:

Menimcha, bunda keksa rassomning tund qiyofasi, samarali-samarasiz ijodi, turnaqator chizilgan kartinalar kabi qirralar emas, balki ikkita rasm – ikki detal (A va V) hikoyaning urib turgan yuragi uchun umurtqapog‘ona vazifasini bajarib, asarga betakror hayot bag‘ishlaydi. Garchand adib A va V nuqta voqeligini aks ettirishni asosiy maqsad qilgan bo‘lsa ham, roviy o‘quvchini boshqa – ikkinchi darajali gaplar bilan “chalg‘itib”, Onettini tarjima qilayotganidan, cholning beadab o‘g‘lidan, cholga ovqat olib kirishlardan so‘z ochadi va ayni damda o‘quvchining chol chizayotgan so‘nggi sirli suvratiga qiziqishini mahorat bilan ushlab turadi.


Chizmadagi A nuqtani navqiron, “ko‘zlari tiyrak va ishonch bilan porlab turgan” yigit maymunning bo‘yniga kishan solib yetaklab ketayotgan suvrati egallaydi; A va V masofa orasidagi to‘lqinli chiziq uzra bir dunyo e’tiborsiz suvratlar galareyasi yastanib yotibdi; ular qandaydir mujmal, manzaralar sekin-asta unutilib, aralashib ketadigan shaklda mavhum; unda
“mukammal tasvirlangan odam” yo‘q. Chizmadagi V nuqtani rassomning oxirgi chizgan ijod namunasi egallaydi; “bu suvrat qirq yil ichida chizilgan mavhum suvratlarga sira” o‘xshamaydi; “bu suvratda maymun umidsiz, ko‘zlariga g‘am cho‘kkan, yuz-ko‘zida hayotdan nishona qolmagan, munkaygan bir cholni o‘rmon sari” yetaklab ketadi. Eng qizig‘i bu jarayon to‘xtagan emas, ta’sir va aksta’sir, tabiat va borliqda mavjud bo‘lgan F = - F qonuniyati insoniyat yaralganidan qiyomatgacha davom etadigan hodisadir. Hikoyaning ikki kulminasiyasiga tegishli tasvirlarda yigit va chol, yetkalash va yetaklanish, ishonch va umidsizlik kabi juft tushunchalar mavjud. Umuman olganda, hayot va o‘lim, o‘zlik va begona, yaxshi va yomon, er va ayol, xom-xatala va pishgan, tabiat va madaniyat kabi binar-oppozision unsurlar struktural poetikada - struktural-analiz metodida ko‘p qo‘llaniladi. Shuningdek, tabiat va borliqdagi kuzatiladigan simmetriyada o‘zaro uyg‘un, ustma-ust tushadigan ikki ob’yekt mavjud. Hikoyadagi go‘zallik, mukammallik, uyg‘unlik, moslik, ichki bezak, umuman, poetik garmoniya undagi obraz, holat yoki detallarning muayyan bir “simmetrik o‘qqa” nisbatan o‘zaro to‘g‘ri yoki teskari proporsional joylashish o‘rniga ham bog‘liq bo‘ladi29. Hikoyani chizma adabiyotshunoslik doirasida bunday tahlil qilish ham noo‘rin emas, albatta. Zero, badiiy adabiyotdagi yangilangan tasavvur va tasvirlar adabiyotshunoslikda ham qaysidir tarzda o‘z ifodasini topishi lozim.
Nazar Eshonqulning “Qora kitob” qissasida faylasufona donishmandlik va ruhiy kechinmalar bayoni hamda bosh qahramonning o‘z-o‘zini taftish etishi yetakchilik qiladi. Qissa birinchi shaxs tilidan yozilgan bo‘lib, qahramon o‘z hayotiga nazar tashlaydi, hayotining yelga sovurilganini, umri besamar o‘tganini anglab qoladi. Bir zamonlar o‘z hayoti uchun dastur bo‘lgan qora kitobdan nafratlanadi.
Qissa matnida “Inson yovuzlikning ijodkori”, “Rost gap faqat falokat keltiradi”, “Umr bu osmonga tupurish, so‘ng osmondan tushgan tupugini yutishdir”, “Qaysi san’atkor adashib, o‘z iztirobiga qovirilib, yaratmasa u haqiqiy san’atkor emas”, “Adashayotgan odam yo‘l izlayotgan odamdir”, “Kimning qo‘li qon - u adolat peshvosi, kimning yolg‘on va aldov piri - u rostgo‘ylik timsoli, kim jaholatparast
- u donolik ramzi, kim zulmkor va xo‘rlovchi - u rahm-shavqat ko‘zgusi” kabi haqiqatning achchiq va kinoyali mevalari bo‘lgan hikmatlar ko‘p uchraydi. “Qora kitob” qissasini tushunish va tushuntirish oson emas. Unda muallif ko‘rinmaydi. Jahon adabiyotida “muallifning yo‘qolishi” (buni R.Bart “smert avtora” deb ataydi) degan adabiy voqelik mavjud. Ehtimol, XX asr jahon adabiyotidagi eng mashhur asarlar ayni adabiy-estetik hodisa tufayli xilma-xil yo‘sinda talqin qilinayotgandir. Shunga monand Nazar Eshonqulning “Qora kitob” qissasini ham turli nuqtai nazardan tahlil etish mumkin. Matn shunga imkon beradi. Umuman olganda, rahmoniy kitoblardan chekinib, Cho‘qqi soqol e’tiqod qo‘ygan qora kitobdek iblisona dasturlar vositasida tarbiyalagan avlodning holi xarob bo‘ladi. Shu ma’noda “Qora kitob” qissasi ogohlikka da’vat izhori hamdir.
Dunyo shoirlarining ayrimlari harf-tovushlarni ranglarga ajratib, ma’no berishadi. Shuningdek, psixologik adabiyotshunoslik bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan ayrim olimlar yorqin, qoramtir, quvnoq, mahzun, go‘zal, murakkab, aralash kabi badiiy matnlar rangi va tabiatini farqlashadi. Bu tasnifga badiiy asardagi personajlar, obrazlik, uslubiy o‘ziga xoslik kabi jihatlarni bevosita matn rangiga bog‘lab muhokama qilishadi. Tabiiyki, bu farq tasvirdagi ranglardan kelib chiqadi. Nazar Eshonqulning “Zulmat saltanatiga sayohat”, “Qora kitob”, “Tun panjaralari” kabi nisbatan murakkab va ko‘ptalqinli asarlari matnida rang bor, ranginlik seziladi. Demoqchimanki, dunyodagi psixologik adabiyotshunoslik bilan shug‘ullangan olimlar uchun ham Nazar Eshonqulning asarlari tadqiqot ob’yekt bo‘la oladi. Ular o‘zlari ilgari surayotgan adabiy-nazariy tezislari uchun Nazar Eshonqul asarlari matni tabiati va ranglarini misol qilib olishlari mumkin...
“Go‘r o‘g‘li yoxud hat suvi” romani ham - muhokama maydoni, unda mahzunlik kuchli. Bosh qahramoni N. o‘zining mavjudligini isbotlash uchun sarson-sargardon yuradi. Romanda odamning
29 Bahodir Karim. Ruhiyat alifbosi. -Toshkent. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2018 yil, 43-45-betlar.
adolatsiz jamiyatda “hech kim” ekani ko‘rsatiladi. Ramzli — metaforik roman. Undagi voqelik aniq bir zamon va makonga bo‘ysundirilgan emas. Asardagi hodisalar xronotopik jihatdan mavhumlikda sodir bo‘ladi. Lekin bitta harfli N. ismli obrazning harakati, holati ruhiyati, iztiroblari, o‘zini izlashlari – bularning barchasi juda batafsil tasvirlanadi.
Umuman olganda, Nazar Eshonqulning nasriy asarlari zamonaviy o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitdi. Ayni damda Nazar Eshonqul men tuzuk muhokama qila bilmaydigan zamonaviy kino va teatrsan’ati bilan ham mashg‘ul bo‘ldi. Ayrim tarixiy, jasur shaxslar teatr sahnasida tirildi...
Adib o‘z adabiy-nazariy qarashlarini “Mendan “men”gacha” yoki “Ijod falsafasi” degan ikkita muhtasham kitobida bayon qildi. Ularda Nazar Eshonqulning o‘zbek va jahon adabiyotiga, san’atiga, madaniyatiga doir juda ko‘p fikrlari jamlangan. Adibning g‘arb va sharq adabiyotidan o‘qigan kitoblari qamrovini, adabiy tafakkuri ko‘lamini “Mendan “men”gacha” orqali ham bilib olish mumkin.
Nazar Eshonqul kam gapiradi, ko‘p ishlaydi. Chaqirilmagan joyga bormaydi. Ha, deb adabiy davra va izdihomlarga ham o‘zini uravermaydi. Biror anjumanga borgan taqdirda ham bir chekkada jimgina kuzataib o‘tiradi. So‘z berilsa, so‘zlaydi, bilaks men so‘zlamasam shu yig‘in to‘xtab qoladigandek, degan fikrdan yiroqda tomoshabinga aylanadi.
Nazar Eshonqul agar sizni biror narsani biladi, deb murojaat qilsa, xursand bo‘ling. “Padarkush” kinossenariysini yozgan ekan. Shu Bahodir Karim ham nimanidir biladi, degan ma’noda uni menga ilindi. Quvondim. Keyin aqlim yetgunicha, qo‘rqa-pisa qisqa fikr yozdim: “Assalomu alaykum, Nazar aka, o‘qidim. Umuman ma’qul. Ma’rifat bilan jaholat o‘rtasidagi kurash. Ziddiyatlar hayotiy, Behbudiy dramasi yaxshigina rivojlantirilgan, obrazlari ko‘paygan. Tasavvur qildim. Aktyorlar tanlansa, suvratga olinsa – qiziq bo‘lsa kerak.
Kino tilini yaxshi tushunmayman. Ammo...
Behbudiydan olingan hikmatlar lozim. Ahmad nutqiga, ehtimol Behbudiyning maqolalari tarkibida keladigan “Garchand achchiq bo‘lsa ham haqiqatni so‘zlamoq kerak”, “Haq olinur, berilmas”, “Musulmon bo‘lib turib, taraqqiy qilaylik. Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto dini islom va millatg‘a xizmat ilmsiz bo‘lmaydur”, “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki: maktablar taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning durdonasidur” va shu kabi faylasufona hikmatlari kerakdir, ehtimol.
Yechimi - yuz yildan keyin... Yana “Baxtsiz kuyov”ning kino talqiniga o‘xshab qolmaydimi?
Hech kim kutmagan yechimini topish kerak. Ehtimol, shahid ketgan Behbudiyning ruhi obraz holiga kelishi kerakdir; uning ko‘zi oldidan do‘stlari va dushmanlari, o‘z qahramonlari toshmurodlari, lizalari allaqanday soniyalarda bir-bir o‘tishi kerakdir. Bir tomondan azobli, dardchil kayfiyati, ikkinchi tomondan umidlanishlari, jinday quvonchlari, yoki o‘z millatiga o‘ziga xos bir murojaati .....(Balki kompozision tomondan Behbudiyning ruhiy kayfiyati orasiga film joylanishi kerakdir. Ruhiy-psixologik ramzli mitti bir kirish va tuganch lozimdir)... Yana bilmadim.
20-betda o‘lganda o‘qiladigan fotiha o‘rniga – odatda janozadan keyin “Mulk” surasi (“Taborak allayziy biyadihil mulku. ”) tilovat qilinishi o‘rinli bo‘lsa kerak.
Ssenariyni Ismoil Gasprinskiy, Behbudiylar muhitni yaxshi biladigan Zaynobiddin Abdirashidovga ham berdim...
Ijodiy ishlaringizga omad yor bo‘lsin.
Imzo, 2021 yil 28 mart kuni yozdim”. Nazar Eshonqul biror muhim gapni o‘zidan kattami yoki kichik mutaxassisdan so‘rashga orlanmaydi. Bu jihat ham ko‘pgina ziyolilar uchun ibratga munosib. Fikrni eshitadi, o‘ylab ko‘radi. Ammo Nazar Eshonqul o‘z magistral yo‘lidan chetga chiqmaydigan yozuvchi. Fikrimcha, Nazar Eshonqul taxminchilarni, chalasavodlarni, uloqchilarni yoqtirmaydi.
Bir yili O‘zMU o‘zbek filololiyasi fakultetida Nazar Eshonqul bilan uchrashuv o‘tkazdik. Noshir Sanjar Nazar ham bor edi. Asarlari, “Mendan “men”gacha” kitobi haqida yaxshi gaplar bo‘ldi. Savollar yog‘ildi. Nazar Eshonqul barcha savollarga tabiiyki, kamtarona, bir oz qimtinish bilan, ammo har gapida qat’iyat bilan javob berdi. Bir xil savollarni mutaxassislarga zimmasiga yuklab qutulib o‘tirdi. Shunda bir qitmirroq talab dediki: “Agar bu savolga adabiyotshunos, bunisiga psixolog yoki pedagog javob bersin, desangiz, xo‘sh, siz o‘zingizga o‘zingiz qanday savol bergan bo‘lardingiz?” dedi. Javobi aniq, qisqa va lo‘nda bo‘ldi: “Bilmadim”. Nima deysiz, Nazar Eshonqul shunday kamgap, ortiqcha oliftagarchilik bilan gapni obqochadigan toifadan emas. Orada talabalardan yana savol keldi: “Sizning raqobatchingiz kim?” Javobini adib yana o‘ziga burdi: “Do‘st ham, dushman ham o‘zimman”. Biror asar yozigan adiblar, adabiy davralarda tanilganlar maslahat berishni xush ko‘radi. Nazar Eshonqul uchun bu ham fazilati emas. Talabalar davrasi yozuvchidan: “Yosh yozuvchilarga maslahatingiz?” deb so‘rashdi. Javobi yana qisqa va lo‘ndi “O‘qing va yozing”...
Esimda qolgani juda baland saviyada bir gurung bo‘ldi. Yosh yozuvchilar, shoir va bo‘lajak olimlar Nazar Eshonqulni gapirtira olishlari lozim. Shunda adibning sirli sandig‘i ochiladi. Deylik, V.Kandinskiyning “O duxovnom v isskustve” singari o‘z o‘qib yurgan va hech kimning xayoliga kelmaydigan o‘nlab muallif va asarlarni tilga oladi. O‘ylashimcha, kimdir Nazar aka yonida oqil, didli bir muxlis ekkermanlik qilsa, o‘zbek adabiyoti “Nazar Eshonqul bilan gurunglar” degan kitob bilan boyigan bo‘lar edi, deb o‘ylayman. Ba’zan yoshlarning ijodini kuzatib, tajribalarini, yangiliklarini qo‘llab-quvvatlab so‘zboshi ham yozadi. Yaxshi va yangi fikr hamisha yashashga haqli. Fikrga ehtiyoj kuchli bu zamonlarda Nazar Eshonquldek adiblarning ijodi, dunyoqarashi, mulohazasi, maslahat va takliflari hamisha o‘z qadri- qimmatini topishi lozim.
Darvoqe, o‘ziga xos poetik fikr odami bo‘lgan Nazar Eshonqul aytadiki: “Fikr o‘zini namoyon qilishdir... Fikrsizlik madaniyat kushandasidir. Fikr yo‘q joyda madaniyat yaratilmaydi, faqat madaniyat yaratgan mahsulotlar iste’mol qilinadi, xolos. Fikr yo‘q joyda madaniyat yaratilmaydigina emas, o‘zigacha bo‘lgan madaniyat ham parokandalikka uchraydi, taraqqiyot zanjirli halqalari uzilib ketadi”30. Darhaqiqat, tabarruk fikrga ehtirom yo‘q joyda ilm- fan, madaniyat, badiiy adabiyot ham tanazzulga uchraydi. So‘z san’ati sirli, muhtasham xazinasi yangi asarlar bilan boyishi uchun badiiy tafakkur egalarining benazir fikrlari suv bilan havodek zarur bo‘ladi.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling