Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet19/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

istehzo bilan kuladi. Bu bilan mazlum xalqni ergashtiruvchi qudratli kuch sohibini sog‘inadi. Romanda xalq hayotining muayyan bosqichiga xos kayfiyat-holat serqatlam ramziylik asosida badiiy mushohada qilingan.
Shubhasiz, romandagi voqelikning mifik-fantastik ifodasi, asarda qo‘llanilgan timsollar, roman uslubi, falsafiy mohiyati, g‘oyaviy mazmuni, adib mushohada tarzida eposlarga ruhiy yaqinlik borligini tasdiqlaydi. Zotan, asar poetik strukturasida qisman asotiriy talqinlar ham ko‘zga tashlanishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yozuvchi odam va jamiyatni anglashga intilar ekan, inson sharaflanmagan, uning sha’n-shavkati e’tibor topmagan ijtimoiy muhitni inkor etadi. Haqiqat va adolat izlab sarson-sargardon bo‘lgan N. sarguzashtlari, hayot sinovlarini yengishga urinish yo‘lida chekkan iztiroblari misolida vorislik tamoyili unutilgan, takomillashuvdan begona jamiyat qonunlari ustidan istehzoli kuladi. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining mohiyatini ko‘rsatadi. Badiiy reallik real voqealardan zinhor kam bo‘lmagan darajada poetik vazifa bajaradi.
“Go‘ro‘g‘li” romani qahramonlari muhtasham mahkama boshlig‘i izmidagi itoatkor xizmatchilar. Chunki, rahbar o‘z xodimlari bilan faqat ish haqida gaplashadi va bir xildagi javob kutadi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, adib roman qahramonlariga: “N”, “rahbar”, “yordamchi”, “kotiba”, “xizmatchi”, “hisobchi”, “sartarosh”, “qorovul”, “juvon” “tepakal”, “novcha” “semiz”, “baqaloq” qabilida shartli ismlar tanlashda Frans Kafkaning “Jarayon” romaniga ergashgan. Ya’ni o‘z qahramonlariga na ism, na familiya bermaslik holati zamiriga ulkan ijtimoiy-estetik ma’no yashirgan. E’tibor qilinsa, F.Kafka asarlarida ko‘pincha “K”, N.Eshonqul romanida esa, “N” harfi bosh qahramon ismi o‘rnida keladi. F.Kafka asarlaridagi mazkur holni izohlagan prof. Q.Yo‘ldoshev:
Adib qahramonlari siymosida o‘z tuyg‘ulari va qismatini ko‘rgan”40, -deb yozadi. N.Eshonqul esa: “Frans Kafka inson qarshisida turgan yovuzlikni yengib o‘tishiga ishonmaydi, o‘quvchini ham bunga undamaydi. Bunga uning o‘zi ham ishonmagan”41,- deya ta’kidlaydi. Har ikki fikrdan kelib chiqadigan xulosa shuki, bosh qahramonlarga berilgan nomlar mualliflar ismining shunchaki bosh harflari emas. Ularda adiblarning tuyg‘u-kechinma, e’tiqod-ishonchlari ham mujassamlashgan. Qolaversa, N.Eshonqul to‘g‘ri ta’kidlaganiday: “...o‘zining mavjudligini ifoda etolmas ekan, ularga turli ismlarning ne keragi bor?”42 Ko‘rinadiki, jamiyat erk-ixtiyoridan butkul mahrum qilgan kishilarda muayyan qiyofa bo‘lmagach, shartli ismlar o‘sha qiyofasizlikni bo‘rttirib ko‘rsatish imkonini beradi. Zotan, o‘z mavjudligini ifoda eta oladigan kishilargina bitta ismga sig‘maydilar.

Yuqoridagi kabi ishoraviy-kinoyaviy usulning qo‘llashni F.Kafka yoki N.Eshonqulga bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Chunki, Odil Yoqubovning “Osiy banda”43 romanida ham qahramonlar o‘z mansab-martaba, fazilat-qusurlariga ko‘ra:“xalqlar Otasi”, “qattiqqo‘l mo‘ylov” “katta Ota”, “sergap katta Ota”, “duduq poshsho”, “qahri qattiq ko‘zoynak”, “badjaxl xo‘jayin”, “Gensek”, “kichik Ota”, singari nomlanadi. Sho‘ro rahbarlarining ishonchli malayi “Ivan”deb atalsa-da, nazarimizda, bu ism ham konkretlikdan ko‘ra umumlashtiruvchi mohiyat kasb etadi. Shuningdek, turli bo‘g‘indagi ijrochi rahbarlar ismi, sharifini keltirish mutlaqo shart hisoblanmaydi. Ular: “baland-past”, “semiz-ozg‘in”ligiga ko‘ra farqlanadi. Ba’zan “Nabi naynov”, “Parpi pakana” qabilida o‘z ismlari bilan qo‘llanganida ham, ularning naynov yoxud pakana ekanligiga urg‘u beriladi. O.Yoqubov tanlagan ishoraviy-kinoyaviy usul erk-itiyorsiz, maslak-e’tiqodsiz kimsalarning qiyofasi bo‘lmaydi, degan aqidaga asoslanadi. Binobarin, adib qalamga olgan:“rezinka qo‘l hisobcha”, “yog‘ochoyoq rais”, “baxti qaro kelinchak”, “yaxshi qiz”, “qo‘ziqorin” kabi qahramonlar ham davr tiplaridir. Kitobxon tashqi va ichki belgilariga
40 Yo‘ldoshev Q. Yoniq so‘z. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006. – B.394
41 Nazar Eshonqul. Mendan “men”gacha. – Toshkent: Akademnashr, 2006. – B.280
42 Nazar Eshonqul.O‘sha joyda. – B.20
43 Yoqubov Odil. Osiy banda. Roman. – Toshkent: O‘zbekiston, 2012.
qarab ularni darhol taniydi. Aynan o‘sha belgi-sifatlar orqali davr fojialarini his qiladi. “Go‘ro‘g‘li” romanida voqelarning ramziy tasvirlari orqali insonning nodonlik va jaholat qarshisidagi fojiaviy ojizligi, imkonsizligi ifodalarida ham F.Kafka ta’siri kuzatiladi. N.Eshonqul nur va zulmat, qonun va inson tasvirini mavhumlik holatida ifodalaydi. N. o‘zi tushib qolgan mujmal holatdan qutilish ilojini topolmaydi. Mahkamada har qanday xodimga: K, N yoxud T, O‘ qabilida murojaat qilinishi qandaydir chalkashish emas, balki inson shaxsi va uning taqdiriga befarqlik, e’tiborsizlik natijasidir. Taassufki, rahbarlarning bunday munosabati tufayli yuzaga kelgan “tasodifiy” chalkashish va adashish N. hayotini butunlay o‘zgartirib, boshqa oqimga burib yuboradi. Anglashiladiki, biz romanda
Go‘ro‘g‘li deb nomlanuvchi kimsani uchratmaymiz.
Bosh qahramon N. o‘z lavozimiga ko‘ra shiftgacha taxlangan hujjatlarni titib o‘tiruvchi, u qadar jiddiy e’tiborda bo‘lmagan oddiy bir xodim. Odatda, o‘z ishchilari bilan deyarli gaplashmaydigan “Rahbar”ning tasodifiy yo‘qlovidan barcha xodimlar tipirchilab qolishadi. Kimdir N.ga havas qilsa, ikkinchi biri hasad o‘tida o‘rtanadi. Zotan, “katta” hamisha ham hammani, ayniqsa, past lavozimdagilarni shaxsan yo‘qlatavermaydi. Hech bir risolada yozilmagan qoidaga ko‘ra: “rahbar” oldida xodimlar ish bilan bog‘liq muammolardan so‘z ochmasligi, imkon qadar o‘zlarini sipo tutishi, maqtov so‘zlar quyunini yog‘dirishi lozim. Jumladan, unga xodimlarning barcha ishlar rejadagiday va hatto yaxshi ketayotgani, yaratilgan “sharoitlar”dan g‘oyat mamnun ekanliklari xususida so‘zlashlari, mo‘ljalga teguvchi aniq javoblar aytishga yuraklari betlamasligi juda-juda xush yoqadi.
Idora ishchilari o‘z “rahnamo”sidan minnatdor bo‘lib, yalpi ehtiromda ekanini ta’kidlab turishsa, “rahbar”ning mavjudligi o‘z tasdig‘ini topadi. Qolaversa, uning nazariga tushish odamning hali kimningdir diqqat-e’tiborda ekanidan nishona. Hali kattalar ishonchiga kirish mumkinligi mujdasi. Binobarin, nufuzli kishilar e’tiborida bo‘lish “yaxshi”lar safida ekaning e’tirof etilishini tuyush va mansab pillapoyalaridan yuksalmoq umidi. Zotan, jon kuydirib astoydil ter to‘ksangu seni hech kim nazariga ilmasa, mehr-oqibat ko‘rsatmasa, bunday e’tiborsizlik kishiga alam qiladi.
Anglashiladiki, korxonadagi bo‘g‘iq muhit sabab, bu maskanda kechayotgan kundalik va muntazam davom etuvchi voqea-hodisa, muloqot-munosabatlar aslida, g‘irt maynavozchilikdir. Biroq, ahvol shu qadar jiddiy tus olganki, qaysidir xodim bir xonalik uyda sakkiz nafar oila a’zolari bilan tiqilib yashayotgani, keksa ishchiga e’tibor sustligidan so‘zlashi, dardini dasturxon qilishi mumkin emas. Tarixiy jarayonning ob’yektiv qonunlariga zid tarzda muayyan shaxs rolini ilohiylashtirish va unga sig‘inish, “yuqori”ning irodasiga so‘zsiz itoat qilish nobop jamiyatda qaror topgan boshqaruv usullaridan biri edi.
Albatta, kalavaning bir uchi qadimgi Misr firavnlari, Xitoy xonlari, Yevropa qirollari, Osiyo amirlarining (podshoh, qirol, imperator, papa va kohinlar hokimiyati) ilohiylashtirilishiga borib tutashadi. Shubhasiz, ular orasida chindan ham xalq e’tibor va e’zoziga munosib ulug‘ shaxslar anchagina edi. Biroq, romanda K.Marks, F.Engels va V.I.Lenin ta’limoti izdoshlarida muttasil tarzda, shaxsga sig‘inish, rahbarning shaxsini haddan tashqari ulug‘lash avjiga chiqqaniga asosiy urg‘u qaratilgan. Zotan, ayni shu metodologiya jahon miqyosida ulkan salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Mustaqillik yillarida shaxs roli va o‘rni tarixiy jarayon bilan chambarchas bog‘liq ekani, u xalqning ijodiy faoliyati orqali namoyon bo‘lishi teran anglab yetildi. 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, -deb nomlanishidayoq buning yorqin isbotini ko‘rishimiz mumkin.
Umuman, romanda tasvirlangan rahbar harqancha g‘olibona chiranishiga qaramasdan, bir aylansa, hamma narsani yamlab yutishga qodir muazzam charxpalakning bir parragi xolos. Biroq, bu haqiqatni hech kim oshkor etolmaydi. Mahkamadagi barcha ishlar alohida shaxs xohish- irodasiga ko‘ra belgilanadi, amalga oshiriladi. Uning qosh-qovog‘iga qarab turiladi. Shaxs roli
va o‘rni tarixiy jarayondan ajratilgani bois, inson istaklari, inon-ixtiyori – erkin ijodiy faoliyati emas, balki nechog‘li itoatkor va mut’ye ekani ko‘proq qadrlanadi. Inson erkinligiga daxl qilingan hollarda haqsizlik, huquqsizlik bo‘y ko‘rsatadi. Inson tahqirlangan joyda jabr-zulm jazolanmaydi. Aksincha, shafqatsiz ijrochi kimsalar vijdon, imon, insof, burch kabi muqaddas tushunchalarni ayovsiz toptashadi.
Ko‘rinadiki, roman N.Eshonqul qalbidagi shaxs daxlsizligi, qadr-qimmati, e’tiqod va vijdon erkinligiga bo‘lgan sog‘inch, uni ro‘yobga chiqarishga intilishdan tug‘ilgan. Roman inson huquqlari toptalgan, shaxs erkinliklari kafolatlanmagani uchun tanazzulga uchragan: zo‘ravonlik va nohaqliklar avj olgan jamiyatga nisbatan chuqur istehzo bilan bitilgan. Asar markaziga vijdonli, imon-e’tiqodli, insof-diyonatli va odamiylik burchlarini sidqidildan bajarayotgan, ayni paytda, haq-huquqlarini talab qilishga to‘la haqli bo‘lgan inson obrazi qo‘yilgan.
Kinoya, istehzo, kesatiq, piching, qochiriq kabi tushunchalar harqancha pardali ifodalansa ham, ularda muallifning qahramonlar harakatlanuvchi majoziy muhit – keng ma’noda esa, real voqelikka bo‘lgan g‘oyaviy-hissiy munosabati (yengil, achchiq, zaxarxanda) kulgiga asoslanadi. Shubhasiz, konkret mazmun kontekstda reallashadi. Ayni paytda, asarda qalamga olingan davr va muhit haqida ham yetarli tasavvurga ega bo‘lish taqozo etiladi. Romanda tanazzul yoqasida turgan jamiyat zo‘ravonligi, inson qadr-qimmatiga nisbatan bepisandlik fosh etilgani uchun ham. N.Eshonqul “...rutubatli, avzoi buzuq, qor uchqunlab turgan ob-havo, to‘zon ostida qolgan shahar hayoti – kutilmagan tabiiy aynish”dan so‘zlaydi44. Yozuvchi ideal va real voqelik o‘rtasidagi keskin nomuvofiqlikni teran anglab yetadi. Shu bois, roman kompozisiyasini to‘lig‘icha kinoyaviy, tragik va satirik nuqtai nazarni ifodalashga mos ravishda quradi. Istehzoning maqsadi shu qadar jiddiyki, adib kulgi hosil qilishdan ko‘ra, vaziyat fojeiyligini ta’kidlash va anglatishni ko‘zlaydi. Uning mulohazalari goh tasdiq orqali inkorga, gohida esa, inkor vositasidagi tasdiq ma’nosiga asoslanadi. Ob’yektdagi komik, tragik, satirik ziddiyat yuzaga chiqishida muallif munosabati (sub’yektiv ibtido) yetakchiligi kuzatiladi. Komiklik zaharxanda (sarkazm) maqomini kasb etganida esa, o‘z-o‘zidan salbiy baho ko‘chim ma’nolar orqali emas, matnning o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri anglashiladi. Ya’ni, bunday o‘rinlarda ko‘chma ma’nolilik, pardalanganlik xususiyati yemirilib, nazarda tutilgan ob’yekt bilan ifodaning aloqasi birqadar ochiq tarzda namoyon bo‘ladi. “Niqob”idan ayrilib qolmaslik orqali bu olamda mavjudligini namoyon etishga intilayotgan aksariyat qahramonlar o‘z individual qiyofasizligini ko‘rsatishadi. Nafaqat sig‘inish, balki jo‘ngina hurmat qilish va qadrlashga arziydigan “men”likning o‘zi mavjud bo‘lmagan bunday tiplarning barcha xatti- harakati shunchaki o‘ynalayotgan rol – faqat “niqob” dan iborat, xolos. Ularning o‘z ijtimoiy mavqeini ushlab turishida shu qiyofani bir maromda saqlash juda qo‘l keladi. Muallif roman sarkazm modusida soxta individuallikni inkor qiladi.
Roman vaqti qamrab olgan muhitda zig‘ircha hayajon, jahlga berilish zinhor kechirilmaydi.
Norozilik ohangidan hatto S. mahkamasi devorlari ham zirillab ketishi tayin. Binobarin, N.ning o‘z hamkasbiga qarata aytgan:

Ism bu odamga o‘zini ifoda etish uchun berilgan. Mening ismim bu mening o‘zim, ya’ni bu men. Shunday ekan, men hech qachon meni K. O‘. yoki siz aytganday, T. deb chaqirishlarini istamayman. Men N.man. N. bo‘lib qolishni istayman. Menga ham N. deb murojaat qilishlarini, ayni shu N. ismim orqali meni tanishlarini talab qilaman. Rahbar ham meni K. deb emas, aynan N. deb chaqirishini istayman”,-45 qabilidagi fikriga e’tibor beraylik. Unda isyon ruhi yaqqol sezilib turadi. Qahramon mehvaridagi oshkora talab-istaklar odamlarga tinch shaharda ko‘tarilgan to‘zon yanglig‘ ta’sir etadi. Kattakonlarni esa dovdiratib qo‘yadi.
44 Nazar Eshonqul. Go‘ro‘g‘li. Roman // Sharq yulduzi. 2012. – № 2. – B. 17.
45 Nazar Eshonqul. Go‘ro‘g‘li. Roman // Sharq yulduzi. 2012. – № 2. – B. 18-19.
Zotan, yozuvchi nazariy-poetik qarashlari kuzatilsa ham, aynan shunday to‘xtamga duch kelish mumkin: “Fikr botiniy qiyofa, odamning, shaxsning ichki qiyofasini ko‘rsatib turuvchi ko‘zgu. Fikri yo‘q odamning qiyofasi ham bo‘lmaydi. Fikr odamning o‘zligini, o‘ziga xosligini bildirib, mavjudligini ko‘rsatib, talab qilib turadi. Fikr, aslida, “men mavjudman” degani. Fikr yo‘q joyda olomonchilik va johillik ko‘pchiydi. Mening fikrim bu mening qiyofam”. Anglashiladiki, roman qahramoni muallif estetik konsepsiyasi muvofiq o‘ylaydi va so‘zlaydi. N. – o‘z ishiga mas’uliyatli shaxs. Yozgan hisobotlari asosli, aniq, mantiqiy dalillanganligi jihatidan hamkasblari bitgan hisobotlardan ajralib turadi. U nozikta’b, xushmuomala va bama’ni, ishidan mamnun, tartib-intizomli xodim. O‘zini hurmat-e’tiborda, deb bilar, hatto o‘sha nufuzli idoraning ulug‘roq martabasiga ko‘tarilishga ham loyiqman, deb hisoblardi. Binobarin, u hali hayotdan bezmagan. Shu bois, ma’yuslik uning tabiatiga begona edi. Garchan yosh va navqiron bo‘lsa ham, so‘qqabosh bu kimsani shaxsiy hayotda baxtiyor, deyish qiyin. Biroq, qahramon o‘zgalar
bebaxtligini his etib, ularga shafqat, muruvvat va hamdardlik nazari bilan qaray oladi.
N. jamiyat ahloqi talab qilganiday emas, balki ko‘ngil tilagi bo‘yicha yashashga intiladi. Shuning uchun, isqirt va suyuq juvon Havoga uylanmoq ilinjida uning oldida o‘zini malikadan imdod kutayotgan qaroldek tutadi. Bir o‘rinda Havoga qarata: “Men seni bu hayotdan butunlay uzib olmoqchiman”46,- deydi. Mabodo, N. yordamga muhtoj bu juvon qoshidan loqayd o‘tsa, uning hayoti o‘z mazmunini yo‘qotadi. Shuning uchun, N. Havo tasodif tufayli tushib qolgan chohdan uni xalos etish yo‘lida jon nisor etmoqqa rizo. Ta’kidlash o‘rinliki, romanda o‘z ismiga ega yagona personaj ham o‘sha isqirt, suyuqoyoq juvondir.
Milliy nasrimizda Zulfiya Qurolboy qizining “Momo Havo”47 hikoyasida ham shunga yaqin holat kuzatilgan edi. Adiba o‘ta mohirlik bilan samimiyat niqobini kiygan juvonga Nafosat deb ism beradi. Kinoyaviylik modusi shu bilan tugamaydi. “Niqoblanish” hayratlanarli tarzda, tovusrang qiyofalarga evrilish tarzida namoyon bo‘ladi:
a) xush yoquvchi muloyim, beg‘ubor jilmayish va samimiy tabassum; b) goh mayin, goh shikasta, goh qo‘ng‘iroqdek jarangdor kulgu;
v) iltifot, hamdardlik, marhamat va ehtirom; g) beqiyos jismoniy go‘zallik, ishva va noz;
d) fidoyilik va xoloskorlik.
Behad ustalik bilan o‘rin almashuvchi bu “niqob”larning qaybiri asl qiyofa ekanini na Akbar, na uning “og‘zi botir” qarindoshlari payqashadi. Aksincha, tuganmas shodlik, umid va ko‘pdan-ko‘p muvaffaqiyatlar timsoli bo‘lib ko‘ringan bu nafis xilqat qiyofasida Akbar hayot nafasi va hatto suyukli Momo Havo timsolini tasavvur qiladi. Ko‘rinadiki, adiba kitobxonni go‘yo niqoblar kiyib o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan sayl – karnavalga olib chiqadi. Darhaqiqat, badiiy voqelik talqini va muallif estetik munosabati o‘ziga xos niqoblar komediyasini eslatadi.
N.Eshonqul ham personajga momo Havo ismini berarkan, shu nomning o‘zidayoq muayyan g‘oyaviy-hissiy munosabatini ifoda etadi. Chunki adib butun asar voqeligida kuzatilganidek, bu xarakterga nisbatan ham kinoyaviy munosabatda bo‘ladi. Bu hol ibtidodagi ideal Momo Havo bilan badiiy reallikdagi personaj o‘rtasida keskin nomuvofiqlikni anglash orqali oydinlashadi. Bizningcha, N.Eshonqul tarixiy taraqqiyot ayol jinsiga mansub shaxs tiynatida keskin o‘zgarishlarni yuzaga chiqargani o‘ta jiddiy va hatto fojeiy hol ekanini ta’kidlamoqchi bo‘ladi.

Butun mohiyat emosional munosabatda mujassamligi uchun, Havoning axloqsizligi romanda ma’naviyatga zid kartinalar mavjud, degan xulosani bermaydi. N.Eshonqul sodir bo‘layotgan jarayonlarni yuqoridan kuzatadi. Shuning uchun, Zulfiya Qurolboy qizidan farqli o‘laroq, Havoni
46 Nazar Eshonqul. O‘sha joyda – B. 22
47 Zulfiya Qurolboy qizi. Qadimiy qo‘shiq, – Toshkent: O‘zbekiston, 2012. – B. 255-274.
yo‘ldan adashtirgan vaziyatning ma’nisiz – absurd ekaniga e’tiborimizni tortadi. “Momo Havo” hikoyasidagi Nafosat kishida achinish va hamdardlik tuyg‘usi emas, balki nafrat va ijirg‘anish hissini uyg‘otadi. Adiba bo‘sh-bayov Akbarning qiyofasi o‘zgarayotgan zamonga moslashuvi, sal xushyorroq bo‘lishini tilaydi. N.Eshonqul esa, Havo obrazi bilan tanishgan o‘quvchi o‘z-o‘ziga, ko‘nikilgan axloqiy prinsiplarga chetdan bir qur nazar tashlashini istaydi. Zotan, turmush “mushti” tufayli ayni vaziyatga tushib qolish ehtimoli hech kimni chetlab o‘tmaydi.
Demak, roman yozilayotgan paytda muallif nazarda tutgan kitobxon tragiklik va satirik moduslarga diqqat qaratishi, ya’ni muallif – ob’yekt – adresat uchligi (onglar uchrashuvi) ta’minlanishi orqali roman badiiyati anglashiladi. Absurd vaziyat-holatni ruhan his qilish, personaj tushib qolgan muhit nosozligini qalban kechinish asnosida, kitobxon o‘zining Xavodan jirkanish tuyg‘usidan xalos bo‘ladi. Hatto, unga nisbatan muayyan hamdardlik sezadi. Bu hol birinchidan, emosional aloqa yuzaga kelgani, ikkinchidan, badiiy asar mazmuni chinakam tugallik kasb etgani, uchinchidan, kitobxonda affektlardan tozalanish – katarsis sodir bo‘lganini anglatadi.
Shubhasiz, N.ning juvonga qilgan taklifi harqancha samimiy bo‘lmasin, mavjud sharoitda tan olinmagan, reallikdan yiroq bunday xayoliy va g‘ayrioddiy tavakkalchilik tufayli u mayna bo‘ladi. Bunday kezlarda qahramon tabiatida Migel de Servantes Saavedraning “Don Kixot” romanidagi zamonasiga hamqadam bo‘la olmagan, ammo haqoratlangan va ezilganlarga homiylik qilishga intilish orqali dunyoviy dard-illatlarni bartaraf etishga chog‘langan lamanchlik idalgo – don Kexannaga xos sifatlar ko‘zga tashlanadi. “Go‘ro‘g‘li” asarining “Don Kixot” romaniga yaqinligi unda xayoliy va real voqelik qorishiqligi, xayol va rellik o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas kurash jarayonlari tasviri, insonparvarlik g‘oyalari hamda inson ko‘nglini himoya qilish an’anasiga ergashish, ayniqsa, achchiq va istehzoli kulgu ohangida namoyon bo‘ladi. N.ning favqulodda qahramon emas, balki aniq bir tabaqa vakili – sodda, kamtarin, kamsuqum ziyoli o‘laroq, goh muayyan davr voqeligi, goh xayolan, muttasil o‘z “men”ligini izlashi, uni tasdiqlatish va real adolat himoyasiga chog‘lanishi, o‘limi oldidan muhitga taslim bo‘lishi kabi jihatlar fikrimizni dalillaydi. Har ikkala qahramon ham yuksak his-tuyg‘ular bilan real hayot faktlarini uyg‘unlashtira olmay o‘rtanishadi.
To‘g‘ri, Servantes Sancho obrazi orqali Don Kixotning xayoldan xoli bo‘lgan, amaliy qiyofasini chizgan, shu orqali bir odamning ikki xil “men”ini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgandi. N.Eshonqul bu yo‘ldan bormasa-da, xayol va hayot kontrastini berish – mavjudlik g‘oyasining ijtimoiy to‘siqlar qarshisida parchalanishini ifodalashga erishadi. Roman qahramoni N. xuddi Don Kixot kabi ruhan parchalanadi. Totalitar zulm sharoitida N. real voqelik bilan to‘qnashib, barcha intilishlari sarobga aylanishi qahramonni davrning tipik vakiliga aylantiradi. Bu ijtimoiy hayotning chirigan tartib-qoidalari: yolg‘on va soxta axloqi, qonun hamda sud hukmi haqidagi real manzaralar edi. Romanda N. insonni tushunmagan, uning qalbini anglashga yaroqsiz dunyo bilan to‘qnashadi, uni o‘z nigohi bilan ko‘radi. Romanda shu holat achchiq va istehzoli poetik talqin etiladi. Roman qahramoni ijtimoiy muhit va uning turli “vint”lari bilan yuzma-yuz, shuningdek o‘z-o‘zi bilan ichki (psixologik) konfliktga kirishadi. Aralash holda qo‘llanilgan o‘sha qarama-qarshilik roman syujetini harakatga keltiradi. N.ning muhit bilan ziddiyati turli mahkama xodimlari bilan munsabatga kirishib aldanishi, “men”ligi zinhor tan olinmasligi fonida yoritiladi. Shu munosabatlar qahramon ruhiyatidagi murakkab jarayon – fikr-o‘ylar kurashiga impuls beradi. O‘z “men”ligini tasdiqlatishga umidlanish va ikkilanishlar asosida bo‘lsa-da, ancha faol ijtimoiy harakatga aylanadi. Afsuski, ijtimoiy maqomini tasdiqlata olmagan, behad charchagan N. muhitga yon berishga majbur bo‘ladi.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling