Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
Baski balchiqdin emishdir ko‘zda nur,
Dilda darding borki, nur andin kelur deydi (Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy. Oltinchi kitob. Jamol Kamol tarjimasi. – Tehron: “Al-xudo” xalqaro nashriyoti, 2004. – 456 b. – 319-bet). Ulug‘ mutafakkir birinchi misrada odam balchiq loydan yaratilganiga ishora etib, inson ko‘zidagi nur ham shu badbo‘y loydan chiqishini ta’kidlaydi. Odam esa ko‘zidagi nur vositasida butun borliqni ko‘radi. Dildagi dard ham xuddi ko‘z nuriga o‘xshaydi. Odam baxtiyor onlarida emas, biror muammoga duch kelib, dard chekkan paytida avval anglamagan haqiqatlarini bilib oladi. Badbo‘y balchiqdan bino bo‘lgan ko‘zning nuri moddiy narsalarni ko‘rsatsa, dildagi og‘riq, dard insonga ko‘zga ko‘rinmaydigan haqiqatlarni namoyon etadi. Nazar Eshonqul qahramonlari ham dilidagi dard tufayli ko‘pchilik e’tibor qilmaydigan haqiqatlarni anglab oladi va ulardan boshqalar bexabar ekanidan iztirob chekadi. Adibning qissa, hikoyalarida insonning ichki olami haqida so‘z yuritiladi va botinidagi haqiqatni kishining o‘zidan boshqa birov ko‘ra olmasligi ta’kidlanadi. Bu jihatdan ”Ochilmagan eshik” hikoyasi alohida diqqatni jalb etadi. Hikoya: “Kelinchak o‘z erini murakkab va siyqa bir kitobni o‘qiyotganday mashaqqat bilan ba’zan adashib, gumonsirab, rashk qilib o‘qirdi. Biroq oxir-oqibatda, hammasiga qo‘l siltab, loqayd va beparvo bo‘lib qolardi. Erini endi istamay, bezillab, bundan ham beshbattar yuragi sovib ketishidan qo‘rqib, xijil va lanjlik bilan o‘qirdi” deb boshlanadi (Eshonqul N. Yalpiz hidi: Qissalar va hikoyalar. – T .: “Sharq”, 2008. – 400 b. – 304-bet). Asarda har bir odam yon-veridagi kishilarni bilishga harakat qilishi va bu jarayon juda mushkul kechishi, boshqalarni anglash, tushunish jarayonida ichki dramalar yuz berishi ochib beriladi. Kelinchak eri bilan to‘rt yildan beri yashaydi. Kelinchak qishloqda turib, dalada mehnat qiladi. Eri esa shaharda ishlaydi. Ular farzandsiz. Kelinchak erining mehrsizligidan iztirob chekadi. Erining unga nisbatan sovuq munosabatiga shahardagi ayolni sababchi deb biladi. Kelinchak bu noma’lum ayolni o‘zidan chiroyli, go‘zal deb tasavvur qiladi. Dalada ishlaydiganlar unga eringning xotini bor, deb aytishadi. Kelinchakni yaxshi ko‘radigan traktorchi ham unga ta’na qiladi. Lekin kelinchak erini yaxshi ko‘radi, eri ham uni yaxshi ko‘rishini istaydi. Erini ranjitmaslikka urinadi, o‘ziga oro beradi. Lekin eri kelinchakning bu holatini tushunmaydi. Eri kelinchakka achinadi. Kelinchak uchun eri ochilmagan eshik bo‘lib qolaveradi. Harchand urinsa-da, erining ko‘nglini topolmaydi. Kelinchakning ichidagi iztiroblarini hech kim sezmaydi. Kelinchakni yaxshi ko‘rgan traktorchi ham uning holini his qilmasligini payqaydi. Kelinchak tushida erining g‘oyat suluv ayol bilan lolazorda yurgani, ularning ortidan bir qizcha erkalanib ergashib kelayotganini ko‘radi. Bu qizcha nogahon o‘zi bo‘lib qoladi. Kelinchak, doimo eri, o‘zining hayoti haqida o‘ylaydi. Erining o‘ziga nisbatan mehrsizligi, uning qalbini his etmasligidan o‘ksinadi, orzulariga erisholmaganidan xo‘rligi kelib eziladi. Hikoyada an’anaviy asarlardagi singari keskin to‘qnashuvlar yuz bermaydi. Unda uch o‘rinda erining, bir o‘rinda traktorchining, bir o‘rinda dalada ishlaydiganlarning kelinchakni ranjitadigan so‘zlari keltiriladi. Hikoyada, asosan, kelinchakning o‘y-xayollari, ichki kechinmalari ochib beriladi. Ular muallif tilidan: “Kelinchak erining gap ohangidagi tahqirni sezib, ko‘ksida nimadir singanday qulog‘i shang‘illab ketdi. Sochiq bilan peshonasidagi barmoq izlarini artdi-yu, bo‘g‘zidagi ranju alamni yutish uchun sekin o‘choq boshiga qaytib chiqdi. Erining dag‘alligidan xo‘rligi kelib, o‘choqqa, lopillab yonayotgan olovga faromush tikildi. Olov o‘choqda emas, o‘zining ko‘ksida yonayotganday va bu qop-qora, ishlatilaverib xaroba bo‘lib qolgan o‘choq emas, o‘zining yuragiday olovga maftun bo‘lib tikilib turdi: orqasidan qaynonasining vazmin qadam tovushlarini eshitib, o‘rnidan irg‘ib turdi-da, qaylargadir uchishga chog‘langan xayollarini piyozga qo‘shib, qozonga tashladi va shoshilib qovura boshladi. U shundagina ko‘p yillardan beri o‘zining xayollari qozon ustida piyozga qo‘shib qovrilganini, avval o‘gay ukalari va mehmonlar, endi esa eri va qaynonasi o‘zining bu zerikarli va serkulfat turmushdan xalos bo‘lish uchun ozod qush kabi erk va hurlik istab, yuksak-yuksaklarga uchib jo‘naydigan, biroq oxir-oqibatda yana baribir qozonga kelib tikiladigan xayollarini yeb qo‘yishganini daf’atan anglab qoldi” tarzida naql qilinadi. Ong oqimi asarlariga xos bu kabi badiiy-falsafiy tahlillar esa beixtiyor o‘quvchining tasavvuri, hissiyotiga dabdurustdan faol ta’sir o‘tkazadi. Nazar Eshonqul asarlarida modern adabiyotiga xos bu xildagi tahlil inja psixologizm va nafis lirizm bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Ushbu hikoyada ham birovning dardi, o‘zganing fojiasini boshqalar his etmasligi, tushunmasligi teran ruhiy tahlil va nafis lirik tasvir orqali ko‘rsatiladi. Kelinchak o‘zini halok qiladi. Buning sabablari uning ichki dunyosidagi ziddiyatli kechinmalar asosida ochib beriladi. Qonun bo‘yicha ushbu fojiada kelinchakning erini, qaynonasini yoki boshqa birovni aybdor etib bo‘lmaydi. Chunki hech kim kelinchakka tazyiq o‘tkazmagan, o‘zini o‘ldirishga undamagan. Shunday bo‘lsa-da, kelinchakning fojiasiga uning atrofidagi barcha kishilar sababchi. Chunki eri ham, qaynonasi ham, boshqalar ham kelinchakning qalbiga kirib bormagan. Atrofdagilarning barchasi kelinchak uchun ochilmagan eshik bo‘lib qolgan. Yozuvchining “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida ham hamma o‘zi uchun yashashi, qo‘shni qo‘shniga yot, begona bo‘lishi fojiasi ko‘rsatiladi. “Ochilmagan eshik”da ham rahm-shafqat, mehr-oqibat, samimiyat, hurmat-e’tibor kabi fazilatlar shunchaki gaplar emasligi, ushbu ezgu qadriyatlar hayot bardavomligi uchun zarur ekanligi, har bir kishining qalbi boshqalarning samimiyatidan oziqlanishi, inson, kim ekanligidan qat’i nazar, hamisha boshqalarning mehrli munosabatiga mushtoq ekanligi, shu ehtiyoji qonmasa, yosh bola ham, qariya ham, kelinchak ham ezilib, ruhan tushkunlikka tushishi, barcha fojialar ildizi o‘zaro oqibatsizlik, mehrsizlikda ekanligi ko‘rsatiladi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi qaramoni Bayna momo qishloqdoshlari oqibatsizligining tirik qurboniga aylansa, “Ochilmagan eshik”dagi kelinchakning fojiasi ancha erta boshlanadi. U yoshligidan o‘gay onasining “Iloyo, baxti qaro bo‘l, iloyo qirchillama yoshingda qayril, iloyo baxting ochilmasdan beva qol!” degan qarg‘ishini eshitib o‘sadi. Cho‘loq, uquvsiz o‘gay onasining yer mushtlab qarg‘aganlari turmushga chiqqanidan keyin ham kelinchakning quloqlariga eshitilaveradi. Farzandsizligi uchun erining uni ayblab “Endi foydasi yo‘q. Axir bir umr shunday o‘tolmaymiz-ku?” degan gapi kelinchakning hayotdagi so‘nggi umidini so‘ndiradi. Eng so‘nggi ilinjidan ajralgan kelinchak o‘lim haqida o‘ylay boshlaydi va bu iztirob uni halokatga olib boradi. U oqibatsiz odamlar olamidan ketish uchun zahar ichadi. Hikoya: “Kelinchak ko‘ksidagi yig‘ini bosish uchun g‘ilt etib yutindi, eriga o‘zini xursand ko‘rsatib kuzatdi. Qaynonasini qo‘shnisinikiga jo‘natgach, u uyiga kirib, ichidan bekitib oldi. To‘y kuni kiygan oppoq ko‘ylagini kiydi, so‘ng o‘ziga atir sepdi va kishini abadiy baxtiyor qiladigan va qaysidir kitobda shunday deb o‘qigan, qog‘ozga o‘rog‘liq og‘uni stakanga soldi va choynakni sirqitib quydi. Xuddi uzoq safarga otlanganday, bir zum tek qotdi; stakanga bir zum dahshat va vahima bilan tikilib turdi; so‘ng ko‘zlarini chirt yumdi- da, stakanni bir ko‘tarishda ichib yubordi. U bo‘g‘zini, so‘ng ko‘ksini kuydirib o‘tgan o‘tdan holsizlanib borar ekan, parchalanib ketayotgan g‘ira-shira ongida shaharlik ayolniing kibrli chehrasi va unga tinmay lola terib berayotgan erining mahramona turqini ko‘z oldiga keltirdi va ular o‘tloq ichiga sekin cho‘zilishar ekan, kelinchak bu manzarani ortiq ko‘rmaslik uchun majolsiz qo‘llarini qanotday silkitib, yerdan ohista ko‘tarila boshladi va garchi endi butun tanasi harakatdan to‘xtay boshlagan bo‘lsa ham, o‘ljasiga shiddat bilan otilgan qarchig‘ayday oxirgi kuchlarini yig‘ib, tez-tez qanot qoqa boshladi va o‘zini harir, kamalak nusxa, chimildiq yanglig‘ shohi pardalar ichidan uchib o‘tganini his etdi – so‘ng esa qizlik paytlari orzu qilgan va bu iltifotsiz olamdan bir umr izlab o‘tgan baxtga o‘xshamaydigan jilvador, xayoliy va allanechuk oppoq dunyoga singib borayotganini, singib borayotganini, singib borayotganini elas- elas ilg‘ab qoldi” deb tugallanadi. Har bir odam baxtli bo‘lishni, baxtiyor yashashni istaydi. Bitta odam hech qachon o‘zicha baxtli bo‘lolmaydi. Odam faqat jamiyatda, kishilar orasida yashaganidagina to‘kis baxtga erishadi. Robinzon Kruzo baxt odamlar orasida ekani uchun ularga intiladi. Lekin hamma faqat o‘zi uchun yashab, er-xotin, ota-bola, qavm-qarindosh, qo‘ni-qo‘shni bir-biriga yot, begona bo‘lsa, bunday muhitda ham hech kim risoladagiday baxtli bo‘lolmaydi. Baxt garchi ko‘zga ko‘rinmasa-da, u mavhum narsa emas. Baxt avvalo odamlarning bir-birini tushunishi, hamkoru-hamdard bo‘lishidir. Chunki insonning baxt to‘g‘risidagi orzulari boshqa kishilar bilan bevosita bog‘liqdir. Kelinchak eri uni tushunishi, u bilan dardlashishini istaydi va buni o‘zining chinakam baxti deb biladi. U shu baxtiga erisholmagani, eri uning uchun yopiq eshik bo‘lib qolgani, hech kim uning qalbiga yaqin kelolmagani bois yashashni istamay qoladi. Hayotdan ko‘ngli sovish, kishining yoshiga bog‘liq emas. Qalbi musaffo, xayolparast kishilar nobop muhitda qattiq azoblanadi. Ularning ta’sirchan qalbi mehrsizlik, shafqatsizlikka toqat qilolmaydi. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasi qahramoni ham atrofdagilar oqibatsiz ekanligi tufayli halok bo‘ladi. Musaffo orzular olamida yashaydigan Bola zo‘ravonlik hukmron muhitda ruhan azoblanib yashagandan ko‘ra, baliqqa aylanib, daryo, dengizda yurishni istaydi va shuning uchun o‘zini suvga tashlaydi. Nazar Eshonqul asarlarida ham dardihol qilish, qalbini ochishga odam topolmaganlarning ruhiy dramasi gavdalantiriladi. Bayna momo (“Shamolni tutib bo‘lmaydi”), kelinchak (“Ochilmagan eshik”), rassom (“Maymun yetaklagan odam”), qorovul (“Bevaqt chalingan bong”)ning ruhiy dramasi, fojiasi odamlar bir- biriga nisbatan “ochilmagan eshik” ekanligidan kelib chiqqan. Har bir kishi atrofdagilar unga e’tibor berishi, uni hurmat qilishini juda-juda istaydi. Boshqalarning e’tibori, ehtiromi hammaga xush yoqadi. Atrofdagilarning e’tiborsizligi, bepisand qarashi har qanday kishini iztirobga soladi, qalbida alam, adovat hissini qo‘zg‘aydi. Bu noxush hissiyot bora-bora boshqalarga nisbatan nafratga aylanadi. Shamolni tutib bo‘lmagani kabi nafratni ham ushlab, jilovlab bo‘lmaydi. Shamol katta kengliklarni qamrab olgani singari bir kishining ko‘nglidagi nafratdan ko‘pchilik aziyat chekadi. Ko‘ngli nafratga to‘la kishi uchun hayot butkul zulmatga aylanadi. Alamzada odam esa atrofdagilarga zahrini sochmasa turolmaydi. Yuragini yorug‘lik tark etgan kimsalarning qiyofasi, ko‘rinishi ham kishilarga noxush ta’sir etib, kayfiyatini xira qiladi. Adib yaratgan rassom, qorovul, Bayna momo singari qahramonlarning qiyofasi, ko‘rinishi nihoyatda abgor. “Qora kitob” qahramoni tashqi ko‘rinishi ham shunday. Muallim o‘zining yuzini kuygan charmga qiyoslaydi va: “Yuzim emas, yuragim kuyib ketgan, kuygan kovushga o‘xshab qolgan. O‘zim ham misoli g‘ijimlab tashlangan qog‘ozman, hayot meni g‘ijimlab tashladi, birodar” deydi. U yuragini yozadigan, uni tinglab tushunadigan odam topolmaganidan shunday abgor ahvolga tushgan. “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Ochilmagan eshik” qahramonlari ham xuddi shu muammo qurboniga aylangan. Chunki bir joyda yashaydigan, bir joyda ishlaydigan odamlar bir-biri bilan suhbatlashib, dardlashib turmasa, asab tizimiga putur yetib, turli kasalliklarga chalinadi. Suhbatlashish, sirlashish ham xuddi nafas olish, ovqatlanish, issiq-soviqdan saqlanish singari inson uchun zaruriy ehtiyoj sanaladi. Shuning uchun “Qora kitob” qahramoni: “Negadir siz bilan juda suhbatlashgim kelyapti, to‘g‘risini aytsam, hozir kimgadir ko‘nglimni bo‘shatmasam, “tars” yorilib ketadigandayman” deydi. Bir- biridan uzoqlashish, faqat o‘zini o‘ylab yashash kishilarni ma’nan-ruhan azoblab, jamiyatda ma’naviy tanazzulni keltirib chiqaradi. Bu mislsiz fojiadir. Ma’naviy tanazzul har qanday iqtisodiy tanazzuldan og‘irroq asoratlarni keltirib chiqaradi. Iqtisodiy tanazzulni boshqa mamlakatlar ko‘magida qisqa muddatda bartaraf etsa bo‘ladi. Lekin ma’naviy tanazzuldan bunday yo‘l bilan qutulib bo‘lmaydi. Buning uchun kishilarning ongi, dunyoqarashini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Odamlarning rangi, dunyoqarashi bir-ikki yilda o‘zgarmaydi. U juda og‘ir kechadi va uzoq muddat davom etadi. Bunga ba’zan bir necha yuz yilda ham erishib bo‘lmaydi. Temuriylar saltanati tanazzulga uchraganidan keyin XX asr boshigacha o‘lkamizda sezilarli o‘zgarish yuz bermagani shundan dalolat beradi. Kishilarning ongi, dunyoqarashidagi yangilanishlar natijasida taraqqiyot, rivojlanishga erishiladi. An’anaviy asarlarda qahramonlar xarakteri ularning bir-biri bilan to‘qnashuvi, o‘zaro kurashi asosida ochib beriladi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Hamza, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor asarlarida dunyoqarashi, fe’l-atvori turlicha qahramonlar o‘rtasidagi ziddiyatlar ifodalanadi. Ulardan biri yoqlanadi, ikkinchisi qoralanadi. An’anaviy asarlarda muallif voqelikni xolis turib tasvirlasa-da, uning qahramonlarga munosabati aniq bilinib turadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Otabek, Kumush, Yusufbek hojining xatti-harakatlari ma’qullanib, Homid va sheriklarining yovuzliklari ochiq-oshkora qoralanadi. Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasida ham amaldorlarning ta’magirligi, poraxo‘rligi bevosita ularning o‘z tilida ayttiriladi. Ong oqimi asarlarida esa turli xarakterdagi qahramonlar o‘rtasidagi to‘qnashuv ko‘rsatilmaydi. Ularda qahramonlar “O‘tkan kunlar”, “O‘g‘ri” asarlaridagi singari bir-birlariga duch kelmaydi, to‘qnashmaydi. An’anaviy asarlarda qahramonlar fe’l-atvori, duyoqarashi ularning muloqoti, bahs-munozarasi orqali ifodalanadi. Nazar Eshonqul asrlarida esa turli xarakterdagi qahramonlar deyarli muloqot qilmaydi. Albatta, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Ochilmagan eshik”, “Maymun yetaklagan odam” hikoyalarida ham qahramonlar dialogi beriladi. Lekin bu dialog “Anor”, “Dahshat”, “Ming bir jon” hikoyalaridagi singari syujetda burilish hosil qilmaydi. Ma’lumki, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Hamza, Oybek, Gʻafur Gʻulom Abdulla Qahhor asarlarida qahramonlar dialogi muhim o‘rin tutadi. Nazar Eshonqul asarlarida esa qahramonlarning ichki kechinmalari, uning qalbidagi iztiroblari ifodasi shunday salmoq kasb etadi. Ularda dialog qahramonning botinidagi ziddiyatli kurashni ko‘rsatadigan vosita, unsur vazifasini bajaradi. Adib qahramonlari boshqalar bilan emas, o‘zi bilan munozara qiladi va o‘zining befayz umr kechirganiga amin bo‘ladi. Shundan iztirob chekadi, o‘zidan qanoatlanmaydi, o‘zgalarni emas, o‘zini ayblaydi. Odam hayot mohiyati, umr mazmuni to‘g‘risida har doim ham o‘ylayvermaydi. “Bevaqt chalingan bong”, “Ochilmagan eshik” qahramonlari ham o‘z kechmishi xususida tuyqusdan o‘ylab qoladi va birdan ularning hayotga qarashlarida kutilmagan o‘zgarish ro‘y beradi. Nazar Eshonqul qissa, hikoyalarida qahramon qalbida sodir bo‘lgan shu isyonni ochib berish asosiy maqsad qilib qo‘yiladi. Bu qahramonlar hammadan ranjigan, hayotdan bezgan, odamlardan ko‘ngli qolgan kishi sifatida taassurot qoldiradi. Muallif tushkunlikka tushgan qahramonlari qiyofasini xuddi rassom kabi chizib ko‘rsatadi. Ular hayot haqida boshqacha fikr yuritishiga e’tiborni qaratadi. Qahramonlarning keskin, ziddiyatli mushohadalari daf’atan kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Nazar Eshonqul asarlarini an’anaviy asarlar singari zavq-shavq bilan mutolaa qilib bo‘lmaydi. Ularni mushohada qilib o‘qiladi. Xiyla qiyin kechadigan bu jarayonda kishida iztirob hissi kuchayadi. Ayni chog‘da odam avval anglamagan haqiqatlarni bilganidan ma’nan o‘sib, aqli boyiganini his etadi. Bu esa adib asarlari kishini ruhan yuksaltirib, qalbini tozartiradigan ta’sir quvvatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Zotan, san’at va adabiyotning asosiy maqsadi odamlarga faqat huzur baxsh etish emas, balki ularni ruhan ulg‘aytirib, ma’nan yuksaltirishdir. Nazar Eshonqul qissa va hikoyalari hayot jumboqlariga javob izlab iztirob chekayotgan qahramonlar kechinmalarni aks ettirib, kishilarni o‘zini anglashga undaydigan va shu asosda qalbni tozartiradigan asarlar sirasiga kiradi. Chunki adib qahramonlari xarakterini ularning ichki olamidagi ziddiyatli kechinmalarni ko‘rsatish orqali ochadi. Sinovli dunyo savollariga javob izlab azoblangan Bayna momo, muallim, rassom dastlab tasavvurda hayotdan bezgan, hammadan nafratlanadigan odam sifatida jonlanadi. Chunki ular boshqalarga o‘xshab hech qachon kulmaydi. Lekin gapga juda chechan, savollari jo‘yali, e’tirozlari nihoyatda asosli. Shuning uchun dunyoqarashi keng, saviyasi baland, hayot hodisalari haqida mushohada yuritadigan o‘quvchilar “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Qora kitob”ni mutolaa qilishdan maroqlanishadi. Ular “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol” (O‘tkir Hoshimov) yoki Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovning mashhur qissalaridagi qahramonlaridan ko‘ra Bayna momo, muallim, rassomni o‘zlariga yaqin olishadi. Nazar Eshonqulning hayot jumboqlariga javob izlayotgan bu qahramonlari ko‘rinishi abgor, aftodahol, fe’l-atvori ham shunga mos – qaysar, o‘jar, injiq, jizzaki bo‘lsa-da, aslida ular bebaho odamlardir. Bunday odamlar biror hodisa ro‘y berib, maslahat va yordam so‘rab murojaat qilganlarni hech qachon ranjitib, xafa qilib qo‘ymaydi, imkoniyati yetgancha, qo‘lidan kelgancha kishilarga ko‘maklashadi. Chunki g‘am-g‘ussa chekish qismatiga aylangan Bayna momo, muallim, rassomga o‘xshagan kishilar birovning boshiga tashvish tushganida, kimdir ko‘makka muhtoj bo‘lib qolganida boshqalar singari ko‘pchilikning biri sifatida tomoshabin bo‘lib qarab turolmaydi. Ular mana shu xususiyatiga ko‘ra ham bebaho odamlar sirasiga kiradi. “Bevaqt chalingan bong” hikoyasidagi qotil qorovul ham aslida bebaho odamlar qatorida turadi. Vaholanki hikoyada uning holati: “Xonada esa qonga belangan qo‘llariga grafinning bir parcha sinig‘ini xanjarday tutib olgan, to‘satdan boshlanib, hamma narsani ostin-ustun qilgach, o‘zidan keyingilarga chang-g‘ubor qoplagan dalani-yu, shox-shabbalari singan daraxtlar bilan to‘zigan xazonlarni qoldirib so‘ngan bo‘rondek yuzida telbalik va jazava to‘nib qolgan qorovul divanda horg‘in va mag‘lub alfozda o‘tirar, xonani qon va ter hidi tutgan, qon gilamdan sizib o‘tib, burchakdagi ochiq joyda halqob bo‘lib to‘planib qolgan, unda chiroqning aksi lipillar, grafin sinig‘i barmoqlarini tilib tashlagan qorovulning yuzida esa bir necha daqiqa oldin qilgan qotilligining muhridek bir tomchi qon qotib qolgandi” deb tasvirlangan (O‘sha manba. – 303-bet). Nazar Eshonqul asarlaridagi odamlardan nafratlanadigan, bahs-munozarani ko‘tarolmaydigan, jizzaki, hayotdan bezganday ko‘rinadigan, ijtimoiy turmushda ildiz otgan adolatsizlikdan azoblanish hissi tajang qilib qo‘ygan qahramonlar aslida hech kimga ozor bermaydi. Ular boshqalarning baxtli bo‘lishi uchun o‘zini fido qila oladi. Chunki ularning qalbi toza, ko‘nglida ezgulik qilishdan boshqa niyati yo‘q. Ular tuyg‘ulari tiniq, niyati ezgu bebaho odamlardir. Nazar Eshonqul ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalarga o‘z nuqtai nazaridan yondashish orqali o‘zbek adabiyotiga Abdulla Qodiriy, Oybek, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimovlar avlodi asarlaridagi qahramonlardan tamomila farq qiladigan bebaho odamlar obrazini taqdim qildi. U buning ortidan yuz beradigan bahs- munozaralardan cho‘chib o‘tirmadi. Nazar Eshonqul o‘z asarlarida inson qalbida daf’atan yuz beradigan o‘zgarishlarni san’atkorona poetik mahorat bilan aks ettiradi. U sinovli dunyo jumboqlariga javob izlagan bebaho qahramonlarining dard, iztirobga to‘la o‘y-kechinmalarini qalamga olish orqali har bir kishining insonlik darajasi uning ruhiyati, ma’naviy dunyosi va irodasiga bog‘liqligini ko‘rsatadi. Iste’dodli adib hayot muammolariga javob izlab, mushohada yuritish, o‘z-o‘zi bilan muttasil munozara qilish har bir inson uchun o‘zini anglash va hayot mazmunini tushunishning muhim omili ekanini asoslab beradi. Uning asarlari bilan tanishgan kitobxon hayot hamisha ziddiyat, qarama-qarshiliklarga to‘laligi, u hamma zamonda muttasil kurashdan iboratligini teranroq tushunib yetadi, hayot jumboqlariga javob izlab, iztirob chekayotgan personajlarning o‘z-o‘zi va o‘zgalar bilan keskin bahs-munozarasida esa o‘z ko‘nglidagi fikrlarga uyg‘un jihatlarni ko‘radi. Nazar Eshonqul asarlarida “axborot bo‘roni” girdobida qolgan globallashgan zamon manzarasi aks etib, undan haqoniy hayot nafasi ufurib turadi. Iste’dodli adib aldov, xiyonat, makkorliklarga to‘la serg‘alva davrda yashab, hayot murakkabliklariga javob izlab, iztirob chekayotgan insonning ziddiyatli kechinmalarga to‘la sarkash ruhini, uning odam va olamni yanada mukammalroq ko‘rishga tiyiqsiz intilishini ifodalaydi. Uning san’atkorona mahorat bilan bitilgan shiddatkor zamon ruhiga mos asarlari o‘zbek adabiyoti hayot murakkabliklari va inson dunyosi jumboqlarini badiiy gavdalantirishda, avvalgi davrlarga qiyoslaganda, ancha o‘sgani, yuksalganiga yorqin dalil, aniq isbot bo‘la oladi. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling