Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so‘zlar
BEBAHO ODAMLAR OBRAZIAbdulla ULUGʻOV, ToshDO‘TAU professori, filologiya fanlari nomzodi Annotasiya: Zamonaviy o‘zbek adabiyotida Nazar Eshonqul asarlari o‘ziga xos o‘rin tutadi. Uning hikoya, qissa, romanlarida hayot hodisalari va inson obrazi yuksak poetik mahorat bilan aks ettiriladi. Adib asarlari tilining jarangdorligi, tasvirning tiniqligi, hayot voqeligi teran tahlil qilinishi bilan diqqatni tortadi. Ijodkor hikoya, qissa, roman va maqolalarida hodisalarning boshqalar payqamagan eng muhim jihatlarini ochib beradi. Yozuvchining “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong” kabi asarlari chuqur poetik fikr, qaynoq ehtiros izhori sifatida e’tiborni jalb etadi. Bu asarlar so‘z san’ati namunalari ta’sirchanligini ta’minlaydigan eng muhim omil chuqur, dardli kechinmalar, tiniq tuyg‘ular 30 Nazar Eshonqul. Mendan “men”gacha. -Toshkent. “Akademnashr”, 2014 yil, 39-bet. ifodasi ekanini isbotlaydi. Muallifning “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Tun panjaralari”, “Momo qo‘shiq” va boshqa asarlarida Fyodor Dostoyevskiy, Alber Kamyu kabi jahon adabiyoti namoyandalariga xos keng ko‘lamli mushohada va teran tuyg‘ularni poetik ifodalashga intilish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mazkur maqolada shu xususda so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: zamonaviy o‘zbek adabiyoti, ijtimoiy hayot hodisalari, inson obrazi, an’anaviy asar, ruhiy kechinma, , zamon ruhi, inson qalbi, poetik tasvir, ismsiz personaj, bebaho odam. Nazar Eshonqulning hikoya, qissa, romanlari, esse va maqolalari boshqa ijodkorlarning asarlariga uncha o‘xshamaydi. Uning asarlari har jihatdan o‘ziga xos. Bu ularda hayot hodisalarining aks ettirilishi, qahramonlar obrazining gavdalantirilishida, asarlarning shakl-shamoyili, ifoda uslubi, jumla qurilishida aniq bilinadi. Adibning “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalari, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong” kabi hikoyalari Abdulla Qahhor, Said Ahmad yoki Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov asarlaridan tamoman farq qiladi. “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat” (A.Qahhor), “O‘rik domla” (S.Ahmad), “Hayot abadiy”, “Ko‘k ko‘l”, “Ozodlik” (Sh.Xolmirzayev), “Urushning so‘nggi qurboni” (O‘.Hoshimov) hikoyalarida muayyan hodisa ta’sirchan tasvirlanadi. Ular ma’lum bir syujetga asoslanadi, qahramonlar o‘rtasida to‘qnashuv yuz beradi hamda voqealar aniq, ravshan ifoda etiladi. Masalan, “Bemor” hikoyasi: “Sotiboldining xotini og‘rib qoldi. Sotiboldi kasalni o‘qitdi – bo‘lmadi. Tabibga ko‘rsatdi. Tabib qon oldi. Betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib qoldi. Baxshi o‘qidi. Allaqanday bir xotin kelib, tolning xivchini bilan savaladi, tovuq so‘yib qonladi... Bularning hammasi, albatta, pul bilan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi” deb boshlandi (Qahhor A. Asarlar: Besh jildlik. 1-jild. Sarob: Roman. Hikoyalar. – T.:Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. – 336 b. – 289-bet). Voqealarni bu tarzda bayon etish boshqa ijodkorlarning asarlarida ham kuzatiladi. Adabiyotda hayot hodisalarini ayni shaklda naql qilish azaldan an’ana bo‘lib keladi. An’anaviy uslubdagi asarlarda voqealarni naql qilish ustun turadi. Nazar Eshonqulning hikoya, qissalarida esa hodisalarning mohiyatini tahlil qilish asosiy o‘rin tutadi. Ularda qahramonning kechmish- kechirmishlari, u yashayotgan muhitga badiiy-falsafiy yondashiladi. Adib qahramonlari ichki olamida kechadigan murakkab ruhiy holat, ziddiyatli kechinmalarni qalamga oladi. Bu qahramonlar hayot jumboqlariga javob izlayotgan odam sifatida e’tiborni tortadi. Ular o‘zining xotiralariga beriladi, kechmish-kechirmishini o‘ylab, iztirobga tushadi. “Maymun yetaklagan odam”, “Qora kitob”, “Bevaqt chalingan bong”dagi personajlar dastlab ko‘nglini yomon fikrlar egallab olgan odam obrazi sifatida taassurot uyg‘otadi. Lekin ular Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor asarlaridagi qahramonlar singari boshqalar bilan to‘qnashmaydi, hech kimga qarshi kurashmaydi. Nazar Eshonqul asarlaridagi qahramonlar o‘zi bilan o‘zi munozara qilib, hayot jumboqlariga javob izlaydi. Ularning ehtirosga to‘lib qilgan bu ichki munozarasida inson qalbining juda ko‘p jumboqlari ochiladi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qora kitob” qahramonlari o‘ziga va o‘zgalarga juda katta talablar bilan yondashadi. Hayot jumboqlariga javob izlayotgan bu bebaho qahramonlarning o‘z-o‘zi bilan, o‘zgalar bilan munozarasidan inson o‘zining kuchi, qobiliyati, butun faoliyatini olijanob ezgu maqsadlar sari yo‘naltirganidagina uning hayoti ma’no kasb etadi, degan ma’no anglashiladi. Insonning qarama-qarshiliklarga to‘la ichki olami, undagi ziddiyatli kurashni ko‘rsatish “Qora kitob” muallifi ijodiga xos asosiy xususiyat ekani aniq ko‘rinib turadi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam” yoki “Tobut” hikoyalari bilan “Dahshat”, “Anor” yoki “O‘g‘ri” hikoyalari taqqoslansa, Abdulla Qahhorning asarlari adabiyotda keng tarqalgan voqeanavislik yo‘nalishida, Nazar Eshonqul asarlari esa “ong oqimi” yo‘nalishida – hodisalarni tahlil etib, mushohada yuritish asosida bitilgani aniq ko‘rinadi. “Sarob” muallifining mazkur hikoyalarida qahramonlarning hayoti, boshidan kechirayotganlari mahorat bilan tasvirlanadi. O‘quvchi bir marta o‘qishdayoq bu hikoyalardagi voqelik haqida aniq xulosa chiqaradi. Ya’ni ulardagi ayrim qahramonlarga achinadi, baьzilaridan esa nafratlanadi. “Maymun yetaklagan odam”, “Yalpiz hidi”, “Istilo” hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari esa yengil o‘qiladigan, nima deyilmoqchi ekani aniq bilinib turadigan bu turdagi asarlar sirasiga kirmaydi. Abdulla Qahhorning hikoyalari an’anaviy nasrning yuksak namunalari qatorida tursa-da, ular “Maymun yetaklagan odam”, “Istilo”, “Yalpiz hidi” hikoyalari bilan yonma-yon qo‘yilsa, Nazar Eshonqul hikoyalarida qahramonlar ruhiyatida kechayotgan jarayon kengroq ochib berilgani ayon bo‘ladi. Kishilarning nafaqat libosi, turmush-tarzi, balki, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy qarashlari, didi, saviyasi ham o‘z zamonasiga mos bo‘ladi. Shu haqiqat, e’tiborga olinsa, Abdulla Qahhor, Oybek kabi adiblar inson hayotini o‘z davri adabiy mezonlari asosida gavdalantirgan. Ularning asarlari o‘sha paytda o‘zbek adabiyotida chinakam yangilik sanalgan. Lekin o‘z-o‘zidan aniqki, har qanday yangilik ham vaqt o‘tishi bilan eskiradi. “Anor”, “Dahshat” hikoyalari badiiy barkamol sanalsa-da, endilikda ular inson obrazini an’anaviy yo‘nalishda tasvir etgan asar bo‘lib qoldi. Hozir o‘zbek adabiyotida inson tabiati va ruhiy olamini yangicha tarzda aks ettirgan asarlar paydo bo‘ldi. Bu asarlarda qahramonlarning ziddiyatli kechinmalarini ochib berish asosiy o‘rin tutadi. Nazar Eshonqulning hikoya va qissalari shunday asarlar sirasiga kiradi. Ulardagi qahramonlar ko‘rgan-kechirganlarini tanqidiy tahlil etish orqali hayotning murakkabliklari va o‘zini his etish va anglashga intiladi. Nimanidir his etish, anglash esa muhim.Chunki inson bu orqaligina hayot jumboqlarini bilib oladi. “Qora kitob” qissasi, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi markazida o‘zining gunohga botganini anglagan va bundan iztirob chekayotgan inson obrazi turadi. Insonning botinini ko‘rib, bilib bo‘lmaydi. Adabiy asarlarning mazmuni va ahamiyati sir-sinoatga to‘la ana shu jumboqni ko‘rsatish bilan belgilanadi. Shu boisdan har bir ijodkor insonning botini – qalbini ochishga intiladi. Buning uchun o‘zicha yo‘l izlaydi, kimgadir taqlid qiladi, turli uslub-usullardan foydalanishga harakat qiladi. Nazar Eshonqul qahramonlari qalbini ochishda o‘ziga xos yo‘l tutadi. Uning asarlarida adib, rassom asosiy obraz sanaladi. Muallif qissa, hikoyalarida o‘zining adabiyot haqidagi qarashlarini bildiradi. Uning bu qarashlari adabiyot to‘g‘risida keng tarqalgan tushunchalarga unchalik mos kelmaydi. Muallif “Tun panjaralari” qissasida “Adabiyot insonning og‘riqlaridir... Kishilar uni bir-birlariga yuraklaridagi og‘riqlarni aytish va ibrat qilib ko‘rsatish uchun o‘ylab topishgan” deydi (Eshonqul N. Yalpiz hidi: Qissalar va hikoyalar. – T .: “Sharq”, 2008. – 400 b. – 178-bet). Nazar Eshonqul qissa, hikoyalarida qahramonlarini qiynayotgan, azoblayotgan o‘ylarga e’tibor qaratadi. Adibning qahramonlari o‘zini qurshagan muhitga, kechmishiga tanqidiy ko‘z bilan qarab, xatolari, gunohlaridan iztirob chekadi. O‘zining faoliyatini tahlil qilib, boshqalarga yetkazgan ozori uchun azoblanadi. Bunday odam esa yaxshi odamdir. Chunki bunday kishilar hech qachon ataylab yomonlikka qo‘l urmaydi, o‘zgalarga tazyiq o‘tkazmaydi. Ular bilib-bilmasdan kimnidir ranjitsa, shuni o‘ylab azoblanadi. Nazar Eshonqul qahramonlari xarakteridagi shu jihatni ko‘rsatadi. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalari qahramonlari ham, “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyalaridagi personajlar ham o‘tgan kunlari, umri besamar ketgani xususida o‘ylab azoblanadi. Azoblanish esa kishini ma’nan-ruhan tozartiradi. “Tun panjaralari” qahramoni “Azob tugagan joyda faoliyatsizlik boshlanadi: xudbinlik, xiyonat, loqaydlik boshlanadi. Yo‘q, bundaylarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q” deydi. Abdulla Qahhor asarlaridagi qahramonlarga Qobil bobo, Sotiboldi, Unsin deb ism qo‘ygan. “Qora kitob”, “Tun panjaralari”, “Maymun yetaklagan odam” da esa bunday emas. Ularda asosiy qahramon ismsiz. Asar shu nomsiz qahramon tilidan yozilgan. “Qora kitob” qissasi: “Birodar, yaxshi odam bo‘lsangiz kerak, ko‘zlaringiz aytib turibdi. Siz ham bu charxi dunyoning ko‘p nadomatlarini boshdan kechirganga o‘xshaysiz. Negadir siz bilan juda suhbatlashgim kelyapti, to‘g‘risini aytsam, hozir kimgadir ko‘nglimni bo‘shatmasam “tars” yorilib ketadigandayman” deb boshlanadi (O‘sha manba. – 193-bet). Qissa qahramoni: “Yuzimga qarasangiz, darrov sezasiz. Kuygan charm deysiz. Yuzim emas, yuragim kuyib ketgan, kuygan kovushga o‘xshab qolgan. O‘zim ham bamisoli g‘ijimlab tashlangan qog‘ozman. Hayot meni g‘ijimlab tashladi, birodar” deydi. Asar uning iztirob, alamga to‘la monologidan iborat. Bu monologdan ayon bo‘ladiki, “hayot g‘ijimlab tashlagan” bu odam umr bo‘yi muallimlik qilgan. U yoshi yetmishga yaqinlashganida kechmish-kechirmishini taftish etib, tavba-tazarru qiladi. Boshqa birov bilan emas, o‘zi bilan munozara qiladi. “Hayot – tavqi la’nat to‘shagi” (O‘sha manba. – 193-bet) deydi. Uning bu kabi inkor to‘la iztiroblari hech kimni befarq oldirmaydi. Chunki u “Odamzodni yaratmaslik kerak edi. Parvardigor odam bilan birga, gunohni ham yer yuziga ekib qo‘ydi. Biz hammamiz la’natga mahkum etilganlarmiz” (O‘sha manba. – 193-bet) deydi. Nazar Eshonqul asarlari qahramonlari nima uchun nomsiz ekanligi jumboq. Uni har kim o‘zicha talqin qiladi. Lekin “Qora kitob”ning ismsiz qahramoni o‘z hayotidan norozi, umri adashishdan iboratligidan afsuslanayotgan kishilar obrazi ekanligi bilinib turadi. U “Butun odamzod nafrat to‘la qichqiriq... Hayot zaharga bo‘ktirilgan chiroyli kulchadan boshqa narsa emas” (O‘sha manba. – 194-bet) deydi. Bunday achchiq gaplarni esa umri davomida aldanib kelganini anglagan odam aytadi. Chunki aldangani alam qilganida kishining jahli chiqadi. Bunday paytlarda har qanday odam o‘zini tutolmay, shakkokka aylanadi. Albatta, “noumid bo‘lish shaytonning ishi” deyiladi. “Qora kitob” qahramoni yoshi bir joyga borganida bema’ni aldovlarga umid qilib yashagani, e’tiqodi sarob ekanini anglaydi va hayotdan ko‘ngli qoladi. “Odamzodning anovi churkun xazonlarday chirib bo‘lganini sizga aytib qo‘ymoqchiman. Unda na niyat qoldi, na istiqbol” (O‘sha manba. – 194-bet ) deydi. Odamlardan ranjigan, orzulari chilparchin bo‘lgan kishi shunday tushkunlikka tushadi. Tushkunlikka tushgan odamga esa hech narsani uqtirib bo‘lmaydi. Aniqrog‘i, u hech narsani tushunishni istamaydi. Bunday paytda qora xayollar, badbin o‘ylar o‘rab olganidan u hammadan nafratlanadi. Hayot hodisalarini taqqoslab, tahlil qila oladigan kishilarning tushkunlikka tushishi, ayniqsa, og‘ir kechadi. Ularga hech kimning so‘zi taskin berolmaydi. Chunki ularning e’tirofu e’tirozlarini inkor etib bo‘lmaydi. “Men javob izlovchi bir odamman. Lekin yetmishga yaqinlashdim hamki, javob topa olganim yo‘q. Topolganim faqat savol, javobni esa ko‘mib tashlashgan, odam ham ko‘milganidan so‘ng o‘sha javobni topadi” deydi “Qora kitob” qahramoni. “Javob izlovchi odam” ning: “Biz har qanday go‘zallikni ham hirsimizni qondiruvchi vosita sifatida baholashga ko‘nikib qoldik. Dinmi? Dindorlarmi? Axir ularning har biri “Xudo bizniki” deb bir-birining yuziga balchiq chaplashdan nariga o‘tishmaydi. Nahotki, din faqat odob-axloq bo‘lsa? Hozir qaysi taqvodor bilan so‘zlashmang, xudo faqat o‘zinikiday, o‘zidan va o‘qiganlaridan o‘zgani tan olmaydi” (O‘sha manba. – 196-bet) degan raddiya, e’tirozlarini hech kim inkor etolmaydi. Chunki hozir san’at ham biznesga aylandi. Xonandalar, rassomlar puldorlarga qaram bo‘lib qoldi. Puldorlar o‘z boyligini yanada ko‘paytirish uchun ijodkorlarga o‘z hukmini o‘tkazmoqda. Jo‘n, bachkana shou tomoshalar odamlarni asir qilib oldi. Olomon madaniyati xuruji kishilarni haqiqiy san’atdan uzoqlashtirib qo‘ydi. Turmaga tushganlar, o‘g‘ri, fohishalar hayoti, mafiyaning kirdikorlari to‘g‘risidagi kitoblarni haqiqiy adabiyotdan farqlamaydiganlar ko‘paydi. O‘g‘ri, mafiya, xorijga ishlash uchun ketganlarning sarguzashtlari to‘g‘risidagi belletristik asarlar xaridorgir bo‘lib qoldi. Kishilarning didini pasaytirayotgan ushbu kitoblarni nashr etib, kimlardir katta foyda olmoqda. “Qora kitob” qissasidagi “javob izlovchi” qahramonning din to‘g‘risidagi e’tirozlari ham ayni haqiqat. Hozir manfaatparastlik, tamagirlik asosiy a’molga aylandi. Bu kishilarning san’at emas, dinga munosabatida ham ko‘rinadi. Ayrimlar uchun endilikda din boylik orttirish vositasi bo‘lib qoldi. Masjidlarning imomlari odamlarning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun bir-birini yomonlaydi, bemalol tamagirlik qiladi. Musulmonlar nasroniylar, yahudiylarga, ular esa musulmonlarga bo‘hton yog‘diradi. Dinlarni biridan birini ustun sanash uzoq asrlardan beri to‘xtamaydi. Odamlar uchun o‘z dini bilan maqtanish odat bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham “Qora kitob”ning ismsiz qahramoni “Dindorlar Xudo bizniki!” deb talashadi, deydi (O‘sha manba. – 196-bet). Adib hayotdan, odamlardan norozi bu qahramonning iztiroblarida bir umr sarobga ishonib kelganini anglagan kishilar qanchalik alamzada bo‘lib qolishini ko‘rsatadi. Muallifning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi ham muayyan jihatdan “Qora kitob” qissasiga o‘xshaydi. Ushbu hikoyada ham aldanganini anglagan odam dabdurustdan juda ayanchli ahvolga tushib qolishi ochib beriladi. Hikoyada ham xuddi qissadagi singari qahramonlarning nomi aytilmaydi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi ham “Qora kun” qissasi singari birinchi shaxs tilidan bitilgan. Roviy unda bir rassomning ayanchli qismati bilan tanishtiradi. Rassom ham xuddi “Qora kitob” ning qahramoni singari ismsiz. U ham butun umr nima yaxshi, nima yomonligini izlaydi va bunga javobni topolmaydi. “Hayotda nima yaxshiligu nima yomonlik, hech qachon farqlab bo‘lmaydi, yaxshilik – ayni paytda kimgadir yomonlik, yomonlik esa ayni paytda kimgadir yaxshilik bo‘lib tuyuladi, mening umrimda anglagan xulosam, shu” deydi (O‘sha manba. – 342-bet). Kishilarning aldamchiligi, firibgarligini ko‘raverib, ulardan bezgan odam shunday fikrlaydi. Rassom odamlarni yomon ko‘rib qolgan. Shuning uchun ko‘pchilikdan o‘zini chetga tortadi. “Qora kitob” qissasi qahramoni esa o‘zining odam bo‘lib yashaganidan afsuslanadi. “Agar yana yashash imkoniyati berilganda odam bo‘lib yashashga sira ham rozi bo‘lmasdim, it bo‘lib yoki biron sayyodning o‘qiga uchib o‘ladigan qush bo‘lib yashashga rozi bo‘lardim, biroq odam bo‘lib emas” deydi (O‘sha manba. – 204-bet). Nazar Eshonqulning ijodida hayot haqida ana shu tarzda isyonkorona mulohaza yuritadigan qahramonlar obrazi asosiy o‘rin tutadi. Ular aldanib yashaganini anglab, o‘zlarini o‘zlari sud qilishadi. Adibning barcha qahramonlarini hayotdan norozilik kayfiyati birlashtirib turadi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi “E’tiqodi mustahkam odamlar yaxshilik bilan yomonlikni juda teran anglaydilar” degan fikrni alamzada bo‘lib qolgan rassom: “Bir umr e’tiqod qo‘yib, shunga ishonib, kurashib yonib-kuyib yashasang-u, bir kuni e’tiqod qo‘ygan narsangiz puch, yolg‘on va puflab shishirilgan sharday omonat, siz ezgulik deb sig‘ingan narsalar asli razolat ekanini anglab qolsangiz, bunday demas edingiz” deb rad etadi. Odatda, manmanlik kasaliga mubtalo takabbur kimsalar boshqalardan o‘zining ustunligini ta’kidlash maqsadida hamma narsani shu tarzda inkor etadi. “Qora kitob” qissasi qahramoni, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi rassom esa bunday emas. Ular boshqalardan kamchilik, qusur izlashdan rohatlanadigan kimsalar toifasiga kirmaydi. Nazar Eshonqulning boshqa qahramonlari singari ular ham o‘zgalardan emas, ko‘proq o‘zidan norozi bo‘lishadi. “Qora kitob” qissasi qahramoni “Men umrim davomida hayotdan mazmun izlab, endi uning mazmunsiz ekanligini anglab yetgandim” deb iztirob cheksa, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida rassom: “Biz tushunarsiz yashadik. Har bosgan qadamimiz odamlar uchun shubhali va qorong‘u bo‘lib qolgan, albatta, bunga siz emas, o‘zimiz aybdormiz”, deb afsuslanadi (O‘sha manba. – 341-bet). Qahramonning afsus-nadomatlari ta’sirchan tasvirlangan ushbu hikoyani o‘qib bo‘lgach, uning sarlavhasi ikki xil ma’noni ifodalashi ayonlashadi. Rassom ijodining dastlabki yillarida chizgan “suratda quyuq o‘rmondan maymunni yetaklab chiqayotgan barvasta gavdali yigit tasvirlangan, yigitning ko‘zlari tiyrak va ishonch bilan porlagan, maymunning bo‘yniga solingan kishan tarang tortilgan” bo‘lsa, u umrining so‘nggida ham ayni shunga o‘xshash surat chizgan, faqat bu suratda “maymun umidsiz ko‘zlariga g‘am cho‘kkan, munkaygan bir cholni o‘rmon sari yetaklab ketayotgani” tasvirlangan. Roviy rassom chizgan bu ikki suratni taqqoslab, har bir odamning ishida uning hayot haqidagi o‘ylari, quvonchu dardlari aks etishini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham odamning kim ekanligini uning qilgan ishi namoyish etadi. Kishilarning didi darajasi, hayotga qarashi, qiziqishi, intilishi ularning faoliyatida ko‘rinadi. Odamning xatti- harakati uning ichki olami, asl qiyofasini oshkor etadi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi rassom ham o‘zining hayotga intilishi, orzu-umidlari, alam-armonlarini chizgan suratlarida ifodalagan. Voqealarni so‘zlab berayotgan yigit rassom bilan suhbatlashgandan keyin shunday xulosaga keladi va bu xususda: “U o‘zining fikrini ma’qullamaganlarni yoqtirmasdi, aftidan. Uning butun umr yaxshilik nima-yu, yomonlik nimaligini izlay-izlay, javob topolmaganini o‘zimcha tasavvur qilib, dahshatga tushdim, hatto, uning o‘sha kuni tushunarsiz rasmlariga ham andak tushunganday bo‘ldim; bu suratlar – o‘z-o‘ziga ishonmagan, umrini turli aldovlar va yupanchlar bilan behuda o‘tkazgan odamning hayot haqidagi o‘ylari, uning mavhumlikka mustahiq qalbining parcha-parchalari edi” deydi (O‘sha manba 344-bet). “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam” qahramonlari hayotning mangu jumbog‘i – halqumini harom qilmaydigan odamlar doim aldanib, azoblanishidan iztirobga tushadi. Ular halol, vijdoni pok odamlar nega ko‘p to‘siqqa duch kelib, abgor ahvolga tushib qoladi, degan savolga javob topolmasdan qiynaladi. Nazar Eshonqulning qissa, hikoyalarida ham hayotdagi oddiy voqealar qalamga olinadi. Ularda biror bir favquloddalik yo‘q. Jumladan, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida ijarada turgan yigitning unga qo‘shni rassom to‘g‘risidagi o‘y, kuzatishlari ifodalanadi. Yigit rassomning yolg‘izlikda, abgor holatda yashashiga achinadi. Asar bor-yo‘g‘i shundan iborat. Ammo adib hayotning shu oddiy hodisasiga ijodkor ko‘zi bilan qarab, uni badiiy-falsafiy tahlil qiladiki, bu kishiga beixtiyor ta’sir ko‘rsatadi. Chunki hikoyada rassom to‘g‘risida: “Umri poyoniga yetgan sayin dunyoning beshafqat xulosalaridan qochib, u mana shu mavhum va yolg‘izlikning quyuq o‘rmoniga yashiringan edi. O‘zining o‘tgan umriga mana shu yolg‘izlik qo‘ynidan turib, nazar solmoqchi, o‘z umriga ham xulosalar yasamoqchi edi, shekilli, uning gaplaridan bu sezilar, lekin menimcha, o‘ziga zarur xulosani hanuz topmagandi. Uning yolg‘iz hayoti menga chirigan daraxtning birdan emas, yilma-yil yemirilishidek mudhish bo‘lib tuyulgandi. Aftidan, yolg‘izlik uning so‘nggi boshpanasiga aylangandi. Uning gaplarida odamning vujudini zaharlovchi nimadir bor edi” deyiladi (O‘sha manba. – 344-bet). Bu esa hikoyada voqelik poetik idrok etilib, inson dunyosi badiiy-falsafiy yoritilganidan dalolat beradi. Shu boisdan mazkur asar kishini befarq qoldirmaydi, unda muayyan munosabat uyg‘otadi. Bu “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi voqealar jo‘n bayon qilingan asarlardan har jihatdan ustun turadi, deyishga asos beradi. Nazar Eshonqul voqealarni juda ta’sirchan tasvirlaydi. U manzara, holat kechinmalarni mohir rassom singari yorqin gavdalantiradi. Masalan : “Rasmning orqa fonidagi ranglar me’yoriga yetmagandi. Bu quyosh botib, atrofga cho‘kkan xira qorong‘ilikni eslatardi. Biroq ana shu qo‘ng‘irrang fonida maymun va odamning qiyofasi ravshan aks etgan, odamning yuzidagi umidsizlikni yana ham kuchaytirgan edi” deyiladi (O‘sha manba. – 346-bet). Qahramonlarning sarguzashti bayonidan iborat asarlarda esa bunday o‘rinlar uchramaydi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida ijodkor qahramonning taqdirini badiiy tahlil etish orqali o‘zining hayot haqidagi kuzatishlari, o‘y-mushohadalarini o‘rtaga tashlaydi. O‘z hayotidan norozi rassomning achinarli qismatini so‘zlab bergan roviy muallif uchun o‘ziga xos vosita vazifasini bajaradi. Zotan, har bir ijodkor asarlarida, asosan, o‘z tabiatini, ruhiy kechinmalarini ifodalaydi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida ham muallifning hayot haqidagi, odamlar to‘g‘risidagi, san’at xususidagi o‘y-mulohazalari o‘z aksini topgan. Hikoyaning : “Men o‘shanda beixtiyor hayot kabi san’atning ham kirish va chiqish eshiklari borligi haqida o‘ylagandim. Cholning suratlari go‘yo sirli qo‘rg‘on edi: cholning ilk suratini ko‘rgan daqiqadayoq bu qo‘rg‘onga kirib qolgandim va uning suratlaridan qolgan sovuq hissiyot bilan birga yuragim g‘ash bo‘lib yurishi sababini topganday bo‘ldim” kabi o‘rinlari shuni bildiradi. Adib qahramonlarning qiyofasi, hissiyot, kechinmalarini ko‘rsatishda mohir musavvirga aylanadi. Bu o‘rinlarda so‘zlar xuddi turfa xil jozibador bo‘yoqlar singari xayolda rangin manzaralar hosil qiladi. Jumladan, hikoyaning ushbu o‘rinlari to‘g‘risida shunday deyish mumkin: “Bu suratlar menga umid qo‘shinlari tashlab ketgan umrning tashlandiq qarorgohlariga o‘xshab tuyuldi... Suratlardagi mavhumlik negadir yuragimni g‘ash qilgandi. Biroq cholning hayoti bir paytlar bir kechada porillab ochilgan guldek to‘siq bilmas shiddat bilan boshlanganini, so‘ng bu shiddat hayotning mavhum irmoqlariga xuddi yoz yomg‘iri jazirama sahroga singgani kabi qo‘shilib ketgan, degan xulosaga keldim. Uning o‘sha navqironlik davrini eslatayotgan nigoh qontalash va shilpiqlanib qolgan bo‘lsa ham, hali tiyraklik bilan tikiladigan ko‘zlaridagina qolgan edi. Bu ko‘zlar ham har qanday ishonch va umiddan mahrum edi” (O‘sha manba. – 340-bet). Nazar Eshonqulning hikoyalarida hayot hodisalari va qahramonlar obrazi ana shu tarzda aks ettiriladi. “Maymun yetaklagan odam” , “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Xayol tuzog‘i” hikoyalari mavzu jihatidan ham, inson dunyosini gavdalantirishi jihatidan ham Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov hikoyalaridan tubdan farq qiladi. “Uloqda”, “Jinlar bazmi”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat” hikoyalarida muayyan voqelik tasvirlanadi. Ularda ayrim qahramonlar ijobiy xususiyatlari, ba’zi personajlar esa salbiy sifatlari bilan aniq ko‘rinadi. “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyalarida esa qahramonlar bu tarzda “oq” va “qora” ga ajratilmaydi. Nazar Eshonqul asarlari qahramonlari o‘zining or-nomusini qadrlaydigan kishilar sifatida turmushdagi muammolarga teran nazar bilan qaraydi. Ular o‘z-o‘zi bilan “Nima yaxshi, nima yomon?” deb muttasil munozara qiladi, savollariga javob topolmasdan iztirob chekadi. Bu javob izlash jarayoni ular hayotining eng muhim, eng jiddiy lahzalari bo‘lib ko‘rinadi. “Maymun yetaklagan odam”, “Qora kitob” qahramonlari o‘z kechmishini tahlil qilib, insonga berilgan umr boshdan-oxir sinov maydoni ekanini anglaydi, hayot jumboqlariga javob topolmaganidan, u bema’ni bir narsa degan tushkun to‘xtamga keladi. Ana shu umidsizlik, tushkun kayfiyat tufayli ularning qiyofasi, ko‘rinishi ham qo‘rqinchli, ayanchli bo‘lib qoladi. “Maymun yetaklagan odam”da rassomning ko‘rinishi: “qoboqlari soliq, soqoli qirilmagan, bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan ko‘rimsiz yuzi tarix kitoblarida ta’riflangan badjahl ma’budlarning haykaliga o‘xshab ketar, unga qaragan odamning yuragi noxush bir hisdan orqaga tortardi. Ko‘zlari hissiz va ifodasiz, egnida elliginchi yillarning andozasida tikilgan ancha salobatli kitel, baqbaqasi osilgan, qoboqlari ostidan odamlarga adovat bilan tikiladigan, zahari odamni bo‘g‘ib, holsiz qilib qo‘yadigan” ekani ta’kidlanadi (O‘sha manba. – 335-bet). Lekin bu qahramon Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasidagi ellikboshi, amin, tilmoch, pristav singari nafrat hissi uyg‘otmaydi. Aksincha “butun tanasidan, butun vujudidan, qoqshol bo‘lib qolgan barcha qon tomirlaridan hamda chakalakzor ichidagi tilsimli qo‘rg‘on kabi noma’lum bo‘lgan umr qal’asidan adovat ufurib turgan” rassomning ayanchli ahvoli har qanday kishini achintiradi va inson hayoti g‘oyat chigal va murakkab ekanligi haqida o‘ylantiradi. Mushohada yuritish, fikrlash esa insonga berilgan eng buyuk ne’matdir. Kishilar o‘zlariga berilgan ana shu noyob layoqat vositasida hayot hikmatlarini bilib, o‘zini anglaydi. Har bir odam fikr yuritish orqali o‘zining maqsadini belgilab oladi va unga erishish uchun harakat qiladi. Nima narsa oq, qaysi narsa qora ekani yorug‘ joyda aniq bilinadi. Ammo yaxshi-yomon bu tarzda ko‘rinmaydi. Uni ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydi. Hayotda esa yaxshilik va yomonlik hamisha yonma-yon turadi. Uni faqat taqqoslash va mushohada yuritish orqali farqlash mumkin. Shuning uchun fikr-tafakkur zulmatni yoritadigan nurga qiyoslanadi. Nazar Eshonqulning hikoyalari hodisalarni teran tahlil qilishi bilan mushohadaga undaydi. Adibning “Xayol tuzog‘i”, “Bevaqt chalingan bong”, “Ozod qushlar” kabi hikoyalarida hayotni kuzatish va undagi hodisalarni tahlil qilish orqali o‘zini anglayotgan qahramon obrazi gavdalantiriladi. Ular timsolida insondagi botiniy evrilish undagi zohiriy o‘zgarishdan ming chandon qiyin kechishi ko‘rsatiladi. “Maymun yetaklagan odam” da rassomning tashqi ko‘rinishi nihoyatda abgor ekanligi ta’kidlanadi va u hayotidan noroziligi tufayli ich-ichidan ezilib, shunday achinarli ahvolga tushgani ochib beriladi. Yozuvchining qissa, hikoyalaridagi barcha qahramonlarni bir narsa – ulardagi javob izlash istagi o‘zaro yaqinlashtirib turadi. O‘zining muvaffaqiyatlari va muvaffaqqiyatsizliklari to‘g‘risida o‘ylab, kechmishini tahlil qilish, o‘z-o‘ziga savol berib, unga mushohada yuritishi, o‘z-o‘ziga savol berib, javob izlash esa kishining ajoyib fazilatlari sirasiga kiradi. Chunki inson javob izlash orqali o‘zini anglashga intiladi. Bu esa har bir kishining umri davomida erishishi mumkin bo‘lgan eng katta yutug‘i sanaladi. “Qora kitob” qissasi qahramonining “Biz hammamiz aql-idrokdan mahrum, telba, yovuz maxluqlar ichida yashab keldik, shuning uchun ham ruhimizda hayvoniy hirs, hayvoniy kayfiyat bor. Atrofga bir qarang. Odamzoddan darak beradigan nima qoldi, qaysi fazilatimizni odamiylik deb ataymiz, qaysi xislatimiz odamnikiga o‘xshaydi ? ” degan e’tirozlarida uning behalovat, ozurda, abgor bo‘lgan qalbi aks etadi. Kishilarning orzu-havasi va maqsadi hamda bu yo‘ldagi intilishi ularning hayotiga, umriga ma’no va mazmun bag‘ishlaydi. Albatta, odam loqayd, beparvo, hafsalasiz ham hayot kechirish mumkin. Ammo maqsadi bo‘lmasa, kishi baxt nimaligini his qilmasdan, anglamasdan umrini yashab o‘tadi. Odam iste’mol qiladigan taomlaridangina emas, maqsad, orzu-istaklaridan ham quvvat oladi. Quyosh, havo, oziq-ovqatlar kishining jismiga biologik quvvat bersa, maqsad, orzu-istaklar unga ruhiy quvvat baxsh etadi. Ruhiy quvvat inson hayotida biologik quvvatdan ko‘ra ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Aksariyat kishilar ana shu muhim omil yetishmasligi tufayli ko‘pchilikning biri bo‘lib, umrguzaronlik qiladi. Odam esa hammadan alohida ajralib turish, boshqalardan ustun bo‘lishni istaydi. “Qora kitob” qissasi qahramoni ham, “Maymun yetaklagan odam “ hikoyasidagi rassom ham boshqalardan ustun bo‘lishga intiladi. Umri aldov va yupanchlar bilan behuda o‘tganini anglagach esa yashashdan ko‘ngli sovib, odamlarga adovat bilan qaraydigan bo‘lib qoladi. “Bevaqt chalingan bong” hikoyasida ham yolg‘izlikni o‘ziga boshpana qilib olgan bechora kishining iztirobga to‘la ichki olami ochib beriladi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi singari bu hikoyada ham qahramonning nomi aytilmaydi. Uning otasini sho‘ro tuzumiga qarshi bo‘lgani uchun otishgan, onasini tahqirlashgan. Bechora ayol qishning ayozli kunida ko‘mak so‘rab borganida hosilot uni urib, tishini sindirgan, ayamasdan qorniga tepgan. Bu mudhish voqea uning xotirasida muhrlanib qolgan. U ota-onasidan erta ayrilib, bir choyxonada dastyorlik qilib, kun kechiradi. Choyxonachi badnom bo‘lgan qizini unga unashtirib, eski bir uy olib beradi. Qaynotasi uni doim so‘kib haqoratlaydi, xotini “isliqi” deb nazar- pisand qilmaydi. Xotinini xiyonat ustida ushlab, begona erkakni panshaxa sanchib o‘ldirgan yigit uzoq yil qamaladi. Qamoqdan qaytgach, kotib uni arzimas haq evaziga mehmonxonaga qorovul qilib oladi. U kotibni o‘ziga suyanch, panoh deb biladi. Kotibga qul kabi itoat bilan xizmat qiladi. Odamlarning tazyiqidan bezillab qolgani uchun kotibning kamsitishlarini og‘ir olmaydi. Kotib maishatga berilib, fahsh ishlar bilan shug‘ullanadi. Kotib bir qizga qorovulning onasini badnom etuvchi haqorat gap aytadi. Qul kabi itoatgo‘y qorovul kotibning bu tuhmatiga toqat qilolmaydi. “Onam hurday ayol ekanini yaxshi bilardingiz” deydi va fahshga botgan kotibni o‘ldiradi. Chunki kotibning bepisand muomalasi kutilmaganda uning ko‘nglini vayron etadigan zarba bo‘lib tushadi. Xo‘rligi kelganidan qotilga aylangan qahramonning ushbu holati: “U asta-sekin emas, birdan hammasiga tushunganday bo‘ldi; xotinining ko‘zlaridagi tundlikka ham, kotibning “okasi jonidan” deb qiyqirishiga ham, uning chiroyli ko‘zlariga ham, o‘zining nima uchun bu yerlarda yurganiga ham, nima uchun sarsonu sargardon bo‘lganiga ham va o‘zi kabi odamlarning nima uchun sargardonlikka mahkum etilganiga ham. Uning birdan xo‘rligi keldi. Axir hammasi kunday ayon-ku, nega shu paytgacha fahmlamadi ekan? U o‘zining bolaligini, badjahl otasini, xotinining egnidagi xorij kamzulini, onasining qora shol ro‘molini esladi – u zinadan ko‘tarilayotganday xotiralardan sirli va mavhum yuksaklik tomon bir-bir ko‘tarilib bordi: u ko‘tarilgan joydan hammasi yaqqol ko‘rinardi va shuningdek, hammasi tushunarli edi. U barcha savollarning javobi yashiringan tilsim bo‘lib qarshisida iddao bilan qad kerib turgan yumshoq charm qoplangan eshikka qarab yurdi, so‘ng xuddi aqldan ozgandek ikki yirik mushti bilan to‘satdan eshikni nog‘oradek ura ketdi” deb tasvirlanadi (O‘sha manba. – 300-bet). Hikoyada qahramonning kayfiyati, holati, kechinmalari uning tashqi ko‘rinishi, xatti-harakatlari bilan shu tarzda bog‘lab ko‘rsatiladi va voqelik badiiy-falsafiy tahlil etiladi. Ayni o‘rinlarda muallifning hayot hodisalarini aks ettirish va inson obrazini gavdalantirishdagi o‘ziga xos yorqin uslubi ko‘rinadi. Nazar Eshonqulning qissa, hikoyalarida qahramonlarning tashqi ko‘rinishi va ichki kechinmalari tasvirlanganda ko‘pincha “xaroba uy”, “kitob”, “kema”, “bayroq” so‘zlari qo‘llanadi. Muallif ularning holatini xaroba uy, ochiq qolgan kitob, sohildan uzoqlashgan kema, hilpiragan bayroqqa qiyoslaydi. Masalan, “Bevaqt chalingan bong” hikoyasida: “U yalangoyoq, yalangbosh qahraton qish kunida o‘zlarini qishloqdan haydab chiqarganlariga ham, onasining sovuq, kimsasiz hujrada qon qusib, jon berganiga ham o‘zini ko‘niktirgan edi, kun o‘tkazish uchun choyxonalarda isqirt va qora ishlarni qilishga, odamlar “yetim”, “o‘g‘ribachcha” deb atashiga, choyxonachining onasini o‘rtaga qo‘yib so‘kishlariga, keyinchalik yosh, suluv xotinining “isliqi” deya javrashlariga, qamalib chiqqach, qo‘llarini bigiz qilib ko‘rsatishlariga, har bir o‘g‘irlikdan so‘ng tintuv qilishlariga, hujjatlarini bosh chayqab, yelka qisib qaytarib berishlariga, ichib, ko‘chalarda uxlab qolganda bolalarning ustiga peshob qilib uyg‘otishlariga – hammasiga ko‘nikkan edi, bularning barchasini taqdiri azalga yo‘ygan, qanday to‘g‘ri kelsa, shunday yashab ketavergan edi, goho onasining ko‘p yillar boshidan tushmagan qora shol ro‘moli o‘sha olis yillarning va o‘zlari bosib o‘tgan ayanchli qismatning bayrog‘iday tez-tez ko‘z oldida hilpiray boshlar, u o‘z hayoti, onasi va otasi uchun kimlardandir o‘ch olishni juda istab qolardi, biroq bu tuyg‘uga ham o‘zini ko‘niktirgandi. Tuyg‘ular, xotiralar, dardu armonlar toshib kelganda u xilvatda bekinib, toshib ko‘pirib ichar, so‘ng hamma narsani unutar, hujrasining bir chetiga o‘tirib, jimgina yig‘lar, ertasiga tong mahali yana hech narsa ko‘rmagandek kotib bilan baliq oviga jo‘nardi” deyiladi (O‘sha manba. – 299-bet). Adib qahramonning qalbi tubida yotgan, o‘zi ham anglab-ilg‘ab yetmagan alam, dardni shu tarzda ochib beradi. Kuchli ehtiros, hissiyotga yo‘g‘rilgan bu kabi badiiy tasvir o‘quvchini iztirobga solib o‘ylatadi. Nazar Eshonqulning asarlaridagi bu kabi o‘rinlarni mutolaa qilish jarayonida vujudimiz, qalbimizda his qilganimizdan ko‘ra ziddiyatliroq, fojeiyroq, yuksakroq, hissiyotlar mavjudligi, har birimiz muayyan darajada mana shu sirli olamga bandi ekanimiz ayonlashadi. O‘z-o‘zidan aniq, “Maymun yetaklagan odam” yoki “Bevaqt chalingan bong” hikoyalari an’anaviy bayon uslubiga ko‘nikkan kitobxonlarga uncha xush kelmaydi. Chunki “Yuragiga muzday nimadir sirg‘alib tushdi va vujudida go‘yo loyqa suv qo‘pdi; u yerda maktab bolalarini o‘z bag‘riga chorlagan tonggi qo‘ng‘iroqdek nimadir jaranglab ketdi va bu bevaqt jaranglagan bong sadosi boquvdagi ot kabi ko‘pdan buyon payt poylab yotgan uning yovvoyi bir g‘ururini va olis xotirasini uyg‘otib yubordi – maktab hovlisiga bolalar qiyqirib kirgani kabi u endi bir umr tashlab ketdim va u yerlarga endi qaytib bormayman deb yurgan va kimsasiz orol kabi olislarda qolgan hayotining navqiron adirlarida qolib ketgan nelardir uning yuragiga hayqirib kirdi...” (O‘sha manba. -299-bet) shaklidagi uzundan uzun jumlalarni o‘qib, ma’nosini anglashdan ko‘ra “Kampir tong qorong‘usida xamir qilgani turib, ho‘kizidan xabar oldi. O!.. Ho‘kiz yo‘q, og‘il ko‘cha tomondan teshilgan... Dehqoning uyi kuysa kuysin, ho‘kizi yo‘qolmasin. Bir qop somon, o‘n-o‘n beshta xoda, bir arava qamish – uy, ho‘kiz topish uchun necha zamonlar qozonni suvga tashlab qo‘yish kerak bo‘ladi” tarzida bitilgan asarlarni mutolaa qilish va tushunish ancha oson (Qahhor A. Asarlar: Besh jildlik. 1-j. Sarob: Roman. Hikoyalar. – T.:Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. – 336 b. 291-bet). “Bevaqt chalingan bong” hikoyasidagi eng so‘nggi gapda, takror qo‘llangani bilan qo‘shib hisoblaganda, salkam ikki yuzta so‘z mavjud. Adibning boshqa asarlarida ham bitta gap o‘nlab so‘zlardan tarkib topadi. Lekin “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Bevaqt chalingan bong”, “Maymun yetaklagan odam”dagi murakkab tuzilishdagi uzundan uzun jumlalar favqulodda ta’sir kuchiga egaligidan birdaniga diqqatni jalb etib oladi. An’anaviy bayon usulidan tamoman boshqacha – bir-biriga tutash zanjir halqalariga o‘xshagan, “hazm”i ancha og‘ir jumlalardagi mushohada, mulohazalar teran va chuqur ma’nodorligi bilan kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Chunki ularda hayot hodisalari, qahramonlar kechinma, holati turli tashbehlar bilan ta’riflanadi. Bu tashbehlar yangiligi, ta’sirchanligi bilan e’tiborni tortadi, so‘zlar bir- biri bilan ajoyib tarzda birikib, she’rga xos jarangdor musiqiy ohang hosil qiladi. “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”ni mutolaa qilish chog‘ida kitobxon tashbehlar she’rga qanchalar joziba bag‘ishlasa, o‘xshatish, taqqoslash, jonlantirish kabi unsurlar nasriy asarga ham shunchalik shukuh, tarovat olib kirishiga to‘la ishonch hosil qiladi. Nazar Eshonqulning qalami hayot hodisalarini tahlil qilish, qahramonlar qiyofasi, ruhiyatini tasvirlashda erkin harakat qiladi. Uning o‘nlab so‘zlardan iborat gaplari bir-biri bilan ravon bog‘lanadi va yaxlit izchillik hosil qilib, kishini mushohada “maydon”iga tortadi. Albatta, adib asarlarida ba’zi o‘rinlarda qahramonning kechinmalari, o‘tmish bilan bog‘liq xotiralari tahlili ortiqcha cho‘zilib ketganday ko‘rinadi. Masalan, “Bevaqt chalingan bong” hikoyasi bilan tanishish davomida shunday taassurot tug‘iladi. Shunday bo‘lsa-da, muallifning qahramon ruhiy holatini uning tashqi qiyofa-ko‘rinishidagi o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liq holda ochib berishi kishini mamnun qiladi. Nazar Eshonqul ayni o‘rinlarda musavvirga aylanadi. U so‘z vositasida qahramonlarning jonli obrazini yaratishga erishadi. So‘zlar uning qalamida ranglarga aylanib, turfa xil manzara hosil qiladi. Bu manzara rangin tovlanib, xayolni butunlay egallab oladi. “To‘zon” hikoyasida ta’kidlanganidek, muallifning “jumlalari ehtiros va hayajonga to‘la, so‘zlarida navqiron yurak urib turadi”. “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Tun panjaralari”dan bir-birining uzviy davomi kabi bog‘lanib ketadigan ohorli tashbeh, o‘xshatishlar manzarani yanada bo‘rttirib ko‘rsatadi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong” hikoyalarini mutolaa qilayotganda kishi boshqa bir ruhiy olamga tushib qoladi. Uni iztirobli mushohadalar qamrab oladi. Shu paytgacha o‘qib, mahliyo bo‘lib kelgan asarlari anchayin sodda, jo‘n ko‘rinib ketadi. “To‘zon” hikoyasida : “Kim biladi, turli xil chuchmal qo‘lyozmalar o‘qiyverib charchaganim uchun shunday ta’sir qilgandir. Lekin uzoq davom etgan tunni ufqdan otilib chiqqan quyosh to‘satdan charog‘on qilib yuborgani kabi uning sevgan qizingizning tabassumi yanglig‘ dilingizni nurafshon qiladigan so‘zlari, majozlari, manzaralari va ramzlari mening ko‘nglimni lopillab yoritib yuborgandi” deyiladi. An’anaviy bayon uslubidagi asarlarni o‘qib yurgan o‘quvchi “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi muallifining asarlari bilan tanishganida xuddi shunday holatga tushadi. Chunki adib qahramonning bir holatini : “Cholning oldiga ovqatni ham qo‘yganimdan so‘ng, u chizishdan to‘xtab, xontaxtaga o‘girildi va bo‘yoqli qo‘llari bilan nonni bemalol sindirdi, og‘ziga tutdi; yorilib qolgan lablari orasidan chirigan ko‘m-ko‘k tishlari ko‘rindi. Shunda men yana uning qandaydir badjahl ma’budning haykaliga juda o‘xshab ketishini sezdim. U bu yerdaligimni ham unutganday xurullatib, imillab, chollarga xos lanjlik bilan ovqatlanar va og‘zining ikki chetidan lag‘monning suyug‘i yana kosaga oqib tushar, boshi qalt-qalt titrar, bo‘yinlarida tirishib qolgan tomirlar yutinganida bo‘rtib, ko‘karib ketar, ko‘zlari horg‘in, yoshlanib turar, har dam-har damda qansharini o‘ng qo‘li bilan qashirdi” deb tasvirlaydi (O‘sha manba. – 336-bet). Nazar Eshonqul asarlari markazida ruhiy-ma’naviy ezilgan, yashashdan, odamlardan ko‘ngli qolgan, hayotga alamzadalik bilan qaraydigan qahramonlar turadi. Muallif ularning kechmishini batafsil bayon etmaydi. Bu uni qiziqtirmaydi. Adib tushkunlik o‘pqoniga tushib qolgan qahramonlarining ziddiyatli kechinmalarini turli tashbehlar orqali badiiy-falsafiy tahlil etib, ularning abgor qiyofasi – tashqi ko‘rinishini har xil o‘xshatish, sifatlashlar vositasida chizib ko‘rsatadi. U yuqorida keltirilgan ko‘chirmadagi singari ichki iztirobdan ezilgan qahramonlari portretini chizishda, asosan, qora bo‘yoqdan foydalanadi. Muallifning bunday yo‘l tutishi ko‘pchilikka ma’qul kelmaydi. Inson dunyosini tasvirlashda qora bo‘yoqni haddan tashqari ko‘p ishlatadi, deb uni ayblashadi. Lekin ruhiy qiynoqlar ichida qolgan odamning chehrasi hech qachon chiroyli, ko‘rkam, nurli bo‘lmasligi e’tiborga olinsa, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong”, “Qora kitob” da adib to‘g‘ri yo‘ldan borgani, u yashashdan bezgan, odamlardan uzoqlashgan qahramonlari qiyofasini haqqoniy gavdalantirgani ayonlashadi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qora kitob”, “Bevaqt chalingan bong”da atrofidagi odamlarni mensimaydigan va bunga o‘zini haqli sanagan kishilarning o‘ziga xos olami ochib beriladi. Ulardagi ismsiz qahramonlar kishilardan hamisha ma’naviy kamolot izlaydi. To‘g‘rirog‘i, shunday odamlarning timsoli bo‘lib ko‘rinadi. Ular turmushdagi adolatsizlik, nohaqliklarga loqayd, beparvo qarayolmaydi va shundan azoblanib, hayotda hamisha hukm suradigan bu xildagi jumboqlarga javob izlaydi. Shu muammo ularni qattiq qiynagani aft-angori, odamlar bilan muomala-munosabatidan bilinib turadi. “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong” qahramonlari kishini iztirobga soladi. Ularning qiyofasidan qahr, g‘azab yog‘ilib turadi, kechinmalari alam, iztirob, mungga to‘la. Lekin ulardan hech biri boshqalarga nisbatan shafqatsiz bo‘lishga, xudbinlik qilishga da’vat etmaydi. Aksincha ularning barchasi odamlar orasida mehr-oqibat kamayib borayotgani, xudbinlik borgan sari ko‘pchilikni domiga tortayotganidan nolishadi. Kechmishlarini tahlil qilish asnosida o‘zlaridan norozi bo‘lishadi, odamlar bir- birini aldab, aldanib yashayotgani, aksariyat kishilar hayotning ma’no-mazmunini tushunmasligi, bu xususda o‘ylab ham ko‘rmasligidan achinishadi. “Qora kitob” qissasi qahramoni: “Men emas, butun odamzod nafrat to‘la qichqiriq... Gaplarim erish tuyulayotgandir, biroq men odamzodning anovi churkun xazonlarday chirib bo‘lganini sizga aytib qo‘ymoqchiman. Unda na niyat qoldi, na istiqbol... Agar badanimni hidlasangiz najas va qon hidini tuyasiz. Bu hid vujudimga o‘tirishib qolgan. Odam hayvonlar ichida yashasa, hayvonga, hashoratlar ichida yashasa, hashoratga aylanadi, degan hikmat bor. Taqsirim, biz hammamiz aql-idrokdan mahrum, telba, yovuz maxluqlar ichida yashab keldik, shuning uchun ham ruhimizda hayvoniy hirs, hayvoniy kayfiyat bor” deydi. (Eshonqul N. Yalpiz hidi: Qissalar va hikoyalar.–Toshkent: “Sharq”, 2008.–400 b. –194–196-betlar.) Hayot to‘g‘risida bu qadar keskin mulohaza yuritish, o‘zi haqida bu tarzda ayovsiz hukm chiqarish, tanqid qilish boshqa o‘zbek adiblari asarlarida uchramaydi. Bir qarashda, “Qora kitob” qahramoni alamzada odam timsoli sifatida taassurot qoldiradi. Lekin alamzada odam hech kimga achinmasligi, u hamma narsaga nafrat, adovat bilan qarashi nazarda tutilsa, qissa qahramoni esa kechmishini ayovsiz taftish etib, o‘zidan norozi bo‘layotgani, boshqalarga achinish hissi bilan qarayotganiga e’tibor qaratilsa, Nazar Eshonqul qahramonlari dardkash, bebaho odamlar obrazi ekani ayonlashadi. Chunki uning qahramonlari alam, iztiroblarini ehtiros bilan izhor etib, hayot haqida hamisha mushohada yuritishga, odamlarni e’zozlash, qadrlashga da’vat etadi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasidagi Bayna momo o‘zining alam, uqubatga to‘la umri bilan kishilarning o‘zaro oqibatsizligi ularning ko‘nglidagi mehr, samimiyat, hamjihatlikka intilish hissini so‘ndirishini uqtiradi. Aniqrog‘i, ushbu obraz shunday xulosaga kelishga imkon beradi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida rassom: “Biz tushunarsiz yashadik, har bosgan qadamimiz odamlar uchun shubhali va qorong‘u bo‘lib qolgan, albatta, bunga siz emas, o‘zimiz aybdormiz” deb ta’kidlaydi. Kechmishi to‘g‘risida bunday xulosa chiqaradigan qahramon to‘g‘risida esa “alamzada, odamlardan nafratlanadi” deb bo‘lmaydi. Aksincha, u odamlarni yaxshi ko‘rgani, achinganidan ularga hayot murakkabliklari to‘g‘risida o‘zi anglagan haqiqatni yetkazishga intiladi, deyish haqiqatga to‘g‘ri keladi. Nazar Eshonqulning o‘zbek adabiyotidagi “Sinchalak” (Abdulla Qahor), “Shum bola” (Gʻafur Gʻulom), “Bolalik” (Oybek) kabi mashhur asarlardan birmuncha farq qiladigan asarlaridagi qahramonlar yashash, umr kechirishning qiyin to‘lqinlari orasida turib, hayot jumboqlariga javob izlaydi. Bayna momo (“Shamolni tutib bo‘lmaydi”), rassom (“Maymun yetaklagan odam”), muallim (“Qora kitob”) an’anaviy asarlar qahramonlaridan farqli holda, o‘zining o‘tmishiga mehr, sog‘inch bilan qaramaydi. Ular aldanib, yanglishib yashaganidan azob chekadi. Buning sababini topishga urinib, iztirobga tushadi. Adib asarlari qahramonlari iztirobi ijtimoiy hayot norasoligi, unda adolatsizlik, zulm va zo‘ravonlik hukmronligidan kelib chiqadi. “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam”dagi qahramonlarning ijtimoiy turmush murakkabliklari, kishilararo munosabatlar hamisha ziddiyatli kechishi, inson tabiatida shaxsiy manfaati uchun intilish istagi kuchliligi to‘g‘risidagi savol-javobi bu sinovli dunyoda yashash hech kim uchun oson emasligidan saboq beradi. Bunga adibning hayot fojeiligini o‘rinlatib, kishilarning yuragiga yetib boradigan qilib, ularni o‘ylantirib qo‘yadigan tarzda tasvirlagani sabab bo‘ladi. Bayna momo, rassom, muallim hayotga beparvo, loqayd qaramaydi. Ular tevarak-atrofidagi boshqa odamlar singari ko‘pchilikning biri bo‘lib umrguzaronlik qilmaydi. Bayna momo, rassom, muallim o‘zidan ham, o‘zgalardan ham norozi bo‘lib, hodisalarga ehtiros bilan munosabat bildiradi. Bu ular tuyg‘usi kuchli, bebaho kishilar ekanligidan dalolat beradi. Muallim, rassom, Bayna momo xuddi shu fazilati bilan boshqalardan ustun turadi. Shuning uchun ular hamma narsaga ko‘nib, ko‘nikib ketavermaydi. Aksincha o‘z kechmishini, hayot hodisalarini tahlil qilib: “Inson umrining ma’nosi nima? Nega yovuzlik ezgulikka hamisha hujum qiladi? Nega insoniyatning hayoti borgan sari murakkablashib, chigallashib boryapti?” degan savollarga javob topolmasdan azoblanadi. Nazar Eshonqulning qissa, hikoyalarida inson tabiati murakkabliklari, uning qalbida hamisha ziddiyatli kechinmalar kechishi to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Bu jihatdan adibning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi diqqatni jalb etadi. Hikoya qahramoni Bayna momo qishloqdoshlaridan norozi bo‘lib yashab o‘tadi. Bayna momoning erini, o‘g‘lini qizillar otib tashlaydi. Qishloqdoshlari esa bu fojiani befarqlik bilan kuzatib o‘tirishadi. Hech kim Bayna momoning eri va o‘g‘lini himoya qilmaydi. Odamlar eldoshlarining ori, g‘ururi bo‘lgan polvon–Bayna momoning eri qotillariga qarshilik ko‘rsatishmaydi. Bayna momo oradan yillar o‘tsa-da, qishloqdoshlarining bu jur’atsizligi, xudbinligini kechirolmaydi. Chunki o‘sha mudhish voqea doimo uning ko‘z o‘ngida turadi. O‘shanda “Qishloqda askarlardan boshqa hech kim ko‘rinmas, odamlar go‘yo suvga cho‘kkanday g‘oyib bo‘lgan, faqat derazalarga tortilgan qora pardalar bu mudhish jinoyatga loqayd va befarq boqib turardi” (Eshonqul N. Yalpiz hidi: Qissalar va hikoyalar. – Toshkent: “Sharq”, 2008. – 400 b. – 253-bet). Hikoyada atrofdagilarning bir- biriga befarqligi, oxir-oqibatda, umumiy loqaydlik, mehrsizlikka olib kelishi haqida so‘z yuritiladi. Bayna momoning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida ham, tabiiyki, qishloqdoshlaridan ranjirdi, ulardan ko‘ngli qolardi. Chunki har bir odam qiyinchilikka uchraganida, kimdir unga zug‘um o‘tkazib, zo‘ravonlik qilayotganida atrofidagilardan madad, yordam kutadi. Birorta kishi yonimni olsa, deb umid qiladi. Shunday paytda hech kim himoya qilmasa, jabrdiydaning hammadan ko‘ngli qoladi. U odamlarga ishonmay qo‘yadi, ko‘nglida boshqalarga nisbatan nafrat, adovat hissi uyg‘onadi. Bayna momo ana shu hisdan azoblanadi. U ba’zida qishloqdoshlarini ochiq masxara qilib: “E, senmisan, Salom chavandoz, xotiningning ishtonini kiyib yuribsanmi deyman”, “Hakim otchoparmisan, buncha urg‘ochi baytalga o‘xshab qiyshanglaysan”, “Bu qishloqning ayollari endi faqat hezalak tug‘adi” deydi. Hikoya kishidagi adovat, alam hissini xuddi shamol kabi tutib bo‘lmasligi, ko‘ngilda o‘rnashib qolgan ayni hisdan odamning o‘zi azoblanishi barobarida, boshqalarga ham aziyat yetkazishi ochib beriladi. Asarda Bayna momoning alam, adovatiga sabab bo‘lgan voqealar shunchaki ma’lum qilinmaydi, balki ularning mohiyatiga e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda Bayna momoning qiyofa-ko‘rinishi musavvirona chizilib, uning ruhiy kechinmalari badiiy aks ettiriladi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi xuddi shu jihatdan boshqa asarlardan farq qiladi. Ayonki, narsa-hodisalarning o‘ziga xosligi ularni bir-biriga qiyoslash asosida aniqlanadi. Narsalar o‘zaro taqqoslanganida ularning darajasi aniq ko‘rinadi. “Uloqda” (A. Qodiriy), “Anor”, “Bemor”, “Dahshat”, “Ming bir jon” (A. Qahhor), “Mening o‘g‘rigina bolam” (Gʻ, Gʻulom) hikoyalari “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong” hikoyalari bilan muqoyasa qilinsa, ularda inson badiiy obrazini gavdalantirish, odam olamini aks ettirishda jiddiy farq yaqqol seziladi. “O‘tkan kunlar”, “Sarob”, “Sen yetim emassan” mualliflari hayot hodisalarini oq-qora ranglarda, Nazar Eshonqul esa xilma-xil yorqin bo‘yoqlarda tasvirlagani yaqqol bilinadi. Chunki Abdulla Qahhor hikoyalarida qahramonlar obrazi: “Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Jo‘xori tuyayotgan xotini uning qo‘lidagi tugunchani ko‘rib, kelisopni kelining ustiga qo‘ya chopdi. Keli lapanglab ag‘anadi, chala tuyilgan jo‘xori yerga to‘kildi. Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi: Akajon, degin! Akajon! Jo-on aka!.. Nima berasan? Umrimning yarmini beraman!.. Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu yerning o‘zida, eshik oldida o‘tirib, tugunchani ochdi-da, birdan bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib, eriga qaradi” (Qahhor A. Asarlar: Besh jildlik. 1-j. Sarob: Roman, hikoyalar. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. 336 b. – 285-bet) tarzida chizib berilsa, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi: “Yuz yildan beri tersotaliklarning g‘ururi va faxri bo‘lib kelgan, zamonaviy qilib qurilgan ravoqli uylar qarshisida yuzdagi chipqondek qishloqqa ko‘rimsizlik va keksalik bag‘ishlab turgan, noma’lum va mudhish sinoatlarga to‘la qadim qo‘rg‘onni eslatuvchi Bayna momoning uyini xuddi unutishga va yo‘q qilishga mahkum etilgan xotiradek nihoyat buzib tashlashga kirishishdi: temir tirnoqli buldozerlar uyning devorlarini qulatar ekanlar, uy bilan qo‘shib, o‘zlarining ham nimalarinidir buzib, vayron qilishayotgandek, tersotaliklar bir chekkada jimgina kuzatib turishar va naq ellik yilcha taqdirning beshafqat o‘yiniga qarshi kurasha-kurasha dunyodan yolg‘iz va izsiz o‘tish azobini ko‘tarib kelgan, hayoti o‘zlariga hamon tushunarsiz va mavhum tuyuladigan Bayna momoni eslagan ayollar ko‘zlariga yosh olib, bolalarini bag‘irlariga bosgancha, olis va g‘amgin xotiralariga berilib, mung‘aygan alfozda o‘tirardilar”deb boshlanadi (Eshonqul N. Yalpiz hidi: Qissalar va hikoyalar. – Toshkent: “Sharq”, 2008. – 400 b. – 251-bet). Hayot hodisalarini o‘z ko‘rinishida bayon etishga asoslangan asarlar, tabiiyki, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi qarshisida ancha sodda, jo‘n ekanligi yaqqol seziladi. Ular bamisoli cho‘qqilari osmon bilan bo‘ylashgan tog‘ oldidagi past tepalikday bo‘lib qoladi. Fitrat, Cho‘lpon, Hamza, Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor asarlari syujetini bemalol so‘zlab berish mumkin. Chunki “O‘tkan kunlar”, “Abulfayzxon”, “Kecha va kunduz”, “Paranji sirlari”, “Navoiy”, “Sarob” kabi asarlar syujeti hayotiy voqelikka asoslanadi. Nazar Eshonqulning qissa, hikoyalarida esa an’anaviy asarlarga xos syujet yo‘q. Ya’ni ularda qahramonlar o‘rtasida murosasiz kurash, ziddiyat ko‘rinmaydi. “Qora kitob”, “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq” qissalari, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi an’anaviy tushunchadagi syujetga xos voqealar tuguni, rivoji, avj nuqtasi, yechimi kabi unsurlardan xoli. Ushbu asarlar ham “Shamolni tutib bo‘lmaydi” singari uzundan uzun jumlalardan tarkib topgan. “O‘g‘ri”, “Bemor” (A. Qahhor) hikoyalarida esa hayot hodisalari oddiy, tushunarli va lo‘nda ifoda etilgan. Ammo Nazar Eshonqul asarlaridagi ko‘p so‘zlilik o‘quvchiga malol kelmaydi. Aksincha, u diqqatni jalb etib, xayolni asar olamiga olib kirib ketadi. Mutolaa jarayonida xayolni muallif mushohadalari butunlay band etib oladi. Adibning birinchi shaxs – men tilidan yozilgan “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam”, uchinchi shaxs – “u” deb bitilgan “Shamolni tutib bo‘lmaydi” asarlarida ham asosiy qahramon muallif ekanligi aniq bilinib turadi. Lekin u o‘quvchiga aql o‘rgatmaydi, qanday yashash lozimligi xususida pand-nasihat qilmaydi. Muallif o‘zining inson tabiati murakkabliklari, kishilararo munosabatlar ziddiyatlarga to‘laligi to‘g‘risidagi mushohadalarini taqdim etadi. Uning an’anaviy tushuncha, qarashlarni inkor etuvchi teran mushohadalari o‘quvchida kutilmagan kayfiyat hosil qiladi, hayot haqida avvalgi qarashlariga nisbatan boshqacha munosabat uyg‘otadi. O‘quvchi o‘zicha beixtiyor muallif bilan bahs-munozaraga kirishadi. Chunki “Qora kitob” qissasida: “Hayot, sizga aytsam, taqsirim, tavqi la’nat to‘shagidir”, “biz hammamiz la’natga mahkum etilganlarmiz”, “butun odamzod nafrat to‘la qichqiriq”, “hayot zahar bo‘ktirilgan chiroyli kulchadan boshqa nasa emas” deb ta’kidlansa, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida: “Bayna momo tersotaliklarni kechira olmadi – ko‘kragi ilma-teshik bo‘lgan o‘g‘liga qarata Zamon otboqar yana bir necha bor o‘q uzarkan, u madad izlab, uylarning tuynuklarini yopib turgan qora pardalarga bir-bir ko‘z tikdi, biroq u yerda sovuq sukutdan boshqa narsa ko‘rinmas, zulmatga cho‘kkan tuynuklar bu misli ko‘rilmagan qotillikni jimgina tomosha qilib turardi” deyiladi (O‘sha manba. – 253-bet). An’anaviy asarlarda hayot haqida bu tarzda hukm chiqarilmaydi. Qobil bobo (“O‘g‘ri”), Turobjon (“Anor”), Sotiboldi (“Bemor”) ham behad achinarli ahvolga tushadi. Lekin ular “Qora kitob” qissasi qahramoni darajasida nolimaydi, Bayna momo singari qishloqdoshlaridan yuz o‘girmaydi. Aniqrog‘i, Abdulla Qahhor qahramonlarining bu holatini qalamga olmaydi. Aslida esa “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor” dagi qahramonlar ichki olamida ham isyon, g‘alayon kechgan. Chorasiz, ilojsiz qolgan bu qahramonlar ham ich-ichidan nola qilgan, g‘azablangan, alam chekib azoblangan, hayotdan norozi bo‘lib, tushkunlikka tushgan. “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam” da inson tabiatiga xos ana shu jihat yoritiladi. “Qora kitob”dagi muallim ham, “Maymun yetaklagan odam” dagi rassom ham, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”dagi Bayna momo ham xotiralariga beriladi, kechmishini xayoldan o‘tkazib, bosib o‘tgan umr yo‘llariga qayrilib qaraydi va odamlarning manfaatparastligi, xudbinligidan norozi bo‘lib, hayot jumboqlariga javob topmoqchi bo‘ladi. Ularning xotiralari an’anaviy asarlardagi singari bir kishining boshidan kechgan voqealarning oddiy naqli emas, ijtimoiy hayot muammolari tahliliga aylanib ketadi. “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” xuddi shu jihatiga ko‘ra o‘zbek adabiyotidagi yangi hodisalar sirasiga kiradi. Nazar Eshonqulning hayot jumboqlariga javob izlayotgan qahramonlari o‘zining ko‘nglida kechayotgan xotiralarda fojeliklarga to‘la tarixni tiklayman, deb behuda urinmaydi. Lekin “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Qora kitob”dagi diqqat markaziga qo‘yilgan tarix manzaralari o‘zining jozibasi bilan kishini o‘ziga tortib turadi. Ular XX asrning murakkab voqeligi, bu davrda inson erki va qadri behad toptalgani to‘g‘risida beixtiyor o‘ylantirib qo‘yadi. Nazar Eshonqul asarlari markazida iztirob chekayotgan inson obrazi turadi. Bir qarashda, ular tushkunlik, umidsizlik girdobida qolganday tuyuladi. Lekin bu mungli qahramonlar hayot haqida teran mulohaza yuritishi, odamlarga achinishi bilan e’tiborni tortadi, hamdardlik hissini uyg‘otadi. Yurak yog‘dusiga yo‘g‘rilgan, ichki dardni ifodalagan asarlargina shunday taassurot qoldiradi.“Shamolni tutib bo‘lmaydi” yoki“Yalpizhidi” hikoyalariqahramonlarining dardli kechinmalari sof tuyg‘ular in’ikosi ekani bilinib turadi. Sof tuyg‘ular esa xoh g‘amgin, xoh quvnoq bo‘lsin, inson qayg‘uga botganida yoki baxtni his qilganida tug‘iladi. “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Bevaqt chalingan bong”da inson qilbini azoblaydigan chuqur g‘am va armon aks etadi. Muallifning boshqa asarlarida ham, qayd etilganidek, qahramonlarning mung, iztirobi ifoda etiladi. Ular xatolarini anglab, iztirob chekadi. “Qora kitob” qissasi qahramoni: “Meni hech kim o‘zimdek sud qilolmaydi. Men o‘zim ustimdan o‘qigan hukm oldida boshqa hukmlar burgut oldida pashshaday gap” deydi (O‘sha manba. – 195-bet). Uning ta’kidlashicha, har bir kishi uchun “eng oliy jazoni ko‘ngilning o‘zi chiqaradi”. Qissa shu xususda. Unda inson iztirob chekish asnosida ma’nan-ruhan poklanishi ta’kidlanadi. Adibning “Bevaqt chalingan bong” hikoyasida esa goho hayotda insonni lahzalar ichida o‘zgartirib yuboradigan voqea ro‘y berishi ko‘rsatiladi. O‘ziga bino qo‘yib, maishatga berilgan kotibning bepisandlik bilan aytgan bir og‘iz tuhmat gapi “xonaki to‘riq kabi yuvosh, fahmsiz, isliqi va aroqxo‘r, qulday itoatkor qorovul” ni qotilga aylantiradi. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida insonning yuragini mehr tark etib, uning o‘rnini nafrat, adovat egallab olsa, odam ayanchli ahvolga tushib, u bir uyum suyagu teriga aylanib qolishi ochib beriladi. Hikoyada o‘z tinchligi, osoyishtaligini o‘ylab, qo‘rqoqlik qilgan qishloqdoshlarini kechirolmagan Bayna momoning qiyofasi: “xuddi uyning devori kabi yillar uqalay-uqalay jimitday qilib qo‘ygan gavdasini sal oldinga egib turganidan o‘zi ham qari va ozg‘in echkiga o‘xshab qolgandi”; “uloqlar ichida uloqdan ham kichik jussali, yuziga yillarning beshafqat muhri bosilgan hamda yolg‘izlikka mahkum etilgan, har bir soniyaning musibatu anduhi asorati porlab turgan kichkina, jimitday, sochlari oppoq bo‘lib qolgan kampir” deb chiziladi. Bayna momoning sabr-matonati kishini qoyil qoldiradi. Adib uning iztirob va alamga to‘la kechinmalarini mahorat bilan ochib beradi. Qishloqdoshlari Bayna momo nega ulardan nafratlanishi sababini bilisholmaydi. Ular eri va o‘g‘lidan ayrilib, dunyodan nom-nishonsiz o‘tayotgan kampirning ahvolini, Bayna momo qishloqdoshlari xudbinligi, qo‘rqoqligining qurboni ekanini his qilishmaydi. Albatta, nafrat, g‘azab, xusumat, adovatdan, ular, hatto, adolatli bo‘lsa ham hech kim naf topmaydi. Ezgulikka zid bu hissiyotlardan barcha faqat jabr chekadi, xolos. Ammo har bir kishining tabiatida nafratlanish, g‘azablanish kabi xususiyatlar mavjud. Hayotdagi barcha muammo hammaning qon-qoniga singib ketgan ana shu illat tufayli yuzaga keladi. Ezgulikning ziddi yovuzlik turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Adabiyotda azaldan shu xususda so‘z yuritiladi. Nazar Eshonqul asarlarida ham yovuzlikdan zada ko‘ngil iztiroblari ochib beriladi. Lekin u an’anaviy asarlardagidan jiddiy farq qiladi. “Qora kitob”, “Maymun yetaklagan odam” kabi yangi yo‘nalishdagi asarlarda ushbu muammoga boshqacha yondashiladi. Ularda kishi hayoti uchun boshqalar emas, avvalo o‘zi mas’ul, insonning baxti yoki baxtsizligi uning o‘zligini anglashida, deyiladi. Ushbu asarlarda hayotda o‘z o‘rnini topolmagan kishilarning alam, iztiroblari ifoda etiladi. Qahramonlarning ziddiyatlarga to‘la o‘y-xayollaridan iborat mazkur asarlar, dastlab tushkun kayfiyat uyg‘otadi. Ammo an’anaviy asarlardan xuddi shu jihati bilan ajralib turadigan mazkur asarlardagi qahramonlar kechinmasini “ichki monolog” deb bo‘lmaydi. A. Qodiriy romanlarida ham qahramonlarning ichki monologi mavjud. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalari yaxlit holda qaramonlar kechinmasidan iborat. Ammo u an’anaviy asarlardagi ichki monolog emas, balki ong oqimidir. Ichki monolog muayyan lahzalarda kechadigan hissiyot izhori bo‘lsa, ong oqimi uzluksiz kechadigan, bir-biri bilan bog‘lanib ketgan xilma- xil holat, kechinmalar manzarasidir. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalari zanjir halqalari singari o‘zaro tutash iztirobli kechinmalar izhoridan iborat. Ushbu qissalarda qahramonlar o‘rtasida kurash kechmaydi. Ularda an’anaviy asarlardagi kabi dialoglar ham yo‘q. Ammo mazkur asarlarda inson tabiati va ruhiyatining an’anaviy asarlarda ifodalanmagan jihati yoritiladi. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalarida qahramon o‘zining ichki siri bo‘lib kelgan kechinmalarini izhor etar ekan, o‘zi bilan o‘zi kurashadi, o‘zini inkor etib, iztirob chekadi. An’anaviy asarlarda qahramonlar o‘zi bilan o‘zi kurashib unchalik azoblanmaydi. Bu turdagi asarlarda qahramonlar boshqalar bilan to‘qnashadi, o‘zgalar bosimi, ta’siridan qiynaladi. “O‘tkan kunlar” romani qahramonlari Otabek va Kumush muhabbati fojiasida Homid, shuningdek, O‘zbek oyim aybdor etib ko‘rsatiladi. Bu masalada kimdir Zaynabni ham qoralaydi, kimdir uni haqli hisoblaydi. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” singari asarlarda esa inson dunyosiga boshqacha yondashiladi. Aniqrog‘i, ularda hayotdagi muammolarga boshqalar emas, avvalo har bir odamning o‘zi aybdor ekani ta’kidlanadi. Muallifning “Momoqo‘shiq” qissasi: “Biz sening qalbingni tushunolmadik, sening inson va baxt haqidagi orzularingni anglay olmadik, biz sening ota-bobolaringdan meros qolgan tushunchalaringga o‘zimizning balandparvoz tushunchalarimizni tiqishtirdik, senga zob berdik” deb tugallansa, “baxt haqida gaplashishga ahd qilgan” “Tun panjaralari” qahramoni: “kimga tavof qilishni, kimga sig‘inishni, kimni sevishni, kimdan nafratlanishni bilmayman” deb iztirob chekadi (O‘sha manba. – 162-bet). “Qora kitob” qissasida esa odam o‘z-o‘zidan tushkun kayfiyatga tushmasligi, u orzu-istaklari yo‘lida tinmay intilishi, maqsadiga erishish uchun hamisha imkoniyat izlashi, harakatlari besamar ketgach, yashashdan butkul ko‘ngli sovishi, shunda uning uchun hayotning hech qanday qizig‘i qolmasligi ta’kidlanadi. Ichki iztiroblarini izhor etayotgan qahramon: “Men sizga yuragimni ochmoqchi emasman, tavba-tazarru qilmoqchiman. Odam sifatida odamzodga keltirgan zararlarim uchun, odamzod oldidagi gunohlarim uchun tazarru qilmoqchiman” deydi (O‘sha manba. – 200-bet). Aldanib yashagani alam qilib, hayotdan ko‘ngli qolgan bu qahramon nazarida “Yer yuzi marhumlar, o‘liklar diyori, o‘liklar saltanati. Bu shaharlar emas, ulkan qabriston; farqi shuki, bunda har kim o‘z qabrini o‘zi qazadi” (O‘sha manba. – 201-bet). Qissa qahramoni “kimgadir ko‘nglimmni bo‘shatmasam “tars” yorilib ketadigandayman” deb gap boshlasa-da, u mutlaqo so‘zlamayotgani, balki o‘ylayotgani ayonlashadi. Chunki odam so‘zlayotganida uning fikrida muayyan uzilishlar bo‘ladi. Kishi fikrini sanoqli jumlalarda ifoda qiladi. Chunki har qanday fikr ma’lum axborotni qamrab oladi. Insonning ichki kechinmalari esa uzluksiz, xuddi daryo suvi kabi oqadi. Har bir odam o‘zicha xayol suradi, xilma-xil ma’lumotlarni tahlil qilib, nimanidir tasdiqlab, nimanidir inkor qiladi, hukm, xulosalarini tez-tez o‘zgartiradi. “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalarida inson tabiatiga xos ana shu sirli, jumboq jihat ifodalanadi. Ushbu asarlarda hayot voqeligi qahramon idroki, uning ong oqimi orqali ifoda etiladi. An’anaviy asarlar bilan ong oqimiga asoslangan asarlarni bir-biridan farqlash uchun avvalo ularning matnini taqqoslash kerak. Ong oqimiga asoslangan asarlar ifoda uslubi an’anaviy asarlardagidan jiddiy farq qiladi. An’anaviy asarlarda muallif nutqi va personaj nutqi aniq ajralib turadi. Ong oqimiga asoslangan asarlarda esa nutqning bu ikki shakli bir-biri bilan uzviy birlashib, qahramon ongostidagi oddiy so‘zlashuv tilida yetkazib bo‘lmaydigan drama ochib beriladi. “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq”, “Qora kitob” qissalarida qahramonning his-hayajonlari hamda ongosti qatlamida dabdurustdan paydo bo‘lgan kechinmalar yoritiladi. “Bevaqt chalingan bong” hikoyasida qahramonning ongostida qo‘qqisdan qo‘zg‘algan isyon tufayli qotilga aylanishi badiiy aks ettiriladi. An’anaviy asarlarda voqealar jarayoni gavdalantirilsa, ong oqimiga mansub asarlarda voqealar mohiyati, ularning sodir bo‘lishi sabablari ochib beriladi. “Bevaqt chalingan bong” hikoyasi mundarijasini qamalib chiqqan, hayotda omadi yurishmagan bechora qorovulning o‘z xo‘jayinini o‘ldirishini ko‘rsatish belgilaydi. “Qora kitob”, “Bevaqt chalingan bong” tipidagi asarlarda hayotiy voqelik tush bilan bog‘liq ko‘rsatiladi. Qahramonning kechinmalari keskin, shiddatli ekanligi bilan diqqatni jalb etadi. Ziddiyatga to‘la mushohadalar o‘zining inkor ruhi bilan tushkun kayfiyat hosil qiladi. Lekin ushbu kechinmalar hayot ziddiyatlari, inson qalbi murakkabliklari to‘g‘risidagi tushuncha, tasavvurni xiyla teranlashtiradi. Bu esa juda muhim ahamiyatga ega. Ong oqimi yo‘nalishidagi asarlar inson tabiatini an’anaviy asarlarga nisbatan haqqoniyroq, teranroq ko‘rsatadi. An’anaviy asarlar, masalan, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Anor” (A.Qahhor) hikoyalarida ham hayotiy voqealar gavdalantirilgan. Ularda qalamga olingan voqealarni ko‘rish, guvoh bo‘lish, ularda bevosita ishtirok etish mumkin. “Qora kitob”, “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq” qissalari to‘g‘risida esa bunday deb bo‘lmaydi. Ularda hayotiy voqealar xayoldagi manzaralar bilan uyg‘unlashib ketadi. An’anaviy asarlarda ham qismati “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi rassom, “Bevaqt chalingan bong” dagi qorovulga o‘xshash qahramonlar obrazi mavjud. Masalan, “Anor” (A. Qahhor) hikoyasida kambag‘al Turobjonning ilojsiz qolganidan o‘g‘irlikka qo‘l urgani ko‘rsatilib, bunga adolatsiz tuzum, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, birovlarning boy, boshqalarning kambag‘al, qashshoqligi sabab ekanligi ta’kidlanadi. “Bevaqt chalingan bong” hikoyasida esa fojia qahramon ruhiyatidagi kechinmalar, uning ongostida sodir bo‘lgan favqulodda isyonni ko‘rsatish orqali ochib beriladi. Har bir muallifning asarlarini muayyan jihatlar umumlashtirib turadi. Ushbu umumiylik ijodkor yaratgan obrazlarda, uning voqelikka munosabatida, ifoda uslubida seziladi. NazarEshonqul asarlarida mavjud voqelikka tahliliy munosabat yaqqol seziladi. Adibning “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi hikoyalarida ham, “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalarida ham hayotga keskin tanqidiy munosabat bildiriladi. Muallifning asarlari xuddi jihati bilan boshqa o‘zbek yozuvchilari asarlaridan farq qiladi. Muhimi shundaki, muallif mavjud voqelikni inkor etish bilan kifoyalanmaydi, balki noroziligi boisini aniq asoslab beradi. “Qora kitob” qissasi qahramoni o‘zi yashagan tuzumni tanqid qilish, o‘ziga qarshi isyon orqali hayotdan ma’no axtaradi, insonning yashashdan maqsadi haqida teran mushohada yuritadi. Shuning uchun ushbu qissa qahramonning turli sarguzashtlari, ko‘rgan-kechirganlari bayon etilgan, syujeti qiziqarli asarlardan ko‘ra hayot haqida teran tasavvur uyg‘otadi. “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq” qissalarida mavjud voqelik bilan xayol-tasavvurda kechgan voqelik zanjir halqalari kabi o‘zaro tutashib ketadi. Bu jihatdan “Qora kitob” qissasi alohida e’tiborni tortadi. Unda qahramonning Iblis, Odam Ato bilan munozarasi beriladi. Iblis adashganini anglab, o‘zini o‘zi sud qilib, tavba-tazarru qilayotgan qahramonga: “Bugun eng ulug‘ qurbonlik yuz beri. Bu kun abadul-abad unut bo‘lmaydi. Men bu paytni uzoq kutdim. Balki falakdan haydalganimdan beri kutgandirman. Sen mening orzum eding, asli sen men eding. Butun umr men uchun yashading, mening nomimdan gapirding, mening nomimdan farzandlaringni tarbiya qilding. Mana endi ulug‘ kun sodir bo‘ldi. Sen meni yo‘q qilolmaysan, chunki men sening o‘zingman, yashab bo‘lgan umringman” deb hayqiradi (O‘sha manba. – 24-bet). Iblis bilan to‘qnashuv qahramon xayolida kechadi. Ushbu to‘qnashuv xuddi mavjud voqelik kabi taassurot uyg‘otadi. U A. Qodiriy, A. Qahhor qahramonlari duch kelgan ziddiyatdan keskinligi bilan farq qiladi. “Qora kitob” qahramoni Iblis bilan xayolan hayot-mamot jangiga kirishadi. “O‘tkan kunlar” romanida Otabek ham dushanba kechasida ashaddiy raqibi Homid bilan yuzma-yuz keladi. Bu kurashda tuhmatchi, yuragi qora Homid halok bo‘ladi. Nazar Eshonqul qissasida esa qahramon Iblis izmida bo‘lganidan iztirob chekadi. “Qora kitob”da ezgulikni istagan qahramon alamzada ekani, u yanglishganini anglab, shunday holatga tushgani ko‘rsatiladi. O‘zbek adabiyotidagi an’anaviy asarlarda, jumladan, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Kecha va kunduz” singari romanlarda, “Padarkush”, “Abulfayzxon”, “Paranji sirlari”, “Maysaraning ishi”, “Ulug‘bek yulduzi” kabi dramalarda, “Dahshat”, “Anor”, “Qor qo‘ynida lola” bilan bir davrda va undan keyin bitilgan hikoyalarda hayotdagi jamiki illatlar, kishilar fe’-atvoridagi barcha kamchilik, nuqsonlar uchun mavjud ijtimoiy muhit sababchi ekanligi ta’kidlangan. Bu muayyan jihatdan asosli. Chunki turmush sharoiti, unda o‘rnashgan tartib-taomil kishilarning yashash tarzi, psixologiyasini belgilaydi. Ammo ijtimoiy tuzumni o‘zgartirish bilan hammani birdaniga yaxshi odamga aylantirib bo‘lmaydi. Ijtimoiy-siyosiy tartib-qoidalar isloh qilingani bilan kishilarning fe’l-atvoridagi illatlar birdaniga barham topmaydi. Agar buning iloji bo‘lganida edi, insoniyatni azaldan azoblab kelgan urush, fitna-fasod, firibgarlik singari son-sanoqsiz ofat, illatlarga allaqachon chek qo‘yilardi. Ong oqimi asarlarida jamiyatdagi illat, nuqsonlar uchun mavhum kimdir emas, balki muhitda yuzaga keladigan sharoit, vaziyat uchun har bir odam mas’ul ekanligi, shu bois har bir kishi o‘zi hamda boshqalar uchun javobgarligini his qilishi zururligi ta’kidlanadi. Tabiiyki, hamma emas, o‘zligini anglagan kishilargina bunday mas’uliyatni his qiladi. “Qora kitob” qissasi qahramoni aldanib yashaganini tushunib yetadi. U: “Ba’zan inson ijod etgan yovuzliklar Yaratganni ham lol qoldirsa kerak, degan shubhaga boraman. Inson yovuzlikni ulug‘ san’at asari darajasiga ko‘taruvchi birdan bir jonzot” deydi. Vaholanki u “Insonning ulug‘ligi, ezgu va go‘zal fazilatlar, ota va farzand burchi, oila totuvligi, jamiyat va inson munosabati, axloq va muhabbat haqida qirq ikki yil ma’ruza o‘qigan” (O‘sha manba. – 197-bet). Yoshi yetmishga yaqinlashgan muallimning to‘satdan “javob izlovchi odam”ga aylanishini birdan tushkunlikka tushish oqibati, deyish esa masalaga yuzaki yondashishdir. Nazar Eshonqul asarlaridagi qahramonlar o‘zbek adabiyotidagi mavjud personajlardan ko‘ra tamoman bo‘lakcha olam ekani yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Ular avvalo hayotning mangu jumboqlariga javob izlayotgan odam sifatida diqqatni jalb etadi. Bu odam o‘zining juda talabchan, qaysar, o‘jar fe’li bilan boshqalardan farq qiladi. U, bir qarashda, injiq, jizzaki, alamzada odamday tuyuladi. Uni inson erki, uning qadri hamma narsadan ko‘ra ko‘proq o‘ylantiradi. “Qora kitob”dagi muallim, “Maymun yetaklagan odam”dagi rassom zulm, zo‘ravonlik, aldov hukm surgan muhitda odamlar ma’naviy majruh bo‘lib qolishi, mute, itoatgo‘y qulga aylanishidan kuyinadi. “Nega hayotda azaldan shunday ayanchli holat hukm suradi?” deb o‘z- o‘zi bilan munozara qilib, iztirobga tushadi. Muallim, rassomning bu xususdagi savollariga o‘zi ham, boshqalar ham tayin, qoniqarli javob berolmaydi. “Qora kitob” qissasi qahramoni inson hayotining ma’nosini izlab, iztirob chekadi. Uning iztirob, alamga to‘la mushohadalari jadid ijodkorlarning millat kelajagiga kuyunib, uning farzandlarini ilm-ma’rifatga da’vat etganini yodga soladi. Ma’rifatparvar adib, shoirlarning ijtimoiy mavzudagi she’r, drama, nasriy asarlarida ham “Qora kitob”dagiga monand iztirob, alam ifodalangan. XX asr boshida o‘zbek adiblari millat ahvolidan qayg‘urib, achchiq ta’nalar, keskin tanqidiy fikrlar bildirgan bo‘lsa, bir asr o‘tib, ularning vorislari insoniyat taqdiri to‘g‘risida tahliliy fikrlar aytish darajasiga erishgani kishini quvontiradi. Masalan, Hamza: Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling