Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
Maro go‘y, ki az shayton hazar kun, Bigo‘ bo man, k o‘ parvardai kist?
Ya’ni: meni shaytondan hazar qil deysan, lekin menga aytgil: u kimning arzandasi? Bu savol hamon to‘liq javobini topgan emas. Kimdir taqdir taqozosi bilan nafsini tanishga muvaffaq bo‘ldi deylik. Bugungi ijtimoiy-axloqiy muhitda uning ahvoli qanday kechadi? Va uni kim tushunadi? Nazar Eshonqul hikoyasida shu savolga ham javob bor. Menimcha, bu hikoya ichidagi eng g‘aroyib bir hikoyadir... *** Umuman olganda, insonning dunyoga kelishi xayrli hodisa. Tug‘ilish – bu, ko‘payish, o‘sish, harakat va rivojlanish demak. Lekin bunda ikkinchi bir jihatni ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi, albatta. Ya’ni ko‘payish va rivojlanish, ayni paytda, har turli ijtimoiy, iqtisodiy, axloqiy va siyosiy muammolarga duch kelishdir. Butun tarixi mobaynida kuch va imkoni yetgunicha bularni insoniyat hal qilishga urinib kelgan. Birda muvaffaqiyatga erishsa, birda mag‘lubiyatga uchragan; goho yo‘lni to‘g‘ri tanlagan bo‘lsa, ba’zan yo‘ldan adashib, o‘zini-o‘zi qiyinchilik va azob-uqubatlarga giriftor aylagan. Ammo har qanday vaziyat va holatda ham to‘xtab qolmagan. Behad ranj chekib, hatto qon kechsa ham turg‘unlik, nochorlik to‘siqlarini yengib o‘tgan. Bu amaliy tajriba – bashariyat hayotidagi eng porloq va umidbaxsh tajriba desa aslo xato bo‘lmaydi. Odam qavmi aql va tafakkur jabhasida juda ko‘p yutuqlar, hayratlanarli qanchadan-qancha yangiliklarni qo‘lga kiritdi. Bular bilan u har qancha maqtansa ham arziydi. Ilm-fan va texnik taraqqiyotda u nimalarni ixtiro etib, o‘ziga xizmat qildirmadi deysiz? Shuncha zafar, shuncha yuksalishning hammasi ham dunyo ahlining osoyishta, farovon va baxtli yashashiga yordam berdimi? Erishilgan nimayu, yo‘qotilgan nima yoki muvaffaqiyat nimayu mahrumiyat qaysi – bular to‘g‘ri sarhisob qilindimi? Yo‘q, albatta. Shuning uchun g‘am, kulfat, musibat va har turli ziddiyatlar oldingi asrga nisbatan yangi yuz yillikda ko‘proq yuz ochdi. Zulm, zo‘ravonlik, tahlika shiddati kuchaysa, kuchaydiki, susaygani yo‘q. Nima uchun? Bu savolga bugun endi qanoatlanarli javob qaytarish oson emas. Qolaversa, jahonning ko‘p mintaqasida, “Men kimman? Nimaga bunday yashashim kerak? Insoniylik sharafi o‘zi nima?” deb o‘ylash allaqachon “moda”dan chiqib ketgan. Mehr – qahrga, shafqat – yovuzlikka, ruh – nafsu havoga taslimligi shundan. Shuning uchun dunyoda makr, riyo, gunoh va xudbinlik “bozor”i qizib ketgandir. Agar masalaga tarixan nazar tashlansa, oxir-oqibatda asosiy bir ofat – barcha balo va yomonliklarning doyasi nafsga to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Axir, Sharqning buyuk donishmandlari tasodifan “Nafsi ammora sohiblari hayvonga o‘xshashdirlar, balki undan ham tuban erurlar... nafsi ammora jumla munofiq, fosiq, kofir va zolimlarning nafslaridir” demaganlar-ku! Qayerdaki, bir yirtqichlik, bir beboshlik, bir badbaxtlik qad ko‘tarsa, bilingki, bu shu battol nafsning qilmishidir. Yomonlik, nodonlik va gumrohlikning turi bisyor. Bular haqida to‘xtovsiz gapiramiz – lekin ildiz qayerda, nega ularni cheklab-chegaralab yo‘qotib ham bo‘lmaydi – bu haqda ko‘pincha to‘g‘ri mushohada ham yurita olmaymiz. Vahdatul vujud nuqtai nazaridan qaralsa, yomonlik, yovuzlik, tubanlik yo‘q narsa – bir ro‘yo, xolos. Shu boisdan ham inson Haqqa intilishi, uni sevishi, butun borlig‘i ila unga suyanishi shart. U yolg‘iz o‘ziga tayansa, bilib, bilmay, nafsoniy, hayvoniy va shaytoniy mayllariga tayanishga mahkumdir. Tasavvur qiling, bir chaqaloq tug‘ildi. Voyaga yetgach u bexosiyat, badjahl, vahshiy maxluqqa aylanadi, deb kim xayolga keltiradi? Hech kim. U kimdan to‘ragan? Qanday tarbiya olgan? Qanday xislat va fazilatlar qoniga meros ko‘chgan? Bular xususida ko‘p fikr yuritish va ibratli bir xulosalar chiqarish mumkin. Nazar Eshonqulning ikkinchi hikoyasi – “Qultoy” shu jihatdan diqqatga molikdir. Hikoya qahramonining nomi Uljon. U mol izidan tayoq sudrab, umri qiru adrlarda o‘tayotgan barzangi bir yigit. Uljon shu qadar hayvonlashganki, odamga ham moldan past nazar bilan qaraydi. Xotin zotini haqoratlash va urishdan ich-ichdan maroqlanadi. Bir gal kaltakka chidolmagan xotini otasinikiga ketib qoladi va birmas, ikkimas, to‘rt qaynisi kelib uni “xuddi paxta savalashayotganday biri qo‘yib, biri savalaydi”. Shu payt maymoq bir ayol kelib uning boshiga o‘zini tashlaydi-da, bor ovozi bilan qishloqdoshlarini yordamga chaqiradi. Bu mushtipar, haqorat va xo‘rlikdan jussasi kichrayib borayotgan ayol Uljonga “xola” – Arzixol edi. Shunda g‘alati bir holat ro‘y beradi: Uljon naq burniga tegib turgan ayolning ko‘kragidan “o‘ziga juda tanish” bir hidni tuyadi. Lekin “bu hid dimog‘ida qachon va qanday o‘rnashib” qolganini fahmlolmaydi. Kaltaklanyotganini ham unutib tamshanib ketadi... Xullas, shu hid uni ta’qib eta boshlaydi. Negadir bundan u g‘azablanadi. Bahona topib Arzixolning yelkasiga gavron tushiradi. Ayol esa g‘iq etmasdan chidaydi. Chunki hammasiga: qaltak, tahqir, haqoratga allaqachon ko‘nikkan. Bois ne? Asosiy jumboq va fojia shunda. Arzixol Uljonga xola emas, aslida ona. Pochchasi Rajab cho‘ponga esa asrandi o‘g‘il. Bu haqda unga hech kim, hech nima demagan. Rajab cho‘pon fe’l-atvoridagi qo‘rslik, odamovilik, jizzakilik asrandi bolaga shundoq ko‘chib o‘tgan. Uljon maktabda ham o‘qimagan – g‘irt avom. Kim biladi, Rajab cho‘pon o‘zi o‘g‘il ko‘rganida, uning xotini Rohat bir haftalik chaqaloqning onasini o‘ldiga chiqarib, uni uyiga olib kelmas, kasal bo‘lib yotib qolgach esa badbaxt Arzixolga ham muhtojlik sezmasligi mumkin edi. Lekin hayot insonning xohish-irodasi bilan hisoblashmagan va hisoblashmaydi ham. Shu uchun Arzixol opasinikida yashar ekan, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qiynoqlar boshiga tushadi. Qaynilar bilan bo‘lgan janjalda Uljonni u qotillikdan saqlab qoladi. Uljon esa urib, uning qo‘lini sindiradi. Shunda ham o‘zini u aybdor sezadi. O‘ziga o‘zi o‘lim tilaydi. Tersotaliklardan birontasi Uljonni koyiy boshlasa va u haqda yomon fikr bildirsa, Arzixol birdan “Aslida ayb menda...” deya uni himoya qilishga tushadi. Nima javru jafo ko‘rmasin, u shu Uljonni deydi. Qashqirsifat shu yigit uchun jonni fido aylab kun o‘tkazadi. Uning bu holatini tasavvur qilish mumkin. Qiz chog‘ida qir ortidagi qishloqlik bir chavandoz yigitni yaxshi ko‘rgan. Bot-bot to‘qayzorda uchrashib turishgan. Yigitning ota-onasi cho‘loq bir qizni kelin qilishga ko‘nishmagan. Shumi yoki boshqa sababdanmi, “qamchisiga bandak to‘qib bergani” chavandoz yigit g‘oyib bo‘lib, oradan oylar o‘tsa-da, qorasini ko‘rsatmagan. Qiz esa yurak yutib... Hech birovga gapirolmagan. Sevgi deysizmi, aldanish, adashish yoki hirs qurboni deysizmi, xullas, nima bo‘lmasin Arzixol ta’na-malomatlarga chidab o‘g‘il tug‘adi. Xolasi chaqaloqni olib ketgunga qadar va keyin ham uni emizadi. Nihoyatda ajablanarli hol: yoshi ulg‘aygan sayin Arzixoldan Uljon jirkanadi. Ko‘rdimi, g‘azablanib, nafrati oshib-toshaveradi. Uning qo‘rs-qo‘pol muomalasini davom ettirgan xotini va bolalarining bir mushtipar, g‘ussakash ayolga munosabatlari har qanday odamni achintiradi. “Tovushi do‘rillay boshlagan Uljonning bolalari ham uni xuddi otalariday jerkir, kelin esa tinim bermay ishga ko‘mib tashlar, u esa yaroqsiz bo‘lib qolgach, tashlab yuboriladigan buyumga o‘xshab uydan haydalishdan cho‘chigandek hech bir ishdan bo‘yin tovlamas, o‘zini keraksiz bo‘lib qolayapman deb o‘ylagani sayin Uljonning bolalaridan tortib, o‘zi ham kampirga suyanib borar, uning og‘rib yo kasal bo‘lib yotib qolishini tasavvur ham qilisholmasdi”. Oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, shunday kun keladi: Arzixol birdan yotib qoladi. Shu yotishda xazonrezgini o‘tkazib, qishning naq chillasida joni uziladi. Uni so‘nggi manzilga kuzatishga o‘ntacha tersotalik va bir necha qarindoshlari yig‘iladi. Aza ham azaga o‘xshamaydi. “Maymoq” endi yo‘q – tuproqqa etib ko‘miladi. Uljon shunda ham undan noroziligini yashirmaydi. O‘ylab qolasan: shunaqa kimsalar hayotda bormi, uchraydimi o‘zi? To‘g‘ri, aynan Uljonga o‘xshaganlar ehtimol uchramas. Lekin yovuzlik va bag‘ritoshlikda undan battarlar bor. Tabiati undan-da mudhishroq maxluqlarning soni dunyoda oz emas. Uljonga qaytaylik. U chollarning qistovi bilan, tayoqqa suyanib “xolam-ov” deydi. Ovozi “yo‘qlovdan ko‘ra zardaga o‘xshab” eshitiladi. “Chollar yoshi qirqdan oshib ham el rasm-rusumini tushunmagan bu beso‘naqay va qo‘rs odamdan norozi bo‘lib bosh chayqab qo‘yishadi. Shunda kimdir kelib uning qo‘ltig‘idan oladi. Qarasa, kenja tog‘asi. Uni juda keksayib, munkillab qolgan otasi, ya’ni Uljonning bobosi yoniga boshlab boradi. Bobosini ham u xush ko‘rmaydi. Bobo esa aybdorday boshini egib turar, maymoq va majruh bo‘lsa ham farzandi o‘zidan oldin dunyodan o‘tganidan ezilib, ko‘zlari yoshlangandi. U xirildoq ovozda Uljonga deydi: Onam deb yo‘qlang, bolam, Onam deng. Nega onam deyman? Onam o‘lganiga o‘ttiz yildan oshdi... Bobo og‘ir va chuqur xo‘rsinadi. Ko‘zlarini olib qochib, sekin pichirlaydi: Arzixol sizning tuqqan onangiz bo‘ladi, bolam. Salom chavandoz uni badnom qilib ketgach, sizni Rohatga berdik. Aslida, sizni Arzixolning o‘zi emizib katta qildi, bolam. U sizning haqiqiy onangiz... Bu shafqatsiz gapdan albatta Uljon dovdiraydi. U “kimdir bu yolg‘on deyishini kutar”, ammo bunaqa mardni topib bo‘lmasdi. Yoshi qirqdan o‘tsa ham nima uchun tuqqan, oq sutini emizgan ayolga u zarra qadar bo‘lsin dildan yaqinlik sezmadi? Nega uni urgan sari urgisi, xo‘rlagan sayin xo‘rlagisi kelaverdi? Bobo sir “parda”sini ochdi. Uljon o‘zidan endi qayonga qochadi, qanday bosh ko‘tarib yashaydi? Qismatning bu darajada chigalligiga sabab nima? Yozuvchi bu savollarga javob bermaydi. O‘quvchining o‘zi mushohada yuritib, o‘zi topishi kerak javobni. Yozuvchini Uljon taqdirini hikoya qilishga undagan iztirob ham balki shudir. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling