Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


NAZAR ESHONQUL IJODINING ADABIYOTSHUNOSLIKDA O‘RGANILISHIGA DOIR BA’ZI MULOHAZALAR


Download 0.93 Mb.
bet5/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

NAZAR ESHONQUL IJODINING ADABIYOTSHUNOSLIKDA O‘RGANILISHIGA DOIR BA’ZI MULOHAZALAR




Qurdosh QAHRAMONOV,
TDPU professori


REZYUME: Maqolada iste’dodli yozuvchi Nazar Eshonqul asarlarining hozirgi o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida o‘rganilishi tadqiq etiladi. Bunda chop etilgan tadqiqotlarda adib poetik olami, xarakter yaratish mahorati, turli poetik unsurlar – metaforik obraz, ramz va timsollardan foydalanishi, ijodiy ta’sir masalalari yetakchilik qilishi tahlillar bilan asoslandi.

Iste’dodli yozuvchi Nazar Eshonqul adabiyot olamiga murakkab bir davrda kirib keldi. Adabiyotda “o‘tish davri” deb atalgan bu davr bir tomondan sobiq sho‘ro saltanati yemirilib bitayotgan, adabiyotning ustuni sanalgan sosrealzm qoliplari birma-bir chilparchin bo‘layotgan davr edi. Ikkinchi tomondan vujudga kela boshlagan ba’zi demokratik tamoyillar bois xalqimiz jahonga yuzlangan, o‘zlikni anglashga bo‘lgan kuchli ishtiyoq avvallari ta’qiqlangan milliy merosimizni ham, jahon adabiyoti durdonalarini ham shitob o‘zlashtira boshlagan edi. Nazar Eshonqul dastlabki asarlari bilanoq munaqqidlarimiz nazariga tushdi va bu adabiy jamoatchilikda o‘ziga xos aks-sado beradi. Adib ijodining adabiyotshunoslikda o‘rganilishini kuzatsak u yaratgan har bir asar e’tibordan chetda qolmaganini, qarashlar, tahlillar, talqinlar


hikoyadan qissaga, qissadan romanga tomon tadrijiy tarzda yuksala borgani oydinlashadi.
Jumladan, U.Normatov adibning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasini baholar ekan, “... ramziy-simvolik timsollar tashiydigan ma’noning teran va ko‘lamdorligi, qahramon hayot yo‘lining chuqur tahlili – bu asarni jahon novellistikasining eng yaxshi namunalari qatoriga qo‘yish uchun izn bergan edi”1, deb yozadi. Munaqqid fikrini davom ettirib, ushbu hikoya o‘zbek nasrida “zamondosh-asrdosh” obrazini yaratishda yangi bosqichni boshlab berdi, degan xulosani bayon etadi. Munaqqid bu hikoyani ham, keyinroq yaratilgan “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasini tahlil qilganda “zamondosh-asrdosh” qahramonlarning sho‘ro davrida kechgan hayot tarzining ma’nisizligini ko‘rsatish asosiy maqsad bo‘lganini ta’kidlaydi. Munaqqid dastlabki hikoyaning “...qahramoni mo‘yqalami tomonidan yaratilgan o‘z ijodiy-ijtimoiy faoliyati ibtidosi va intihosiga daxldor ikki badiiy polotno – qorong‘u to‘qayzordan “nurafshon maskan” sari maymun yetaklab chiqayotgan navqiron shijoatkor yigit va qari maymun yetagida to‘qayzor tomon qaytayotgan munkillagan chol surati”2 orqali ifodalayotganini ta’kidlasa, keyingisida yarim asrlik umri davomida nafaqat o‘zining, balki butun tog‘liklarning or- nomusini, g‘ururini o‘zida namoyon etib, Rayim polvonning malayi bo‘lgan Zamon otboqardan o‘ch olgan Bayna momo bir tomon va “totalitar siyosat” g‘urursiz olomonga aylantirib ulgirgan qishloq ahli bir tomon qilib tasvirlanishi bilan asoslaydi.

Olimning nafaqat Nazar Eshonqulga oid, umuman o‘tish davrida yaratilgan shu tipdagi asarlarga bergan bahosida xarakterli ikki jihat ko‘zga tashlanadi: birinchidan, yangilanayotgan
1 Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. –T.:2000.-B.39
2 O‘sha manba, o‘sha bet
badiiy tafakkur mahsuli bo‘lgan asarlarda umri totalirat sho‘ro davrida ma’nisiz kechgan “zamondosh-asrdosh” qahramonlarning fojiaviy qismati aks ettirilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, ayni qismat tasvirida yakranglikdan voz kechib yangicha poetik ifoda – rang-barang ramziy- majoziy bo‘yoqlarda voqe bo‘layotgan adabiy hodisalar sifatida bo‘y ko‘rsatayotganidadir.
Darhaqiqat, olimning ushbu kuzatishlari bejiz emas edi. O‘tish davrida yaratilgan asarlarning aksariyatida sho‘ro davri fojialarni aks ettirish yetakchilik qilayotgan edi. Ayni paytda adabiyotga kirib kelayotgan yosh ijodiy qatlam katta ijodiy izlanishlar asosida badiiyatni, uning falsafiy, ijtimoiy-estetik asosini yangilashga intilishayotgandi. Adabiyot ilmining ilg‘or namoyandalari bu o‘zgarishlarni o‘z vaqtida ilg‘ab uning mohiyatini ochishga harakat qila boshladilar.
O‘zlarining kuzatishlarida, talqinlari va mulohazalarida olim ta’kidlagan yangicha tasvir
– ramziy ifoda qirralari xususida fikr yuritayotgan adabiyotshunoslar adib asarlarini yanada teranroq talqin etishga, mohiyatiga chuqurroq kirib borishga intildilar. Jumladan, Qozoqboy Yo‘ldosh “Istiqlol nasri belgilari” nomli maqolasida nasrimizdagi yangilanishlarga to‘xtalar ekan, adib haqida quyidagi fikrlarni ilgari suradi:
“ O‘z fikrlash tarzi va tasvir yo‘sini bilan hozirgi o‘zbek nasri taraqqiyotida alohida o‘rin tutgan Nazar Eshonqul bizga ko‘rinib turadigan hayotni emas, balki tamomila o‘ziga xos va betakror odamlarning tamomila o‘zgacha va qaytarilmas o‘ylari, dunyosini hech kimga o‘xshamagan yo‘sinda tasvirlash yo‘lidan bormoqda”3. Adibning “Tun panjaralari” qissasining ifoda yo‘siniga to‘xtalar ekan, “ Chindan-da, milliy nasrimiz hayotiy aniqlikdan yuksakroq reallikni: qahramonlarning chigal ruhiyati va ijodkorlarning falsafiy mushohadalarini haqqoniy ifodalash darajasiga ko‘tarildi”, 4deb baholaydi.
Bunday mushohadalarni Rahimjon Rahmat kuzatishlarida ham ko‘ramiz. Munaqqid ma’nan U.Normatov fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, “Xurshid Do‘stmuhammadning “Jajman”, Nazar Eshonqulning “Bahovuddinning iti”, Isajon Sultonning “Suvdagi kosa” hikoyalari o‘zbek nasrida yangi davr boshlanib ulgurganini bildiradi”,5 deb yozadi. Adibning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi munosabati aytilgan quyidagi e’tiroflar ham e’tiborga molik:
“90-yillar boshida e’lon qilingan “Maymun yetaklagan odam” yangi o‘zbek prozasida alohida mavkega ega. Bu hikoya ko‘p yillik o‘zbek prozasini noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Keyin esa jiddiyroq asar yozish uchun ko‘p va xilma-xil kitoblar o‘qishdan tashqari katta hayot tajribasi kerakligini sezib hammamiz qag‘oz va qalamga dam berib, bizlarni boshqalardan ajratib turadigan qanotlarimizni yashirib turmush tashvishlari degan ko‘chaga kirib ketdik”.6
Olimning ushbu e’tiroflari ko‘p narsani anglatadi. Eng avvalo, N.Eshonqul hikoyasining o‘zbek nasri uchun tamoman yangi bir hodisa sifatida qarshi olingani, asarda aks etayotgan vokelik va qahramonning metaforik chizilgan suvratida akslangan badiiy haqiqat hamda undagi zalvorning e’tirofi bo‘lishi bilan birga o‘ziga tengdosh ijodkorlar yelkasiga katta mas’uliyat yuklaganidan ham dalolat beradi.
Rahimjon Rahmat o‘z mulohazalarida N.Eshonqul asarlarida ramzlar vositasida inson ruhiy olamining ovloq joylariga kirib borishi, fojiali qirralarini topa olishi, inson qalbini zulm va zulmatdan himoya qilishi kabi xususiyatlar ifoda etilishini ko‘rsatadi.

X.Do‘stmuhammadning “Nazarning umidbaxsh kemalari” nomli maqolasida ilgari surilgan tezislar ushbu umumlashmalarning eng mukammalini tashkil etadi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Munaqqid N. Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi chop etilgan sanani o‘zbek nasri uchun favqulodda vokea sifatida baholaydi. Salkam bir asrlik tarixga ega bo‘lgan hikoyachilik tarixida shu birgina hikoya qanday qilib favqulodda hodisa bo‘lishi mumkin, degan savolni qo‘yadi muallif va o‘zi shunday javob beradi:
3 Yo‘ldosh Q. Yoniq so‘z.-T.: 2006. – B.196.
4 O‘sha joyda.
5 Rahmat R. Adabiyotdan chiqish. – T.:2015. – B.47
6 O‘sha manba, 54 bet.
Hikoyadagi rassom chol chizgan suratlardagi mavhumlik, bu mavhumlikning suratdan suratga ortib borishi, rassom cholning ko‘zlaridagi nursizlik, u yashaydigan uydan anqiyotgan chirkin va shalaq hidlar, timsollar...
“Nazar ana shu birgina hikoyasi bilan umr shomini boshidan kechirayotgan katta bir tuzum ustidan o‘zining badiiy hukmini o‘qigan edi, - deb yozadi muallif bu haqda, - Uning tili- tasviri beshafqat, ba’zan me’daga tegadigan darajada qora bo‘yoqlarga boy, lekin ifodalar beshafqatligi, qora rangning quyuqligi zamirida bedod tuzum tufayli barbod bo‘lgan umrga, umrlarga nisbatan rahm-shafqat to‘la edi”7.
Munaqqid fikricha, “Tobut” hikoyasi ham ushbu hikoyaning mantiqiy davomidek o‘qiladi. Maqolada yozuvchiningbarchaasarlarigaxosmushtarakxususiyatlarquyidagichaumumlashtiriladi: “Qissa va hikoyalar nomlanishiga e’tibor beraylik, ulardagi tun, qora, xaroba,zulmat, tobul, o‘lik, og‘riq sifatlari umumlashib, N.Eshonqul badiiy tafakkuri o‘q chizig‘ini tashkil etadi, yozuvchining erksizlik, mustabitlik,yovuzlik va razolatu qabohatga bo‘lgag cheksiz nafratidan,mana shu g‘ayriinsoniy holatlar tug‘diradigan unufatli, qo‘llansa va shikasta qismatlarning alamidan kelib chiqadigan faryod va nidolar sifatida o‘qiladi. Bir asarda boshlangan faryod va nidolar
keyingisida tasvirlangan norizo va bo‘ysinmas isyonda davom etadi”8.
Eng muhimi shundaki, bu tasvir-u timsollardan kelib chiqadigan ma’no-mazmunda, ijodkor konsepsiyasida “...olis-olislarda jimirlab ko‘rinayotgan mayoq sari intilayotgan...Ana shu intilish ko‘ngilda hayotbaxsh umidlar tug‘diradi...”.
Ayon bo‘layotganidek, munaqqid adib asarlaridagi timsollar, ranglar, bo‘yoqlar tasviridan kelib chiqadigan mazmun – g‘oyaviy motivda hayotbaxsh umidlar yetakchilik qilishini urg‘ulamoqda. Albatda yuqorida ko‘rib o‘tilganidek, olimlar tomonidan ilgari surilgan fikr-mulohazalar adabiy jarayonda Nazar Eshonqul ijodining “jon tomiri” haqida muayyan tasavvur hosil qildi, o‘ziga xos aks-sadosiga ega bo‘ldi. Bu hol adib hikoyalari, roman va qissalari monagrafiya va fundamental
tadqiqotlarda manba sifatida tadqiq etilganda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topa boshladi.9
Gulnoz Sattorova o‘zining “Milliy xarakter va badiiy talqin”(2004) nomli monografiyasida X.Do‘stmuhammad va Gʻ.Hotam hikoyalari qatori adibning ham hikoyalarini tahlilga tortadi. “Istilo”(keyinchalik “Evolyusiya”), “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr” va boshqa hikoyalar talqinlari shular jumlasidandir. Bu hikoyalar adibning millik xarakter yaratish mahorati nuqtai nazaridan o‘rganiladi. “Istilo” hikoyasida qahramonning xarakter qirralari psixologik jihatdan ishonarli yoritilgani, bir vaqtlar ajdodlari yovqur, botir bo‘lgan “U”ning hozirga kelib qo‘rquv va ta’qiblar tufayli g‘animlar naznida go‘yo qo‘zichoqqa evrilib qolishi davr fojialari bilan bog‘lab talqin etiladi.

“Istilo” qahramoni shaxsiyatida, butun faoliyatida fojiaviylik ustun turadi. Unga xos poklik, rahmdillik, oliyjanoblik, mardlik kabi xususiyatlar sekin-asta qo‘rquv va vahimaga, erksizlik va mutelikka o‘rnini bo‘shatib beradi. Buning asosiy sababi mustamlakachilar ta’qibi. Oqibatda asar qahramoni qiyofasidagi millat o‘zligini, o‘zining milliy qiyofasini yo‘qotadi. Isyonkor bir qo‘zichoqqa aylanadi. Ushbu hikoya tarixiy qimmati bilan birga juda katta ruhiy tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Yozuvchi tarix voqealari orqali butun millatga erk va ozodlik g‘oyalarini tarannum etadi», 10- deb yoziladi bu haqda.
7 Do‘stmuhammad X. Ijod – ko‘ngil munavvarligi. –T.:2011.-B.109.
8 O‘sha manba, 110-bet.
9 Qarang: Do‘stmuhamedov X. Hozirgi o‘zbek hikoyachiligida badiiy tafakkurning yangilanishi( 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90g‘yillarning avvalidagi hikoyalar misolida).filol.fan.nom. diss. –T.:1995; Sattorova G. 90-yillar o‘zbek hikoyachiligida milliy xarakter muammosi (Gʻ.Hotam, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul hikoyalari misolida): Filol.fan.nomz... diss. - Toshkent, 2002; Xoldorov D. Hozirgi o‘zbek qissalarida badiiy uslub muammosi. (Shoyim Bo‘tayev, Nazar Eshonqul qissalari misolida): Falsafa d-ri (PhD)…diss…- Toshkent, 2017; Radjapova F. Istiqlol davri o‘zbek qissachiligida uslub va poetik til: Fal- safa d-ri (PhD)…diss…avtoref. – Toshkent, 2018;Burxonova F. Muallif adabiy-estetik qarashlari va ijodiy parallelizm (Nazar eshonqul va Ulug‘bek Hamdam ijodi misolida). Falsafa d-ri (PhD)…diss…avtoref. – Toshkent,2019; Yakubov I. Mu- staqillik davri o‘zbek romanlari poetikasi. Filol.fan. d-ri (DSc)…diss…avtoref. – Toshkent, 2018; M.Kuchkarova. Hozirgi o‘zbek nasrida badiiy shartlilik. Filol.fan. d-ri (DSc)…diss…avtoref. – Toshkent, 2020.
10 Sattorova G. Milliy xarakter va badiiy talqin.-T.: 2004.-B.17-18.
Adibning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr” hikoyalari ham davr va shaxs fojialari nuqtai nazaridan talqin etiladi. Olima tahlillarida ijtimoiy-estetik yondashuv asosida millatning sho‘ro davridagi fojiali kechmishiga e’tibor qaratish sezilib turadi. Jumladan, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi suratlarda aks etgan yil sanalarining talqini quyidagicha belgilanadi:
«Ko‘rsatilgan yillarning har biri o‘zbek millati boshidan kechirgan bir davrni ifoda etadi. Xususan; harbiy kommunizm, kolxozlashtirish, qatag‘on, urushdan keyingi ocharchilik, Stalin vafotidan keyingi tahlikalar va hokazo. Ushbu sanalarning barchasi chol bosib o‘tgan hayot yo‘lining solnomasi. Rasmlar esa uning ichki dunyosi manzarasini ifodalaydi».11
Olima fikrini davom ettirar ekan, yanayam aniq-tiniq ravishda o‘tish davri nasrimizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan sho‘ro davri fojialari talqini adib hikoyasida boshqalarda aks etmagan tomonlari bilanajralib turishiga e’tibor qaratadi.
«Ushbu asar bir o‘zbek kishisining ichki dunyosi misolida butun sosialistik tuzumni tahlil etishga qaratilgan. Shu asosda milliy xarakterni boshqa yozuvchilar xayoliga ham keltirilmagan jihati aks ettirilgan»12
«Ajr» hikoyasi tahlili orqali mustaqillik davri adabiyotining bir yo‘nalishini vokelikni diniy-falsafiy motivlar orqali talqin etishga e’tibor kuchayayotgani yoritiladi. Hikoyadagi ota va o‘g‘il qismati Dante Aligьyerining «Ilohiy komediya»sidagi ota va bola, A.Oripovning «Jannatga yo‘l» dramatik dostonidagi ota va o‘g‘il obrazlari bilan qiyosan tahlil etiladi.Tahlil asnosida ushbu asarining yaratilishida diniy rivoyatlar, «Qur’on» va «Hadis» saboqlari tayanch vazifasini o‘tagani urg‘ulanadi. Bu hol 90-yillar adabiyoti uchun o‘ziga xos badiiy tamoyilga aylanayotgani, ushbu vositalar asosida adib asarda har bir inson bu dunyoga bir sinov uchun kelishi, qilgan xoinligi-yu padarkushligi uchun bu dunyoda bo‘lmasa, boqiy dunyoda albatta ajr muqarrarligidan ogoh berayotgani yoritiladi.
Ta’kidlash joizki, G.Sattorovaning ushbu talqinlari adib ijodining dastlabki o‘n yilligi uchun xarakterli hol bo‘lib, o‘tish davri adabiy jarayonidagi yetakchi tendensiyalarni o‘zida mujassamlashtirishi bilan ajralib turadi. Adib ijodiga oid keyingi tadqiqotlarda boshqa asarlari qatori bu hikoyalari ham tahlillarga manba bo‘lib yangi talqinlar bilan boyitilib bordi. So‘nggi davrlarda I.Yaqubov, M.Qo‘chqorova, D.Xoldorov, F.Rajapova, F.Burxonova kabi tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari adib ijodi qirralarini yoritishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu olimlarning kuzatishlarida adib asarlari muayyan bir muammo atrofida tadqiq etiladi. I.Yaqubov «Go‘ro‘g‘li» romanini mustaqillik davri romanchiligidagi voke bo‘layotgan yangicha poetik izlanishlar fonida tadqiq etsa, M.Qo‘chqorova badiiy shartlilikka oid yondashuvlar asosida o‘rganishga harakat qiladi. D.Xoldorov adib qissalarini ijodkor uslubi bilan bog‘liq holda tadqiq etsa, F.Rajapova adib asarlariga xos ramziylik, metoforik ifoda nuqtai nazaridan tahlilga tortadi. F.Burxonova kuzatishlarida esa ijod psixologiyasining muhim bir qirrasi sifatida adib adabiy-estetik qarashlaridaga yetakchi yondashuvlarning o‘z
asarlarida voke bo‘lish qonuniyatlarini aniqlashga harakat qilinadi.
D.Xoldorovning «Ijod mohiyati – uslub xosiyati” kitobida N.Eshonqul qissalarining qisqa-qisqa tahlili orqali adib uslubini belgilashga urinish yetakchilik qiladi.Bunda har bir qissaning o‘ziga xosligi nazarda tutiladi. “Urush odamlari” qissasida adib uslubi Anzirat tili bilan aytilgan “daryoning ikki qirg‘og‘i” timsoli orqali belgilanadi. Muallif fikricha, “daryo – bu inson umri, tiriklik belgisi. Insonda hamisha ikki his o‘rtasida kurash ketadi. Biri ezgulik, ikkinchisi yovuzlik. Ikkisiga ham tiriklik belgisi daxldor. Ikkisida ham hayot bor”...13 Yozuvchi asar qahramonlarini ana shu ikki qirg‘oq orasida imtihon qiladi.



11 O‘sha manba, 41 bet.
12 O‘sha manba, 42 bet
13 Xoldorov D. Ijod mohiyati – uslub xosiyati”. –T.: 2017.-B.40
Normat va Anzirat fojiasi, erkaklik sha’ni va ayol xiyonatining fojiaviy qirralari ana shu “ikki qirg‘oq” oraligida sodir bo‘lishi, voqealar rivojining goh u qirg‘oqda, goh bu qirg‘oqda kechishi adib uslubining o‘ziga xosligidan, degan qarash ustuvorlik qiladi.
“Momoqo‘shiq”da “qo‘shiq” adib uslubini belgilovchi asosiy poetik hodisa ekanini, yozuvchi qo‘shiq orqali o‘zligidan “begonalashgan”larga, ularning kirlangan ma’naviy olamiga ta’sir qilmoqni niyat qilganini tahlil bilan asoslaydi.
“Qora kitob” – insonga abadul-abad hamroh bo‘lgan ap to qiyomatga qadar Odamni( Odam Atodan boshlangan) to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga ont ichgan Shaytonning nayranglari haqida”gi asar ekani tahlillar bilan ko‘rsatiladi.14
«Tun panjaralari»da ranglarga e’tibor qaratiladi. Adib uslubiy o‘ziga xosligiga qora rang, tun faqat yovuzlik yoki jaholat timsoli bo‘lib qolmay, balki ezgulikni qadrlash, inson hayotidagi yaxshi kunlarni ham ifodalashi mumkin, degan qarash asosida yondashiladi. Shunga ko‘ra tunda o‘zi bilan o‘zi munosabatga kirishgan qahramonning bolalik xotiralarida olis Tersotaning tosh yo‘llarida qolib ketgan Robiya – ilk muhabbatidan kelayotgan nur bilan bog‘lab talqin qilinadi.
Umuman olganda, D.Xoldorov adib qissalariga ortiqcha zo‘riqtirmay, nabkinlik bilan yondashadi.
F.Burxonova kuzatishlarida yozuvchining adabiy-tanqidiy maqolalarida badiiy ijodga doir ilgari surilgan qarashlar umumlashtirilib adibning ijodiy pozisiyasi darajasida belgilanadi hamda uning o‘z asarlariga tadbiqi nuqtai nazaridan o‘rganiladi.Talqiqotchi shu asosda adib ijodiy laboratoriyasiga kirishni, adibning ijod jarayonini o‘rganishni niyat qiladi. Yozuvchi tomonidan talqin etilgan «men» va mensizlik, shaxs va shaxssizlik, badiiy asarlarda g‘arb va sharq falsafasi mohiyatan alal-oqibatda bita g‘oyada birlashishi, adib asarlarining qaysidir ma’noda ijtimoiy muhit bilan bog‘lanishi kabi masalalar tahlil qilinadi.
Tahlilchi adib asarlarida uchrovchi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan «tun» obrazi talqiniga ham to‘xtaladi. «Tun panjaralari» qissasi munosabati bilan quyidagi fikrlarni o‘qiymiz:
«Men»ning fikriy faoliyati asosan tunda boshlanadi. Buning sababi nimada? Tun nimaning ramzi? Qissani o‘qigan o‘quvchida haqli ravishda shunday savollar tug‘iladi.
Aslida tun – qorong‘ulik, zulmat, g‘aflat, shuningdek, soqinlik, osayishtalik ramzi hamdir. Shu sababdan asar qahramoni faqat sokin tundadagina baxt-baxtikarolik, poklik- tubanlik, vijdon-vijdonsizlik, umid-tushkunlik, orzu-armon…xullas, odam va uning taqdir bitigi to‘g‘risida o‘y suradi15
Tadqiqotchi asar «men»ining bir kechadagi xotiralari asosida «sen»ga bo‘lgan intilishlarini ham, osmonu falakka ko‘tarigan bir tutam nurning «sen» darajasida yuksalishidan tortib yerda yonma-yon yurib yo‘ldan ozdirishga urinayotgan shayton timsollariga munosabat bildirishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Asarda tasvir etilgan adib xayoliy olamini bezovchi Tursoriyaga katta e’tibor qaratadi.Uning asar konsepsiyasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi.
«Tursoriya yozuvchi mehr bilan tasvirlaydigan makon. Yozuvchi ideali. Adibning adabiy- estetik qarashlarida ayni hikoyada («Xaroba shahar surati» nazarda tutilyapti - Q.Q.) markaziy planga chiqarilgan shaxs tushunchasi, shaxssizlikning fojiaviylik kasb etishi ijtimoiy tuzum bilan bog‘lanib majoziylashtirilgan»16.
Tadqiqotchi adib asarlarining ijtimoiy mohiyatini «Qora kitob»agi shaytan portretining cho‘qqisaqol sifatida chizilishi, asar xronotopining yuz yil qilib belgilanishi, «Xaroba


14 Xoldorov D. Ijod mohiyati – uslub xosiyati”. –T.: 2017.-B.56
15 Burxonova F.Adabiy-estetik qarash va ijodiy jarayonyu-T.:2020.-B.51
shafar surati» da aks etgan xaroba va vayronagarchiliklar tasviri, «Tobut»da butun boshli shaharning tobut shaklida kurilishi tasvirlarini totalitar tuzumning metaforiklashtirilgan qiyofasida baholashida ko‘rinadi. Adib asarlariga xos bo‘lgan bunday ijtimoiylashuv uni g‘arb modarnistlaridan farqlab turuvyai asosiy omil sifatida baholaydi.
M.Qo‘chqorova o‘ziga nihoyatda talabchan olima. U juda faol: ko‘p o‘qiydi, ko‘p yozadi... yozganda ham yangicha fikrlashga, yangicha yondashuvlarga asoslanishga harakat qiladi. Shubhasiz, uning hozirgi o‘zbek nasridagi poetik izlanishlarni, xususan, modernist yozuvchilar ijodini yangicha ilmiy konsepsiya asosida tahlilga tortishi adabiyotshunosligimizning yutug‘i sifatida baholanishga loyiq. Biz buni olimaning “Hozirgi o‘zbek nasrida badiiy shartlilik” (2020) nomli monografiyasi bilan tanishganimizda ham amin bo‘lamiz.
Biroq biz bu o‘rinda mazkur tadqiqotning barcha qirralariga emas,balki bitta fasli – “metomarfoza badiiy shartli vosita” fasliga oid ba’zi bir mulohazalarimizni bayon etish bilan cheklanmoqchimiz.
Marhabo Qo‘chqorova tadqiqotida yozuvchi asarlarini shartlilikning muhim vositalaridan deb hisoblagan metomarfoza va absurd falsafasi bilan bog‘lab talqin etishga harakat qiladi. Tadqiqotchi metomarfozaga “evrilish motivi” deb baho beradi. Xalq og‘zaki ijodiga xos tarzda qahramonlarining boshqa jonzodga aylanib qolishidek noan’anaviy usul adib ijodida o‘ziga xos tarzda bo‘y ko‘rsatishi va ijodkor badiiy-estetik maqsadini ifodalashiga xizmat qilishi e’tibor jalb qilinadi.
Olima buning yorqin misoli sifatida F.Kafkaning “Evrilish” hikoyasini tahlilga tortadi. Faslda qiyosiy tahlillar orqali N.Normatovning “Bir kun chumoli bo‘lib...”, X.Do‘stmuhammadning “Ko‘z qorachig‘idagi uy” va N.Eshonqulning “Bahouddinning iti” hikoyalarini tahlil qiladi.
M.Qo‘chqorova har uchala yozuvchi hikoyasidagi qahramonlarning evrilish jarayonlari o‘ziga xos ekanini ta’kidlaydi. “N.Normatovning qahramoni giyoh ta’sirida evrilishga uchragan bo‘lsa, X.Do‘stmuhammadning “Ko‘z qorachig‘idagi uy” hikoyasi qahramoni toshoyna vositasida evriladi”.17 “N.Eshonqul hikoyasida odamni itga evriltirib, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida qadimdan mavjud bo‘lgan metomarfoza motividan foydalanib, mana shunday odamni seskantirib
yuboradigan modernistik hikoya namunasini yaratdi”.18
Olima hikoyalarni, ularda aks etgan vokea-hodisalarni, qahramonlarning boshqa jonzodga evrilish jarayonlarini tizimli tarzda tahlil qiladi, adiblar qo‘llagan badiiy priyomlarga to‘xtalib, N.Normatov hiyeoyasida ancha sodda, X.Do‘stmuhammad qo‘llagan metaforalar murakkab bo‘lib, kitobxon bir o‘qishda tushunmasligi bayon etiladi. Bu usullar yozuvchining g‘arb moderinchilari J.Joys, F.Kafka, Dinn Busattilarning tajribalariga ergashganining dalolati sifatida baholanadi.
Biroq olima shuncha pishiq-puxta tahlillardan keyin yozuvchilarning “metamorfoza motivi”dan foydalanib o‘z qahramonlarini evriltirib tasvirlashlaridan qanday badiiy maqsadni ko‘zlagan degan, savolga javoban anchayin jo‘n xulosalarni bayon etishi kishini taajjublantiradi. Tadqiqotchi yozadi: “N.Normatov 70-yillar sho‘ro davri muammolarini, X.Do‘stmuhammad esa 90-yillar muammolarini fosh etishda o‘z hikoyalarida “metomarfoza motivi”dan mahorat bilan foydalanishdi”19.
“N.Eshoqul hikoyada odamni itga evriltirib... 200... yillar tegrasidagi dahshatli byurokratik illatlar va soxta farovonlikni fosh etuvchi original hikoya yozdi” 20

Bu xulosalar bir qator savollarni yuzaga keltiradi. Nahotki, yozuvchilar o‘z asarlarini davr muammolarini ko‘tirib chiqish uchungina yozishgan bo‘lishsa?Nahotki, adiblar qo‘llagan
17 Kuchkarova M. Hozirgi o‘zbek nasrida badiiy shartlilik. – Toshkent, 2020. –B 147.
18 O‘sha manba.151-bet
19 O‘sha manba, 148-149-betlar
20 Kuchkarova M. Hozirgi o‘zbek nasrida badiiy shartlilik. – Toshkent, 2020. –B 151
shuncha poetik usullar, ramz va metaforik obraz va ifodalar, timsollar davr muammolarini ko‘tarib chiqish uchungina sarflangan bo‘lsa? Biz bu xulosalarda hikoyalarning jon joyini tashkil etuvchi odamni, uning qalbini ko‘rmayapmiz.
Tadqiqotchi, “Bahouddining iti” hikoyasi qahramoni itga evrilishini tahlil qilar ekan “... yozuvchi zulm,zalolat, xo‘rlanish va haqorat, mahkumlik va mu’telik, zulm va ojizlik qorishiq it uvillashida xalqning norozi kayfiyatini, haqiqiy ahvolini timsolli obrazlarga zuhurlaydi. Hikoya matnida, xususan, itga evrilgan qahramon timsolida go‘yo bu jamiyatda odamdan ko‘ra it bo‘lib yashash yaxshiroq, itlar baxtliroq degan iddaoli, achchiq haqiqat yotadi”21.
Albatta, bunday xulosalar asosini estetik olam – go‘zallik va nafosat olami tashkil etuvchi, hayotsevarlikka undovchi, qalb go‘zalliklari sari yetaklovchi badiiyat durdonalari uchun mos kelmaydi, menimcha. Tahlilga tortilgan hikoyalardagi evrilish zohirdamas, qahramon qalbida, uning ong osti qatlamlarida ro‘y berayotganini unutmasligimiz, tahlilda ham qalbga qarab evrilishimiz lozimdek tuyuladi.
Albatta, bu qisqa kuzatuvlarda iste’dodli yozuvchi Nazar Eshonqul ijodining adabiyotshunoslik va tanqidchilikdagi talqinlarini qamrab olish mushkul. Buning uchun alohida tadqiqotlar zarur bo‘ladi. Eng muhimi shundaki, qanday talqinlar bo‘lishidan qat’iy nazar adabiyot ilmi adib ijodiga befarq emas. Yaratilayotgan tadqiqotlar shu xulosaga izn beradi.



Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling