Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet6/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

MANGU YASHILLIK SIRI


Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor


Asl quvvat manbaini topgan har neki bor, shubhasiz, umruzoqdir. Milliy adabiyotimizning quvvat manbai umrboqiy adabiy-estetik an’analar ekani ayon. Bu adabiyotning o‘ziga xosligi ijodiy an’analar zamirida falsafiy mazmun va badiiy shaklning muttasil yangilanib, uyg‘unlashib borishida namoyon bo‘layotir. Adabiyotimiz chinorining mangu yashilligi siri shunda. Zamonaviy badiiy nasr, ta’bir joiz bo‘lsa, ana shu shajarning zavol topmas butog‘idir. Uning zavol topmasligi sababi yorqin iste’dod sohibi bo‘lgan yozuvchilarimiz ijodiy zahmatlari bilan bog‘liqdir. Atoqli adib Nazar Eshonqul nasri ana shu silsilada alohida o‘rin tutadi.
Yozuvchining inson ruhiyatiga xos murakkab, shuning barobarida, inja manzaralarni tasvirlash salohiyati yuqori ekani ma’lum. Ruhiyatning eng nozik, faqat qalb ko‘zi bilan anglash mumkin bo‘lgan qirralarini topa bilishi, bugungi kun odamining orzu-armonlari hamda dardu iztiroblarini mahorat bilan suvratlantira olish iste’dodi asarlarida to‘laqonli namoyon bo‘layotir. Bu esa, o‘z navbatida, zamonaviy o‘zbek adabiyoti uchun zarur bo‘lgan ijodiy tendensiyalarning shakllanishiga zamin yaratmoqda.
Nazar Eshonqul qahramonlari o‘zini, o‘zligini topishga, yuksak ideallarga intilayotgan qahramonlardir. Ular aksari o‘z hayotini tahlil etadi. Ko‘pchilikdan farqli o‘laroq muttasil fikrlashga, umr mohiyatini topishga, boshqalarnikiga o‘xshamagan o‘ziga xos dunyosi bilan yashashga intiladi. Yozuvchi betakror obrazlar yaratish jarayonida qahramonlar ruhiyatiga teranroq kirib borish uchun tafakkur va taxayyul kuchiga tayanadi. Adibning o‘zi buni quyidagicha e’tirof etadi: “...men yozayotganda o‘zimni turli toifalarga, tushuncha va qarashlarga bo‘lib yuborib yozaman. Aslida, hammasi bir odam. O‘ylayotgan, o‘ylashga urinayotgan yoki suhbat mavzusidan kelib chiqsak,



21 O‘sha manba, o‘sha bet.
fikrlashga intilayotgan, fikrlashga harakat qilayotgan, o‘zini izlayotgan odamlar”22. Haqiqatan, Nazar Eshonqul asarlarida shaxsni chegaralaydigan har qanday qoliplardan chiqishga, o‘z individual olamida yashashga intilayotgan odamlar obrazi tasvirlanadi. Adib ijodiy niyatini ohorli obraz va ramzlar orqali ifodalaydi. Asar qahramonlari qiyofasini, ruhiyatini ochishda rang-barang badiiy tasvir vositalaridan foydalanadi.
Yozuvchining “Yalpiz hidi” hikoyasi, yuqorida ta’kidlanganidek, muttasil fikrlayotgan, o‘zligini izlayotgan, yashashning ma’nosini anglashga urinayotgan inson obrazi yaratilgani bilan xarakterlanadi. Badiiy maqsadini ifodalashda muallif peyzajdan san’atkorona foydalanadi. Rus olimasi R.E.Kipkeyeva tabiat manzarasi va inson ruhiyati munosabatlariga, birinchidan, odamzodning tabiatga tirik mavjudot, darddosh sifatidagi murojaati, ikkinchidan, peyzajning inson ko‘nglidagi isyon, buyuk ehtiroslar ramzi sifatidagi o‘rni, uchinchidan, ekzotik manzillar va ekzotik turmush sari o‘z idealini izlab ketayotgan shaxs23 obrazini suvratlantirish vositasi ekani kabi xususiyatlar nuqtai nazaridan yondashgani ma’lum. Nazar Eshonqul asarlarida ana shu barcha jihatlarning o‘ziga xos sintezi kuzatiladi. Inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik vositasida hayot mazmuni teran badiiy aks ettiriladi.
O‘quvchi “Yalpiz hidi” hikoyasi mutolaasiga kirishar ekan, asar sarlavhasining o‘ziyoq uning shuurini yoritib yuboradi. Xayolida dastlab kengliklar, musaffolik, bahor tuyg‘usi jonlanadi. Yuzlarini ilk bahor nasimi silab-siypalagandek tuyuladi go‘yo. Asarni o‘qish jarayonida esa yozuvchi nazarda tutgan yalpiz hidi tamomila boshqa – inson ruhiyati, bolalikdagi toza xayollar sog‘inchi bilan bog‘liq tushuncha ekani ayon bo‘la boradi. Hikoya qahramoni yoshligida onasi tayyorlab bergan yalpiz sho‘rva hidini, uning laziz ta’mini hech qachon unutolmaydi. Garchi u keyinchalik ham ko‘p bora yalpiz sho‘rva ichgan bo‘lsa-da, ayni o‘sha bolalik kezlaridagi lazzatni boshqa tuymaganini eslaydi.
Kunlardan birida uning dimog‘iga bolaligidagi yalpiz sho‘rvaning hidi keladiyu, hayoti tubdan o‘zgarishga yuz tutadi. Ayni shu lahzadan u umr yo‘lini tahlil eta boshlaydi, yashash mazmuni nimada ekanini anglashga intiladi. Birgina shu ifor uning xotiralarini tiriltirib, mudroq tuyg‘ularini uyg‘otib yuboradi.
Hikoya “Saraton” deb nomlangan turkum bilan boshlanadi. Aslida, ushbu turkum asar bosh qahramoni Samandarning, nafaqat uning, jamiyatdagi ko‘plab samandarlar hayotining eng qaynoq davri ramzidir. Bu davrda inson yugurib-yeladi, nimadir qilishga intiladi, vaqtning qanday o‘tayotganiga esa e’tibor qaratmaydi. Natijada juda ko‘p narsalardan ayni shu davrda ayriladi: samimiyat, sof tuyg‘ular, mehr, e’tibor... muallif ayni shu anchayin murakkab holatni “Saraton” qismida o‘ziga xos tasvirlaydi. Yozuvchi o‘zi qo‘llagan ramzlar mohiyatini ochiqlamaydi, o‘quvchiga tushuntirish yo‘lidan bormaydi. Asar zamiridagi bunday yashirin ma’nolarni anglash va anglatish uchun uni nafaqat aql bilan, balki qalb bilan o‘qish, botiniy mazmunni his etish talab qilinadi.

Asarda “bog‘” mukammal badiiy obraz darajasiga ko‘tarilgan. Bog‘ nihoyatda tartibsiz bo‘lib, hamma narsa o‘z holicha unib-o‘sgan. Muallif talqinidagi haqiqat shuki, bog‘ning go‘zalligi ham aynan shunda. Har bir gul, har bir daraxt o‘z holicha o‘sib, o‘zgacha go‘zallik va tarovat kasb etadi. Inson umrini mohiyatan xuddi shu boqqa qiyoslash mumkin. Hayot insonning asl fitratiga mos, Tangri unga ato etgan iste’dod va irodaga muvofiq bo‘lmog‘i zarur. Faqat shundagina inson o‘z umrining sohibiga aylanadi. Samandarning umr yo‘li esa “Ma’lum tartibga tushgan: vaqtida ishga borar, ish tugashi bilan qaytar, dam olish kunlari kitob o‘qir yoki biron do‘stinikiga borardi. Yetti yillik tarjimai holi mana shu bitta jumladan iborat”. Bu tarzda muayyan qolipda yashagan kishi zavqu shavq, ijodiy tafakkur degan ne’matlardan bebahra qoladi. Unga berilgan fursat – umrni boy beradi. Hayotda e’tiborga loyiq birorta yutuqqa erisha olmaydi.
22 Eshonqul N. Odam, jamiyat, adabiyot va fikr. “Fikrat” jurnali uchun suhbat. https://kh-davron.uz
23 Kipkeyeva R.E. Problema prirodы i cheloveka v Severnokavkazskoy literature: vliyaniye literaturnыx tradisiy i nasionalnoye svoyeobraziya. Avtoreferat dissertasii na soiskaniye uchenoy stepeni kandidata filologicheskix nauk. – Maykop, 2020. – S.25.
Samandar uchun bog‘ havas qilsa arzigulik, erkinlikka to‘liq hayot ramzidir. Umr falsafasini bu tarzda go‘zallik va nafosat qoidalariga muvofiq tasvirlash yuksak ijodiy tafakkurni, katta zahmat va mehnatni talab qiladi. Bu kabi ramzlarni topmoq va mahorat bilan suvratlantirmoq uchun ijodkorda qalb va tafakkur uyg‘un bo‘lmog‘i zarur. Nazar Eshonqulning: “Fikr va qalb Yaratgan ichimizga solgan ruhning o‘zini namoyon qilishidir”24, kabi fikrlari asarning muallif botinida kechgan bo‘ronlar, uning tafakkur olamini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan dovullar mahsuli ekanini ko‘rsatadi. Bu fikrlar, o‘z navbatida, Nazar Eshonqul ijod konsepsiyasini oydinlashtirishga xizmat qiladi. Sababi, yozuvchi uchun qalb va fikr Tangri taolo tomonidan insoniyatga berilgan beqiyos boylikdir. Ruh ayni shu ikkisi bois uyg‘oq va tirikdir. Yozuvchi qahramonlarining o‘z qalbini muttasil ravishda taftish etishi, mudom fikrlashga, yashashning mohiyatini anglashga intilishi sababi shunda. Tabiiyki, asar bosh qahramoni ko‘nglida kechayotgan bedor tuyg‘ular qalbi uyg‘oq o‘quvchini aslo befarq qoldirmaydi. Umuman, odamzod millati, dini va yashash makonidan qat’i nazar, Samandar kabi qarama-qarshi, murakkab tuyg‘ular girdobida yashaydi. Asarda “Saraton”dan keyin “Xazonrez” faslining kelishi umrning shiddat bilan o‘tishini ifodalaydi. O‘ylash qobiliyatidan, tafakkur erkinligidan ayrilsa, inson umri xazonga do‘nishini aks ettiradi. Hayotining ayni shu xazonrez pallasida Samandarning yalpiz hidini
– yashash ma’nosini anglab qolishi, shu jihatdan, muallif ijodiy niyatini aks ettirgan, deyish mumkin. Aks holda bosh qahramon umri ham juda ko‘pchilik insonlarda bo‘lgani kabi asl mazmunidan ayri kechishi haqiqatga yaqin edi. Bu orqali yozuvchi inson umr mohiyatini anglagan onidan boshlab rostmana yashay boshlashi, faqat shundagina hayot zavqini tuyishi, Tangri bergan ne’matlar qadrini teranroq anglashi bilan bog‘liq ijodiy tutumini badiiy talqin etadi. Asarda anglanmagan umr aslida yashalmagan hisoblanishi haqidagi hayot falsafasi matn mohiyatidan mantiqiy izchillik asosida oydinlasha boradi.
Har bir insonga umr mazmunini anglashi uchun yetarlicha imkon beriladi. Afsuski, aksar odamlar bu imkoniyatni boy beradi, qaytarilmas vaqtni havoga sovuradi. Samandar ayni imkoniyatni o‘z vaqtida anglay olgani jihatidan chinakam tirik odam obrazi darajasiga ko‘tarilgan. To‘g‘rirog‘i, muallif ijodiy niyati shunday bo‘lgan. Adib ushbu hayot falsafasini sharhlab, izohlab o‘tirmay, badiiy obraz mohiyatiga singdirgan. Aslida, adabiyotning adabiyotligi ham shunda: aytmasdan aytadi, tushuntirib o‘tirmay, ko‘rsatadi. Teran falsafiy mohiyatni o‘quvchi shuuri va qalbiga joylab qo‘yadi.
Inson o‘z hayoti ma’nosini anglagan kezdan yonidagilarni ham, ularning qalbini ham chuqur his eta boshlaydi. Yaqinlarini ko‘proq qadrlaydi. Samandar hikoyaning ayni shu o‘rnida umr bo‘yi birga yashab kelayotgan ayolini yaqindan anglab yetishi, uning qalbini tushunishi, o‘zi uchun qayta kashf etishi zamirida ayni shu haqiqat yotadi. Chunki inson o‘zini anglamaguncha o‘zgalarni anglay bilmaydi. O‘zini tanimaguncha yaratgan Egasini tanimaydi.
Hikoya syujeti yakuniga yetgani sari qarovsiz bog‘ badiiy ramz ekani, u Samandarning qalbini ifodalashi oydinlasha boradi. U qarovsiz qalbidan qizil atirgulni, ya’ni umr mazmunini topadi. Shundan keyin uning hayoti tamomila o‘zgaradi, go‘zallik kasb etadi. Chunki inson yashashdan maqsadini topgandagina uning umri chinakam mazmunga ega bo‘ladi. Hikoyada roviy, ya’ni muallif tilidan aytilganidek: “Har bir inson qalbida olam bilan uyg‘unlashishga tashnalik bor, - deya o‘yladi Samandar. – Bu tashnalik xunuklik va turmushning kundalik tumanlari ichida garchi yo‘qolib ketganday tuyulsa-da, u bor, uning borligini bilish uchun inson o‘z qalbini izlab ko‘rishi kerak; inson umrining mazmuni aslida ana shu tashnalikdadir... ”. Bu fikrlar asarning butun mohiyatini, adib ijodiy niyatini ochib beradi, nazarimizda.
Asarda inson va tabiat shu darajada uyg‘un tasvirlanadiki, bu hol Yaratganning moʻjizasini, qudratini his etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Tabiat va inson munosabatlari adabiyotning bosh mavzusi ekani sababi shunda. Katta iste’dod egalarining barchasi butun ijodiy
24 Eshonqul N. Odam, jamiyat, adabiyot va fikr. “Fikrat” jurnali uchun suhbat. https://kh-davron.uz
salohiyatini ana shu ikkilik munosabatlarini hayot falsafasi bilan mutanosiblikda tasvirlashga safarbar etgani shuning bilan izohlanadi. Nazar Eshonqul asarlari ana shu jihatdan badiiy- estetik tafakkur rivojida munosib o‘rin tutishini ta’kidlash kerak.
Hikoya tahlilidan xulosa qilish mumkinki, haqiqiy iste’dod egalari so‘zga katta mas’uliyat bilan qaraydi. Oz so‘zda ko‘p ma’no ifodalaydi. Hayot falsafasiga doir qarashlarini bayon etib o‘tirmay, qahramonlar xarakteri, ruhiyati, nutqi, harakatlari vositasida obrazli tasvirlaydi. Ijodiy niyatini o‘quvchining o‘zi anglab yetishi uchun imkoniyat beradi. Atoqli adib Nazar Eshonqulning “Yalpiz hidi” hikoyasidan uqqanlarim haqiqatlar ana shulardan iborat.
Badiiy matn hayot mazmunini mujassam etuvchi ulkan shajarga mengzaydi. Bu daraxtning ildizi qanchalik mustahkam, butoqlari nechog‘liq sog‘lom, estetik zavq beruvchi yaproqlari qay darajada go‘zal bo‘lsa, shunchalik uzoq yashaydi. Odamlarga zavq ulashadi, ijodiy ruh beradi. Adabiyot chinorining mangu yashilligi sababi ham yangidan yangi iste’dodlarning tug‘ilishi, kamolga yetishi va muttasil ravishda benazir badiiyat namunalarini yaratishi bilan izohlanadi. Nazar Eshonqul ijodi ana shunday fikrlarga asos berishi jihatidan ham milliy adabiyotimiz takomilida alohida o‘rin tutadi.



Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling